Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 148974 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 33 B


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:30:01

8

1934 yil oyoqladi.
Non chuchukdan-da chuchuk bo‘ldi. Non shirindan-da shirin bo‘ldi. Ilik uzildi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:30:08

9

Kulbalarda bekasi bilan xo‘jasi uzala tushib o‘lib yotdi.
Bekasi bag‘rida qizalog‘i o‘lib yotdi. Xo‘jasi qo‘yni-da o‘g‘ilchasi o‘lib yotdi.
Odamzot yo‘llarda o‘lib yotdi. Ariq bo‘ylarida o‘lib yotdi. Daraxt taglarida o‘lib yotdi.
Birov zog‘ora nondan shishib o‘ldi. Birov kunjara-dan shishib o‘ldi. Birov shularni-da topolmay — ochidan o‘ldi!
Qabristonlar liq-liq to‘ldi. Jasad qo‘yajak yer tugul, oyoq bosajak yer qolmadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:30:16

10

Shunda Botir firqa boshliq faollar tuman yo‘l oldi. Kattalarga murojaat etdi.
—   Mozoristonda sog‘ joy qolmadi, — dedi Botir firqa.
—   Butun tumanda shunday, — dedi kattalar. — Biz yuqoriga xabar berdik, yordam beramiz, dedi.
—   Ungacha jasadlarni qaerga qo‘yamiz?
—   Topiladi, tirikka topilgan yer, o‘likkayam topiladi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:30:24

11

Qish qaridi.
El ko‘klamni poyladi. Intiq-intiq poyladi. O’t-o‘lan amal olishini qaradi. O’t-o‘lanlar bilan kun kechirishni o‘yladi. Ko‘kat yeb, qorin to‘ydirishni o‘yladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:30:41

12

Chin, yuqoridan yordam keldi. Polutorka minib kel-di.
Uchta NKVD xodimi keldi. Uchovini-da belida mau-zer bo‘ldi.
Tuman vakili NKVDchilarni tanitdi.
—   Bu o‘rtoqlar ocharchilikka qarshi kurashish uchun keldi! — dedi.
—   Ocharchilikni tugatish uchun! — deya tuzatdi NKVD komandiri.
—   Vinovat, o‘rtoq komandir, vinovat, — dedi tuman vakili. — Siz faollar, mana shu hukumat vakillari ocharchilikni bartaraf etishlari uchun yaqindan yordam berasizlar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:30:48

—   Biz, siz faollarga suyanamiz! — dedi komandir. — Sizlar qanchalik ko‘p yordam bersalaringiz, biz ocharchilikni shunchalik tez tugatamiz. Biz bu borada yetarli tajribaga egamiz. Yigirmanchi yillarda Ukrainada xuddi shunday ocharchilik avj olib edi. Million-million qurbonlar bo‘lib edi, million-million! Moskva bizni Ukrainaga safarbar etdi. Biz juda qisqa muddat ichida Ukrainada ocharchilikka nuqga qo‘yib keldik!
—   Biz uchun kelibsizlar, qo‘limizdan kelgan yordamni beramiz, — dedi Botir firqa. — Mana, tushunchali-tushunchali faollarimiz o‘tiribdi.
—   Bizga tushunchali odam kerak emas, — dedi ko-mandir. — Bizga yuk tashuvchi odam kerak!
—   Xo‘p, mana faollarimiz, tanlab oling.
NKVDchilar oltita faolni tanlab oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:31:37

13

Aytilmish mahkamani o‘z qabristoni bo‘ldi. O’z mo-zori bo‘ldi.
NKVD hrdimlari o‘r-jarlarni ko‘rdi. Soy-qirlar-ni ko‘rdi. O’ydim-chuqurlarni ko‘rdi. Xaroba-choldevor-larni ko‘rdi. Nihoyat, ana shu... qabristonni topdi!
Qishloqtsan besh-olti chaqirimda eski bir hovuz bo‘ldi. Gir aylanmish tolzor hovuz bo‘ldi. Ko‘pdan buyon qarovsiz yotmish hovuz bo‘ldi. Suv to‘ldirilmasa-da, tagi sernam hovuz bo‘ldi.
—   Mana shu joyni tanladik, — dedi komandir.
Botir firqa tushunmadi. Bir hovuzga qaradi, bir komandirga qaradi. Qishloq qiblasida yoyilib yotmish qabristonga qaradi.
—   Ammo-lekin har yurtni o‘z qabristoni bor, — dedi.
—   Bor, to‘g‘ri, bor, — dedi komandir. — Lekin ana shunday buyruq ham bor!
—   Qabriston ko‘chirilsin, degich buyruqmi?
—   Yo‘q, boshqacharoq buyruq, boshqacharoq...

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:31:45

—   Xo‘p, ayting, qandaychikin buyruq ekan? Men qishloq sho‘rosi raisiman, bilishim kerak? ;
—   Qizimang, o‘rtoq rais, qizimang. Biz ishimizni bilib qilamiz. Biz Ukrainada ocharchilikka qarshi kurashib, rosa tajriba to‘plaganmiz. Biz ana shu tajribalarimizdan kelib chiqib ish qilamiz.
—   Xo‘p, qani, tajribalaringizni ayting?
—   Tajribalarimiz bunday: siz aytgan anavi qabriston o‘z ajali bilan o‘lganlar uchundir. Faqat... ochliqdan o‘lganlar uchun emas!
—   Nima farqi bor, o‘z ajali bilan o‘ldi nima, ochlikdan o‘ldi nima? Bariyam o‘lim-da, bariyam go‘rga kiradi-da?
—   Baribir emas-da, o‘rtoq rais, baribir emas-da. Axir... nega ochliqdan o‘ladi? Sovet zamonida-ya? Nega siz bilan biz yuribmiz, ular esa ochlikdan o‘ladi? Sovet zamonida-ya? Buni sovet tuzumi dushmanlari eshitib qolsa nima deydi? Jar solib yoyadi, karnay qilib chaladi-ku! O’zingizdan qolar gap yo‘q, yosh sovet tuzumining dushmanlari ko‘p. Ular sovet tuzumini bo‘g‘ib tashlamoqchi, ha, yosh sovet tuzumini yo‘q qilmoqchi. Siz bilan biz firqamiz. Shunday ekan, siz bilan biz sovet tuzumi dushmanlariga qarshi ko‘kragimizni qalqon qilishimiz kerak.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:32:01

—   Firqamiz, firqa! — dedi Botir firqa g‘urur bilan. — Ha, firqamiz!
—   Ha-a, ana, ana! Og‘zing to‘la qon bo‘lsayam, dushmaning oldida tupurma, deydilar. Shuning uchun siz bilan biz ocharchilikka qarshi shafqatsizlarcha kurash olib borishimiz kerak. Ya’ni ochlikdan o‘lganlarni hech kimga bildirmasdan... imi-jimida... mana shunday o‘ralarga... ko‘mib tashlashimiz kerak.
Botir firqa birdan sergak bo‘ldi. Qulog‘i ding bo‘ldi. Ko‘zlari pir-pir bo‘ldi.
—   Manavigami? Bu... hovuz-ku? — dedi.
—   Nima farqi bor, o‘rtoq rais, nima farqi bor? Tayyorgina chuqur! Birov biladi, birov bilmaydi. Bilmasa, hovuzni ko‘mib tashlabdi, deydi-qo‘yadi. Shu bilan gap tamom bo‘ladi. Biz mana shunday yo‘l bilan ocharchilikka qarshi kurashamiz. Qarabsizki, tez kunda ocharchilikni tugatamiz.
—   Buni... buni tuman kattalari bilan bir maslahatlashib ko‘rish kerak.
—   Tuman kattalari uyoqtsa tursin, butun sovet hukumati kattalari biladi, o‘rtoq rais. Bu haqda buyruq bor. Ocharchilikka qarshi ana shunday kurashilsin, degan buyruq bor. Ukrainada ocharchilikni ana shunday yo‘l bilan bartaraf etdik. Nasib bo‘lsa, O’zbekistonda ham ocharchilikni ana shunday uslubda tugatamiz. Ana ikkitasini olib keldik, ana.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:32:09

Botir firqa gap bilan andarmon bo‘lib bilmadi. E’tibor etmadi.
Ana endi e’tibor berdi. Hovuz tagiga qaradi. Qunt bilan qaradi.
Hovuz tagida... ikkita qora narsa ustma-ust taxlab qo‘yildi. Ikkita qora narsa uzala-uzala taxlab qo‘yildi.
Botir firqa angrayib qoldi. Bir narsalarga ang-rayib qaradi, bir komandirga angrayib qaradi.
—   Bular... odam... — deya duduqlandi Botir firqa. — Bular... odammi?
—   Yo‘q, ular ochdan o‘lganlar, — dedi komandir. — Ular... sovet hukumatiga qarshi ochdan o‘lganlar!
Botir firqa beixtiyor... beixtiyor hovuzga tushib bordi.
Taxlanib yotmish jasadlarni qaradi. Yuzlarni ochib qaradi. Ikkovini-da tanidi: birovi Ashir momo bo‘ldi, biri Chori bobo bo‘ldi.
Botir firqa marhumlarga tikilib turdi-turdi... be-ixtiyor qo‘llarini ko‘tardi. Marhumlar haqiga duo o‘qimoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan