Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149200 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 33 B


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:27:32

Bemor Rajabov yugurib, deraza tokchasiga chiqib bordi. Deraza ustida osig‘lik Kizil Bayroqni yulib oldi. Tap etib, pastga tushdi. Qizil Bayroq dastasidan ushlab baland ko‘tardi.
—    Mana, Qizil Bayrog‘im, mana! — deb baqirdi. —
Boshimda Qizil Bayrog‘im bor! Men Kizil Bayrog‘imdan panoh topaman!
Aslida esa, bemor Rajabov Qizil Bayroq dastasi bilan... vrachlarni urmoqchi bo‘ldi! Buni payqab qolgan vrachlar sanitar yigitlarni yordamga chaqirdi.
Sanitar yigitlar Qizil Bayroq bilan... qurollangan bemor Rajabovni qurolsizlantirdi! Rajabovni... Qizil Bayroq qurolini tortib oldi! Ana shu o‘z quroli bilan Rajabovni oyoq-qo‘lini bog‘lab tashladi.
Bemor Rajabov o‘zini uyoq-buyoqqa olib urdi. Sanitarlarga baqirdi:
—    Qizil Bayroqni oyoqqa o‘rab... xor qilmang! Shonli Qizil Bayroqni oyoqdan oling!
Shunday ko‘rinib turibdi — bemor Rajabov oyoq-qo‘llarini bo‘shatishni talab etdi. Talabi amalga oshmagach, baqirib... «Internatsional» aytdi:

Ves mir nasilya mы razrushim
Do osnovanya, a zatem
Mы nash, mы novыy mir postroim,
Kto bыl nichem, tot stanem vsem!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:27:41

Keyin, bemor Rajabov g‘ayritabiiy fikrlar aytdi:
—    Odam maymundan tarqalgan! Marks, Marks! Lekin men maymun emasman, meni bog‘lamang!
—    Inson ozod bo‘lmog‘i kerak! Lenin, o‘rtoq Lenin! Shunday ekan, meni qo‘yib yuboring!
—    Marks, Engels, Lenin tirik! Marksizm-leninizm g‘oyalari tirik!
—    Inson o‘z taqdirini o‘zi hal qilmog‘i kerak! Oyoq-qo‘limni qo‘yib yuboring, o‘rtoq Rashidovga boraman!
—    Rashidov olamdan o‘tgan? Yo‘q, o‘rtoq Rashidov barhayot! XX asr turkiy xalqlarida ikkita dohiy bor:
Kamol Otaturk va Sharof Rashidov!
Bemor Rajabov qay darajada betobligini ana shu gaplaridan bilib olsa bo‘ladi».
Botir firqa qog‘ozga tikilib o‘ylab qoldi.
—    Shu, o‘ziniyam bir ko‘ray? — dedi.
—    Aslida mumkin emas. Lekin sizga mayli. Faqat tez kirib chiqish kerak, — dedi boshliq.
Bir sanitar yigit ichkari boshladi.
Botir firqa ichkariladi. Jarang-jurung qulf-kalitlardan o‘tdi. Taraq-turuq temir eshiklardan o‘tdi. Bir eshik-panjaralardan kirdi.
Palatada o‘ntacha karavot bo‘ldi. Barcha karavotni o‘z bemori bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:27:49

Bir bemor karavot qirrasiga oyoqlarini qo‘yib yotdi. Bir bemor oyoqlarini devorga chiqarib yotdi. Birovi qo‘llarini og‘ziga karnay etib, «Andijon polka»sini chaldi. Birovi karavot ustida «Andijon polka»siga o‘ynadi.
Tag‘in besh-olti bemor karavotga mixlab tashlanmishday yotdi. Sokin yotdi. Odob bilan yotdi. Unsiz yotdi. To‘shak ostida bor-yo‘qligini bildirmay yotdi.
Rajabov ana shu bemorlar sirasidan bo‘ldi. U yuzlarini devorga burib yotdi. Ko‘zlarini yumib yotdi. Nafas olishini biddirmay yotdi. Qo‘llari qaerda, oyoqlari qaerda — bildirmay yotdi. Tirik jonmi-yo‘qmi — nishona bermay yotdi.
Botir firqa Rajabovday otashin bir kommunist holidan... ezildi! Otashin kommunist holidan... kuyundi!
Sanitar Rajabovni turtdi. Yuziga ohista shapatiladi.
—    Bemor, ko‘zingizni oching, bemor, — dedi.
Rajabov ko‘z ochib qaradi. Yuzida iliqlik aks etdi.
Yuzida yorug‘lik aks etdi.
—    Hay, tuzukmisiz? — deya bosh siltadi Hanifa Rajabovna.
Rajabov ko‘zlarini ochib yumdi: tuppa-tuzuk, demish bo‘ldi.
Hanifa Rajabovna... erini o‘pib-o‘pib yig‘ladi. Yenglari bilan ko‘zlarini artib-artib yig‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:27:59

—    Oyni o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘. Bu kunlar o‘tib ketadi, — deya yig‘ladi.
Hanifa Rajabovna hamyonini og‘ziga bosib-bosib yig‘ladi. Erini yuziga... yuzini qo‘yib-qo‘yib yig‘ladi.
—    Peshonam qursin... — deya yig‘ladi. Rajabov nimjon ham nogiron ovoz berdi:
—    O’rtoq Esonov, meni olib keting...
—    Bardam bo‘ling, o‘rtoq Rajabov, bardam bo‘ling! — dedi Botir firqa. — Men sizni olib ketaman!
Sanitar Rajabovni ustidan adyolni surdi. Oyoklari tarafga surib-surib qo‘ydi.
Botir firqa ana shunda... ajab bir sinoatni ko‘rdi!
O’rtoq Rajabovni qo‘llari... karavotga bog‘lab qo‘yildi. It boylagich... qayish bilan boylandi. Oyoqlari-da yonlariga yoyib-yoyib boylandi. Oyoqlari-da... it qayish bilan boylandi! Mahkam-mahkam boylandi! Bellaridan... otni ayiliday qalin qayish bilan tortib boylab tashlandi.
Botir firqa titradi. Botir firqa qizidi. Botir firqa olov oldi.
—    Bu nima qiliq?! — deya baqirdi. — Obkom sekretari, Oliy Sovet deputati, mehnat veterani-ya?!
Botir firqa Rajabovni qo‘liga yopishdi. Tugunni timdaladi! Kuchi yetmadi. Yecholmadi. Tugunga og‘zini qo‘ydi. Tugunni... tishlab-tishlab tortdi! Tag‘in bo‘lmadi. Yecholmadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:28:15

Sanitar Botir firqani qo‘ltig‘idan kirdi. Quchoqlab tortdi. Rajabovdan ajratib oldi.
—    Urtoq Esonov, og‘ir bo‘ling! — dedi.
—    Axir, obkom Rajabov... quturgan it emas-ku?! — deya baqirdi. — Obkom Rajabov... adirdan ushlab kelgan yovvoyi it emas-ku?!
Sanitar... gapni elamadi. Gapni korlamadi.
—    To‘g‘ri, bemor obkom, bemor deputat... lekin sobiq! Ha, sobiq! — dedi.
—    Sobiq bo‘lsa nima qipti, sobiq bo‘lsa nima qipti?!
—    Sobiq... hayiting o‘tdi, demaqdir! Sobiq... hayiting o‘tgach, xinoni... ketingga qo‘y, demaqdir!
—    Qanaqa hayit, qanaqa hayit?!
—    Shon-shuhrat — arafa hayit! Mansab-martaba — uchkunlik hayit! Hayit o‘tgach, xinoni... ketingga qo‘y, deydilar!
Botir firqa... haykal bo‘lib qoldi. Yuz-ko‘zi bo‘zrayib qoldi. Tili aylanmay qoldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:28:29

57


Shu vaqt uzun ayvonda... gurs-gurs tovush bo‘ldi. Qars-qars ovoz bo‘ldi. Chil-chil sinish bo‘ldi.
Mazkur palatada yotmish bemorlar... yoppa-baraka qo‘zg‘oldi. Yoppa-baraka eshikka yopirildi. Yoppa-baraka bois — eshikka tiqilib qoldi!
Oqibat — birovi birovini itardi. Birovi birovini mushtladi. Birovi birovini timdaladi. Qiy-chuv bilan ayvonladi.
Sanitar... bemorlar ketidan chopdi!
Botir firqa hayron bo‘ldi. Uyam ayvonladi.
Ayvonda bir to‘da bemor... bo‘lim boshlig‘i tevaragini olib turdi. Boshliqni og‘ziga qaradi. Angrayib qaradi. Baqrayib qaradi. Mo‘ltayib qaradi. Bejo-bejo qaradi.
Boshliq    qo‘llarini beliga qo‘ydi. Siyosat bilan havolandi. Yerga tikilib havolandi. Sukut saqlab havolandi.
Chivin uchsa bilinajak sukunat cho‘qdi!
Boshliq havolanib bosh ko‘tardi. Ohista-ohista gap boshladi. Sokin-sokin gap boshladi:
—    Xo‘sh, nima gap, janob bemorlar?

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:28:38

Shunda, bemorlar... baravar so‘zladi! Bab-baravar so‘zladi! Shovqin-suron bilan so‘zladi. G’ala-g‘ovur bilan so‘zladi:
—    Manavi Napoleon bo‘lib... vatanimizga bostirib keldi!
—    Mana bu Petr Perviy... ona yurtimizga zambarak otdi!
—    Sen-chi, sen? Sen Kutuzov bo‘lib... qarshi hujumga o‘tding-ku?
—    Sen palatadagilarni qilichdan o‘tkazding!
—    Sen to‘pponcha bilan otding!
—    Sen zambarak otding!
—    Bo‘hton, bo‘hton! Men zambaraklardan bir yo‘la yigirmatadan o‘q otilsin, deb buyruq berdim, xolos!
—    Polundra, polundra!
—    Men qayta quruvchiman!
—    Men demokratman, demokrat!
Botir firqa... masalani tushunmishday bo‘ldi. Bemorlarga bir-bir nazar soldi.
Bir bemorni boshida to‘ntariqlik oq toboq — Napoleonni qalpogi bo‘ldi. Qo‘lida uzun nayza — supurgi tayoq bo‘ldi. Tag‘in bir bemorni qo‘lida ichi teshik truba — durbin bo‘ldi. Birovida uzun supurgi — qilich bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:28:48

Bemorlar Napoleon bilan Petr Birinchi lashkarlari kiyimida bo‘ldi: birov qalpog‘ini teskari kiyib oldi. Birov kostyumini teskari kiyib oldi. Birov beqasam to‘nini chappa kiyib oldi. Tag‘in birov alyumin laganni baraban misol bo‘yniga osib oldi. Ikkita alyumin qoshiq bilan baraban urdi.
Boshliq... bayroq ko‘tarib olmish bir bemorga yuzlandi.
—    Sizga nima bo‘ldi? — dedi. — Tuppa-tuzuk professor-a, professor!
—    Men bularga teng bo‘lmoqchi emas edim, janob do‘xtir. Bunday qarasam, birovi Napoleon bo‘lib, yana birovi Petr Perviy bo‘lib urush boshlab yuboribdi. Men aytdim, hoy savodsizlar, dedim. Axir, Napoleon boshqa asrda yashagan, Petr Perviy boshqa asrda yashagan, dedim. Shunday ekan, ular qanday qilib, bir-biri bilan urushadi, dedim. Shunday Petr Perviyni bir generali o‘rtaga otilib chiqdi. Unda, Napoleon bilan kim urush qilgan, deb qoldi. Men aytdim, kim bo‘lardi, marshall Kutuzov-da, dedim. Petr Perviyni generali mana men Kutuzov deb, boshimga bir solsa bo‘ladimi? Men aytdim, sen Kutuzov, shoshmay tur, dedim. Sen Kutuzovni bir ko‘zing-ku yo‘q... endi bu ko‘zingniyam o‘yib olmasam ko‘rasan, dedim. Men ham o‘z qo‘shinlarimni to‘pladim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:28:55

—    Sizda ham qo‘shin bormi? — dedi boshliq.
—    O-o-o, qo‘shin bizda bor-da! Qayta quruvchilar qo‘shini! Ha, qayta quruvchi zamonaviy qo‘shin! Manavilarni qo‘shini almisoqdan qolgan qo‘shin. Otam zamondan qolgan qo‘shin! Bizning qo‘shinimizda... kimlar yo‘q deysiz? Mana, kuni kecha qo‘shinimiz... obkom sekretari bilan boyidi, obkom sekretari! Deputat, ha, deputat!
Botir firqani badani jimir-jimir etdi. Boshi qizidi. Yuzi lov-lov yondi.
—    Sizga necha marta aytaman, aralashmang, deb?
Mana, yana aralashibsiz! — kuyundi boshliq.
—    Aralashmay bo‘ladimi, janob do‘xtir, aralashmay bo‘ladimi? Mana, qayta qurish davom etmoqda. Biz demokratik jamiyat qurish yo‘lidan bormoqdamiz. Biz millatni oqlashimiz kerak, janob do‘xtir, millatni oqlashimiz kerak! Biz qadriyatlarimizni tiklashimiz kerak, janob do‘xtir, qadriyatlarimizni tiklashimiz kerak! Napoleon, Kutuzov, Petr Perviy... Axir, bu yerda milliylik qani, milliylik? Aytaylik, Kutuzov kim? Kutuzov sizga kim bo‘ladi? O’zingizni panaga olmay, javob bering! Hoy Kutuzov, o‘zingizni ko‘rsating!
Botir firqa bemor qo‘l peshlamish yoqqa qaradi.
Bir bemor... bir ko‘zini qora latta bilan boylab olmish bo‘ldi. Boshiga kubanka qalpog‘ini ko‘ndalang qo‘ndirib olmish bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:29:03

—    Ana, Kutuzov, ana! — dedi bemor professor. —
Kutuzov emish! Kutuzov kimingiz bo‘ladi? Xolavachchangizmi, pochchangizmi? Qani, bu yerda vatanparvarlik? Qani, bu yerda o‘z xalqiga sadoqat? Siz eng avvalo, o‘z ona-vataningizni farzandi bo‘ling! O’z ona xalqingizni o‘g‘loni bo‘ling! Siz Amir Temur bo‘ling! Siz Bobur bo‘ling! Siz Ibrohimbek bo‘ling!
— Bu professor millatchi ekan! Ur millatchini, ur!
—    Shovinistlarga o‘lim! Sol shovinistni, sol!
—    Xaloskor frantsuz qo‘shinlari, millatchilar ustiga olg‘a!
—    Petr Perviy matroslari, bos shovinistni, bos!
Ur-to‘polon bo‘ldi. Tars-turs bo‘ldi.
Botir firqa palataga qarab qochdi.
—    Hanifa Rajabovna, ketdik-ketdik! — deya bid-bid so‘zladi. — O’rtoq Rajabov, siz qimirlamay yoting, o‘zim kelib olib ketaman!
Botir firqa Hanifa Rajabovnani tirsagidan oldi. Eshikka yetakladi. Tashqari yetakladi.
Tashqari chiqib oldi.
Uf-uf, deya entikdi, galstugini bo‘shatib entikdi.
«O’sha-o‘sha qabriston, — deya entikdi. — Tirik murdalar qabristoni!»

Qayd etilgan