Inson dunyoga keldi, deydilar. Chin, inson dunyoga keladi. Ammo inson dunyoga o‘zi kelmaydi. O’z oyog‘i bilan kelmaydi.
Boisi, inson onasi ko‘kragida yurolmaydi. Oyoqlari bo‘ladi, ammo yurolmaydi. Shu bois — inson onasi ko‘kragidan yorug‘ dunyoga qadam bosib tusholmaydi.
Inson tug‘ilsa: «inga-inga — men keldim», deya ovoz beradi. Insonni birinchi bo‘lib... enaga ko‘tarib oladi! Enaga bag‘riga bosadi. Enaga insonni o‘rab-chirmaydi. Enaga insonni yo‘rgaklaydi.
Enagadan keyin... hamshiralar insonni aylanib-o‘rgiladi. Do‘xtirlar insonni ko‘z qorachig‘iday avaylaydi.
Endi, inson: «dod, dunyodan ketaman», desa-chi?
Birov... oting nima, demaydi! Birov... holing nima, demaydi. Hatto, birov... itmisan-eshakmisan, demaydi!
«Hay, nomard dunyo, nomard dunyo! — dedi Botir firqa. — Dunyo notanti ekan, notanti! Odam dunyoga kelaman desa... Inga-ingani eshitib... quloqlar ding bo‘ladi! Enaga, hamshira, do‘xtirlar quchoq ochib keladi! Odam: «dunyodan ketaman», desa... Biror zot itmisan-eshakmisan, demaydi! Odam... dardini kimga aytishini bilmaydi! Kampirga aytsammikin? Hay-hay, uv-vos solib yig‘laydi! Dunyoni boshiga ko‘taradi! Do‘xtirdan maslahat so‘rasammikin? Yo‘q, chol aynib qolibdi, deydi. Unda, insonni dunyodan kim kuzatib qo‘yadi? Enaga toifa bir zot bormi? Kimga murojaat etsa bo‘ladi? Kimdan maslahat so‘rasa bo‘ladi?»
Botir firqa o‘yladi. Birdan tan-joni iliq-iliq bo‘ldi. Yuz-ko‘zlari yorug‘-yorug‘ bo‘ldi.
U shunday maslahatchini topdi. U shunday enagani topdi:
«Go‘rkov! Qari odamni enagasi — go‘rkov!»