— Ha, borasiz-da, ena, — dedi Mirzaxo‘jaeva. — Allaqaytib aylanib kepsiz, borasiz-da.
— Qoch, yo‘limni ber! Qoch deyman!
— Xo‘p, ichkari kiring. Odam hovrini odam bosadi!
— Betingni murdasho‘y ko‘rgurlar! Qari-qartang bir momoni gunohga botirgan senlarni xudo ko‘tarsin!
— Ena, u bir oyna, eshityapsizmi, oyna!
— Ha, oynang boshingdan qolsin, boshginangdan qolsin!
— U bir dilbuzar, xola, dilbuzar!
— Qarigan chog‘imda yuruvsiz bo‘ldim-a, yuruvsiz-a!
— Xola, anavi ichkarida firqa bovalar o‘tiribdi, ko‘p javramang.
— Ichkarilang. Ikki piyola choy iching. Non egasi bilan chuchuk!
Shunda, momo uy taraf qaradi. Botir firqaga qaradi. Hassasini uy tarafga qo‘yib do‘qillatdi. Ohista iziga burildi.