— Ana, eshitdilaringizmi? Daryolar bo‘yida edik
suvga zor... Bu, kim haqida? Siz bilan biz haqimizda!
Uzbekistonda yashovchi barcha qorako‘z xalq haqida. Lekin qorako‘z xalqda ayb yo‘q. Xalq saraton sarig‘ida
chang yutib, qahraton sovug‘ida muz qotib mehnat qiladi! Ayb siz bilan bizda! Qarang, asrlar mobaynida Amudaryo, Sirdaryo degan azim daryolar bo‘yida yashaganmiz. Ammo suvga zor bo‘lib yashaganmiz. Asrlar davomida azim-azim daryolarning shundaygina qirg‘og‘ida yashaganmiz. Ammo suvga tashna bo‘lib turmush kechirganmiz. Bu nimadan? Bu, siz bilan bizning... Gap kelganda, otangni ayama, deydilar. Mana shu biyday cho‘lda aytay, norasmiy ravishda aytay, quloqlaringizga aytay: bu siz bilan bizning yuvoshligimizdan, ha, qo‘ymijozligimizdan! Begona tillar bizni «baran-baran», deydi. Mana, baranlik! Endi, buni qarang: butun boshli oblast rahbariyati, o‘nlab rayon rahbariyati... O’zbekiston gimnini bilmaydi! Ana, qo‘ymijozlik!
Raykom Esonov shuncha zot orasida bitta o‘zi O’zbekiston gimnini ayta olishidan quvondi. Ammo Sharof Rashidovni gaplaridan g‘oyat ta’sirlandi.
«O’zi, o‘rtoq Rashidov kuyunganicha bor-da,— dedi raykom Esonov. — «Baran» bo‘lmasak, Amudaryo bo‘yida suvga tashna yashaymizmi? «Baran» bo‘lmasak, el-yurt yo‘lboshchisi bo‘la turib, O’zbekiston gimnini bilmaymizmi?»