USTA BILAN SHER
(O`zbek xalq ertagi)
Qadim zamonda gulchi chol bilan kampir yashagan ekan. Ular o`zlariga qarashli bog`da bir juft tovus boqibdi. Bolalar tovuslarga tinchlik berishmas ekan. Qo`llariga cho`p olib, mudom quvlab yurisharkan. Oxiri tovuslar maslahatlashib, bog`dan qochib ketmoqchi bo`libdilar.
Shunday qilib, ikkala tovus uchib borib, bir dashtlikka qo`nibdi. Nar tovus ovqat axtarib pastlikka tushib ketibdi. Xashak orasida bir narsa aylanayotganini ko`rib oldin qo`rqibdi, yaqinroq borib qarasa, Qaqnus qush ekan. Qush tovusga boshidan kechirgan kunlarini aytib beribdi:
— E, tovusjon, nimasini so`raysan, men xushovoz qushman. Bolalar, sayra, deyaverib holi-jonimga qo`yishmadi, hech tinchlik bo`lmagach, shu yerga uchib keldim.
Tovus ham boshidan o`tganlarni gapirib berib:
— Sen ham azob chekkan ekansan. Yur men bilan, — debdi.
Tovus bilan Qaqnus yo`lda sherning bolasini uchratib, o`zlari bilan birga olib ketibdilar. Yo`l yuribdilar, yo`l yursalar ham mo`l yurib, cho`lga chiqib qolibdilar. Dam olib o`tirgan-larida chang-to`zon ko`tarilibdi-yu, bir ot yugurib kelibdi. Tovus otni gulchi-ning hovlisida ko`rgani uchun undan qo`rqmabdi. Qaqnus bilan sherning bolasi qo`rqib yashirinishibdi. Tovus, bu odam emas, ot, o`zimizdek jonivor, deb dalda beribdi. Ular otdan:
— Sen nima uchun bu yoqlarga kelding? — deb so`rabdilar.
— E, nimasini so`raysiz, odamzotning yaxshisi ko`p-u, yomoni ham yo`q emas. Xo`jayinim meni o`n yil mindi, ishlatdi. Endi meni boqib, so`yib, go`shtimni qazi qilmoqchi edi, qochib buyoqlarga keldim, — debdi ot. Sherning bolasi otdan:
— Sen odamdan kuchli emasmisan? — deb so`rabdi.
Ot bo`lsa:
— Odamning qo`liga tushsang, keyin bilasan, — debdi. So`ngra to`rtovlon yana yo`lga tushibdilar. Bir vaqt ro`paralaridan tuya chiqib qolibdi. Tuya ham berahm boy dastidan qochib kelayotganini, ko`p azob chekkanini aytibdi:
— O`ttiz olti yil bir boy qozoqning hovlisida xizmat qildim, burnimdan ip o`tkazib mindi, o`tin, ko`mir, yantoq tashidim. Bir kun meni so`ymoqchi bo`ldi. Karim qassob kelib, uch yuz chorak go`sht qiladi, dedi qozoq egamga. Choy ichib, keyin meni so`ymoqchi edilar, qattiq shamol ko`tarilib, qum ko`chdi. Paytdan foydalanib qochib qoldim. Agar qochmasam, go`shtimni bo`lib olardilar.
— Sen odamzotdan kuchlisan, o`ldirsang bo`lmaydimi? — debdi sherning jahli chiqib. Tuya sherga:
— Sen ham odam qo`liga tushsang keyin uning kuchini bilasan, — debdi.
Yo`l bo`yida maslahatlashib o`tirganlarida, yo`ldan asboblarini xurjunga solib eshakka ortgan usta o`tib qolibdi. Ustani ko`rib qolgan tovus sheriklariga:
— Ana, ko`ryapsizlarmi, odamzot o`tib ketyapti, — debdi. Sherning bolasi ustaga tashlanib, uni yiqitibdi.
— Kuchimni ko`rdinglarmi, Odamzot qimir etsa, burdalab tashlayman, — deya maqtanibdi.
— Jonivor, menga tegma, bir bechoraman, senga yomonlik qilmayman, rahming kelsin! — debdi usta o`rnidan turayotib. Sherning odamga rahmi kelibdi.
Usta eshak ustidagi taxtalardan olib, taqillatib qoqa boshlabdi.
— Nima yasayapsiz? — deb so`rashibdi qush va hayvonlar.
— Sher menga yaxshilik qilib o`ldirmagani uchun unga uycha yasab beraman. Charchasangiz hammangiz kirib yotaverasizlar, — debdi usta.
Sher duradgorning ishidan mamnun bo`libdi. Usta uycha deb sandiq yasabdi. Odam zotiga ixlosi ortgan sher paysallamasdan usta aytishi bilanoq sandiqqa kirib yotib olibdi.
— Ana endi rohat qilib yotaverasan, — debdi-yu, usta sandiqning qopqog`ini mahkamlabdi. Bir ozdan keyin sher:
— Nafasim qaytyapti, och, chiqaman, — debdi. Usta sandiqni qulflabdi.
Sher qanchalik kuchli bo`lmasin, baribir ustaning hiylasiga aldanibdi.
Inson hammavaqt o`zining aqli, ziyrakligi bilan xavf-xatardan qutulib qoladi.