Agraning kech kuzi xuddi Andijonning bahor payt-laridek salqin va mayin tuyular edi. Qop-qora osmonda yulduzlar charaqlab turibdi. Isitmasi baland Boburga yulduzlar yana girdobga tushib aylanayotganday va bir-birlariga urilib ketayotganday ko‘rindi. Bobur ko‘zini yumdi:
— Badanimda... qon uyushib qolayotganday... — dedi Tohirga.
Tohir uning yelkalarini, qo‘llarini, keyin oyoqlarini sekin-sekin uqalay boshladi. Bobur bundan sal yengil tortganday bo‘ldi-yu, ko‘zini ochib yana osmonga qaradi.
Yulduzlar endi joy-joyida to‘xtab, sokin nur socha boshladi. Ana Oltin Qoziq. Uning g‘arb tomonidagi Yetti Og‘ayni yulduzlari ufqqa og‘ib tushib ketyapti. Sharqdan esa bir to‘p bo‘lib Hulkar yulduzlar ko‘tarilib kelyapti.
— Bizning Quvada ham Hulkar xuddi mana shunaqa bo‘lib chiqar edi, — dedi Tohir.
Bobur ham bolaligi o‘tgan Andijon osmonini esladi. Mana shu Yetti Og‘ayni yulduzlari o‘sha yerda ham Oltin Qoziqni aylanib o‘tib, g‘arbga botib ketardi. O‘sha yerda ham Yetti Og‘ayni ufqqa bosh qo‘ygan sari Hulkar yulduzlari osmonning baland joylariga chiqib borardi. Bobur o‘smirligida Hulkar yulduzlarini olmosdan yasalgan varrakka o‘xshatar edi. Dumini quvnoq silkitib uchadigan olmos varrak uning xayolini yana musaffo bolalik yillariga olib ketdi. Osmon dunyoning hamma joyida bir ekani, umrining boshlanishida Andijonda ko‘rgan yulduzlari umrining oxirida Agrada ham chaqnab turgani unga so‘nggi bir tasallidek tuyuldi. Bobur osmonga qarab yotganda yana yosh, sog‘lom yigitga aylanib, Andijon chorbog‘ining supasida yotganday bo‘ldi.
Bir lahzalik bu shirin his ketidan yana shafqatsiz bir qaltiroq bosib keldi-yu, yulduzli osmonni girdobiga olib, gir-gir aylantira boshladi...
Tun yarmidan oshganda Tohirning o‘kirib yig‘lagani qorong‘i bog‘ni zir titratdi...