Oymomo onamiz belni yerga qadadi. O‘ng bilagini beldasta uchiga qo‘ydi. Peshonasini bilagiga qo‘ydi. Yuzlarini bekitdi...
Qoplon otamiz onamiz holidan tag‘in-da ezildi, tag‘in-da kuydi. Qaddini rostlamay, yer ostidan hisobchiga qaradi. Bu qarash mana bunday dedi:
«Ay, musulmon, peshonangda ayolimiz turibdiki. Mayli, meni o‘ylama, shu poshikastani o‘ylab gapir...»
— Ko‘p o‘qraymang, Qoplon aka! Men sizga yomon gapirayotganim yo‘q! Men qonun bo‘yicha gapiryapman!
Qoplon otamiz ko‘zlari pir-pir etdi.
«Qonuning kallangni yesin, hisobchi, kallaginangni yesin...».
Qoplon otamiz hisobchidan ko‘zlarini oldi. Tok tomirlariga yuz burdi.
Shu vaqt, besh-olti jo‘ya narida ishlamish Hasan bobo ovoz berdi:
— Ay, hisobchi! — dedi. — Og‘zim bor deb karillay berasanmi, bo‘ldi-da!
— O‘zingiz o‘ylang-da, Hasan bova! — dedi hisobchi. — Anavi Sanam bilan Xumorning egiz bolasi bor, egiz! Shunday bo‘lsayam, o‘z vaqtida ishga keladi! Oymomo opaning anavi beldastadan boshqa nimasi bor?!
— Bolasi bormi-yo‘qmi, u, sen bilan bizning ishimiz emas, u, Yaratganing ishi, hisobchi!..
— Er-xotinning qornidan boshqa qayg‘usi yo‘q! Yana tag‘in, ishga kechikkani kechikkan!
— Bo‘ldi-e, ko‘p karillama-e!