Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119304 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 25 B


shoir  27 Noyabr 2007, 18:59:50

2

Kuzda mayiz qilish boshlandi.
Otamiz avval o‘z tomorqasi mayizini qildi.
Hosil yaxshi bo‘ldi. Besh yuz kilocha mayiz oldi.
O‘zi to‘qimish ikkita qo‘lsavatchani egar qoshiga qistirdi. Kolxoz mayiziga yo‘l oldi.
Ot qozig‘ini tarvuzpoyaga tepib-tepib qoqdi.
Xurjun yelkalab, tokzor oraladi.
Paykallarda chollar tizilib uzum uzdi.
— Xirmon to‘lsin-u! — dedi otamiz.
— Yo‘lingiz unsin-u! — dedi chollar.
Otamiz chaqqon bo‘ldi. Paykalga tushdi.
Uzum boshlarini chirsillatib-chirsillatib uzib, qo‘lsavatga soldi.
Bir bo‘zbola zambil savatni paykal boshiga qo‘ydi.
Otamiz savatchasidagi uzumni peshma-pesh zambil savatga solib turdi.
Zambil uzumga to‘ldi.
Bo‘zbola choponi orqasini yag‘riniga qayirdi. Bir qo‘lini beliga tirab, engashdi.
Otamiz ellik kilocha kelmish savatni bo‘zbola yag‘riniga qo‘ydi.
Bo‘zbola ilon iz so‘qmoqdan tepa o‘rladi.

Qayd etilgan


shoir  27 Noyabr 2007, 19:00:09

3

Tepada ayol-qizlar davra qurib uzum tozaladi.
Oymomo onamiz-da chap tizzasiga tirsaklab uzum tozaladi.
Onamiz yuzlari so‘lg‘in bo‘ldi. Onamiz kechagi tushlari o‘yida bo‘ldi.
Onamiz peshonasida o‘tirmish Barchin xola:
— Qani, Oymomo do‘stim, bundaygina... mashqingiz past? — deya ko‘ngil so‘radi.
— Shunday, o‘zim... — deya ma’yuslandi onamiz.
— Ay, do‘stim, so‘raganning aybi yo‘q... u yoq-bu yoqqa yuguryapsizlarmi?
— Ha, vaqti-vaqti bilan.
— Vaqti deb o‘tirasizlarmi? Ish ado bo‘larmidi! Uyoq-buyoqqa chopingizlar, ko‘rsatingizlar-da!
— Borib turibmiz.
— Qayerlarga bordilaringiz?
Shunda, davra yoppasiga sergak bo‘ldi.
Onamizdan bir ayol narida o‘tirmish Qimmat momo-da quloq berdi.
— So‘fi Olloyor hazratimga bordik, — dedi onamiz.
Qimmat momo boshini sarak-sarak etdi.
— Voy bechora-ye, voy bechoragina-a! — dedi.
— Hazratimni ziyorat qildik. U kishi ohlarimni eshtdilar shekilli, ko‘nglimga umid soldilar...
— Voy sho‘rpeshona-ye, voy sho‘rpeshonagina-a! — dedi Qimmat momo.
— Innaykeyin, Hojar ko‘rga fol ochirdim...

Qayd etilgan


shoir  27 Noyabr 2007, 19:00:46

— Voy sho‘ring qurgur-ey, voy sho‘rginang qurgur-e! Shuncha sarson-sargardon bo‘pti-ya!.. — dedi Qimmat momo.
Onamiz ko‘kragiga tushmish ro‘moli uchini yelkasiga tirsaklab tashladi. Bir bosh uzum olib, Qimmat momoga qaratib otdi.
Uzum Qimmat momoning betiga borib tegdi. Beti shilt-shilt uzum shirasi bo‘ldi.
Qimmat momo betini changallab qoldi.
Onamiz zabt bilan joyidan turdi. Qimmat momoni yulmoqchi bo‘ldi, yumma-yumma yulmoqchi bo‘ldi.
Afsuslar bo‘lsinkim, Barchin xola onamizni ushlab qoldi. Tirsagidan yetaklab, xolisroqqa olib borib o‘tirg‘izdi.
— Balchiqqa tosh otsang, betingga sachraydi! Qo‘ying, do‘stim, shunga teng bo‘lmang! — dedi.
Onamiz rangida qon qolmadi. Olisdan chopib kelmishday hansiradi. Qo‘llari sovqotmishday qaltiradi. Tizzalariga peshonasini qo‘yib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi...
— Buniki bir bo‘lmasa, ikki bo‘lmasa, Barchinoy do‘stim! — deya yig‘ladi. — Yana tag‘in xesh emish! Ha, oshingni yeyin, senday xeshimning!..
Qimmat momo onamizni mazzammat qildi.
— Men senga biron yomon gap gapirdimmi, it!!.— deya shang‘illadi. — Ichim kuyganidan, ichim achiganidan gapiraman-da, it!.. Peshonang nimaga bundayin sho‘r desam, gap bu yoqda ekan-da, it!!.
— Bedana tezotar bo‘lsa, o‘z boshini o‘zi yoradi! — dedi bir ayol.
Qimmat momo onamizni mazzammat qildi-qildi, kaftlarini katta ochdi.

Qayd etilgan


shoir  27 Noyabr 2007, 19:01:47

— Omin! — dedi, — mendayin bir begunoh momoni sochimning oqiga qaramayin urgan bo‘lsang, iloyo, olamdan bepusht o‘tgin! Mening yoshimga yetolmayin juvonmarg o‘lgin, olloh-akbar!.. — dedi.
Ayollar ichini tortdi, ayollar bosh chayqadi.
— Iloyo, og‘zingdan chiqib, yoqangga yopishsin!— dedi Barchin xola.
Onamiz panoh izladi, onamiz najot izladi.
Yosh to‘la ko‘zlari olazarak-olazarak boqdi.
Pastda hayrondan hayron qarab turmish otamizni topdi.
Bir ko‘ngli, otamiz oldiga borayin, dedi. Aytib-aytib yig‘layin, dedi.
Ammo tevarak-boshdan or qildi.
Halqa-halqa ko‘zyoshlar ichidan otamizga termuldi. Mo‘ltirab-mo‘ltirab termuldi...
Onamiz tag‘in yig‘ladi. Bilaklariga yig‘lab-bilaklariga yig‘lab qo‘ya berdi.
— Dunyoda bir menmi, befarzand! — deya aytib-aytib yig‘ladi. — Tirnoqqa zor bo‘lib o‘tganlar nechov! Men hali ko‘rarman, umidim ko‘p... Farzandning erta-kechi bo‘ladimi... Birovga ertaroq beradi, birovga kechroq beradi...
— Bir qishning bir yozi bo‘ladi, qarg‘aning qag‘illagani qoladi, Oymomo do‘stim!
— Men uni ko‘rdim, Barchinoy do‘stim, ko‘rdim! Yaratganning o‘zi uni tushlarimga soldi, ko‘ngillarimga soldi! Nima qilayin, vaqti-soati yetmagan ekanmi, qo‘ynimga solmadi... Tushlarim to‘ldi, ko‘ngillarim to‘ldi. Nima qilayin, qo‘ynim to‘lmay turibdi, quchog‘im to‘lmay turibdi... Barchinoy do‘stim, men uni toltushda ko‘rdim, toltushda! Dugonalari bilan tutimiz ostida bosmalim o‘ynadi. Ishonmasangiz, Olapar itimdan so‘rang. Bosmalimda unga teng keladigani bo‘lmadi. O‘n ikki xilida-da adashmadi. Ayniqsa kelin xilini bir o‘ynadi-bir o‘ynadi! Dugonalari og‘zini ochib o‘tira berdi! Men uning otini bilolmay qoldim. Barchinoy do‘stim... Robiyaning chaqalog‘i big‘illab uyg‘otib yubordi. Tag‘in ko‘zlarimni yumib, uning yo‘liga qaradim. U boshqa kelmadi... Baribir keladi. Barchinoy do‘stim, keladi, mana ko‘rasiz... Ana shunda uni shu yerlarga yetaklab kelaman! Mana shu momolaringga bir bosmalim o‘ynab ber, deyman, Barchinoy do‘stim!..
— Aytganingizga farishtalar omin o‘qisin, Oymomo do‘stim!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:49:28

4

Otamiz tepada bo‘lmish gaplarni eshitdi. Ammo eshitmaslikka oldi.
Uzum uzib-uzib, ari uyasiga duch keldi.
Ari uyasi kungaboqarday-kungaboqarday bo‘ldi.
Arilar g‘uj-g‘uj teshiklarda tumshuqlarini bir-biriga tegizib yashadi. Bordi-yu, chetdan tahdid bo‘lsa, arilar yoppasiga hamla qildi. Shiddat bilan uchib kelib, tahdid qiluvchi ko‘ziga yo qulog‘iga yopishdi.
Otamiz choponi o‘ngirini boshiga yopdi. Yenglarini tirsaklarigachayin qayirdi. Bilaklarini yalang‘och qildi.
Ohista enkayib, ari uyasi osilib turmish tok novdani silkidi.
Arilar g‘imirladi, yoppasiga qo‘zg‘oldi. Ikkita-uchtasi otamiz ko‘zini mo‘l uchdi, qulog‘ini mo‘l uchdi. Ammo chopon o‘ngiriga duch keldi.
Tag‘in uchib, yalang‘och bilaklarga borib yopishdi. Bilaklarga chim-chim nish urdi. Chim-chim-chim!..
Chim-chim chaqmish ari bo‘ldimi yo chibin bo‘ldimi?
Bilolmadi, otamiz bilolmadi!
Otamiz kayfiyati shu qadar tarang bo‘ldi! Erkaklar peshin chog‘i uzum uzishni bo‘ldi qildi. Paykallardan chiqib keldi.
Ayollar erkaklarni ko‘rib, u yoq-bu yog‘ini tuzatgan bo‘ldi, o‘ziga qaragan bo‘ldi.
Ayrim uzum donalari kesak orasida qolib yo suv tegib, chirigan bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:49:35

Ayollar ana shu chirikni mayizjoy bir chetiga olib borib yoydi.
Oftobda ochiq qolib, po‘la bo‘lib qolmish uzumlar-da bo‘ldi. Bu uzum oftobi mayiz bo‘ldi. Oftobi       mayiz butun yozi bilan saraton oftobini olib pishdi. Shu bois, ko‘p shifoli bo‘ldi.
Ayollar ana shu oftobi mayizni alohida yoydi.
Mayizjoy chetida ulkan dasht o‘choq bo‘ldi. Ana shu o‘choqqa o‘t yoqildi.
Otamiz choponi o‘ngirini qayirib, belbog‘iga qistirdi. Zinadan o‘choqqa ko‘tarildi.
Qozondagi suvga ishqor bilan ohak soldi.
Dasht-biyobonlarda bir o‘t o‘sadi. Mayizchilar shu o‘tni terib, to‘da qilib kuydiradi. O‘t kuyayotib, undan chakillab-chakillab suvi tomadi. Suv kul bilan qo‘shilib, cho‘qir tosh misol qotadi. O‘zi kulrang, o‘tkir hidli bo‘ladi.
Ishqor ana shu bo‘ladi!
Mayiz qozon qaynadi.
Otamiz cho‘mich bilan qaynagan suv tinig‘ini oldi-oldi, bir toza idishga soldi. Qozonni tozalab yuvib oldi.
Keyin ishqor bilan ohak suvini tag‘in qaytarib qozonga soldi.
O‘tyoqar tinmay o‘t yoqib turdi.
Ayollar qo‘lsavatlarga uzum solib berdi.
Bo‘zbolalar qo‘lsavat bog‘ichidan ko‘tarib, otamizga olib kelib berdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:51:15

Otamiz oyog‘ini o‘choq labiga tiradi. Savat bog‘ichidan avaylab ushladi. Bilqillab qaynab turmish qozonga pishib-pishib oldi.
Uzumlar sap-sariq bo‘ldi.
Otamiz savatni tag‘in bo‘zbolaga uzatdi.
Bo‘zbola ostidan ishqor ham ohak suvi sho‘r-sho‘r oqib turmish qo‘lsavatni mayizjoyga tashidi.
Ayollar uzumlarni yoyib-yoyib turdi. Jovuzni alohida, husayinini alohida, kishmishini alohida yoydi.
Boisi, har mayizning o‘z ta’mi bo‘ladi, o‘z-mazasi bo‘ladi.
Ana endi uzumlar oftobda hafta deganda quriydi, sap-sariq mayiz bo‘ladi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:51:26

5

Ishdan qaytar chog‘larida brigadir keldi.
Otamiz brigadirni xolisroqqa yetaklab bordi. Niyatini aytdi.
Brigadir ajablandi. Boisini so‘radi.
Otamiz javob bermadi. Ko‘zlarini olib qochdi. O‘zicha bosh irg‘adi. Ko‘nglida: «El-yurtga aralashmayin deyman, uka, tilim qisiq... Vaqtliroq kelganingda, tepadagi gaplarni eshitgan bo‘larding...» dedi.
Otamiz o‘z ko‘nglida aytmish gapini brigadirga aytdim, deya o‘yladi.
— Shunday, brigadir uka, shunday... — deya tag‘in bosh irg‘adi.
— Mayli, qorovullik bo‘lsa qorovullik-da. Ombor bo‘ladimi? — dedi brigadir.
— Yo‘q, dala ber, uka, dala ber.
— Maylingiz, unda, Kamarga borasizmi?
— Yo‘q, bizga Sayrak adirni ber, uka. Ayolimiz bilan ikkovimizga-da. Ayolimiz o‘rniga-da o‘zim tura beraman. Ayolimiz ovqat pishirib berib turadi.
— Maylingiz.
— Shu, Sayrak adirga bir dil ketdi-da, uka...
— Bo‘ldi-bo‘ldi, gap yo‘q!  Lekin aytib qo‘yay, Yo‘ldosh qorovul ko‘nmasov. Shunday bo‘lsa-da, bir aytib ko‘raman.
— Shunday qil, uka, shunday qil...
— Hali-hozircha qimirlab turing, mayizlar tugasin.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:51:40

6

«Endi nima qilamiz, momosi?»
Otamiz shunday savol nazari bilan onamizga termuldi.
Onamiz g‘ariblandi, onamiz azoblandi.
— Denovda zo‘r tabib bor, deyishayapti, — deya pichirladi onamiz. — Borganlar dardiga davo topib qaytar emish...
Otamiz bilan onamiz ana shu tabibga bordi.
Tabib gap indallosini aytdi:
— Bizni e’tiborga olib kelibsizlar, qulluq, — dedi. — Endi, do‘xtirga boringlar. Eshon, tabibni qo‘ya beringlar. Oldinlari do‘xtir yo‘q edi, bo‘lsa-da, taxchil edi. El bechora eshon, tabib deb kelar edi. Qo‘limizdan kelganicha yo‘l-yo‘riq berib jo‘natar edik. Endi, do‘xtir ko‘p, do‘xtirdan qolmanglar. Lekin Denov do‘xtirlariga bormanglar, qo‘lga qaraydi... Termizda zo‘r bir do‘xtir bor. Ana shu do‘xtirga boringlar. Mana, manzili...
Otamiz bilan onamiz mol-hollarni Robiya hamsoyasiga tayinladi.
Termiz yo‘l oldi.
Qidirdi-qidirdi, tabib aytmish do‘xtirni topdi.
Do‘xtir yo‘llanma so‘radi.
Otamiz bilan onamizda yo‘llanma bo‘lmadi.
— Unda, qabul qilmaymiz, — dedi do‘xtir.
Otamiz sarg‘aydi.
— Uyimiz ovloq, mol-holga qaraydiganimiz yo‘q... — dedi.
Do‘xtir kuldi-kuldi... oxiri qabul qildi.
Erkaklar alohida do‘xtirga navbatda turdi, ayollar alohida do‘xtirga navbatda turdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:52:09

Gal keldi, otamiz ichkari kirdi.
Do‘xtir so‘rab-surishtirdi. Qog‘oz qoraladi. Keyin, otamizni qaradi... Analiz topshirish uchun yubordi...
— Uch kundan keyin keling, — dedi.
Gal keldi, onamiz-da o‘z do‘xtiriga kirdi...
Otamiz bilan onamiz Termizda uch kun qoldi. Bozor mehmonxonasida yotdi.
Uchinchi kun do‘xtir huzuriga bordi.
Avval otamiz ichkarilab keldi.
— Nima dedi? — so‘radi onamiz.
— Sizdan farzand bo‘lmasa, boshqa bir erkakdan-da farzand bo‘lmaydi dedi.
Keyin, onamiz ichkarilab keldi. Ma’yus-ma’yus bo‘lib keldi, g‘amgin-g‘amgin bo‘lib keldi.
— Nima, dedi-a, nima dedi? — so‘radi otamiz.
Onamiz boshini chapiga xiyol egdi. Yerga ko‘z tikdi.
— Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, dedi... — deya pichirladi.
Otamiz ma’qullab-ma’qullab bosh irg‘adi.
— Ana, aytdim-ku, bo‘ladi deb, ana... — dedi.
Otamiz bilan onamiz qaytib keldi.

Qayd etilgan