Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119290 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 25 B


shoir  30 Noyabr 2007, 18:54:32

Palov borgan sayin ozayib bordi...
— Bo‘lmasa, qorovul bo‘laman deganlar ko‘p edi, — dedi kotib. — Barini qaytardim. Sizga xo‘p dedim...
Otamiz piyolaga chuldiratib-chuldiratib choy quydi. Issiq-issiq choy ichdi. Xo‘r-xo‘r choy ichdi.
— Ey, xudo, o‘zingga shukur-e! — dedi.
Kotib toboqqa qaradi. Taboqdagi palovdan asarda qolmadi!
Otamiz palov tagida qolmish moyni ichdi. Toboqni yalab-yalab qo‘ydi.
O‘ziga-o‘zi fotiha o‘qidi.
Tag‘in choydan bosib-bosib ichdi.
Qadlarini rostladi. Tishlarini kovladi. Kekirib-kekirib, o‘tirdi.
— Xudoga shukur-e!.. — dedi.
Kotib devordan qo‘lini oldi. Otiga achchiq-achchiq qamchi bosdi.
— Odam ko‘rganim yolg‘on ekan-a!.. — deya kuyuna-kuyuna ketdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:54:42

13

Otamiz endi ishiga otlanayotib edi, onamiz kirib keldi.
Otamiz, onamiz yuziga qayrilib-da qaramadi...
— Qayoqlarda yuribsan? — deya to‘ng‘illadi.
Onamiz kalishi uchi bilan yer chizdi.
— Denov borib edim... — dedi.
— Denovda pishirib qo‘yibdimikin?
— Ayollar, baliq yeb kelamiz deya, yur-yur qildi...
— Ayolimiz baliq yeb yursin, biz bu yoqda och o‘tiraylik!
— Tushgacha kelaman deb edim, avtobus hayallab qoldi.
— Endi, Moskvaga bor! Keyin, Leningradga!..
Otamiz zarda bilan otlandi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:54:54

14

Shoymardon ferma mudir o‘g‘li qo‘lini halolladi.
To‘shakda yotmish o‘g‘il ko‘nmadi. Yuzini goh o‘ng tarafga, goh chap tarafga burib yig‘ladi.
O‘g‘il qabatida tizzalab o‘tirmish usta Majid asbob-anjomini hozirladi. O‘tkir pakkisini kaftida qayradi.
— Qo‘rqma-ye! Chibin chaqqandayin ham bo‘lmaydi! — deya dalda berdi usta Majid.
— Chibindi qo‘ying, shamol esib o‘tganday bo‘ladi!— dedi usta shogirdi.
Qoplon otamiz o‘g‘ilchaga pul uzatdi.
— Ma, tarlon ot ol! — dedi.
— Ana, boyib ketding!
— Menga berganlarida jon-jon deb ko‘nardim!
— Shuncha pulgayam yo‘q deysanmi? Unda, tur, o‘zim yotaman!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:55:02

Nurali bobo shunday deya, to‘shakka talpindi.
— Usta bova, men yotayin!
— Qo‘ying-e, o‘zi yotadi!
O‘g‘il tevarakka alangladi. Odamlar yuzi jiddiy bo‘ldi. Biri qo‘yib biri, uning o‘rniga yotayin, deya intildi.
Shunda, o‘g‘il tinchidi.
O‘g‘il og‘ziga tandir non tutdilar.
— Tishla, tishla! — dedilar.
O‘g‘il non tishladi.
Usta ruhiy san’atini qo‘lladi. O‘g‘ilni gap bilan chalg‘itdi. O‘g‘ilni xotirjamlatdi. Payt poyladi...
— Ay, yasha! — dedi. — Necha puling bor? Ot olsang meniyam mindirasanmi-yo‘qmi? Balli! Qoplon bovang chin aytadi, ot olsang Tarlonidan ol!.. Huydar-huyda-a-ar!..
— Huydar-huyda-a-ar!.. — jo‘r bo‘ldi odamlar.
O‘g‘il nonni jon-jaqdi bilan tishlab... uzib oldi! Unsiz-unsiz yig‘lab qo‘ya berdi.
Usta kesik joyga kuydirilgan paxta kulini bosdi. Ustidan bukilmaydigan do‘ppi qoplab qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:55:21

15

Qoplon otamiz yon uyga kirib o‘tirdi.
Shoymardon ferma mudirning to‘xtamishlik mol do‘xtir oshnasi keldi.
Ichkariladi. Qo‘li halollanmish o‘g‘lon bilan so‘rashib keldi.
Barcha bilan ko‘rishdi. To‘rlab o‘tirdi. O‘ng tarafdan bitta-bittalab so‘rashdi. Gal uchinchi odamga keldi.
Qoplon otamiz sergaklandi. Eshikka qarab-qarab qo‘ydi. Boshini quyi egdi. Dasturxon chetini qayirib o‘ynadi. Choynak qopqog‘ini shiqillatib-shiqillatib ochib-yopdi.
Gal Qoplon otamizga keldi.
Mehmon, qo‘li ko‘ksida so‘rab boshladi:
— Yaxshimisiz, aka...
Otamiz qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
— Shukur-shukur, — dedi.
— Bola-chaqalar o‘sayaptimi?
— Shukur...
— Nevara-chevaralar katta bo‘layaptimi?
— Shukur.
— Chopqillab-chopqillab yurishibdimi?..
Otamiz qo‘li ko‘ksida bo‘ldi. Egik boshini irg‘ab o‘tira berdi.
Otamiz to‘y-to‘ylaganlari, yegan-ichkanlari burnidan chiqdi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:55:29

16

Otamiz uyiga yonib-yonib keldi!
Nimaga endi, faqat bola-chaqani so‘raydi?
Nimaga manavi dang‘illama uyini so‘ramaydi? Muhtasham hovlisini so‘ramaydi? Ko‘krakdor otini so‘ramaydi?
To‘da-to‘da qo‘ylari bor. Qo‘sha-qo‘sha mollari bor. Qo‘ylari yilma-yil qo‘zilaydi. Mollari yilma-yil buzoqlaydi. Nimaga mol-holini so‘ramaydi?
Bog‘lari har yili besh yuz kilolab mayiz beradi.
Nimaga mayizlarini so‘ramaydi?
O‘zi hamisha otday bo‘lib yuradi. Tani-joni sog‘ bo‘lib yuradi. Ishlasa, ikkita-uchta erkakning ishini qiladi. Mo‘l-ko‘l mehnat haqi oladi. Nimaga bularni so‘ramaydi?

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:55:54

17

Otamiz ichkariladi.
Uzala tushib uxlamish onamizga qaradi. Jag‘ suyaklari bo‘rtib-bo‘rtib qaradi...
Birdan.. onamiz bilagidan olib, otib yubordi!
Onamiz misoli to‘rva xaltaday uchib, yuzlari bilan yuk-yopga borib o‘rildi. Shunday zarb bilan urildi... Zarbidan ketiga chalpak bo‘lib yiqildi...
Onamiz dovdirab qoldi, onamiz esankirab qoldi.
— A-a-a... — deya, zaif ham qaltiroq ovoz berdi.
Sapchib turib o‘tirdi. Kaftlari bilan yalang boshini yopdi. Entikib-entikib nafas oldi. Qo‘rqqanidan chirillamoqchi-da bo‘ldi.
Ojizona ovoz bilan, yolvoruvchi ovoz bilan:
— Men bu kishiga nima qildim... — deya shivirladi.
— Nimaga uxlaysan?
— Hamma uxlaydi-ku...
— Senga kim qo‘yibdi uxlashni!
— Hamma uxlaydi-ku...
— Senga uxlashni kim qo‘yibdi deyapman? Ayt! Aytmaysanmi, aytmaysanmi!..
Otamiz, onamiz yalang boshidagi qo‘llarini siltab tashladi. Sochlarini bilagiga o‘rab oldi.
Otamiz chap qo‘li onamiz bo‘g‘ziga bordi...
Onamiz:
— Xrr-xrr-xrr... — etdi.
Otamiz panjalari tag‘in-da botdi-botdi...
— Xrr-xrr-xrr...
Onamiz iyagi yuqoriladi. Tag‘in yuqoriladi... Ko‘zlari jon berajak buzoq ko‘zlariday olayib-olayib bordi.
Onamiz ko‘z qorachig‘lari yo‘qolib qoldi! Oqlari ko‘payib qoldi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:56:04

18

Otamiz seskandi... Qo‘llari bo‘shashdi...
Ketiga qaray-qaray, tashqariladi. Zinapoyada haykalday turdi. Entika-entika, olamga qaradi...
Olam bir hovuch! Qishloq choldevor! Keng yuzli hovli tovuq katagi!..
Obtovada qo‘liga suv quydi.
Qo‘liga suv yuqmadi. Suv barmoqlari orasidan qumday to‘kilib ketdi.
Suvi yo‘qdir, degan o‘yda obtova qa’riga qaradi. Eti sovuqda junjikmish odamday seskanib bosh ko‘tardi.
Obtova baldog‘ini mahkam ushlab qotib qoldi. Obtovani otib yuborishini-da, ushlab turishini-da bilmadi.
Obtova qa’ri poyonsiz suv bo‘ldi. Suv qa’ridan bir odam otamizga baqrayib qarab turdi. Baqraymish yuz vajohatli bo‘ldi...
Otamiz mixdan qamchini oldi. Otiga qarab yurdi.
Ot arqonini egar qoshiga o‘radi. Sapchib otlandi.
Darvozadan enkayib o‘tdi. Qorovulligiga yo‘l oldi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:56:13

19

Qorovulligida otini yo‘ng‘ichqapoyaga qantardi. Chaylasiga qarab yurdi.
Ariq bo‘yida yovvoyi bog‘ gullariga duch keldi. Enkaydi, gullarga dimog‘ini qo‘ydi. Dimog‘i bo‘y payqamadi!
Gullar gul emas, tikon. Tikon uchiga qistirib qo‘yilmish qizil qog‘oz!
Otamiz aftlari burishdi. Yo‘lida davom etdi. Adirladi.
Chaylada gilamga to‘kilmish chayla xas-cho‘plarini qoqdi. Ko‘rpacha yoydi.
Taxlog‘liq ko‘rpachalarga orqa berib o‘tirdi. Oyoqlarini uzatdi.
Lippasidan nosqovoq oldi. Nosqovoq ostiga chertib-chertib, kaftiga nos to‘kdi. Og‘zini osmon qilib, tanglayiga nos otdi.
Lablarini cho‘chchaytirdi. Nos yuqi kaftini soniga artib-artib oldi.
Ketiga chalqaydi. Harommag‘zi bilan ko‘rpachaga suyandi. Telpagini peshonasiga qo‘ndirdi...
Shu o‘tirishda o‘tirdi-o‘tirdi... nos elitdi... ko‘zi ilindi...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:57:16

20

Tog‘ni qora bulut bosdi. Bulutlar bag‘rida sonsiz tasmalar tortildi: tog‘ga yomg‘ir  yog‘di.
Qop-qora bulutlar tobora pastladi. Qirlar bulut ichida qoldi.
Otamiz adiri-u qirlar qoq oralig‘ida bo‘ldi.      Otamiz misoli jar oralig‘ida, ulkan tosh ustida o‘tirdi.
Jar tubsiz bo‘ldi...
Otamiz hademay ana shu jarga tushib keta-   di. Tushib ketishini birov-da bilmaydi. Birov-da so‘rab-surishtirmaydi. Nom-nishonsiz yo‘qo-ladi...
Kimi-da so‘raydi? Kimi-da surishtiradi? Kimida eslaydi?..
Otamiz ovozi boricha baqiradi. Qo‘llarini uzatib baqiradi.
Kimi-da ovoz beradi? Qirlarmi? Qirlar aks sado beradi. Mayna qilmishday, otamiz ovozini qaytaradi.
Otamiz qo‘llari shalvirab qoladi. Endi, yolg‘iz tayanchi bo‘lmish, yolg‘iz ilinji bo‘lmish ayolini chaqiradi.
Ayol qo‘lidan nima keladi? Yig‘i keladi!

Qayd etilgan