Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119292 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 25 B


shoir  30 Noyabr 2007, 18:57:36

21

Qop-qora bulutlar Archako‘tal cho‘qqilarini chalib ketdi. Televizor stansiya, To‘xtamish tova qirlari-da ko‘rinmay qoldi. Bulut katta lalmi cho‘qqilarini-da bosdi.
Shunda... shunda, bulutlar orasida bir chol paydo bo‘ldi. Chol ust-boshlari oppoq bo‘ldi. Soqollari-da oppoq bo‘ldi.
Ostidagi eshagi-da oppoq bo‘ldi. Taqimida uzun hassa bo‘ldi.
Otamiz cholni qayerdadir ko‘rganday bo‘ldi. O‘ylab-o‘ylab, esladi: bargga borganda ko‘rib edi.
Otamiz ko‘ngliga tahlika tushdi: «Kim bo‘ldi, bu mo‘ysafid?» deya o‘yladi.
Bulutlar aro momaqaldiroq qarsilladi. Ayqash-uyqash tasmalar yonib-o‘chdi: yashin chaqnadi.
Otamiz seskanib tushdi.
Chol parvoyiga-da kelmadi. Chol yaqin keldi. Yuzlari yaqqol bo‘ldi.
Otamiz choldan ko‘z uzmadi. Ko‘nglidagi tahlikalar tarqala bordi.
«Kim bo‘ldi ekan, bu mo‘ysafid? Samad bobomikin? Uning eshagi qora edi-ku? Qarshi maxsummikin? Yo‘q, maxsum eshakni befarosat hayvon deb minmaydi».
Otamiz o‘ylab o‘yiga yetdi... Seskandi... Yoqa ushladi...
«Yo, qudratingdan! Chiningmi shu?»
Ichida kalima qaytardi. Cholga yanada sinchiklab tikildi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:58:11

«Ko‘rinishi aytib turibdi. Shunday bo‘lsa-da, shoshmagan ma’qul. Kim biladi, ko‘zimga shunday ko‘rinyaptimi. U kishida barchaga ayon belgi bo‘ladi. Shundan bilsa bo‘ladi».
Otamiz sapchib turdi. Cholga peshvoz yurdi. Qo‘li ko‘ksida bo‘ldi.
— Assalomu alaykum! — dedi.
— Vaalaykum, bolam, vaalaykum! — alik oldi chol. — O‘tir, turish darkor emas, o‘tir. Men bir yo‘lovchi odamman. Xo‘sh, bolam, adirlardan ketmay qolding, nima, biror sehri bormi?
Otamiz cholga sinchiklab-sinchiklab tikildi. Aniq bir fikrga kelolmadi.
— Siz Samad bova emasmisiz? — dedi.
Chol rad ma’nosida bosh chayqadi.
— Ha-a, bildim, bildim! — dedi otamiz. — Siz Hasan mirobsiz. Tog‘dan suv yoqalab kelayapsiz. Toshloqda sel kelishidan qo‘rqib, qir oshib kelayapsizmi?
Chol qah-qah urdi.
Bulutlar, adirlar kulgidan zirillab ketdi.
Yomg‘ir qiyolab-qiyolab yog‘di.
Yashin to‘lqinlanib-to‘lqinlanib chaqnadi.
— Bo‘lmasa, kimsiz? Ayting-da, odamni qo‘rqitmay!
Otamiz chol qoshiga keldi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:58:34

Chol olis bog‘lar, paxtazorlarga o‘ychan boqib turdi.
— Qani, omonmisiz, esonmisiz..
Otamiz shunday deya, chol qo‘lini kaftlariga oldi.
Chol seskanib qo‘l tortdi.
Otamiz cholni tanidi: hazrati Xizr bobo! Boisi, boshmaldog‘ida suyagi yo‘q! U kishining boshmaldog‘i suyaksiz bo‘ladi!
Hazrati Xizr bobo odamzod mushkulini oson qilajak, hojatini chiqarajak ezgulik piri!
Otamiz o‘zida yo‘q quvondi! Dardiga davo topishday bo‘ldi! Entikdi! Yayradi!
Ana o‘sha zot, ana! Shu zotning bir og‘iz so‘zi!
Nima uchun shu zotni vaqtliroq yo‘qlamadi?
Ana, oxiri o‘zlari yo‘qlab keldi! O‘zlariga o‘zlari aytgan-da, borayin, shunday bir kuygan bandam bor, dardiga quloq solayin, degan-da!
Hazrati Xizr aytsalar, yo‘qdan bor bo‘ladi!
Hazrati Xizr bobo og‘rindilar.
— Men yo‘liqqan odamlar ichida eng noma’quli sen bo‘lding, — dedilar.
— Men nima qildim, hazrati Xizr bovajonim? — dedi otamiz.
— Qo‘l uzatib, odobsizlik qilding.
— Aybimdan o‘ting, hazrati Xizr bovajonim, aybimdan o‘ting!
Otamiz tevarakka alangladi. Tevarak ovloq bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:59:25

Umrida birinchi marta... birinchi marta... inson oldida tiz cho‘kdi!
Kaftlarini insonga cho‘zdi. Yonoqlaridan marjon-marjon yoshlar sizdi...
Dardini yorib-dardini yorib qo‘ya berdi:
— Hazrati Xizr bovajonim! Sadag‘angiz ketayin, hazrati Xizr bovajonim, meni avf eting! Men tabib deb chopdim, folchi deb chopdim, nodon-lik qildim, ko‘rlik qildim! Avf eting, hazrati Xizr bovajonim! Aslida sizni yo‘qlashim darkor edi! Men qayoqqa borishimni bilmadim-da, qayerda ekani-        ngizni bilmadim-da, hazrati Xizr bovajonim! Qola bersa, huzuringizga borishga haddim sig‘madi! Men bir faqir odam bo‘lsam, qanday-da boraman! Endi, ovora bo‘lib o‘zingiz kelibsiz, bovajonim! Qulluq, bovajonim, qulluq! Hazrati Xizr bovajonim, men bir sho‘rpeshona bandaman! Tirnoqqa zorman! Eshityapsizmi, tirnoqqa zorman! Nima tilasangiz tilang, manavi choponimgacha sotaman, aytganingizni  aytgandayin bajo keltiraman! Menga bir farzand bersangiz bo‘ldi, hazrati Xizr bovajo-nim!..
— Menga mol-dunyo darkor emas...
— Unda, menga bir farzand bering, hazrati Xizr bovajonim! Dunyodan qo‘li ochiq ketmayin, hazrati Xizr bovajon! Mayli, bizga bittagina Xushvaqt bo‘lsa-da bo‘ladi! Faqirga palov! Bilasizmi-yo‘qmi, Xushvaqt yo‘lida ko‘zimiz to‘rt, hazrati Xizr bovajonim!
— Dunyodan ko‘p noliy berma...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:00:21

— Bizni bu dunyoga bog‘lab qo‘ygan emas, hazrati Xizr bovajonim! Bir kunmas-bir kun tanamiz soviydi. Shunda, kim bizning isi chirog‘imizni qiladi? Kim otamlab yig‘laydi? Kim enamlab yig‘laydi? Birov, hech bo‘lmasa birovgina otamlab yig‘lasa ekan, birovgina enamlab yig‘lasa ekan, hazrati Xizr bovajonim!
— Boriga shukur qil.
— Izidan o‘g‘il qoldirib, otasi uchun motam tuttirmagan erkak, erkak bo‘ptimi! Orqasidan qiz qoldirib, enasi uchun qora kiydirib, aza ochdirma-gan ayol, ayol bo‘ptimi! Dunyoga keldim deb yurmasinlar. Hazrati Xizr bovajonim! Ko‘pga bergan tirnoqni bizdan-da darig‘ tutmang! Menga rahmingiz kelmasada, enasiga rahmingiz kelsin, Hazrati Xizr bovajonim! Poshikasta kuyib-kuyib, adoyi tamom bo‘ldi, o‘lik bo‘lib go‘rda yo‘q, tirik bo‘lib to‘rda yo‘q, hazrati Xizr bovajonim!..
— Men senga farzand berganman...
— Berganingiz yo‘q, hazrati Xizr bovajonim, berganingiz yo‘q! Siz meni birov bilan adashtiryapsiz, hazrati Xizr bovajonim! Usta Qulmatga kelbat beraman, o‘sha deyayotgandirsiz-da? Chin, usta Qulmatda farzand bor, oltita! Menda bo‘lsa, birovda yo‘q, hazrati Xizr bovajonim!..
— Qanday otasanki, o‘z farzandingni bilmaysan? Hali ko‘p-ko‘p farzand beraman.
— A? Ko‘p-ko‘p farzand beraman dedingizmi? Qachon-qachon? Qulluq, hazrati Xizr bovajonim, qulluq! Qani edi, ko‘p-ko‘p bo‘lsa! O‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa, qirqta bo‘lsa qilig‘i, hazrati Xizr bovajonim!..
Hazrati Xizr bobo ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:00:35

22

Qosh qoraydi.
Bog‘otda odam oyog‘i tindi.
Otamiz qorovulligidan qaytib keldi.
Onamiz chappa burilib yig‘ladi.
— Ko‘rgan kunim qursin... — dedi.
Otamiz betini olib qochdi.
— Yig‘lama-ye... Men senga nima qildim... — dedi.
Onamiz aytib-aytib yig‘ladi:
— Shu bo‘g‘ganida o‘lib keta bersam bo‘lmasmidi...
Otamiz talmovsirab turib oldi.
— Men bo‘g‘dimmi? Men-a? — dedi. — Odamga tuhmat qilma-ye, men adir-da edim.
— Bo‘lmasa kim? Robiya hamsoyaning erkagimi?
— Seni bo‘g‘dimmi? Seni-ya? Qachon-qachon?
— Dardi chipqon, qachon-qachon!..
— Shu gapingga noma’qulning nonini yebsan. Men hozirgina bog‘otdan keldim.
— Shu kishining esi joyidami o‘zi?
— Esim joyida, ha, esim joyida...
— Esi joyida bo‘lsa, shuytadimi?
—Bo‘ldi-bo‘ldi. Undan ko‘ra, suyunchini cho‘z...
Otamiz bo‘lib o‘tmish gapni aytib berdi.
Ayta-ayta, shiplarga qarab jilmaydi, derazalarga qarab jilmaydi!
Sho‘rvani-da jilmaya-jilmaya ichdi!
—Ha-a-a, beshik-meshiging bormi o‘zi, momosi? — dedi.
— Beshik nima qiladi...
— E, hali beshiging yo‘qmi? Unda, shu bozor Denov borib kelganim bo‘lsin!
— Hali vaqtli.
— Vaqtlisi bo‘ptimi, ehtiyot-da.
— Men o‘zim aytaman...
— Ha-a-a-, sening gaping juft, momosi...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:00:46

23

Onamiz yuragi o‘ynadi, onamiz ko‘ngli aynidi.
Qo‘llari yuzini og‘ziga tutdi. Osmonga qarab-qarab esnadi:
— A-a-auf, -a-a-auf!..
Otamiz esnashdi o‘zicha tushundi. O‘zida yo‘q suyundi.
«Ana, hazrati Xizr bovamizning marhamati, ana!» deya xayollandi otamiz.
Otamiz onamizga siporish qildi.
— Endi, o‘zingni og‘ir ishlardan tiy, — dedi. — Xafagarchiliklardan saqlan. To‘yib-to‘yib uxla. Ko‘nglimda sen uchun atab yurganlarim bor. Kuni kelsin, aytaman.
— Nima ekan, u?
— Hali-hozir aytmayman. Kuni kelsa, aytaman.
— Aytsin, hozir aytsin.
— Yo‘q, bo‘lmaydi. Aytsam, sen birovga aytib qo‘yasan.
— Aytmayman, aytsin, aytmayman.
Otamiz derazaga qarab-qarab:
— Qo‘shiq aytib beraman, — dedi sokin.
Onamiz hayrondan-hayron bo‘ldi.
— Nima-nima? — dedi.
— Qo‘shiq aytib beraman, deyman... — dedi, tag‘in-da sokin-sokin.
Onamiz og‘zini ushlab kuldi.
— Shu kishi qo‘shiq aytadimi? — dedi.
— Esa-chi...
Onamiz piq-piq kuldi.
— Shu kishi-ya?
— E, bizga nima qipti?..
Onamiz bolishga yumalab kuldi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:01:08

24

Otamiz adirlarga sig‘may qoldi!
Yo‘lda horib qoladi deya, onamizga tushlik tashittirmadi.
O‘zi kelib ketar bo‘ldi.
Bo‘lar-bo‘lmas gaplar aytib, onamizni kuldirib-kuldirib turdi.
Kunlar ketidan kunlar o‘tdi, tunlar ketidan tunlar o‘tdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:01:20

25

Otamiz tun chirog‘ini yoqib yotdi.
Uy nimqorong‘i bo‘ldi.
Otamiz chalqanchadan yonbosh bo‘ldi. Onamizga o‘girildi. Bilagini onamiz bo‘yni ostidan o‘tkazdi. Onamiz yuzlarini quchog‘iga oldi.
Otamiz chap qo‘li Xushvaqtning ilk... ilk beshigiga ketdi. Qo‘li beshik bo‘ylab yurdi, beshik uzra yurdi. Bir yuqoriladi, bir pastladi.
Kafti muloyim-muloyim olamni qayta-qayta siladi. Siladi-siladi, bir manzilda oyoq ildi... Yo‘q, yo‘q...
Kafti tag‘in quyiladi-yuqoriladi. O‘ng-u chapga borib keldi. Kafti yugurdi, kafti yeldi, kafti izladi... Yo‘q, yo‘q...
Otamiz ilk beshikka qo‘lini yuzini tutdi. Bor e’tiborini, bor diqqatini qo‘li ixtiyoriga berdi. Yuragini qo‘li yuziga jo qildi... Yo‘q, yo‘q...
O‘ng qulog‘ini onamiz ko‘kraklari ostiga qo‘ydi. Nafasini yutdi. Bir lahza qotib qoldi.
Qulog‘i ostida onamiz yuragi duk-duk urdi...
Ilk beshik bor! To‘qqiz oy-yu, to‘qqiz kunlik muloyim olam bor!
Xushvaqt yo‘q, Xushvaqt!
Otamiz hafsalasi pir bo‘ldi... Onamiz yuziga yuzini qo‘ydi...
Onamiz piq-piq yig‘lab qo‘ya berdi.
— Yig‘lama, bo‘ladi. Hazrati Xizr bovamiz aytdilar-ku...
Otamiz shunday deya, o‘zini-da, onamizni-da ovutdi.
Onamiz otamiz bilan tag‘in-da jipsroq yotdi. Soqollariga yuzlarini siladi.
Olis ayriliqdan keyin ko‘rishmishdayin, bag‘ridan qo‘yib yubormadi.
Olis sog‘inishdan keyin ko‘rishmishdayin, bot-bot o‘pdi.
Erkalatishlardan armoni qolmadi...
— Ertaga bozorlab kelmaydimi?
— Bozorlaganim bo‘lsin!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:03:02

26

Onamiz sahar mahali otamizni uyg‘otdi.
Otamiz bozor otlandi.
Onamiz zim-ziyo olamga boqdi...
Oy hali tug‘madi. Shu bois, olam zimiston bo‘ldi. Onamiz oy tug‘ajak tarafga qarab turdi-turdi-da... o‘zini oyga mengzadi, taqdirini olamga mengzadi!
«Oy-da mendayin tug‘madi. Olam-da taqdirimdayin zim-ziyo bo‘ldi...» deya o‘ksidi.
Onamiz otamiz bilan xo‘shlashdi.
— Mayli, xush borsin-xush kelsin, — dedi.
Otamiz zim-ziyoga singib ketdi.
Onamiz darvoza qirrasiga peshonasini qo‘ydi. O‘ksib-o‘ksib yig‘ladi...
Ko‘chada echki ma’radi.
Onamiz qayrilib qaradi.
Echkilari ko‘chaga tizilib chiqdi.
Onamiz echkilarni ichkari qaytardi. Darvozani ichkaridan zanjirladi. Zanjirdan cho‘p o‘tkazdi.
Supaga kelib o‘tirdi. Peshonasini tizzalariga qo‘ydi.
Tag‘in yig‘ladi...

Qayd etilgan