Ibn Kasirning yuqoridagi ikki — «40 yil» va «7 yil» haqidagi rivoyatni jamlashi (33ga 7ni qo‘shib, 40 yil qilgan edi), ya’ni, bir-biriga bog‘lashi to‘g‘ri, kuchli qavl. Chunki mazkur ikkala rivoyat ham sahih. Shu bois, modomiki ularni bir-biriga bog‘lash mumkin ekan, hech qaysi rivoyatni rad etishning hojati yo‘q. Vallohu a’lam.
Men Iso alayhissalomning Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hujralariga dafn qilinishlari haqidagi rivoyatni ham to‘g‘ri deb bilaman. Vallohu a’lam. Chunki roviy (ya’ni, Abdulloh ibn Salom) yahudiylarning ulkan ulamolaridan bo‘lgan. U Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) sifatlarini Tavrotda topganidan so‘ng Alloh hidoyati ila Islomni qabul qilgan edi. Payg‘ambar alayhissalom davrlariga qadar Tavrotda tahrif — buzilgan o‘rinlar unchalik ko‘p emasdi. Demak, Abdulloh ibn Salom aytgan yuqoridagi xabar ham Tavrotning aslidan olingan. Chunki tahrif Tavrotga ilgariroq kiritilganida edi, yahudiylar undagi Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) sifatlari zikrini ham, mazkur rivoyatni ham olib tashlagan bo‘lardilar. Vallohu a’lam.