Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404626 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 78 B


shoir  01 Dekabr 2007, 20:51:09

Umarshayx mirzoning kipriklari titradi. U ko‘zini ochib, tepasida turgan Qorako‘z begimga karaxt yuz bilan bir lahza tikilib turdi.
Qorako‘z begimning katta-katta ko‘zlari xavotirlik to‘yg‘usidan yana ham ulkanlashib ketdi. U uyqudagi Mirzoni o‘pish beadablik sanalishidan tahlikaga tushgan edi. Mirzo:
— Sizmi? — dedi-yu, nima bo‘lganini fahmlab, kulimsiradi.
Qorako‘z begim endi yengil tortdi va dadillanib ta’zim qildi.
— Hazratim, saharlik vaqti o‘tib ketmasin.
— Sizning bo‘salaringiz saharlikdan shirinroq...
Begim jiddiy gapirdi:
— Og‘a oyim, xonim oyi — hammalari hazratimga muntazirlar.
Umarshayx mirzo bugungi rejalari va urush tashvishlarini eslab, qovog‘ini soldi-da, indamay o‘rnidan turdi.
U zardo‘zi ko‘rpachalar to‘shalgan tanobiyga to‘rdagi eshikdan kirib keldi. Sallasi va kamariga qadalgan qimmatbaho gavharlar sham yorug‘ida nafis jilolanardi. Odatdagi ta’zimlardan so‘ng, ayollar nafaslarini ichlariga olib, bir lahza jim qoldilar. Podshoh kimni qaysi yoniga taklif qilsa — kimning hurmati qay darajada ekani shu bilan belgilab beriladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:51:15

Farg‘ona vodiysiga uch tomondan dushman hujum qilib kelayotgan shu og‘ir vaziyatda Umarshayx mirzo hamma xotinlariga iloji boricha iltifot ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Xotinlari orasida eng yoshi ulug‘i va eng obro‘parasti Fotima Sulton bo‘lganligi uchun Mirzo bi-rinchi bo‘lib uni yuqoriga taklif qildi. Fotima Sultonning ko‘zlari quvonchdan chaqnab ketdi. U podshohning o‘ng tomoniga o‘tmoqchi bo‘lib borayotgan edi. Biroq Umarshayx mirzo unga chap tomonidan joy ko‘rsatdi. Eng mo‘’tabar hisoblangan o‘ng tomonga esa Qutlug‘ Nigor xonimni taklif qildi. Xonim — taxt vorisi Zahiriddin Muhammad Boburning onasi edi, uning o‘ng tomonida o‘tirishi adolatdan ekanini kichik xotinlar tan olar edilar. Ammo Fotima Sulton o‘zining hurmati Qutlug‘ Nigor xonimnikidan past ekanini yana bir marta his qilib, ko‘zlari alam bilan qisildi.
Dasturxonga tortilayotgan kiyik kabobi, kaklik go‘shtlari hazratdan so‘ng Qutlug‘ Nigor xonimga qo‘yilar, undan keyin Fotima Sultonga navbat kelar edi. Shu sababli og‘izda eriydigan eng a’lo go‘shtlar ham Fotima Sultonga ilitma ovqatdek mazasiz tuyulardi.
Oqshom iftorda yoyilgan taomlar hazm bo‘lib ulgurmagan, dasturxon atrofidagilarning ko‘pchiligi hali kun bo‘yi och yurishini o‘ylab, o‘zini majbur qilib bo‘lsa ham ko‘proq ovqat yeyishga intilar edi. Qutlug‘ Nigor xonimning yonida o‘tirgan Qorako‘z begim ovqatdan ham ko‘proq bodring, handalak yer, sharbat ichar edi — kecha kun issig‘ida tashnalikdan nihoyatda qiynalgani esidan chiqmas edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:51:27

Osmon oqarib qoldi. Tong yorishgan sari qandildagi shamlarning nuri xira torta boshladi. Azon aytadigan payt o‘tib boryapti. Arkdan tashqaridagi masjidning imomi koshinlik minoraga chiqib, bakovul*ning ishorasini sabrsizlik bilan kutyapti. Axir Mirzo hazratlari saharlik qilib ulgurmasdan, azon aytish xatardan xoli emas. Ovqat yeyilib, choyga o‘tilganda Umarshayx mirzo xotinlariga vaziyat qanchalik og‘irlashayotganini aytib berdi.
Shu payt masjid tomondan azon tovushi eshitildi. Choy ichayotgan Xonzoda begim shoshilib piyolasini dasturxonga qo‘ydi. Umarshayx mirzo xotinlariga bir-bir qarab, dedi:
— Mo‘ysafidlar «to‘rt muchang butun bo‘lsin», deb duo qilurlar. Fotima Sulton, Qutlug‘ Nigor xonim, Qorako‘z begim, farzandlarimiz Xonzoda begim, Jahongir mirzo — har biringiz oilamizning aziz bir muchasidirsiz. Istaymenki, bu mushkul vaziyatda hamma muchalarimiz butun bo‘lsin, bir-birlariga mehru shafqat ko‘rsatsin. Ilik* o‘z o‘rnida aziz. Ko‘z o‘z o‘rnida mo‘’tabar. Agar ko‘z bilan ilik bir-biriga nizo qilsa, bundan har ikkisi jabr ko‘rur.
So‘nggi gap Fotima Sulton bilan Qutlug‘ Nigor xonimga qaratilganini hamma sezdi. Xonimning xayoli shu xatarli vaziyatda ota-onadan uzoqda — Andijonda turgan yolg‘iz o‘g‘li Boburda edi. Hazrat uni nega farzandlari qatori tilga olmadi?
— Hazratim, bergan o‘gitingizni bebaho gavhar o‘rnida qabul qilurmiz, — dedi Nigor xonim. — Ijozat bersangiz, bitta o‘tinchim bor.
— Ijozat.
— Urush xatari kuchlik ekan. Bobur mirzoni Andijondan poytaxtga chaqirtirsangiz, yonimizda bo‘lsalar...

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:51:37

— Andijon qal’asi mustahkam. Bobur mirzo u yerda bo‘lsa qal’a yanada mustahkam bo‘lur. Bizning Mirzoga ishonchimiz katta.
Bu javob bilan xonimning iltimosi rad etildi. Fotima Sulton yonida uyqusirab o‘tirgan o‘g‘ilchasi Jahongir mirzoni sekin bag‘riga bosib, boshini silab qo‘ydi. Bu bilan u Qutlug‘ Nigor xonimdan ko‘ra o‘zining ahvoli yaxshiroq ekanini namoyish qilmoqchi edi.
— Bobur mirzoning onasi sizdan umrbod minnatdor, hazratim, — dedi Qutlug‘ Nigor xonim, — faqat hali o‘n ikki yoshga to‘lmagan bola... urush maydonida...
— Xonim, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q. Bobur mirzoning yoniga eng yaxshi beklarimiz yuborilgan. Yosh bo‘lsa ham sarkardalikka tayyorlanmog‘i zarur. Agar mening kunim bitsa, o‘rnimni Bobur mirzo olg‘ay.
Endi o‘ttiz to‘qqiz yoshga kirgan va qirchillama yigit yoshini yashayotgan Mirzoning o‘z o‘limi haqidagi so‘zlaridan haram ahli og‘ir jimlikka cho‘mdi. Hammaning xayoli qonli urushga ketdi. Xonzoda begim otasi haqidagi boyagi noxush o‘ylarini unutib, unga ko‘zi mo‘ltirab qaradi. Umarshayx mirzo gapining ta’sirini yanada oshirgisi kelib davom etdi.
— Agar men bu foniy dunyodan ko‘z yumsam, hammangiz  Bobur  mirzoning  amrini  hozirgi  mening amrim kabi bajo keltirgaysiz. Jahongir mirzo!
Podshoh otasi bilan muomalaga yaxshi o‘rgatilgan o‘n yashar bola darhol sergaklanib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
— Labbay, hazratim!..

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:51:55

— Mening bu gaplarimni sen ham esda tutgil. Bobur mirzo sendan faqat ikki yosh katta bo‘lsa ham, agar mening o‘rnimda qolsa, sen unga farzanddek sodiq bo‘lg‘il.
— Xo‘p, hazratim!..
Bola otasining so‘zlaridagi ma’noni durust tushunmagani uchun bunchalik tez va oson «xo‘p» dedi. Ammo ayollar murakkab hislar tug‘yonida qoldilar. Qorako‘z begimning Umarshayx mirzoga termilib turgan ko‘zlarida yosh yiltilladi. Mirzo buni ko‘rdi-yu, suyukli xotinining boyagi o‘pichlari esiga tushib, vidolashuv alomatiga o‘xshab tuyuldi. Umarshayx mirzo o‘zining so‘nggi gaplari ham vasiyatga o‘xshab ketganini endi sezdi. Yuziga birdan ajal sharpasi tekkanday yuragi «shig‘» etdi. «Menga ne bo‘ldi? O‘limni bo‘ynimga olib vasiyat qildimmi? Yo‘q, yo‘q!»
Mirzo o‘z gaplaridan o‘zi qo‘rqib ketganini payqagan Xonzoda begim bugun otasining allanechuk yordamga muhtoj bir ahvolda ekanini ko‘rib, unga bexosdan rahmi keldi.
— Hazratim, men mungliq qizingiz, sizga xudodan Shayx Sa’diyning umrini tilaymen! Ilohim yuzga kiring!
— Aytganing kelsin, qizim! — deb Umarshayx mirzo yengil bir so‘lish oldi. U qizining ziyrakligini, so‘nggi paytda bo‘y yetib, husni yetilib, ko‘zga nihoyatda yaqin bo‘lib qolganini go‘yo endi sezdi-da, qo‘shib qo‘ydi:— Men axir sening to‘yingni o‘tkazmoqchimen!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:52:16

Xonzoda begimni Samarqand podshosining o‘g‘li Boysunqur mirzoga so‘ratgan edilar. Lekin Umarshayx mirzo bunga rozi bo‘lmagan edi. Mana endi agar juda do‘ppi tor kelsa, balki u qizini podshoh akasining o‘g‘liga berib, shu yo‘l bilan urushni yarashga aylantirar? Lekin bunday istiqbol Xonzoda begimga qorong‘i tundek mavhum va vahimali tuyulardi. Uning boshqa orzulari bor edi. Shuning uchun otasining so‘nggi niyatidan cho‘chib, gapni boshqa yoqqa burdi:
— Agar inimiz Bobur mirzoni chaqirtirish imkonsiz bo‘lsa, men bilan oyimga ruxsat bering, biz Andijonga boraylik!
— Qizim, sen mening eng bebaho gavharlarimdansen. Bu xatarli asnoda seni qanotim ostidan chiqarmagaymen!
— Undoq bo‘lsa menga ruxsat bering, hazratim! — dedi Qutlug‘ Nigor xonim.
— Xonim, Marg‘ilondan chopar kutmoqdamiz. Vaziyat aniqlansa, ruxsat olursiz.
Umarshayx mirzo dasturxonga fotiha o‘qib, o‘rnidan turdi-yu, shoshilinch tadbirlar o‘ylab, haramdan chiqdi.
Haramga kirish huquqidan mahrum qo‘rchilar tuni bilan tashqarida qo‘riqchilik qilgan edilar. Endi hazrati oliyning e’tiborini tortmaslikka va xayolini bo‘lmaslikka tirishib, sekingina unga ergashdilar.

______________
* Ch o sh n a g i r — podshoning dasturxoniga qaraydigan xodima.
* M a ’ j u n — ziravor va dorivor giyohlardan tayyorlangan. Ko‘pincha unga afyun ham qo‘shganlar.
* B a k o v u l — podshoh oshxonasining javobgar xodimi.
* I l i k — bu yerda qo‘l ma’nosida.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:52:40

2

Tong endi otgan, hali oftob chiqmagan bo‘lsa ham ko‘pchilik beklar va mulozimlar devoniomda hozir erdilar. Hammalari Mirzoni ta’zim bilan qarshi oldilar. Zarbof to‘n kiygan, beliga tilla kamar bog‘lagan sersoqol eshik og‘a birinchi vazir darajasidagi eng katta bek edi. Mirzo unga yuzlanib, qaerdan chopar borligini so‘radi.
— Hazrati oliylari, Isfaradan.
Eshik og‘a ikki bukilib ta’zim qilar ekan, yuzi tund ko‘rindi.
— Qanday xabar, bek?
— Hazratim, qulingizning bir qoshiq qonidan o‘ting...
Demak, Isfara ham yov qo‘lida! Mirzo ichki bir titroq bilan Marg‘ilon choparini so‘radi.
— Hazratim, Marg‘ilon chopariga intizormiz.
Nahotki Marg‘ilon ham taslim bo‘lgan? Unda Andijon ham xavf ostida qoladi! Yoki choparlar yov qo‘liga tushganmikin? Balki birortasi xiyonat qilib, narigi yoqqa o‘tib ketgandir?
— Hazrati oliylari, yana chopar yuborishga farmon berurlarmi?
— Chopar yuborib yana necha kun yo‘liga qaraylik?!
Eshik og‘a uzr so‘ragandek, ta’zim qilib, orqaga chekindi.
Axsi qal’asining qamalda qolishi Mirzoga endi muqarrardek tuyuldi. U eshik og‘aga olti oylik zaxira tayyorlatishni buyurdi. Qal’a baland tepalikda turgani uchun unga suv chiqmas, suvni meshkobchilar tashib keltirishar edi. Mirzo o‘ttiz yoshlik, xushqomat Qosimbekka qal’a ichida bir toshhovuz qurdirish va uni suv bilan to‘ldirtirish amrini berdi.
Mirzoning avzoyi yomonligini sezib turgan beklar darhol uning farmonini bajarishga kirishdilar. Mirzoning o‘zi esa otlanib arkdan chiqdi. Mulozimlar va qo‘rchilar ham otlanib, odatdagiday, unga ergashdilar.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:52:47

Umarshayx mirzo qal’aning bir chetida, daryoning baland qirg‘og‘i ustida, jar labida turgan kabutarxonaga qarab yo‘l oldi. Otliq choparlar dom-daraksiz ketganliklari uchun Mirzo endi qanotlik «chopar»larini ishga solmoqchi edi.
Kabutarlarning don va suvlariga qarayotgan kabutarbonlar podshohni yaqin kelib qolganda ko‘rdilaru shosha-pisha ta’zimga chiqdilar. Mirzo otini to‘xtatdi. Orqadagi mulozimlardan ikkitasi — rikobdor* bilan jilovdor tez otdan tushdilar. Biri Mirzo mingan qora qashqa otning oltin jilovidan, ikkinchisi kumush uzangisidan tutdi. Mirzo kattagina qorin qo‘ygan semiz odam edi, otdan ehtiyot bilan sekin tushdi.
Marg‘ilon va Qo‘qonga uchadigan maxsus kabutarlar keltirildi. Naycha qilingan qisqa xatlar ularning qanotlari tagiga mahkamlandi. Umarshayx mirzo kabutarlarni o‘z qo‘li bilan uchirishni yaxshi ko‘rar edi. U havorang chiniy kabutarni qo‘liga olib, yog‘och zina bilan kabutarxonaning tomiga chiqdi.
Tomdan atrof juda yaxshi ko‘rinar edi. Uzoqdagi tog‘ ortidan quyosh jimgina ko‘tarilib kelar, pastda shovullayotgan daryoning to‘lqinlari nafis jilolanib turar, g‘ir-g‘ir esayotgan ertalabki shabada ipakday mayin tuyular edi. Umarshayx mirzo tom tepasida turib, o‘zi mustahkamlatgan va poytaxtga aylantirgan Axsiga ko‘z yugurtirib chiqdi. Qo‘rg‘onning qo‘l yetmas balandlikka qurilganidan va atrofi chuqur o‘ngirlar bilan ihota qilinganidan alohida bir mamnuniyat sezdi. «Hali bu jarlarga qanchadan-qancha yog‘iylarim qulagay», degan o‘y ko‘nglini shod qildi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:52:58

Biroq bu bahaybat o‘ngirlar oyoq ostidagi zaminni ichdan hilviratib qo‘yganini, kabutarxona ortidagi jarning tagini suv o‘yib ketganini, yer o‘pirilgudek bo‘lib turganini Mirzo ham, uning atrofidagi mulozimlar ham mutlaqo sezmas edilar. Tuprog‘i to‘kilib, qulashga bahona topolmay turgan jarning qa’rida xatarli bir sharpa borligini hozir faqat kabutarlar sezayotgan bo‘lsa ehtimol. Chiroyli to‘rlar va ozoda kataklar ichida o‘tirgan bu jonivorlar bugun kechasi negadir juda bezovtalanib, patir-patir qilib chiqishdi. Hozir ham ular don-suvga qaramay, nuqul tashqariga intilishar, katak chi-viqlarini asabiy cho‘qishar edi. Kabutarbonlar buning sababini tushunmay hayron edilar.
Faqat Umarshayx mirzoning qo‘lidagi chiniy kabutar katakdagi xatardan qutulganday osoyishta bo‘lib qolgan edi. Hozir butun olam Umarshayx mirzoga mana shu kabutarday ma’sum va osuda tuyuldi. U tom o‘rtasiga borib, kabutarning mayin qanotini yuziga bosdi. Uni uchirishdan oldin:
— Marg‘ilonga uch, qanotli choparim! — deb shivirladi.
Tagidan nurab turgan jar shu asnoda birdan o‘pirildi.
Kabutarlar qo‘nadigan ayri yog‘och «shaq» etib pastga uchib ketdi. Odamlar nima bo‘layotganini tushunib ulgurmaslaridan kabutarxonaning narigi devori jar bilan birga o‘ngirga qulab, tomni ham tortib ketdi. Tomning o‘rtasida turgan Umarshayx mirzo chang-to‘zon ichida qattiq bir chayqaldi-yu, gandiraklab yiqildi. Uning jon achchig‘i bilan qichqirgani vahimali qarsillash va gursillashlarga qo‘shilib eshitildi. U yiqilib tushayotganda qo‘lidagi kabutarni qo‘yib yuborgan edi. Chiniy kabutar chang-to‘zon orasidan yulqinib chiqib, osmonga qarab otildi. Mirzoning o‘zi esa tom yog‘ochlariga, somon su-voqlariga, jar tuproqlariga aralashib, uch terak bo‘yi pastga qulab ketdi.
Mirzoning ketidan tomga endi chiqqan kabutarbon zinapoyadan o‘zini yerga otdi. Mulozimlar va qo‘rchilar kutilmagan falokatdan vahimaga tushib orqaga qochdilar. Otlar hurkib, no‘xtalarini uzgudek siltanishar va kishnashardi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:53:07

Hazrati oliyni xavf-xatardan asraymiz, deb yurgan qo‘rchilar avval nima bo‘lganini fahmlay olmay esankirab qoldilar. Keyin ular jar o‘pirilganini fahmladilar, lekin Mirzoning oldiga tezda yetib bora olmadilar. Chunki bosh aylanadigan balandlikdan pastga tushib bo‘lmas, nurab turgan jarning labiga odam borsa yana o‘pirilishi mumkin edi. Qo‘rchilar va mulozimlar qal’adan ot choptirib chiqib, Mirzo qulab ketgan jar etagiga yetib borgunlaricha, so‘ng uyilib yotgan tuproq, kesak va yog‘ochlar orasidan uni topib, kavlab olgunlaricha o‘n jonidan biri ham qolmagan edi.
Uning jasadini arkka kiritib yuvdilar. Majaqlanib, tanib bo‘lmas holatga kelgan yuzini oq shohi bilan yopib qo‘ydilar.
Bugun ertalab Umarshayx mirzo saharlik yegan tanobiyda Qorako‘z begim Qutlug‘ Nigor xonimni quchoqlab uvvos tortib yig‘lar edi.
— Men sabab bo‘ldim, xonim aya! Hazratimni men nechun uyg‘otdim?! Uyg‘otmasam o‘sha joyga kechroq borar edilar-ku! Men yuzi qora sabab bo‘ldim bu o‘limga! Men!
Bugun saharlik paytida Mirzo xuddi o‘lishini bilganday vasiyat qilganini eslab, Qutlug‘ Nigor xonim ham o‘zini yig‘idan tutolmas edi.
— E, voh, rahmatlik kuni bitganini qanday bilgan ekan-a?! Shunday gaplarni aytdilar...
Qorako‘z begim xonimning quchog‘idan chiqib, kichkina mushti bilan chakkasiga urdi.
— Men hali tug‘ilmagan farzandimni otasidan judo qildim, xonim aya! — deb o‘rtanib shivirladi: — Bo‘yimda bo‘lganini shu kecha bilib edilar! «O‘g‘il bo‘lsin!» — deb orzu qilib edilar! Endi bu bolaga otasini qaydan topamiz?! Qaydan topamiz?! Men hazratimni nechun uyg‘otdim, xonim aya? U kishiga kelgan ajal meni olsa bo‘lmasmidi? O‘sha jardan men qulasam bo‘lmasmidi?

Qayd etilgan