Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404819 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 20:38:24

3

Boburning buyrug‘i bilan Vali xazinachi bisotida bor eng qimmatbaho duru gavharlardan, Badaxshon la’lilariyu oltin bezakli kiyimlardan, kamyob tig‘lar va buyumlardan shohga alohida, uning elchisiga alohida in’omlar hozirladi. Saroy bovurchilari, bakovul va yasovullar ikki kechayu ikki kunduz yugurib-yelib, Qunduzda hali misli ko‘rilmagan shohona ziyofat va bazmga hozirlik ko‘rdilar. Ulkan ziyofat uchun hisoriy qo‘ylarning o‘zidan yetmish-saksontasi so‘yildi. Tog‘lardan, o‘rmon va daryolardan ovlab kelingan g‘ozlar, kakliklar, ohular soni bundan ko‘proq edi.
Shoh Ismoilning mehmondorchiliklarini ko‘p ko‘rgan odamlardan biri — Boburning amakivachchasi Mirzoxon edi. U Boburga bir necha marta:
— Shoh elchilari chog‘irsiz ziyofatni ziyofat o‘rnida ko‘rmaslar,— deb aytdi.
Boburning eshik og‘asi Qosimbek esa ichkilikni juda yomon ko‘rardi. Boburning o‘zi ham hali beklari bilan biror marta ichkilik bazmi o‘tkazgan emas, faqat Kobulda Mohimga uylangandan keyin xushbo‘y chog‘irlardan bir-ikki marta tatib ko‘rgan edi.
Hozir uning ko‘nglida ko‘pirib turgan quvonch bilan birga Shoh Ismoilga va shialar bilan sunniylarning dushman munosabatlariga borib taqaladigan qandaydir g‘ashlik, chigallik bor edi. Bu g‘ashlikni bugun faqat may bilan tarqatish mumkinga o‘xshardi. Bundan tashqari, mehmonlarning ko‘ngli uchun ham Boburning ichishi zarur edi.
Uning amri bilan Qunduzdan topish mumkin bo‘lgan eng toza chog‘irlar, eng o‘tkir maylar toptirib keltirildi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:39:09

Gulgun parchadan zar yoqali abo kiygan o‘spirin soqiylar oltin ko‘zalardan oltin-kumush surohiylarga may quyib, avval Boburga, so‘ng uning yonida  o‘tirgan shoh elchisi Muhammadjon eshik og‘asiga, elchidan nariga cho‘kkalagan Mirzoxonga navbatma-navbat uzatdilar.
Ziyofatda Bobur tomonidan yuzdan ortiq a’yonlar, beklar va mulozimlar qatnashmoqda edilar. Avvalgi ziyo¬fatlarda Boburdan va Qosimbekdan yashirib may ichadigan ko‘pchilik beklar endi chog‘ir to‘la qadahlarini qo‘llarida bemalol tutgan holda bir-birlari bilan sho‘x-sho‘x ko‘z urishtirishar, quvnoq iljayishar va podshoh¬ning ishorasini kutishar edi. Poygahda kichik beklar orasida o‘tirgan Tohir ham qo‘lidagi may to‘la kumush qadahga jonli bir narsaga qaraganday ehtiyot bilan qarab qo‘yardi.
Mirzoxon yonidagi elchiga shivirlab izoh berdi;
— Oliy mehmon, siz g‘aroyib bir hodisaning guvohidirsiz. Bobur podshoh saroyida bugun birinchi marta chog‘ir majlisi!.. E’tibor bering: majlisda favqulodda bir hayajon hukmron!
Boshiga qizil jig‘alik katta salla o‘ragan, soqoli xina bilan bo‘yab qizartirilgan burgutburun elchi Boburga maroq bilan tikildi.
Bobur qo‘lidagi qadahni uchib ketishi yoki cho‘qib olishi mumkin bo‘lgan notanish bir qush kabi avaylab ushlab turardi. Odamlar uning so‘zini kutayotganlarini sezib, ovozi tovlanib gapira boshladi:
— Oliy zotlar davrasida shodiyona kunlarda uzum suvidan halolu pokiza qilib tayyorlangan chog‘ir ichmoq ota-bobolarimizdan qolgan odatdir. Hayotimizda shodlikdan ko‘ra g‘amu g‘urbat ko‘proq edi, shuning uchun hanuzgacha chog‘ir majlisiga mayl ko‘rsatmadik.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:40:10

Hirotda Badiuzzamon mirzo bilan Muzaffar mirzodek tojdor xeshlarimiz biz uchun orasta bazmlar berib, chog‘ir taklif qilganlari majlis ahliga ma’lum bo‘lsa kerak. O‘shanda ham biz uzrlar aytib, chog‘irdan o‘zimizni tortgan edik, chunki u mahallarda may ichib xursandchilik qilg‘udek shodmon emas edik. Tangrim bizni shod-xurram kunlarga mana endi yetkazdi. Biz bu mas’ud kunlarga Shoh Ismoil hazratlarining sharofatlari bilan yetishdik. Bugungi shod-xurramlikni bizga oliy mehmonimiz Muhammadjon eshik og‘asi janoblari keltirdilar! Shuning uchun bizning birinchi chog‘ir majlisimiz Shoh Ismoil hazratlariga cheksiz ishonch va ehtiromlarimizdan kichik bir nishona bo‘lg‘ay! Birinchi qadahimiz esa shohning mo‘’tabar elchisi Muhammadjon eshik og‘asi janoblariga yuksak hurmatimizning isboti bo‘lg‘ay!
Bu so‘zlardan ko‘ngli iyib, chuqur ko‘zlari olovlanib ketgan elchi o‘rnidan turib, Boburga egilib ta’zim qildi. So‘ng joyiga o‘tirib, qo‘lidagi chog‘irni oxirigacha sipqardi.
Pastda o‘tirgan sozandalar «Sarvi navo» kuyini chala boshladilar. Dasturxonga kiyik va kaklik kaboblari tortildi. Eng mazali taomlar orasida yana ikki-uch qayta may ichildi. Odamlar endi o‘zlarini boyagidan xiyla erkin seza boshladilar. Qahqaha, o‘yin-kulgi avjiga chiqdi. Quvnoq, sho‘x kuylar ketidan yana alyorlar aytildi. Nihoyat, so‘z navbati shoh elchisiga keldi. Shunda Muhammadjon eshik og‘asi yonidagi mulozimga nimadir deb shivirladi. Mulozim bosh irg‘ab, yon eshikdan chiqib ketdi-yu, navbatdagi quvnoq kuy tugagan paytda ustiga bir necha qavat oq ipak yopilgan qandaydir sovg‘ani oltin barkashga solib ko‘tarib kirdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:40:42

Muhammadjon eshik og‘asi Shoh Ismoilning Boburga berib yuborgan maktubini va oltin-kumush in’omlarini kunduz topshirgan edi. «Endi bu yana nima ekan?» deb hamma o‘tirganlar oltin barkashga tikilib qoldi. Umumiy jimlikda qizilbosh bek barkashdagi sovg‘a bilan Boburning qarshisiga ta’zim qilib keldi. Boburga yaqin o‘tirgan Muhammadjon eshik og‘asi o‘rnidan turib gap boshladi:
— Sulton Zahiriddin Muhammad Bobur bahodir hazratlarining sohibi zamon Shoh Ismoil hazratlari ya cho‘x yuksak, cho‘x semimiy hurmatlari varlig‘ina alhol bizim ishonchimiz kamil o‘ldi. Shu sebebli Shoh Ismoil hazratlari yubormish muqaddas in’omni Bobur podshoh hazratlariya topshirmog‘a ijoza vergaysiz!
Elchi oltin barkashdagi sovg‘aning ustidan ipak pardani oldi. Bobur yoqut va dur bilan bezalgan nafis oq ipak sallani ko‘rdi. Sallaning tepasiga o‘n ikki imomning qonini eslatuvchi qizil jig‘a suqib qo‘yilgan edi. Salla ancha katta — Bobur o‘ramlarning soni ham shahid bo‘lgan imomlar kabi o‘n ikkita ekanini taxmin qilib bildi. Shialarning e’tiqodiga binoan, bu o‘ramlarning har biri — bir imomning ruhi uchun muqaddas makon edi.
Ichgan chog‘irdan yuzi qizarib, ko‘zlari yaltillab turgan Bobur o‘zining a’yonlari orasida shivir-shivir boshlanganini payqadi-yu, kulimsirab Qosimbek tomonga qaradi. Ammo Qosimbek va undan narida o‘tirgan  Xo‘ja Xalifa nomli shayxulislom oltin barkashdagi dastorga jirkanib va hatto qo‘rqib qaramoqda edilar.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:41:00

Chunki Boburning o‘zi ham, Qosimbek ham, zi¬yofatda o‘ltirgan boshqa sunniy a’yonlar, mulozimlar ham choryorlarning hurmati uchun boshlariga to‘rt o‘ram qilingan salla o‘rar edilar. Kichikligidan ollohu taologa, payg‘ambar va choryorlarga cheksiz ishonch va e’tiqod ruhida tarbiyalangan odamlar boshlaridagi sallalarining to‘rt o‘ramida to‘rt choryorning ruhi yashaydi, deb ishonar edilar. Shialar shu choryorlarning uchtasini tan olmay haqorat qilishar, ularning o‘n ikki o‘ramlik sallalari esa Abubakir, Umar va Usmonlarning avlodla¬riga qarshi kurashgan shia imomlarini ulug‘lar edi.
Shialikni muqaddas choryorlardan yuz o‘girish, dindan chiqib, rofiziy bo‘lish, deb o‘rgangan keksa Qosimbekka oltin barkashdagi sallaning mayin yiltirgan ipagi — ilon terisining yiltirashidek ko‘rindi. Qosimbekning nazarida sallaga qadalgan yoqutlarning cho‘g‘day yonishi zaharli ilonning qizg‘ish ko‘zlari qonga to‘lib yonishiga o‘xshardi.
Muhammadjon eshik og‘asi Boburga yana bir marta ta’zim qildi-yu, Shoh Ismoil shaxsan berib yuborgan shu muqaddas dastorni qo‘liga olib boshiga kiyishini undan iltimos qila boshladi.
O‘nlab ko‘zlar Boburga «Ne qilarkin?» deb tikildi. Qosimbek Xo‘ja Xalifaga tahlika bilan shivirlab:
— Makru hiyla bilan hazratimni shia mazhabiga o‘tkazmoqchilarmi? — degani Boburning qulog‘iga chalindi.
Bobur agar shu dastorni boshiga qo‘ysa shia mazhabiga o‘tganday ko‘rinishi mumkinligini endi payqadi. U ichgan chog‘iridan durustgina kayf qilgan edi. Hozir vaziyat unga Qosimbek qo‘rqqanchalik vahimali tuyulmas edi. Choryorlar, o‘n ikki imom ham Bobur uchun bundan to‘qqiz asr burun o‘tgan tarixiy shaxslar edi. Uzoq o‘tmishga aylangan qonli dushmanlikni bugun davom ettirish kimga kerak?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:41:18

Qizilbosh bek hamon Boburning qarshisida tiz cho‘kib, oltin barkashdagi sallani unga tutib turibdi. Shoh elchisi unga iltimoskorona ta’zim qilyapti. Ular orqali Shoh Ismoil go‘yo Boburga hamkorona qo‘l cho‘zyapti. Bobur bu qo‘lni qaytarsa, shoh bilan orani uzishi kerak bo‘ladi. Keyin shayboniyzodalar shoh bilan ittifoq tuzishadi-yu, Boburning vatanga qaytadigan yo‘llarini yana bekitishadi. Bobur esa hozir butun vujudi bilan vataniga qaytishni istaydi. Bu istagi yo‘lida tog‘ kelsa kemirib, suv kelsa simirib o‘tmoqchi bo‘ladi.
Bobur elchiga muloyim ko‘z tashlab:
— Shoh Ismoil hazratlarining in’omlari biz uchun behad aziz, — dedi va barkashdagi sallaga qo‘l cho‘z¬moq¬chi bo‘ldi.
Shunda Qosimbek og‘zini uning qulog‘iga yaqinlashtirib, xavotir bilan shivirladi:
— Hazratim, zinhor boshingizga kiymang! Zinhor!
Bu so‘zlar elchiga ham eshitildi va uni ranjitgani avzoyi o‘zgarib ketganidan sezildi.
Suv quyganday jimjitlikda Bobur Muhammadjon eshik og‘asiga mayin kulimsirab qaradi:
— Oliy mehmonimiz imomiya* mazhabidanlar, shundaymi?
Elchi tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Bobur yana o‘shanday muloyimlik bilan so‘zida davom etdi:
— Imomiyalar ham Muhammad alayhissalomning ummatlarimi?
— Alhamdulillo! — deb elchi darhol kalima keltirdi.
Shundan keyin Bobur Qosimbek tomonga o‘girildi.
— Siz ham Muhammad ummatimisiz, janobi amirul umaro?
Qosimbek ham kalima keltirdi-yu, oxirida:
— Hazratim, sizni iloho chohoryori bosafolar qo‘llab-quvvatlasinlar! — deb qo‘shib qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:41:35

Choryorlar tilga olinishi bilan elchining rangi o‘chib labi asabiy pirpiradi.
— Janob Muhammadjon eshik og‘asi! — dedi Bobur tez.
— Qur’oni sharifda aytilganki, «qulli muslimina ixvatun». Ya’ni, barcha musulmonlar og‘a-inilardir. Biz hammamiz bir dindamiz. Demak, hammamiz og‘a-inilardek yaqin bo‘lmog‘imiz kerak. Biz sizning musulmonlik e’tiqodlaringizni hurmat qilganimiz kabi, siz ham bizning, — deb Bobur ikki qo‘lini yoyib, barcha bek va mulozimlarini ko‘rsatdi, — musulmonlik e’tiqodlarimizni hurmat qilursiz, deb ishonamiz!
Elchi endi bir oz yumshab, ustma-ust bosh irg‘adi:
— Ushbu muqaddas armug‘on ham bizni sizlara buyuk ehtiromimiz alomatidir!
Bobur endi Qosimbekka yuzlandi:
— Hazrati Alini sizu biz hamisha boshimiz ustida olib yuribmiz, shundoqmi?
Qosimbek — sallasidagi to‘rt o‘ramning biri — Hazrati Alining ruhiga makon ekanini o‘ylab, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
— Shundoq, hazratim.
— Muhammad alayhissalomning yagona farzandlari bo‘lgan Bibi Fotima biz uchun ham muqaddas volidadirlar, shundoqmi?
— Shundoq, hazratim.
— Shundoq bo‘lsa, Hazrati Ali bilan Bibi Fotimaning aziz avlodlari bo‘lgan imomlarni biz ham e’zozlasak musulmonlikka to‘g‘ri kelurmi, yo‘qmi?
Boya Boburga jon kuydirib haligi gapni uning qulog‘iga shivirlagan Qosimbek podshoni niyatidan qaytarolmasligini, shohning bu maxsus sovg‘asini Bobur qabul qilmay iloji yo‘qligini endi sezdi. U ko‘pchilikning oldida Boburga tan berganday bo‘lib, aslida uni yoqla¬gisi kelib bosh egdi:
— Podshoh hazratlari, siz haqsiz, qulingizni gus-toxligim uchun avf eting!

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:41:50

Bobur Qosimbekka mamnun ko‘z tashlab:
— Ma’zursiz, — dedi. So‘ng dastor solingan og‘ir barkashni tutib turaverib qo‘llari tolib ketgan qizilbosh bek tomonga o‘girildi. Bobur dastorni dadil bir harakat bilan ikki qo‘llab barkashdan olganda uning o‘nlab bek va mulozimlari vahima bilan: «o!» deb yuborishdi. Bobur dastorni qo‘lida tutgan holda:
— Shoh Ismoil hazratlari o‘zi muborak iliklari bilan yuborgan bu armug‘onni biz ko‘zga surgaymiz! — dedi-yu, dastorni ko‘zi aralash peshonasiga tekkizib oldi.
Muhammadjon eshik og‘asining yuzi quvonchdan balqib ketdi:
— Mutashakkiram, podshoh hazratlari, mutashakkiram!
Lekin Boburning bek va mulozimlari orasida, xususan, yaqinda unga kelib qo‘shilgan mo‘g‘ul beklari orasida hayrat, qo‘rquv va koyinish ohanglariga to‘la bir shovur-shuvur eshitildi.
Bu g‘ovurdan Qosimbekning rangi oqarib ketdi. Muhammadjon eshik og‘asi esa Boburni shia mazhabiga o‘tkazib, katta g‘alabaga erishganday shodlanib gapirdi:
— Podshoh hazratlari, biz umid edyurmizki, siz shoh hazratlarining buyuk madadlari ila yana Samarqand taxtiya chiqqaningizda aziz boshingizda shu muqaddas dastorni ko‘rishga muyassar o‘lurmiz!
— Tangri bizni siz aytgan baxtiyor kunga yetkizsa, bu dastorni toj o‘rnida kiyurmiz. Shoh Ismoil hazratlariga shu ahdimizni borib aytgaysiz!
Bu gaplardan so‘ng mo‘g‘ul beklari orasidagi asabiy shovur-shovur yana kuchaydi. Shoh elchisi esa Boburning dadil odam ekaniga, Shoh Ismoil bilan mustahkam ittifoq tuzish uchun sunniyparast beklarining har qanday qarshiliklarini yengib o‘tishi mumkinligiga endi ishondi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:42:10

Mana shu ishonch Boburning shoh elchisi bilan ertasi kuni olib borgan muzokaralarini ancha yengillashtirdi.
Shoh Ismoilning Bobur bilan ittifoq tuzishdan maqsadi — Movarounnahrga u bilan birga qo‘shin tor¬tib borish va shayboniyzodalarni birga tor-mor qilish edi. Bobur shayboniyzodalar ustidan g‘alaba qilishni nechoqlik istamasin, Movarounnahrga o‘z qo‘shini bilan mustaqil kirib borishni istardi. Chunki agar u asosiy g‘alabani o‘zi mustaqil qo‘lga kiritmasa, vataniga obro‘ bilan qaytolmasligini, yovlari uni «Shoh Ismoilning nayzasiga minib kirib keldi!» deb malomat qilishlarini sezib turardi.
Bobur Shoh Ismoilning Marvda erishgan g‘alabasi yetarli ekanini, endi ular dam olishlari kerakligini, shayboniyzodalarni Hisordan, so‘ngra Samarqanddan quvib chiqarishni endi Bobur zimmasiga olishi kerakligini elchiga qayta-qayta aytib ko‘rdi. Lekin Shoh Ismoil ham Samarqandga intilmoqda edi, agar uning bu intilishi amalga oshmasa Bobur bilan ittifoq tuzishning qizig‘i qolmas edi. Elchining gapidan buni sezgan Bobur muzokarani boshqa yo‘nalishga burdi.
Shoh Ismoilning askarlari tog‘ yo‘llarida qiynalib, minglab chaqirim ortiqcha yo‘l yurib, Qunduz va Hisorga kelib yurishi ne kerak? Shoh qo‘shini karvon yo‘li bilan Termiz va Boysun orqali Samarqandga qarab otlansin. Bobur esa hozir Hisorga yaqin turibdi. Bir hamla bilan Hisorni ko‘chmanchi sultonlar qo‘lidan tortib olishga kuchi yetadi. Keyin u Samarqandga janub tomonidan yo‘l ochadi va Shoh Ismoilning qo‘shini bilan Shahrisabz — Qarshi atroflarida uchrashadi.
Mantiqan asosli bo‘lgan bu fikrga shoh elchisi e’tiroz qilolmadi-yu, Boburning taklifini qabul qildi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:42:30

Bobur elchi bilan tuzgan bu bitimni Shoh Ismoilning tasdig‘idan o‘tkazish uchun Mirzoxonni Tabrizga vakil qilib yubordi-yu, o‘zi Hindikush tog‘ining shimoli-g‘arbiy etaklariga to‘plangan qo‘shinlarini jangga tayyorlay boshladi.
Bahor oxirlab qolgan kunlarning birida Bobur Qosimbek bilan adir yo‘lidan mo‘g‘ul beklarining qarorgohlariga otliq ketmoqda edilar. Shunda Qosimbek Boburni yo‘ldan chetroqqa boshlab chiqib, bir shum¬xabarni aytdi.
Shoh Ismoil yuborgan shia dastorini Bobur ko‘ziga surib elchiga quyuq va’dalar berganidan mo‘g‘ul beklari qattiq ranjigan emishlar, uni «choryorlardan voz kechib, imomiya mazhabiga o‘tdi», deb fitna uyushtirgan emishlar. Bundan besh-to‘rt yil burun Kobulda Egu Salim, Sherquli degan mo‘g‘ul beklari Boburga suiqasd qilmoq¬chi bo‘lgan paytlarida qo‘lga tushgan, Bobur ularni yaqin tarafdorlari bilan qatl ettirgan edi. Shayboniyzodalardan aynib, yaqinda Boburga kelib qo‘shilgan mo‘g‘ul beklarining orasida o‘sha o‘ldirilganlarning urug‘doshlari bor bo‘lib, ular kek saqlab yurgan ekanlar. Endi shu beklar yashirincha til biriktirib, Boburni Qunduzda o‘ldirmoqchi yoki Kobulga quvib yubormoqchi  emishlar.  Uning  o‘rniga Boburning qo‘lida o‘sgan tog‘avachchasi, marhum Olachaxonning o‘n yetti yashar o‘g‘li Saidxonni taxtga chiqarmoqchi emishlar.
— Kimlar shunday qilmoqchi? Kimlar?! — deb Bobur g‘azabdan titrab so‘radi.
Qosimbek orqasiga o‘girilib qaradi. Mulozim va xos navkarlar uzoqda qolgan, ovoz ularga eshitilmaydi. Shunday bo‘lsa ham Qosimbek tovushini pasaytirib:
— Qambarali Salloh, Sayidali Shakma, — deb bir qancha fitnachilarning nomlarini aytdi.
— Iblislar! Qachongacha bular mening yelkamga tig‘ ururlar?! Andijondagi Ahmad Tanbal ham shu toifadan edi! Bas! Hammasini tuttiring! Pora-pora qilib, go‘shtlarini quzg‘unlarga tashlaturmiz!

Qayd etilgan