Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404823 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 20:43:09

Qosimbek otining jilovini tortib, tog‘ etaklaridagi minglab o‘tovlarga xavotir bilan ko‘z yugurtirib chiqdi.
— Hazratim, qarang, bular juda ko‘p. Navkarlari bilan yigirma ming!
Ko‘p asrdan beri Movarounnahrda yashaydigan, turkiy tilda so‘zlashadigan, musulmon dinini qabul qilib, uning xurofotiga qattiq berilgan bu mo‘g‘ul beklari va navkarlarining kasbi harbiy ish edi. Qaysi podshoh ulufani ko‘proq bersa, qaysi jangdan o‘lja yaxshiroq tushadigan bo‘lsa, bularning ko‘pini o‘sha podshoh va o‘sha jang o‘ziga jalb qilar edi. Xisravshoh xizmatidan Shayboniyxonga o‘tgan, uning mag‘lubiyatidan so‘ng Boburga kelib qo‘shilgan bu yollanma askarlar beqarorlikka o‘rgangan edilar.
Agar Bobur fitnachi beklarni tuttirib jazolatadigan bo‘lsa, ularning urug‘-aymoqlari arazlab ketib qolishi, so‘ng qasd olishning payiga tushishi aniq edi. Agar ichki urush boshlanib ketsa, keyin Bobur shayboniyzodalar qarshisida zaiflashib, yengilishi muqarrar edi.
Bobur shuni o‘ylaganda qalbidagi g‘azab o‘rnini og‘ir xavotirlik tuyg‘usi egalladi.
— Mudom insofu imonga xilof xiyonatlar shu mo‘g‘ul beklaridan sodir bo‘lur! Yana bular dinu maz-habni himoya qilmoqchilarmi?!
— Butun jaholat ana shundoq nodonlardan chiqadi-da, hazratim! Qulingiz ana shu johillarning kayfiyatini sezib, dastorni olmang, degan edim.
— Lekin olmay ilojim bormidi?
— Yo‘q edi, hazratim, siz mutlaqo to‘g‘ri qildingiz! Endi buni hammaga yaxshilab uqtirish kerak. Mo‘g‘ullarning orasida ham yaxshilari bor, fitna tayyorlanganini menga mo‘g‘ul avlodidan chiqqan tog‘a¬vachchangiz Saidxonning o‘zi kelib aytdi. «Hazratimdan iltimos qiling, iloji bo‘lsa meni Andijonga yuborsinlar», dedi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:48:58

— Lekin Saidxon... bergan tuzimizni oqlabdir... Durust!
— Boshqa insoflik mo‘g‘ullar ham ko‘p, hazratim. Siz bir pora yomon beklarning fitnasidan ko‘p ma’yuslanmang. Faqir chorasini o‘ylab qo‘ymishmen.
— Xo‘sh, qani?
— Saidxon sizga sadoqatini isbot qildi. Uni xon ko‘tarmoqchi bo‘lgan besh-o‘nta fitnachi beklarga bir-ikki ming navkarlari bilan ruxsat beraylik. «Bor, Andijonni shayboniyzodalardan himoya qilib ol!» deyligu hammalarini Qorategin orqali jo‘natib yuboraylik. Shu bilan biz ham fitnachilardan xalos bo‘lurmiz, ular ham istagan xonlarning xizmatiga o‘tib tinchirlar.
— Qolganlari yana bir kun xiyonat yo‘liga o‘tsa-chi?
— Qolganlari bilan keyin men o‘zim yakkama-yakka gaplashib chiqurmen. «Podshohdan gunohlaringni so‘rab oldim, bir marta shafe bo‘ldim, ikkinchi marta bo‘lmasmen», deb tushuntirurmen. Bu ham kifoya qilmasa, shubhaliroqlarining ketiga ziyrak xufyalardan qo‘yib qo‘yganmen. Agar yana buzuqlik qilsalar, unda tutib keltirurmen, keyin istaganingizcha jazo berursiz!

__________________
* I m o m i ya — shia mazhabining rasmiy nomi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:49:57

4

Nihoyat, barcha rejalar gaplashilgan tarzda amalga oshdi-yu, Boburning mo‘g‘ullar bilan birgalikda yigirma besh mingdan oshadigan qo‘shini yoz kunlarida Amudaryoning Panj deb ataladigan yuqori oqimidan o‘tib, Ko‘lob orqali Vaxsh vodiysiga yo‘naldi.
Shayboniyzodalar Shoh Ismoil qo‘shinining Termiz tomondan kelayotganini, ular Bobur askarlari bilan qo‘shilsa, yengish mushkul bo‘lishini bilar edilar. Shuning uchun ular Ubaydulla Sulton boshliq bir qism qo‘shinlarini Qarshi va Samarqandda qoldirishib, asosiy kuchlarini Hisorga yig‘ib keldilar. Temur Sulton, Jonibek Sulton, Hamza Sulton va Mamat Sulton boshliq o‘ttiz ming otliq qo‘shin cho‘l va vodiylardan chiqib, baland tog‘ oraliqlariga shitob bilan ko‘tarilib kelmoqda edi. Ular Bobur qo‘shinini Vaxsh daryosidan o‘tkazmaslikka intilar edilar.
Biroq yuqoridan tez tushib kelayotgan Bobur butun askarlari bilan Vaxsh bo‘yiga dushmanidan ancha oldin yetib bordi va Puli Sangin* degan ko‘prikdan o‘tdi. So‘ng odam oyog‘i tegmagan tik qoyatoshlar va zovlar orasidagi bahaybat daraning dahanasini* va harbiy jihatdan qulay balandliklarni egallab oldi. Pastdan yopirilib chiqib kelgan yov qo‘shini torgina yo‘l bilan daraning ichiga kirishga jur’at etolmay to‘xtadi.
Sultonlar ot ustida turib ancha vaqt kengashganlaridan keyin Temur Sulton boshliq o‘n mingtacha askar daraning o‘ng tomoniga o‘tdi-yu, Bobur turgan balandlikka orqadan aylanib kelmoqchi bo‘ldi. Temur Sultonning orqadan chiqib kelib to‘lg‘ama ishlatishini Saripul jangida ko‘rgan Bobur uning niyatini fahmlab qoldi. Darhol Mirzoxon boshliq o‘n ming otliqni yov aylanib o‘tayotgan tomonga jo‘natdi. Aylanib o‘tayotganlardan ko‘ra to‘g‘ridan borayotganlar mo‘ljallangan joyga tezroq yetdilar va balandlikning Vaxsh daryosigacha borib taqaladigan hamma muhim nuqtalarini ishg‘ol qildilar.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:50:29

Vaxsh uchurimli qoyalar orasidan shunday dahshat solib oqar ediki, uning qirg‘og‘ini yoqalab o‘tib bo‘lmas edi. Temur Sulton qarshisidan chiqqan askarlarning safini yorib o‘tmoqchi bo‘lib, peshingacha jang qildi, lekin muxolif tomon yuqoridan tosh yumala¬tib, o‘q yog‘dirib, ularga yo‘l bermadi.
Ochiq cho‘llarda o‘sgan, tekis vodiylarda dadil harakat qiladigan sultonlar hammayog‘i bekik daralar va tik qoyatoshli tog‘lar orasida juda qiynalib qoldilar. Ularning dashtiy otlari ham tog‘da durust chopolmas edi. Ba’zilari tik yonadan tushayotganda tog‘da yurishga mo‘ljallanmagan quyushqon va ayillari uzilib ketar, egalari otlaridan yiqilib tushishar edi. Shunday yiqilib tushganlardan birini tutib olib, Boburning oldiga «til» tariqasida keltirdilar. Bobur «til»ni so‘roq qildirib, shayboniyzodalar orasida ularning eng iste’dodli sarkardasi bo‘lgan Ubaydulla Sulton yo‘qligini, boshqalari durust-roq olishishning epini topolmay, chekinishga ham jur’at etolmay, ikkilanib turganini aniqladi.
Bobur yov qo‘shini saflanib turgan pastlikning yaqinida suv yo‘qligini bilar edi. Havo issiq. Kuni bo‘yi yugurib-elib charchagan odamlar va otlar halizamon chanqab, suv qidirishga tushishi muqarrar. Suv esa yov turgan joydan besh-olti chaqirimcha orqada edi.
Kech kirib, kun bota boshlaganda Bobur odamlariga: «Bugun endi jang bo‘lmadi, ertani kutamiz», deganday qilib, otidan tushdi. Tepalikda Boburning yonida turgan mingdan ortiq askarlar ham otdan namoyishkorona tusha boshladilar.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:50:51

Buni daraning tashqarisidagi shayboniyzoda sultonlar ko‘rib turardilar. Lekin daraning ichida — sultonlarga ko‘rinmaydigan joyda Boburning asosiy kuchlari otdan tushmay, saf tortib, hujumga shaylanib turar edilar.
Tepalikda turgan Bobur yon-veridagi barcha navkarlari bilan kechki paytda otdan tushganini va navkarlar safini tarqatib yuborganini ko‘rgan sultonlar «bugun chindan ham jang bo‘lmaydi» deb o‘ylagan bo‘lsalar kerak. Ular ham saflarini buzib, ba’zilari otlarini yetaklagan holda orqaga burilishdi va suv izlay boshlashdi.
Boburga shu kerak edi. U sakrab otiga mindi-yu, dara ichida yovga ko‘rinmay tayyor turgan bek va nav-karlariga qarab qichqirdi:
— Yog‘iy chekindi! Zafar bizniki bo‘lur! Ta’qib eting! Bu buyruq og‘izdan-og‘izga o‘tib, bir lahzada butun saflarga tarqaldi. «Yov qochsa botir ko‘payadi» deganla¬ridek, yov chekinganiga ishongan daradagi askarlar dahana tashqarisiga sherday dadil hamla qilib chiqdilar. Bobur ham qilich yalang‘ochlab, tepadagi tug‘bardorlari va xos navkarlari bilan pastga otildi.
Shayboniyzodalar dara ichidan va tepadan tog‘ ko‘chkisiday otilib tushib kelayotgan o‘n besh ming qo‘shin qarshisida shoshib qoldilar. Ular buzilgan safla¬riga qaytadan tartib berishga ulgurolmay, vahima ichida qochishga tushdilar.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:51:30

Bu qochishni o‘ng tomonda Mirzoxon bilan olisha¬yotgan Temur Sultonning odamlari ham ko‘rdilaru yakkalanib, qurshovga tushib qolishdan qo‘rqib, narigi bir daraga qarab chekindilar.
Bobur xos navkarlari bilan birga yovning asosiy kuchlarini ta’qib qilib bormoqda edi. G‘ira-shira qorong‘ilik tushganda uning Muhammad Sulton Do‘lday degan beki Hamza Sultonning qo‘shinini tor-mor qilib, o‘zini asir olib keldi. Xufton kechroq Xo‘ja Kalon boshliq navkarlar Mahdi Sultonni ham qo‘lga tushirib keldilar.
Qorako‘l va Andijonda bo‘lgan ko‘pgina qirg‘inlar¬ning sababchilari mana shu sultonlar edi. Bobur ularni o‘limga hukm qildi.

_____________
* P u l i  S a n g i n — «Tosh ko‘prik». Hozirgi Norak shahrining yaqinida bo‘lgan.
* D a h a n a — daraning og‘zi, kirib-chiqiladigan joyi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:53:24

5

Tiniq kuz osmonida oq ipakdan ham nafis mezonlar uchadi. Samarqand bog‘larida katta dona anorlar yetilgan,  sohibi uzumlar va naqsh olmalarning eng shirinlari qolgan payt. Shaharning barcha darvozalari ochiq, kirdi-chiqdi bemalol. O‘n kundan beri Samarqandda na qo‘shin bor, na bir hokimiyat. Shayboniyzodalar Vaxsh bo‘yida Boburdan yengilganlaridan keyin G‘uzor va Qarshi atroflarida yana astoydil bir jang qilmoqchi bo‘lib, kuch to‘plab ko‘rdilar. Biroq Boysun tog‘laridan narida Bobur qo‘shiniga Shoh Ismoil yuborgan o‘ttiz ming qizilbosh askari kelib qo‘shilgani ma’lum bo‘lgandan keyin sultonlar ikkinchi marta mag‘lubiyatga uchrashdan qo‘rqdilaru Qarshi, Buxoro va Samarqandni jangsiz tashlab chiqdilar. Faqat ular dushmanlariga zaxira qoldirmaslikka tirishib qo‘llariga tushgan hamma ot-ulov, mol-hol, don-dunni talab olib ketdilar. Shu munosabat bilan ko‘chmanchi qabilalarning yana bir talon-torojini boshdan kechirgan va ularga qarshi nafrati benihoya oshgan o‘troq aholi endi butun najotni Boburdan kutib, uning yo‘liga umid bilan ko‘z tika boshladi.
Bobur ittifoqdoshlari bilan G‘uzordan Qarshiga, undan Buxoroga o‘tgan, bu qo‘rg‘onlarga ishonchli odamlarini qo‘yib, endi Samarqandga kelmoqda edi. Bundan xabar topgan samarqandliklar Chorraha darvozasini, unga kelib kiradigan Buxoro yo‘lining ikki chetini dorpech, gilam va palaklar bilan bezatdilar. Yo‘l bo‘yiga o‘nlab muvaqqat do‘konlar qurildi, hayit kunla¬ridagi kabi sayil boshlandi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:55:10

Shaharning eng obro‘li odamlaridan yigirma-o‘ttiztasi qo‘rg‘on kalitlari va qimmatbaho peshkashlar bilan Boburni bir kunlik yo‘lda peshvoz oldilar. Ertasi kuni Bobur saf-saf otliq qo‘shin oldida mulozimlari bilan Samarqandga yaqinlashar ekan, yo‘lning ikki bo‘yini xaloyiq tutib ketganini, hammayoq bayram tusini olganini, tom ustlarida, darvoza oldilarida karnaylar va naqoralar chalinayotganini ko‘rdi.
Boburning Hisordagi g‘alabasi sharafiga yozilgan she’riy ta’rixlar*, uning Samarqandga kelishini qutlaydigan satrlar xattotlar tomonidan yirik-yirik harflar bilan oq ipak matolarga yozilib, yo‘l bo‘ylariga, do‘kon tepalariga, qo‘rg‘on ichining ko‘zga ko‘rinarli joylariga osib qo‘yilgan edi. Bobur xor-zor bo‘lib chiqib ketgan vatanida bunchalik izzat-ikrom bilan qarshi olinishini xayoliga keltirmagan edi. U mavkabi bilan shaharning markaziy xiyobonidan Ko‘ksaroyga qarab o‘tayotganda Ulug‘bek madrasasining baland peshtoqi va minoralari ustida qo‘shkarnaylar chalib, naqoralarni sayratib, quvonch bildirayotgan vatandoshlarini ko‘rdi. Shunda birdan eti jimirlab, ko‘ziga yosh keldi. Yonida borayotgan Qosimbekka qarab:
— Ishongim kelmas, tushimmi bu, o‘ngim? — dedi.
— O‘ngingiz, hazratim! O‘ngingiz!
Xos navkarlardan sal keyinroqda sallalariga qizil o‘tag‘alar qadalgan Shoh Ismoilning beklari Ahmadbek so‘fi o‘g‘li, Shohruhbek Afshar, Muhammadjon eshik og‘asi o‘z mulozimlari bilan bir to‘p bo‘lib kelmoqda edilar. Ular ot ustida g‘oliblarga xos viqor bilan o‘tirishar, yuzlaridan: «Biz bo‘lmasak Bobur Samarqandga qaytib ko‘rsin edi!» degan bir ma’no anglashilar edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:56:24

Samarqandliklar esa butun karnay-surnaylarini Boburga qaratib chalishardi. Shoh Ismoilning bek va navkarlari xaloyiq oldidan o‘ta boshlaganda karnaylar va naqoralar birin-ketin tinib qolardi. Qizilboshlarning shafqatsiz ishlari va shia mazhabini zo‘rlik bilan tarqatish borasidagi harakatlari Samarqandga juda vahimali ovozalar tarzida yetib kelgan edi. Shaharning sunniy aholisi saf-saf bo‘lib o‘tayotgan qurolli shialarga xavotirli, noxush nazar bilan qarashardi. Xaloyiqning sovuq munosabatidan qizilbosh beklarining qovoqlari osilib borar, Boburga ko‘rsatilayotgan izzat-ikromlar ularning g‘ashlarini keltirardi.
Bunday murakkab holatlar Qarshi va Buxoroda ham bo‘lgan edi. Bobur vatandoshlarining mehmondo‘stlik tuyg‘usini uyg‘otish uchun shu kuniyoq Samarqandning maydon va ko‘chalariga jarchi chiqartirib: «Shoh Ismoilning g‘oziylari bizning mo‘’tabar mehmonlarimizdandir!» deb e’lon qildirdi. So‘ng quvonchli ayyom munosabati bilan mehmonlarga va shahar aholisiga uch kungacha osh berishni buyurdi.
Bobur va uning odamlari bundan o‘n yil muqaddam qamalda qolib, ochlikdan intihosiz mashaqqatlar chekkan Bo‘stonsaroyda, mahalla va guzarlarda, bog‘ va sayrgohlardagi yuzlab tandirlarda osiyogi nonlar, shirmoylar, patirlar, chavatilar yopildi, minglab tovoq oshlar tortildi, behisob ko‘p qo‘ylarning go‘shtlaridan qovurdoqlar, kaboblar, sho‘rvalar tayyorlandi, asil chog‘irlarga to‘la xumlar ochildi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:56:47

Bobur har kuni mehmonlari va musohiblari bilan chog‘ir ichib xursandchilik qilar edi. To‘y-tomosha ustiga yana to‘rt tarafdan xushxabarlar kelib turardi. Andijon, Marg‘ilon, O‘sh va O‘zgan hammasi birin-ketin shayboniyzodalar hukmidan chiqib, Bobur tomoniga o‘tgan edi. Janubda Qunduz, Kobul, G‘azna barchasi endi Boburning qalamravidagi yagona mamlakatga aylangandi. Uning nazarida, hayotining eng baxtli davri boshlangan, barcha orzulari endi bekamu ko‘st ro‘yobga chiqishi kerak edi.
Biroq bu baxtning juda omonat, juda muvaqqat ekanligi eng avval masjid bilan bozorda bilindi.

_____________
* Sh e ’ r i y  t a ’ r i x — maxsus bir she’riy janr bo‘lib, harflaridan abjad hisobi bilan ma’lum yil va oy kelib chiqadi.

Qayd etilgan