Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404793 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 20:57:20

*  *  *

Samarqand qo‘rg‘onining Ohanin darvozasi yaqinidagi ulkan marmar masjidning tekis tosh to‘shalgan sahniga yigirma ming namozxon to‘plangan. Bugungi juma namozida xutba qanday o‘qilishini ko‘pchilik samarqandliklar o‘z quloqlari bilan eshitgilari keladi. Chunki: «Bobur podshoh shialar tomoniga o‘tganmish, choryorlardan yuz o‘girib, o‘n ikki imomni tan olganmish!» degan mish-mishlar ko‘paygan, Boburni quvonib qarshi olgan sunniy mazhabidagi odamlar, bu ovozaga ishongilari kelmas, biroq uning muxoliflari aholining asabiga tegadigan mish-mishlarni tobora ko‘p tarqatishar edi. Bugun jome masjidida o‘qiladigan xutba bu ovozalarning qanchalik rost, qanchalik yolg‘onligini aniqlab berishi kerak edi — qoidaga binoan, xutbaga yoki choryorlarning nomi, yoki o‘n ikki imomning nomi, albatta, qo‘shib o‘qilar edi. Buni biladigan odamlar jome masjidining ich-tashini to‘ldirib yuborgan edilar. Xutba o‘qilishiga bir soat qolganda masjid sahnida bo‘sh joy qolmadi. Shundan keyin eshik va darvozalar oldida turgan qurolli soqchilar ichkariga hech kimni kirgizmay qo‘ydilar.
Bir vaqt masjidning orqa eshigidan sadrlar suduri Xo‘ja Xalifa, Bobur, Qosimbek va uch-to‘rtta qizilbosh beklar kirib kelishdi. Bobur masjidning ich-tashiga odam benihoya ko‘p to‘planganini ko‘rib, yuragi iztirob bilan «shig‘» etdi. Bu odamlar uning hozir qilmoqchi bo‘lgan qaltis ishi muvaqqat bir chora ekanini tushu¬nisharmikan?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:57:35

Mana shu vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l — shoh qo‘shinini «otang yaxshi, onang yaxshi», deb silab-siypab, vataniga jo‘natib yuborish edi. Avvaldan kelishilgan shartlarga binoan, Bobur Shoh Ismoilni oliy hokim deb e’lon qilishi, xutbaga uning va o‘n ikki imomning nomini qo‘shib o‘qitishi, keyin shohning nomidan pul zarb qilishi kerak edi. Shu shartlar bajarilsa, Shoh Ismoilning beklari o‘z qo‘shinlarini Movarounnahrdan olib chiqib ketishga ko‘nar edilar. Yuqoridagi shartlarni xo‘ja-ko‘rsinga bo‘lsa ham bajarib, begona qo‘shindan tezroq xalos bo‘lish to‘g‘riroq ekanini Qosimbek ham, boshqa sirdosh a’yonlar ham tushungan edi. Xo‘ja Xalifa ham bugungi xutbani Bobur istagan tarzda o‘qishga rozi bo‘lgan edi. Rejaga binoan, Xo‘ja Xalifa samarqandlik sunniy namozxonlarning g‘azabiga qolmaslik uchun choryorlarni umumiy bir tarzda nomlarini tilga olmay aytib o‘tishi, o‘n ikki imomni esa qizilbosh beklarni qoniqtiradigan ohangda nomma-nom tilga olishi kerak edi.
Uzun mosh-guruch soqoli kindigiga tushadigan Xo‘ja Xalifa barcha qavmlarning oldida turib, juma namozini o‘qidi-yu, keyin qo‘liga hassasini olib, masjid to‘ridagi marmar zinapoyali minbarga ko‘tarila boshladi.
Yigirma ming namozxon hammasi jim. Masjid sahnini to‘ldirgan odamlarning hammasi go‘yo o‘zlarining sunniy mazhablarini namoyish qilmoqchi bo‘lgandek boshlariga to‘rt o‘ramlik sallalar o‘ragan edilar. Sunniy sallalarning sanoqsiz ko‘pligidan g‘ashi kelgan elchi Xo‘ja Xalifaning boshidagi dastorga qaradi. O‘ramlari to‘rttadan ko‘p, ammo o‘n ikkita ham emas. Sanab bo‘lmaydi. Muhammadjon eshik og‘asi Bobur va Qosimbekning boshlaridagi sallalarga qaradi. Bularning o‘ramlari ham to‘rttadan ko‘p, ammo o‘n ikkitadan oz. Bu sallalar shunday o‘ralganki, o‘ramini sanash mumkin emas.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:57:55

Muhammadjon eshik og‘asi bunda qandaydir ma’no borligini sezib, sergaklandi. Nahotki Bobur Qunduzda bergan va’dasini bajarishdan bosh tortmoqchi bo‘lsa?
Muhammadjon eshik og‘asi Xo‘ja Xalifaning harakatlarini sergak turib kuzata boshladi. Masjid sahnidagi odamlar ham nafaslarini ichlariga yutib, xutba¬ning boshlanishini kutmoqda edilar. Umumiy jimlikda Xo‘ja Xalifaning yo‘g‘on tovushi allanechuk titrab, iz-tirobga to‘lib eshitildi:
— Bismilla-ahu rahmo-onur rahim!
Minbarda turgan Xo‘ja Xalifa yigirma ming sunniy namozxonning o‘ziga sergaklanib tikilayotganini ko‘rdi-yu, tizzasi ham qaltiray boshladi. Mana, u olloh sha’niga, payg‘ambar sha’niga bitilgan surani o‘qib tugatyapti. Endi choryorlar tilga olinishi kerak. Nahotki, Xo‘ja Xalifa — yoshlikdan sunniy mazhabida choryorlarga zo‘r e’tiqod  bilan  tarbiyalangan  odam  endi  shuncha namozxonning umidini puchga chiqarsa? Uning qarshisida yigirma ming salla turibdi. Bu sallalardan har birining qatlarida choryorlarning ruhi yashashiga Xo‘ja Xalifa bolalikdan ishonadi. Hozir namozxonlarning boshlari sabrsizlik bilan qimirlaganda Xo‘ja Xalifaga salla o‘ramlaridagi arvohlar qimirlaganday tuyuldi. Agar u choryorlarga hurmatsizlik qilsa, arvoh urib ketadiganday bo‘ldi.
Yo‘q, Xo‘ja Xalifa choryorlarning arvohidan qo‘rqadi. Shuning uchun:
— Choryori bosafolar Hazrati Abubakir! Hazrati Umar! — deb hozir aytishi kerak bo‘lmagan nomlarini birdan xutbaga qo‘sha boshladi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:58:10

Boburning orqasida turgan minglab namozxonlarning quvonch bilan yengil nafas olgani eshitildi. Muhammadjon eshik og‘asining esa rangi o‘chib ketdi. Uning narigi yog‘ida turgan Shohruhbek Afshar qilichining sopini changallab, minbarga tomon intildi.
Shialar Abubakir, Umar va Usmonni bugungi tirik dushmanlaridek yomon ko‘rishar, masjidda ularni ulug‘lagan har bir sunniyni chopib tashlagilari kelar edi. Hirotning jome masjidida choryorlarni ulug‘lagan Zayniddin degan xotibni qizilboshlar namozxonlarning ko‘zlari oldida qilich bilan chopib parchalab tashlaganini Bobur eshitgan edi. Hozir u Shohruhbekni bilagidan olib, iltimoskorona tovush bilan:
— Bek janoblari, sabr qiling, sabr! — dedi. Bu orada  Xo‘ja  Xalifa  choryorlarning  nomini  aytib bo‘ldi-yu, qizilboshlar sevadigan imomlarni xutbaga qo‘sha boshladi.
— Hazrati Imom Hasan! Hazrati Imom Husayn! Hazrati Zaynaliddin Ali!
Shohruhbek Afshar bu nomlarni eshitib qo‘lini qilichining sopidan oldi-da, qatorga qaytib kirdi. Ammo orqadagi namozxonlar orasida shunday bir asabiy shovur-shuvur boshlandiki, Xo‘ja Xalifa qolgan imomlarning nomini baqirib aytishga majbur bo‘ldi.
Orqadan kimdir:
— E, bas, bas! — deb qichqirdi. Biroq namozxonlar orasiga tartib o‘rnatish uchun qo‘yilgan devqomat navkarlardan biri «bas!» deb qichqirgan odamning og‘zini ulkan kafti bilan bekitib, bo‘ynidan sudrab olib chiqib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:58:27

Xotib o‘n ikki imomni nomma-nom sanab bo‘lib, ularning muqaddas ishini bugun davom ettirayotgan sohibi zamon Shoh Ismoil Safaviyni maqtab so‘zlay boshlaganda, masjid sahni yana ham asabiyroq junbushga keldi. Faqat Xo‘ja Xalifa Boburni Movarounnahrning podshosi, deb e’lon qilganda shovqin xiyol bosildi.
Xutbadan so‘ng uy-uyiga tarqalgan namozxonlarning ba’zilari: «Bobur mirzo Movarounnahrning podshosi bo‘ldi, taxtini kelgindiga bermadi», deb tasalli topmoq¬chi bo‘lsa, boshqalar:
— Pok mazhabimizga rofiziylik aralashdi, — deb shivirladi. — Harom bo‘ldik! Choryorlarning qarg‘ishiga qoldik! Yana qimmatchilik bo‘lgay! Yana ocharchilik boshlangay!

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:58:52

*  *  *

Bobur qizilboshlarning shartlarini ado etib, ularni tezroq jo‘natib qo‘yish uchun Shoh Ismoil in’om qilgan o‘sha mashhur dastorni taxtga chiqqanda boshiga kiyib ko‘rinish berdi. So‘ng Shoh Ismoilning tamg‘asi bilan bir necha ming tanga pul zarb qildirib, bu pullarni qizilboshlarning o‘zlariga tarqatdi.
Shu munosabat bilan shaharu qishloqlarda har xil mish-mishlar avvalgidan ham ko‘payib ketdi. Go‘yo afsonaviy kitoblarda bitilgan Ya’juj-Ma’jujlar mana shu qizilboshlar emish. Bobur qizilboshlarning sallasini Ko‘ktoshga kiyib chiqqanda muqaddas toshning bir cheti yorilib ketgan emish. Endi Shoh Ismoil Samarqandga kelib mana shu Ko‘ktoshga chiqarmish. O‘shanda qi¬yomat-qoyim boshlanarmish.
Shayboniyzodalar Samarqandda qoldirib ketgan mulla va darvish kiyimidagi xufiyalar mahalla-kuylarda, bozorlarda vahimali ovozalar tarqatib, shia-sunniy nizolarini mumkin qadar alangalantirishga tirishar edilar. Bozorda narx-navo oshib ketayotganini ham shialarning kasofatidan ko‘rayotgan omi kishilar qizilboshlarga nafrat bilan qarar edilar.
Bitimdagi shartlar bajarilgandan keyin qizilboshlar yurtlariga qaytib ketishga hozirlana boshladilar. Ularning besh-oltitasi Samarqandning Chorsusidagi atlas do‘koniga sovg‘a sotib olish uchun keldi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:59:06

Bozor kuni. Chorsuda odam juda ko‘p. Qizilbosh navkarlar yetti xil rang bilan tovlanayotgan Samarqand atlasiga xaridor bo‘lib qolishdi. Mulla yoqa ko‘ylak kiygan semiz bazzozga qarab, to‘rt kiyimlik atlas kesishni buyurishdi.
Bazzoz yog‘och gazni qo‘liga oldi-yu, qizilbosh nav-karlarga istehzoli ko‘z tashlab:
— Avval pulingni ko‘rsat, — dedi. — Aqchang qandoqa? Tangang?
Katta cho‘girma kiygan bir yigit charm hamyonidan uch-to‘rtta kumush tanga olib, bazzozga berdi.
Bazzoz tangalarning old tomoniga Shoh Ismoilning tamg‘asi orqa tomoniga shia imomlarining nomi zarb berilganini ko‘rdi-yu, qo‘rqib ketdi. U sunniy mullalar¬ning: «Shia puli harom, uni olgan odam choryorlarning qarg‘ishiga uchraydi», degan gaplarini eshitgan edi. Shuning uchun qo‘liga tangani emas, zaharli chayonlarni olganday jirkanib va shoshib tangalarni egasiga qaytardi.
Beliga qilich va xanjar taqqan devqomat qizilbosh navkar avval kaftidagi yangi kumush tangalarga, so‘ng bazzozga taajjub bilan tikildi.
— Ne o‘ldi?! Bu oqchada ne illat va-ar?
— Bizda bu tangalar o‘tmaydi. Hech kim olmaydi.
— Nechun olmassan? Nechun? — kuyib-pishib so‘radi qizilbosh navkar.
— O‘tmaydi.
— Nechun o‘tmas?!
Bu savolga chetroqda turgan bezorinamo bir yigit javob berdi:
— Kelgindilarning puli harom!

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:59:27

— Harom?! — deb qizilbosh navkar haligi yigitga qarab intildi. Ammo u yigit o‘zini bozor to‘la xaloyiq¬ning orasiga urdi. Shunda do‘konlar orasidan kimdir qizilbosh navkarga tosh otdi:
— Rofiziylar, ket yurtingga! — degan tovush eshitildi.
Ko‘zlaridan olov chaqnayotgan ikkinchi qizilbosh bazzozdan tahdid bilan cho‘zib so‘radi:
— Bizim aqchani olmas-sa-an?!
Bazzoz endi uning g‘azabidan qo‘rqib, muloyimroq gapirdi:
— Olsam, kuygaymen, mehmon. Biz eski aqchada savdo qilishga o‘tganmiz.
— Eski aqcha? Shayboniyxonning aqchasi kerakmi?
Hozir Samarqand bozorida chindan ham Shayboniyxon chiqargan tangalar yaxshi o‘tardi. Bu tangalarga sunniylar sig‘inadigan choryorlarning nomi bitilgan edi. Savdogarlar uchun bundan ham muhimi — Shayboniyxon tangalarining vazni og‘irroq, demak, qiymati balandroq edi.
Shayboniyxon o‘limidan uch-to‘rt yil burun Hirotdan to Toshkent va Turkistongacha bo‘lgan vilo¬yatlarda pul islohoti o‘tkazgan, raqiblaridan moliya sohasida ham ustun kelish uchun o‘z tangalarining og‘irligini temuriylar chiqargan tangalarning vazniga nisbatan bir dang* oshirgan edi. Shuning uchun hozirgacha butun Xuroson va Movarounnahr bozorlarida Shayboniyxon tangalarining xaridori ko‘proq edi. Lekin bazzoz g‘azabi kelib turgan qizilbosh navkariga buni ochiq aytmadi.
— Shayboniyxon yo‘q, o‘lgan, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 20:59:48

Shu payt kimdir uzoqdan:
— Samarqandni bo‘shat, kelgindi! — dedi-yu, do‘kon oldida turgan qizilboshga kesak otdi. Kesak uning telpagiga tegib ushaldi-da, changi yuziga tushdi. Xaloyiq orasidan allakimlarning kulgani eshitildi. Qizilbosh navkar egri qilichini qinidan sug‘urib, kesak otgan odamni ko‘zlari bilan qidirdi, ammo topolmadi. So‘ng yana semiz bazzozga yuzlandi. So‘zining oxirgi bo‘g‘inini cho‘zib so‘radi:
— Shoh Ismoilni aqchasin almas-san?
Bazzoz uning qilichidan qo‘rqib, titrab gapirdi:
— Men olsam baloga qolamen.
Qizilbosh yana bir marta:
— Almassa-an?! — deb cho‘zib so‘radi-yu, keyin chetdan otilgan tosh va kesaklarning alamini ham bazzozdan olib uning yelkasiga bor kuchi bilan qilich urdi. O‘tkir qilich bazzozning go‘shtdor yelkasini bo‘ynining oldidan kindigigacha kesib tushdi. Shunda ikkinchi qizilbosh ham qilichini yalang‘ochladi-yu, cho‘kkalab qolgan bazzozning boshini bir zarb bilan tanasidan judo qildi. Semiz bazzozning boshsiz bo‘ynidan sharillab otilgan qon do‘kon ichidagi atlaslar va ipak matolarga sachradi.
Buni ko‘rgan odamlar qiy-chuv ko‘tarib, vahima ichida qocha boshladilar.

_______________
* B i r  d a n g — «oltidan bir» demakdir. Temuriylar tangasining vazni 4,6 gramm bo‘lsa, Shayboniyxonning tangasi 5,2 gramm bo‘lgan.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:00:06

6

Shia-sunniy nizolari bunday qonli to‘qnashuvlarni tobora ko‘p keltirib chiqarayotgani qizilbosh beklarni ham tashvishga solib qo‘ydi. Bobur o‘zining Shoh Ismoil bilan tuzgan ittifoqiga sodiq ekanini ularga qayta-qayta uqtirib, nufuzli beklarga qimmatbaho sarupolar, otlar, oltin-kumush pullar in’om berib, nihoyat, qish chillasi chiqqanda o‘ttiz ming qo‘shinni Movarounnahrdan Eronga jo‘natib yubordi.
Shundan so‘ng Samarqand ancha tinchib qoldi. Toshkent, Xo‘jand, O‘ratepa ham shayboniylar hukmidan chiqib, Bobur tomoniga o‘tganligi haqida xush¬xabarlar keldi. Qizilboshlarni uch oy davomida boqish va qimmatbaho sovg‘alar bilan kuzatish paytida ancha bo‘shab qolgan xazina o‘sha shaharlardan kelgan peshkashlar bilan yana ancha to‘ldi.
Samarqand bog‘lari oq-pushti bodom gullari bilan bezana boshlagan ilk bahor kunlarida Bobur bir to‘p yaqinlari bilan otlanib, Ulug‘bek rasadxonasi tomonga sayrga chiqdi.
O‘ntacha qo‘rchi navkarlarni to‘riq qashqa ot mingan Tohir boshqarib bormoqda edi. Oq otliq Boburning ikki yonida Qosimbek bilan marg‘ilonlik Xo‘ja Kalonbek. Ulardan orqaroqda o‘tgan hafta Hirotdan kelgan mavlono Fazliddin yuvosh qora otga minib o‘ychan kelmoqda. Ichki beklar orasida munshi ham, maktab-madrasa ishlari bilan shug‘ullanuvchi bir mudarris ham bor. Otliqlar Obirahmat arig‘iga yetmay Bog‘i Maydon tomonga burildilar. Ulug‘bek zamonida juda obod va mashhur bo‘lgan, bundan o‘n besh yil oldin ham fayzlik turgan Bog‘i Maydon shayboniylar davrida qarovsiz qolib, ichki ariqlari bekilib ketgan, suvsizlikdan ko‘pgina daraxtlar qurib qolgan edi. Ikki qavatlik naqshin ko‘shk — Chinnixonaning shiftidan tomchilar o‘tib ajoyib rasmlarning anchasi o‘ngib ketgan edi.

Qayd etilgan