Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404797 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 21:00:20

Bobur buning hammasini ko‘rib chiqqach, mavlono Fazliddinga yuzlandi:
— Mavlono, biz sizni Hirotdan chorlab keltirganda yangi qasrlar, chorbog‘lar qurdirish umidida edik. Ammo olamga mashhur qadimiy obidalarimizning bu ahvolini ko‘rib, o‘zingiz ham taassuf etsangiz kerak!
— Hazratim, Ulug‘bek mirzoning olamda yagona rasadxonasi ham mana shu Chinnixona kabi tashlandiq ahvoldadir, — dedi mavlono Fazliddin. — Kecha ko‘rib ko‘nglim vayron bo‘ldi. Oltmish yildan beri qarovsiz. Nodir asbob-olotlari talangan. Devorlaridan koshinlari, marmar toshlari ko‘chirib ketilgan. Shu ahvolda tashlab qo‘yilsa uch oshiyonlik rasadxona ko‘p vaqt o‘tmay xarobaga aylanur.
— Demak, shoshilinch choralar ko‘rmog‘imiz dar¬kor, janob Qosimbek. Bizning xos me’morimiz mavlono Fazliddin qanday mablag‘u ko‘mak talab qilsalar beraylik, Ulug‘bek mirzodan yodgor qolgan Chinnixonayu rasadxonalar darhol ta’mir etilib, aslidek tiklansin.
Qosimbek yengil bir ta’zim bilan:
— Hazratim, amringizni jonim bilan ado etgaymen! — dedi. — Chinnixonani ta’mirlash uncha mushkul emas. Bog‘ning ko‘milib ketgan ariqlarini ham ochgaymiz, gullar o‘stirurmiz.
— Navro‘z bayramigacha ulgurgaymisiz? — so‘radi Bobur. — Bu yilgi Navro‘z bazmini mana shu Chin¬nixonada o‘tkazaylikmi, a, janob Kalonbek?
Ichkilik bazmlarini yaxshi ko‘radigan Xo‘ja Kalonbek mamnun jilmaydi:
— Dono fikr aytdingiz, hazratim! — dedi. — Samarqandda bog‘bonlaru naqqoshlar yetarlik. Hamma hunarpeshalarga mavlono Fazliddin sarkor bo‘lurlar. Navro‘zgacha bu bog‘ obod qilinmog‘i kerak.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:00:58

Mavlono Fazliddin qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, Boburga yuzlandi:
— Chinnixonani tiklash mumkin, hazratim, ammo rasadxonani ne qilurmiz?
— Uni ham tiklamoq zarur, janob Qosimbek, — dedi Bobur.
Qosimbek rasadxonani tiklashdan qo‘rqardi. Chunki shayxlar so‘nggi o‘n yilliklar davomida rasadxonani dinsizlar makoni deb la’natlab, avom xalqni shunga ishontirib qo‘ygan edi. Agar Bobur rasadxonani qayta tiklab, yana ishga solib yuborsa, Ulug‘bekning boshini yegan qora kuchlar uning joniga ham qasd qilishi mumkin edi. Qosimbek shuni o‘ylab:
— Hazratim, yotgan ilonning dumini bosmaylik, — dedi. — Rasadxonani ta’mirlaganimiz bilan unda ish olib boradigan yetuk olimlarni qaydan topgaymiz? Oltmish yildan beri keksa avlod olimlar o‘lib, yoshlari boshqa yurtlarga ketib qolmishdir.
— Ketganlarini chorlab keltirish mumkin, janob Qosimbek, — dedi Bobur va munshiga yuzlandi: — Bizning nomimizdan qadag‘alar biting.
Munshi darhol qo‘ynidan daftar-qalam olib, tikka turgan ko‘yicha yoza boshladi.
— Ulug‘bek yaratgan falakiyot amaliy ilmidan xabardor olimlar Hirotdami, Rumdami, Tabrizdami, qayerdaki bo‘lsalar, bizning nomimizdan ularni Samarqandga taklif eting. Rasadxonani qayta ochmoqchi ekanligimizni, kimda-kim Mirzo Ulug‘bekning buyuk ishini davom ettirmoqchi bo‘lsa barcha imkoniyatlarni yaratib berajagimizni ma’lum qiling. Agar kelsalar yo‘l xarajatlarini biz zimmamizga olurmiz. Bu qadag‘alarni elchilarimiz orqali Hirotga ham, Rumga ham tezda jo‘natmoq sizga topshirildi, janob munshi!
Munshi Bobur aytganlarini daftariga yozib bo‘lib:
— Amringizni bajarishga darhol kirishurmen! — deya ta’zim qildi-da, Chinnixonadan pastga tushib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:01:43

*  *  *

Mavlono Fazliddin sarkor bo‘lib, Bog‘i Maydonning ko‘milgan ariqlarini qayta kavlatishda, qurigan daraxtlarni olib tashlab, o‘rniga maysa va gullar o‘stirishda, Chinnixonani ta’mirlab orasta qilishda uncha qiynalmadi — insof bilan haq to‘lansa ishlab charchamaydigan hunarpeshalar, bog‘bon va dehqonlar juda ko‘p edi. Lekin ustalarni rasadxonaga olib borib ishlatish va uch qavatli ulug‘vor doirashakl binoning nuragan, buzilgan joylarini ta’mir etish benihoya mushkul bo‘ldi. Tepadan yer qa’riga tushib ketgan yarim doira shaklidagi zinapo¬yalarga yaqin borgan ustalar xuddi hozir jahannam qa’riga qulab tushadigandek qo‘rqa boshlardi. Dindorlar rasadxonani: «Do‘zaxiylar makoni, kim unga kirsa jin chalib, arvoh urib ketadi!» deb, aholining katta bir qismini bunga ishontirib qo‘ygan edilar. Ulug‘bekning vafotidan so‘nggi oltmish yil ichida juda ko‘p maktab va madrasalar bekilgan, savodsiz johil kishilar ko‘payib ketgan, ularga mutaassib shayxlarning ta’sirlari benihoya kuchaygan edi.
Shunday bo‘lsa ham mavlono Fazliddin ishsiz yurgan usta va korgarlar*ga yaxshi haq to‘lab, dastlabki kunlari elliktacha odamni rasadxonadagi ta’mir ishlariga olib chiqdi. Ikkinchi-uchinchi qavatning shift va devorlaridagi nuragan joylarini tuzatish uchun havozalar qurildi. Lekin o‘sha kundan boshlab rasadxona atroflarida johil qalandarlar to‘dasi ham ko‘payib ketdi. Ular davra tor¬tib, zikr tushib, «Haq do‘st yo ollo!»ni muttasil takrorlab, choryorlarning ruhiga shak keltirganlarini arvoh urishini she’rga solib, «karomat» qila boshladilar. Bu qalandarlar orasida shayboniyzodalarning josuslari ham bor edi. Ana shu josuslardan biri korgar bo‘lib yollanib, rasadxonaning ichida g‘isht tashib ishlamoqda edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:02:23

Bu josus uch-to‘rt kun ta’mirchilar ichida yurib, ularning eng dadili  va  Bobur  mirzoga ixlosmandi, qirq besh yoshlardagi bir koshinkor usta ekanini aniqladi. Xonlar josusi mana shu ustani uchinchi qavatda havoza ustida ishlayotgan paytida kishi bilmas qilib  havozadan past-ga itarib yubordi. Uchinchi qavatdan tosh uyumi ustiga boshi bilan qulab tushgan usta o‘sha zahoti jon berdi.
Ko‘chalarda zikr tushib yurgan qalandarlar: «Ustani arvoh urdi!», «Xudo g‘azabini ko‘rsatdi!» deb vaysay boshladilar. Bu falokatdan so‘ng qolgan usta va korgarlar rasadxonaga kelmay qo‘yishdi. Mavlono Fazliddin ishga zor bo‘lib yarim och yurgan boshqa usta va korgarlarni yollamoqchi bo‘lsa, nuqul: «Rasadxonada ishlab topilgan pul harom emish! Borgan odamni arvoh urib o‘ldirarmish!» degan vahimali gaplar eshitar, omi odamlar undan balodan qochganday qochar edi...

_______________
* K o r g a r — quruvchi ishchi

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:03:03

*  *  *

Bo‘stonsaroyning tillakori qabulxonasida Amudaryo bo‘yidagi Urganch va Qorako‘l shaharlaridan xushxabarlar bilan kelgan bek va a’yonlar sharafiga ziyofat berilmoqda edi. Shayboniyzodalardan ko‘p jabr ko‘rgan bu shaharlar ham Boburni o‘zlariga oliy hukmdor deb tan olishgan va qimmatbaho sovg‘alar berib yuborishgan edi. O‘z vaqtida Shayboniyxon Qorako‘l va Urganchni zabt etish uchun oylar davomida jang qilgan, behad ko‘p qon to‘kib ularni olgan edi. Mana endi bu shaharlar jangu jadalsiz elchi yuborib, Bobur tomoniga o‘tganligi unda zo‘r bir iftixor tuyg‘usini uyg‘otdi. Bobur yoshlikdan ko‘ngliga tukkan orzusiga — butun Movarounnahrni birlashtirish, Ulug‘bek davridagi ulkan davlatni qayta tiklashga mana endi muyassar bo‘layotganidan benihoya shod. Qunduzda birinchi marta boshlangan ichkilik bazmlari Samarqandda davom etib, avjiga chiqmoqda. Erishilayotgan g‘alabalar sharafiga bek va a’yonlar navbatma-navbat ziyofat berishib, Boburni deyarli har kuni taklif qilishadi, unga eng nodir, eng ajoyib maylarni ichirib, xursand qilishda bir-birlaridan o‘zishga intilishadi.
Faqat Qosimbek hamon ichkilikni og‘ziga olmas, paytini topsa Boburni ham hushyorlikka undar, mamlakat ichida qora kuchlar bosh ko‘tarayotganini, shimoldagi dashtda esa shayboniyzodalar hayot-mamot jangiga tayyorlanayotganini takror-takror eslatar edi.
Lekin Bobur unga javoban so‘nggi paytda yozgan bir g‘azalidan to‘rt satr o‘qib berdi:

Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati.
Yoz faslida chog‘ir ichmakning o‘zgacha holi bor,
Kimga bu nash’a muyassar bo‘lsa bordir davlati.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:03:28

Bu g‘azalga kuy bastalanib, qabul marosimlarida ham aytiladigan bo‘lgan edi. Shirakayf Bobur:
— Janob Qosimbek! — dedi. — Eshitdingizmi, Samarqand maktablarida bolalar men ixtiro qilgan xat bilan juda tez savodxon bo‘lmoqda emishlar. Mana, mudarris janoblaridan so‘rang...
Boshida sallayu qo‘lida may to‘la qadah bilan ta’zim qilib turgan mudarris:
— Janob Qosimbek, — dedi, — xalqimizni jaholat panjasidan qutqarib olishda hazratim ixtiro qilgan Xatti Boburiy ajoyib bir vosita bo‘lishi aniq! Qur’on xati gar-chi biz uchun aziz, ammo zeru zabarlari, shikasta usullari savod chiqarishga behad mushkul. Xatti Boburiy esa zeru zabarsiz, o‘rganishga oson.
Qosimbek Boburning bundan uch yil oldin Kobulda ixtiro qilgan xati Sirdaryo bo‘yidagi Sig‘noqdan topilgan qadimiy turkiy yozuvga* asoslanganini bilar edi. Arab yozuvini «Qur’on xati muqaddas», deb hisoblaydigan ruhoniylar islom dinidan oldin tarqalgan qadimiy yozuv¬larni qattiq qoralab, topilgan joyida o‘chirib tashlashni buyurar edilar. Bobur esa buni jaholat hisoblar, qadim zamonda ixtiro qilingan turkiy yozuvning dinga aloqasi yo‘qligini aytar, Xatti Boburiyni shuning uchun xalq orasida tarqatmoqchi bo‘lar edi.
Ichkilik bazmi paytida bu murakkab mavzularda gapirishni yoqtirmaydigan Qosimbek oradan ikki kun o‘tgach, devoni xosda o‘tirgan Boburning huzuriga mavlono Fazliddin bilan Xatti Boburiyni tarqatib yurgan mudarrisni boshlab kirdi.
Ularning uchovi ham allanarsadan juda bezovta ekanini sezgan Bobur:
— Tinchlikmi, janoblar? — dedi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:03:48

— Hazratim, — dedi mudarris. — Xatti Boburiyni targ‘ib qilib maktab ochgan bir maktabdorni avboshlar toshbo‘ron qilib o‘ldirmishlar.
— O‘ldirmishlar?! — deb Bobur o‘rnidan turib ketdi.— Bu ne jaholat, janob Qosimbek? Bizga qarshi g‘ulumi?!
— Hazratim, mutaassib shayxlar bilan qalandarlar hamma joyda bizga qarshi ish olib bormoqdalar. Rasadxonada bir usta havozadan yiqilib o‘lgandan beri ta’mir ishlariga odam yollash mumkin bo‘lmay qoldi. Masjidda va’z aytgan mullalar Xatti Boburiyni «Shoh Ismoil yuborgan shialar xatti» deb e’lon qilgan emishlar. Shu ovoza butun shaharga tarqalib, oxiri haligi maktabdorning toshbo‘ron bo‘lishiga olib kelmishdir.
— Bu yolg‘on ovozani tarqatganlarni nega hibsga olmadingiz? — qahr bilan so‘radi Bobur. — Axir bu xatning Shoh Ismoilga mutlaqo aloqasi yo‘q-ku.
— Xo‘ja Xalifa shuni masjidi jomeda minbarga chiqib aytmoqchi bo‘lgan ekan, «Yolg‘on! Kofirlar xati harom! Qur’on ursin sen Xalifani!» deyishib, johillar uni minbardan tortib tushirmishlar. Agar Tohirbek boshliq soqchilarimiz Xo‘ja Xalifani qutqarib qolmasalar, johillar uni ham o‘ldirishlari mumkin ekan. Avboshlardan yigirma-o‘ttiztasini hibsga oldik. Ammo Xo‘ja Xalifaga qarshi va’z aytgan mullalar Xo‘ja Ahrori valiyning avlodlaridan ekan. Ularni sizdan bemaslahat hibsga olishga jur’at etmadim.
Bobur ahvolning naqadar jiddiylashib ketganini endi sezdi. Xo‘ja Ahror avlodini hibsga olish — yonay deb turgan olovni puflab alangalatish bilan barobar edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:04:08

— Qo‘shinning kayfiyati ham yaxshi emas, hazratim,— deb davom etdi Qosimbek. — Hozir ichak uzildi payt, narx-navo ko‘tarilgan. Shayboniyzodalar chiqargan oltin-kumush tangalarning vazni biz chiqargan tangalar vaznidan ortiq bo‘lganligi uchun ularning bozori chaqqon. Beku navkarlar ulufani oshirishni talab qil¬moq¬dalar. Ularga ulufa oshirilsa, xazinada pulimiz yetmas.
— Undoq bo‘lsa taklifingiz nedur?
— Taklifim shuki, hazratim, beklarni darhol mashvaratga to‘plab, favqulodda choralar ko‘rmoq lozim.
— Bilamen, beklar dashtda izg‘ib yurgan shayboniyzodalarga qarshi urushmoq qasdidalar. Yangi viloyatlar olinsa, beku navkarlar o‘ljador bo‘lurlar. Besh oydan beri Samarqandda jangsiz turib qilichlari qonsiragan.
— Ularning kasblari urush bo‘lgandan so‘ng bekor turgilari kelmaydi-da. Hozir shayboniyzodalar shimoldan Buxoroga yaqinlashib kelmoqda emishlar.
— Aniq axborot bormi?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:05:16

— Ko‘rgan odam kelib aytdi. Sarkardalari Ubaydulla Sulton emish. O‘n ming qo‘shini bor emish. Buni Samarqanddagi shayxu qalandarlar ham eshitgan bo‘lsalar kerak. Shayboniyzodalar tashqarida jonlangan sari ichkarida bular bizni «Shiaga sotilgan rofiziylar!» — deb xalqqa yomonlab, qora kuchlarni qo‘zg‘atmoqdalar.
Bobur mavlono Fazliddin bilan mudarrisga afsusli bir nazar tashladi-da:
— Janoblar, ma’rifat muammolarini bu ahvolda hal etolmaydigan ko‘rinamiz, — dedi. — Xatti Boburiyni maktabda o‘qitish hozircha to‘xtatilsin. Rasadxonani ham keyinroq tiklagaymiz... Biz endi butun e’tiborni harbiy ishlarga berishga majburmiz.
Mudarris bilan mavlono Fazliddin ma’yus qiyofada orqalari bilan yurib chiqib ketdilar. Qosimbek bilan Bobur Ubaydulla Sultonga qarshi Buxoro tomonga qo‘shin tortib borishning maslahatini qila boshladilar...

______________
* Bu yozuv aslida O‘rxun-Yenisey runik yozuvining Bobur davrida Sig‘noqqa yetib kelgan bir turi bo‘lishi kerak.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:06:45

*  *  *

Buxoroga hujum qilgan Ubaydulla Sultonning o‘n ming kishilik qo‘shini Boburning Samarqanddan o‘ttiz ming qo‘shini bilan kelayotganidan xabar topib, Qizilqum sahrosiga qarab chekindi. Bobur qo‘shini Buxoro atrofida to‘xtab, dushmanning yana qaytib ke¬lishini kutishi mumkin edi. Lekin dushman askarlari son jihatdan uch barobar kam bo‘lgani uchun Bobur uni dadil ta’qib etishga qaror berdi-yu, qo‘shinini qumtepalar orasiga boshlab kirdi. Ubaydulla Sultonga shu kerak edi. Bobur qo‘shinining eng sadoqatli qismi tog‘lik joyda yaxshi jang qilib o‘rgangan, otlari cho‘lda, qumtepalar orasida durust chopolmaydigan jangchilar edi. Bundan tashqari, shia-sunniy ziddiyatlari Boburga Qunduzda qo‘shilgan yigirma ming kishilik mo‘g‘ul qo‘shinining ruhiga yomon ta’sir qilgan edi. Ularning orasiga kirib borgan sunniyparast mullalar: «Boburshoh shialar bilan ittifoq tuzib, pok mazhabini bulg‘adi, endi payg‘ambarimiz uni emas, sunniyni pok tutgan shayboniyzodalarni qo‘llab-quvvatlagay», degan e’tiqodga ko‘plarni ishontirgan edilar.
Barxanlar ichida zambarak ortilgan aravalar qumga botib, otlar yaxshi chopolmay, Bobur qo‘shinining safi chuvalib ketdi. Paytdan foydalangan besh mingga yaqin qunduzlik mo‘g‘ullar Ubaydulla Sulton tomoniga qochib o‘tib ketdi.

Qayd etilgan