Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404645 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 21:18:35

Qosimbek Boburning yelkasidan quchoqladi. U burnog‘i yil Qunduzda mo‘g‘ul beklarining Boburga qarshi fitnasi ilk bor ma’lum bo‘lganda oraga tushib xato qilganini, bugungi g‘ilu — o‘shanda kesib tashlanmagan yaraning patosi ekanini o‘yladi:
— Gunohkorni izlasangiz, hammamiz ham aybdormiz, hazratim! Dunyo o‘zi shundoq yaratilgan bo‘lsa biz qandoq qilaylik?!
Xonzoda begim yana o‘g‘ilchasining jasadini quchoqladi:
— To‘ydim bu dunyodan! Bas! To‘ydim! Meni bolam bilan birga ko‘minglar!..
Xurramshohning jasadini archadan yasalgan tobutga solib, shu kuni kechgacha qo‘lma-qo‘l ko‘tarib bordilar. Keyin uni Pomir tog‘ining etaklaridagi ko‘kalam bir tepalikka ko‘mdilaru qabri ustiga oq bayroqcha qadab qo‘ydilar.
Tirik murdaga o‘xshab qolgan Xonzoda begimni bir amallab Qunduzga, undan Kobulga olib ketdilar.

__________________
* U g‘ r u g‘ — oila a’zolari, ko‘chlari.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:18:58

KOBUL
TOSHGAN DARYO O‘ZAN IZLAYDI

1


Kechki payt Kobul qal’asining janubidagi ko‘ldan bir to‘p o‘rdak uchdi. Ko‘l bo‘yidagi bo‘liq o‘t-o‘lanlar orasida pisib o‘tirgan mirzo Humoyun kamondan ketma-ket ikkita o‘q otdi. Osmonga ko‘tarilib borayotgan tumshug‘i uzun o‘rdaklardan biri to‘pidan ayrilib pastlay boshladi, so‘ng qanotlarini majolsiz yoyib, ko‘lning narigi chetiga qulab tushdi.
Ko‘lning o‘sha tomonida podshohning sakkiz eshkakli, soyabonli kemasi yurgan edi. Humoyun bu yoqdan to otlanib, atkasi va mulozimlari bilan ko‘l sohilini aylanib o‘tib borgunicha kemadagilar o‘q tekkan o‘rdakni suvdan olib, qirg‘oqqa chiqdilar.
Ularning orasida Bobur ham bor edi. Humoyun o‘zi otgan  o‘rdakni  otasi  qo‘liga  olib qarayotganini ko‘rdi-yu, otidan sakrab tushdi va ancha berida ta’zim qilib to‘xtadi.
Bobur o‘rdakning to‘shiga qadalib qolgan yoy o‘qini keskin bir harakat bilan sug‘urib oldi-yu, o‘g‘liga ko‘zlarini suzib qaradi:
— Bu o‘q senikimi?
Humoyun otasinnig kayfi borligini sezdi. Bobur so‘nggi paytlarda ko‘p ichadigan bo‘lgan, bugun ham ulfat beklari bilan kemada chog‘ir ichib o‘tirgan edi. Humoyun ko‘l va uning atroflari podshohning daxlsiz, xos yerlari ekanini esladi. Otasi oldida odobsizlik qilib qo‘yganday ko‘zlari javdirab:
— Hazratim, — dedi, — afv eting, bemavrid o‘q otmishmen.
— Ammo o‘qni yaxshi otmishsen, — deb Bobur o‘g‘liga endi kulimsirab gapirdi. — Ma, haloling bo‘lsin!

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:19:14

Humoyun chap qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha, o‘ng qo‘li bilan ovini otasidan oldi-yu, mulozimlaridan biriga berdi.
Boburdan orqaroqda turgan ko‘zlari katta-katta ozg‘in qora yigit — Hindubek tig‘iz oq tishlarini ochib kuldi:
— Amirzodam merganlikda hazrat otalariga tortmishlar.
Shirakayf Xo‘ja Kalonbek bu gapga darhol qo‘shildi:
— Padari buzrukvorga munosib o‘g‘il!
Bobur esa bir chetda jim qo‘l qovushtirib turgan Qosimbekka mamnun nazar tashladi. Yoshi oltmishdan oshib, eshik og‘aliq lavozimidan ketgan Qosimbek hozir Humoyunga atkalik qilmoqda edi. Boburning o‘ziga shuncha yil sodiq xizmat qilgan bu odam endi bo‘y yetib kelayotgan Humoyunni ham otalarcha mehr bilan tarbiyalayotgani bilinib turardi.
— Janob Qosimbek Humoyunga merganlikdan yaxshi ta’lim bermishlar, — dedi Bobur. — Biroq amirzodam chavandozlikda nechuklar?
Qosimbek Humoyunga «javob bering» deganday qilib qaradi. Humoyun ko‘zlari go‘yo ilhom bilan yonib:
— Hazratim, ijozat bering, — dedi-da otlarni qo‘li bilan ko‘rsatdi. Bobur uning so‘nggi yillarda o‘rgangan chavandozlik mashqlaridan birini ko‘rsatmoqchi ekanini sezdi.
— Qani, qani, — dedi maroq bilan.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:20:04

Humoyunning yoshi o‘n uchga borib, bo‘yi otasining bo‘yiga yetay deb qolgan. Yurish-turishi ham Boburning o‘smirlik paytini eslatar edi. Qosimbekning ishorasi bilan navkarlar ikkita yuvoshroq otni bir chetga yetaklab chiqdilar-da, yonma-yon tutib turdilar. Humoyun o‘zi¬ning seryol qora qashqa otiga sakrab mindi, jilovni keskin burib, xiyol orqaga ketdi. So‘ng narigi ikki otga shitob bilan yaqinlashdi-da, jilovini qo‘yib yubordi. Otlar jips kelganda ikkinchi otning egaridan ikki qo‘llab tutganicha, egardan egarga sakrab o‘tdi. Shunda uchinchi ot joyidan qo‘zg‘alib ketdi. Humoyun mingan otining jilovini tez qo‘lga olayotib, uchinchi otning yuganidan tutgan navkariga:
— Mahkam ushlang! — dedi.
So‘ng tagidagi otni narigisiga jips keltirdi-yu, ikkinchi egardan uchinchisiga sakrab o‘tdi.
Shirakayf beklar davrasidan:
— Ofarin! Tasanno! — degan xitoblar eshitildi.
Humoyun hansirab otdan tushdi-da, otasi tomonga kela boshladi. Bobur o‘zining o‘smirlik paytida Andijon chorbog‘ida egardan-egarga sakrab o‘tolmay oyog‘i yerga tapillab tushganini esladi-yu:
— Tangrim Humoyunni yomon ko‘zdan asrasin, — dedi. — Chavandozlikda bizdan o‘tadigan ko‘rinadir.
— Hazratim, mirzo Humoyun har ishda sizdan ibrat olishga intilurlar, — dedi Qosimbek.
Bobur o‘ng‘aysizlanib bosh chayqadi:
— Mening shahzodaga ibrat bo‘lgudek holim yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:21:04

Humoyun otasining ma’yus yuziga taajjub bilan tikildi.
— Nechun, hazratim! Atkam menga barcha janglaringizni aytib berdilar. Rustamu Suhroblar ham, Go‘ro‘g‘liyu Alpomishlar ham sizchalik ko‘p jang ko‘rgan bo‘lmasalar kerak!
— Jang hisob emas, amirzodam, jangning natijasi hisob, — dedi Bobur o‘zining mag‘lubiyatlarini eslab.
Lekin Humoyun uchun eng muhimi — otasining mislsiz  dahshatlarga  duch kelib, barcha o‘limlarni yengib o‘ta olgani va hamma qirg‘inlardan omon chiqqani edi. Boburga astoydil ixlos qo‘ygan Qosimbek: «Hazratimga duo ketgan, u kishini o‘q olmaydi, tig‘ kesmaydi», derdi va bu sodda e’tiqodini Humoyunning qalbiga ham singdirgan edi. Humoyun otasining Kobul bilan Hirot oralig‘idagi baland tog‘lardan odam zoti o‘tolmaydigan qahraton qish kunlarida yurak yutib o‘tganini, ko‘pchilik bek va navkarlar holdan ketib, otlar ham yurolmaydigan bo‘lib qolgan paytlarda Bobur o‘zi oldinga chiqib, ko‘kragigacha qorga botib, hammaga yo‘l ochib borganini, o‘shanda uning qulog‘ini sovuq olib, yuzi ko‘mirday qorayib, tanib bo‘lmas ahvolga kelganini Qosimbekdan yaqinda eshitgan edi.
Humoyun o‘sha paytlarda bo‘lgan bir g‘alati hodisani otasidan tasdiqlatib olgisi keldi:
— Hazratim, Kobul chorbog‘ida Do‘st degan bir pahlavon navkar sizni tanimay qilich bilan chopgani rost¬mi?
— Rost. Keyin tanib qolib, qilichini tashlab qochdi. Shukrki, hech shikast yetmadi. Bo‘lmasa Do‘st pahlavon tig‘ urgan odam hargiz tirik qolmagay edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:21:43

— Xudoning qudratini qarang-a! — dedi eshik og‘a Muhammad Do‘lday xushomad ohangi bilan.
Humoyun uning kayfdan qizarib, ko‘pchib turgan yuziga noxush nazar tashladi-yu, yana otasiga yuzlandi. U faqat otasi bilan gaplashishni istardi. Bobur to‘g‘risida Qosimbekdan va boshqa odamlardan shuncha g‘aroyib hikoyalar eshitib o‘sgan bola endi uning o‘zi bilan yurakdan yaqinlashishni istardi.
Lekin Bobur doim davlat ishiyu yozish-chizish bilan band bo‘lar, bo‘sh qolganda beklari chog‘ir majlisini boshlashar, Humoyunga esa ular hali hamsuhbat bo‘lolmaydigan yosh bola deb qarashar edi. Biroq Humoyunda otasi bilan suhbatlashish ishtiyoqi kun sayin ortib bormoqda edi.
— Hazratim, bultur Sind daryosining bo‘yida yo‘lbars bilan olishgan ekansiz...
— Qaydan bildingiz?
— Hazratimning  xonai xoslarida yo‘lbars terisini ko‘rdim.
Bobur orqasida turgan beklarga ishora qildi:
— Yo‘lbarsni biz ko‘plashib yengganmiz.
Hindubek kulib e’tiroz qildi:
— Hazratim bo‘lmaganlarida biz yo‘lbarsga ro‘baro‘ bo‘lolmas edik.
Humoyun Hindubekning gapini ma’qullagan kabi bosh irg‘adi va otasiga bolalarcha sof bir iftixor bilan qarab qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:22:04

Bobur Buxoro atroflarida va Hisorda boshiga tushgan kulfatlarni hamon unutolmas, o‘shandagi mag‘lubiyatlar alami avvalgilariga qo‘shilib, yuragini haligacha timdalar, dunyo g‘amlarini xayolidan uzoqlashtirish uchun ham u tez-tez chog‘ir ichar edi. Uning ruhi tushib, o‘z taqdiridan ixlosi qaytib yurgan mana shu kunlarda o‘g‘li otasi qilgan yaxshi ishlarni bunchalik e’zozlab tilga olishi Boburga g‘alati ta’sir ko‘rsatdi.
Bir lahza u o‘zini o‘smir o‘g‘lining ko‘zi bilan ko‘rganday bo‘ldi. Humoyun faxr bilan tilga olgan voqealar chindan ham bo‘lgan voqealar ekanligi to‘satdan Boburning ko‘nglini ko‘tardi. Shu daqiqagacha unga butun hayoti qop-qorong‘i bir tun bo‘lib tuyulgan bo‘lsa, endi u  bu  tunga  go‘yo  Humoyunning ko‘zi bilan qaradi-yu, qorong‘i osmonning u yer-bu yerida yulduzlar miltillayotganini ko‘rdi.
Humoyun otasi bilan yakkama-yakka gaplashgisi kelib, ovozini pasaytirib:
— Hazratim, — dedi, — in’om qilgan devoningizdagi barcha she’rlarni yod olmishmen. Lozim ko‘rsangiz imtihon qiling.
Bobur orqaroqda jim turgan bek va mulozimlarga o‘girilib qaradi. Ular Boburning o‘g‘li bilan gapini tezroq tugatishini va kemaga qaytishini kutmoqda edilar. Lekin Boburga endi chog‘ir majlisidan ko‘ra o‘g‘li bilan birga bo‘lish yoqimliroq tuyula boshladi.
— Janoblar, — dedi u beklariga yuzlanib, — bugun bizga kema sayri bas. Endi mirzo Humoyun bilan she’r mashg‘uloti o‘tkazmoqchimen. Ot keltirilsin!
Bobur otlangandan keyin Humoyun ham otiga quvonch bilan sakrab mindi. Ota-bola yonma-yon Kobul arkiga qarab yo‘l oldilar. Qosimbek va boshqa mulozimlar orqaroqda odob saqlab jim bormoqda edilar.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:22:19

Bobur kemada ichgan chog‘irning tafti va karaxtligi uning yaltiragan suzuk ko‘zlaridan bilinar edi.
— Qani, amirzoda, eshitaylik, — dedi u Humoyunga kayf aralash kulimsirab qararkan.
Otasi birga ketayotganidan o‘zida yo‘q quvongan Humoyun Boburning devonidan yod olgan bir ruboiyni shoshilibroq o‘qidi:

Ozar ila necha guftigo‘* qilg‘aysiz,
Ozurda bo‘lurni justiju* qilg‘aysiz.
Munchaki ko‘ngullarga yetishdi ozor,
May bila magarki shustisho‘* qilg‘aysiz.

Humoyun bu she’r bilan otasining may ichish sababini tushunishligini va hozir kayfi borligi ham uzrli ekanini aytmoqchi edi, Bobur buni fahmladi-yu:
— Ma’qul, ma’qul, — deb kuldi. — Faqat avvalgi ikki satrning vaznini buzibroq o‘qiding. Aftidan, sen bu satrlardagi kinoyani yaxshi fahmlamagansen.
— Qandoq... kinoya? — deb bu satrlarni kamoli jiddiyat bilan o‘qigan Humoyun taajjublandi.
— Kinoyaki, odamlar bir-birlariga ozor beradigan gapni ko‘p gapirurlar. Goho ozor beradigan narsani o‘zimiz justijo‘ qilib topurmiz. Undan keyin bu ozorni ko‘ngildan may bilan yuvmoqchi bo‘lib ichishga ruju qi¬lurmiz.
Otasi o‘zining may ichishiga kinoya bilan qarashini Humoyun endi sezdi va yana hayron bo‘ldi:
— Nechun shunday?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:22:29

— Sening yoshingda buning sababini tushunib bo‘lmas. Men ham o‘ttiz yoshimgacha chog‘irga ehtiyoj sezgan emasmen. Sen qalaysen?.. Ko‘nglingda chog‘irga ishtiyoq bormi?
Humoyun uyalib bosh chayqadi. So‘ng otasining ichkilikdan shishgan qovoqlariga jiddiy bir qarab oldi-da:
— Men chog‘irni yomon ko‘ramen, — dedi.
O‘n uch yoshida Bobur o‘zi ham ichkilikdan hazar qilishini esladi-yu, o‘g‘lining javobini ma’qullab bosh irg‘adi.
— Xo‘sh, nelarni yaxshi ko‘rursen?
— Menmi? — deb Humoyun bir lahza o‘ylanib oldi. Uning yaxshi ko‘rgan narsalari ko‘p edi: — Safarda yu¬rishni, sayohatni yaxshi ko‘rurmen, yaxshi kitob bo‘lsa ertayu kech o‘qigim kelur...
«Bu jihatlari menga o‘xshabdir», dedi Bobur ichida va o‘g‘lining qamchi dastasini tutgan qo‘llariga qaradi. Humoyunning yuz-ko‘zi ham, qo‘llari ham Boburnikidan qoraroq edi. Balki janubda tug‘ilib o‘sa¬yotgani uchun shundaydir? Lekin panjasining shakli otasinikiga juda o‘xshash. Bobur o‘g‘lining bilagidan olib:
— Qani, kaftingni och, — dedi.
Humoyun qamchini taqimiga qistirdi-da, kaftini otasiga ochib ko‘rsatdi. Bobur uning kaftidagi chiziqlarga qaradi-da, keyin o‘z panjasini ochib, o‘g‘lining kaftiga kaftini yonma-yon tutdi. Katta va kichik har ikki kaftdagi ko‘ndalang chiziqlar bir-birining aynan takrori edi. Otasiga o‘xshashni juda-juda istaydigan Humoyun mamnun jilmaydi. Bobur chuqur tin oldi-da:
— Ilohim, men ko‘rgan balolarni sen ko‘rmagin! — dedi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:22:40

— Lekin men sizning barcha ishlaringizni o‘rgan¬moq¬chimen.
Boburning yaxshi-yomon ishlari xayolidan aralash-quralash bo‘lib o‘ta boshladi. Berahm muhit uni ham shafqatsiz bo‘lishga o‘rgatardi. Mana shu Kobul viloyatining o‘zida xirilchi qabilasiga mansub talay odamlar karvon yo‘llarida talonchilik qilganliklari uchun Bobur askarlari tomonidan ayovsiz o‘ldirilgan, hazora qabilasining o‘nlab jangovar yigitlari chopqin paytida qirib tashlangan edi... Bobur bu qonli lavhalarni umr kitobi bo‘lmish «Vaqoi’»ga birma-bir yozib borar edi. Ammo hali balog‘atga yetmagan va olamga bolalarcha musaffo bir ishonch bilan qarayotgan Humoyunni bunday shafqatsizliklardan mumkin qadar uzoq tutgisi kelardi.
— Sen hushyor bo‘l, — dedi Bobur, — mening havas qilib bo‘lmaydigan ishlarim ham bor!
— Qaysi ishlaringiz, hazratim?
— Qayg‘uli, fojiali ishlarim. Butun taqdirim...
— Buni bir g‘azalda ham aytmishsiz.
Humoyun yana yoddan otasining satrlarini ayta boshladi:

Har yong‘aki azm etsam, yonimda borur mehnat,
Har soriki yuzlansam, o‘trumg‘a kelur qayg‘u,
Yuz javru sitam ko‘rgan, ming mehnatu g‘am ko‘rgan,
Osoyishi kam ko‘rgan mendek yana bir bormu?

Qayd etilgan