Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404078 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 22:06:37

Ishonamenki, Hindol ham sizga tortgay. Egachingiz Xonzoda begimdan eshitganmen. Siz ham mana shu yoshda «urush-urush» o‘ynashni behad yaxshi ko‘rar ekansiz.
Bobur yana Hindolga yuzlandi:
— Men senga kitoblar sovg‘a qilsam o‘qurmisen?
— O‘qu... o‘qurmen! — deb Hindol tutilibroq javob berdi.
Bobur munshini chaqirib, Kobul kutubxonasidan Hindolga kerakli kitoblarni Mohim begimga keltirib berishni buyurdi. Shundan keyin savdarboshi ichki xo¬nadan bolaning bo‘y-bastiga moslab ishlangan oltin dastali Kamoni Shoshiy olib chiqdi. Chiroyli soqdoqda o‘n ikkita oltin bezakli yoy o‘qi ham bor edi. Bunday chiroyli o‘q-yoyni birinchi marta ko‘rayotgan bola nodir sovg‘ani qo‘liga olganda ko‘zlari quvonchdan yaltirab ketdi.
— Ana, tirandozliqni mashq qil, ammo kitob o‘qishni ham unutma! — deb tayinladi Bobur.
Hindol ta’zim bilan otasiga qulluq qilib, zinapoyadan pastga tushib ketdi. Oradan sal o‘tmay ayvonning ichki eshigidan ellik yoshlardagi enaga ayol kichkina Gulbadanni qo‘lidan yetaklab chiqdi. Bu istarasi issiq ayol — Tohirning xotini Robiya edi. Avvallari Qutlug‘ Nigor xonim xizmatida bo‘lgan Robiya hozir Mohim begim huzurida besh yashar Gulbadanga enagalik qilmoq¬da edi.
Bobur o‘z oilasiga yigirma to‘rt yillik qadrdon bo‘lgan Robiyaning ta’zim bilan bergan salomiga alik olib, u bilan iliq so‘rashdi. So‘ng qizchasi Gulbadanga yuzlandi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:07:29

Qo‘g‘irchoqday yasantirilgan jajji qizchaning qosh-ko‘zi beixtiyor Dildor og‘achani eslatdi. Gulbadanni ham o‘sha go‘zal juvon tuqqan edi. Mohim begim Hindolni onalarcha suyib parvarish qilayotganini yillar davomida kuzatib yurgan Dildor og‘acha bu ayolning tantiliga qoyil bo‘lgan va Gulbadanni unga o‘zi farzandlikka bergan edi. Bu ikki ayol endi kalondimog‘ Gulruh begimga qarshi go‘yo bolalar orqali ittifoq tuzgan edilar. Gulruh begim esa bir emas, ikki o‘g‘li bo‘y yetib kela¬yotganidan behad mag‘rurlanar, Komron mirzo va Askariylarni taxt vorisi Humoyunga qarshi raqobat tuyg‘usi bilan tarbiyalar edi. Shu sababli Bobur ham Gulruh begimdan ko‘p ranjir, lekin oradagi kundoshlik balosini butunlay daf qilish qo‘lidan kelmas edi.
Murg‘ak qizchasini ko‘rgan zahoti esiga tushgan bu murakkabliklar Gulbadanning egilib ta’zim qilishi va shirin «assalomi» bilan xayolidan uzoqlasha boshladi. Bobur qizchasini qo‘lida ko‘tarib olib, peshonasidan o‘pdi, so‘ng dasturxon oldiga kelib, uni tizzasiga olib o‘tirdi. Dasturxon to‘la noz-ne’matlarni, Odinapurdagi Bog‘i Vafoda o‘sgan chiroyli norinj*larni ko‘rsatib:
— Ne yeysan? — deb so‘radi.
Gulbadan odob bilan bosh chayqadi — u podshoh otasining oldida ovqat chaynab o‘tirishdan iymanar edi. Lekin dadasining zar qo‘shib to‘qilgan qimmatbaho abosidagi tugmalar uni juda qiziqtirib qo‘ydi. Bu tugmalardan birining yuz tomoniga kichkina qilib yo‘lbars shakli o‘yilgan. Yo‘lbarsning ko‘zlari o‘rniga zig‘irdan ham kichik yoqut donalari o‘rnatilgan. Ikkinchi oltin tugmaning yuzida afsonaviy bir qush qanotlarini yozib tumshug‘ida kichkina gavharni olib uchib boryapti. Umrida bunday g‘alati tugmalarni ko‘rmagan qizcha ularning bittasini qo‘lchasi bilan sekin ushlab ko‘rdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:08:06

— Senga tugmalar ma’qulmi? — deb so‘radi dadasi, Gulbadan «ha», deb jilmaydi. Bobur qizchasi ushlab ko‘rgan yuqorigi tugmani yulib olmoqchi bo‘lib bir tortdi. Lekin tugma juda mahkam tikilgan ekan, uzilmadi.
— Hazratim, ne qilmoqchisiz? — hayratlanib so‘radi Mohim begim. — Qo‘ying, tugmani uzmang, axir bu sizning shohona libosingiz!
— Hechqisi yo‘q. Zargarga buyursalar, yana bitta shundoq tugma yasab bergay.
Bobur kamariga osilgan qindan kichkina qalamtarosh oldi-yu, o‘sha tugmani ipidan qirqib olib, qizchasiga berdi:
— Lekin yo‘qotma. Bu qush — Humo. Ilohim senga baxt keltirsin.
Gulbadan quvonib va hayajonlanib:
— Rahmat, hazrati... oli... — dedi-yu, lekin jumla¬ning oxirini uncha kelishtirolmadi.
— Meni ota deya qol qizim.
Gulbadan onasi Mohim begimga savol nazari bilan qaradi. Mohim «ha, ayt!» degandek bosh irg‘adi. Shunda Gulbadan qo‘lchalari bilan otasining bo‘ynidan quchdi-da:
— Otajon! — deb uning yonog‘idan o‘pdi.
Bobur ko‘pdan beri his qilmagan bolalarcha bir poklik va ma’sumlik borlig‘iga go‘yo nur bo‘lib taraldi.
— Guli, — dedi Mohim begim, — endi hazrat otangga bitta hikoya aytib bergin.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:08:44

Gulbadan sekin otasining tizzasidan pastga tushdida, xuddi muallimga javob berayotgan talabadek tik turib, toshbaqa va chayon haqidagi mashhur hikoyatni aytib berdi. Xususan, toshbaqa chayonga yaxshilik qilib, uni daryodan o‘tkazib qo‘ymoqchi bo‘lganda, chayon unga zahar solishga tirishganini, so‘ng bu yomonligi uchun daryoga cho‘kib o‘lganini shunday kelishtirib aytdiki, Bobur zavq qilib kuldi-da:
— Siz so‘zlab berganmidingiz? — deb Mohimdan so‘radi.
— Yo‘q, o‘zi «To‘tinoma»ni bemalol fahmlab o‘qidi. Besh yoshga yetmay savod chiqargan qizchani men bi¬rinchi ko‘rishim.
— Gulbadanga ko‘z tegmasin, zehnu muhofazasi benazir.
— Sa’diyning «Guliston»idan xiyla hikoyatlarni yod bilur. Ash’orga uncha o‘ch emas. Ammo nasriy hikoya xotirasiga so‘zma-so‘z naqshlanib qolur. Bog‘da, ko‘chada ko‘rganlarini ham kelishtirib hikoya qilur. Men o‘zimcha orzu qilurmenki, Gulbadan shoira bo‘lmasa ham hazrat otalarining nasrnavisligini meros olsa ne ajab?
— O, nasr yozmoq uchun qanchalik ko‘p savdolarni boshdan kechirmoq kerak, Mohim!
Gulbadan ota-onasining gaplariga yaxshi tushunayotganday sergaklanib quloq solmoqda edi. Uning katta-katta shahlo ko‘zlarida qandaydir umid, ayni vaqtda, xavotirlik borga o‘xshardi. Go‘yo uning otasidan kutgan umidlari puchga chiqsa ko‘ngli qattiq ozorlanishini sezib xavotirlanayotgandek ko‘rinardi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:09:49

— Zukko qizim, hazrat onang sendagi ajib bir qobiliyatni yaxshi payqabdir. Agar Gulining nasrga ishqi zo‘r bo‘lsa, — deb Bobur Mohim begimga qarab davom etdi, — «Voqoi’»ning osonroq boblaridan beray, xattot qizchamizga bir nusxa ko‘chirib bersin.
— Men ham sizdan shuni iltimos qilmoqchi edim. Guli turkiy tilni hazrat otalarining kitoblaridan o‘rgangani yaxshi. Men, ojizangiz, orzumandmenki, faqat Humoyundek o‘g‘illaringiz emas, Gulbadandek qizlaringiz ham tarixda sizga munosib nom qoldirsalar*.
Bu so‘zlarning samimiyligini butun vujudi bilan sezgan Bobur noxosdan to‘lqinlanib ketdi. Mohim begim kundoshi Dildor og‘achaning bir emas, ikki farzandini shunchalik mehr bilan tarbiyalashi va ularning kelajagiga shu darajada jon kuydirishi uchun qancha katta bardosh, tantilik, bag‘ri kenglik kerak bo‘lganikin? Bobur yoshi qirqdan oshgan sari kelajak avlod haqida ko‘p o‘ylar, farzandlar, ayniqsa, shu yoshda odamning ha¬yotida hal qiluvchi kuchlardan biriga aylanishini sezardi. Shu sababdan ham Mohim begimning birgina Humoyunni emas, mana, Hindol bilan Gulbadanni ham otalariga sadoqatli va mehr-oqibatli farzandlar qilib tarbiyalayotgani xotin kishining o‘z eriga qilishi mumkin bo‘lgan eng ulug‘ yaxshiligi ekanini hozir butun borlig‘i bilan his qildi. Bobur podshohlik udumiga yon berib, Mohim begimning ustiga yana ikki xotin olgan bo‘lsa ham Mohim buni bag‘rikenglik bilan kechirgani, yana o‘zini unga shunchalik fido qilayotgani — tengsiz bir muhabbat va sadoqatning nishonalari emasmi?
Bobur tez o‘rnidan turib, ko‘rpachada o‘ltirgan Mohim begimning ustiga engashdi-yu, sochidan, peshonasidan, yuzidan o‘pa boshladi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:10:10

— Mohim, siz mening benazir malagimsiz! — deb ehtiros bilan shivirladi: — Men shoh bo‘lsam ham ulug‘ qalbingiz o‘trusida qulmen!
Mohim ham tez o‘rnidan ko‘tarildi. Gulbadan ota-onalariga iymanib qarab turganini ko‘rdi-yu, atrofga olazarak bo‘lib ko‘z tashladi.
Robiya ularni xoli qoldirib ichkariga kirib ketgan. Savdarboshilar ham yo‘q. Bobur Mohim begimning ko‘zlaridan ham o‘pib:
— Buyuring, — dedi, — neki istasangiz men bajo keltiray!
Mohim begim uyalib shivirladi:
— Gulbadanga javob beraylik...
Bobur yana savdarboshini chaqirdi va Gulbadanga Hindistondan keltirilgan to‘tiqushlarni hadya qilishni buyurdi.
Chiroyli oltin qafaslarga solingan to‘tiqushlarning kamalakday tovlangan patlari Gulbadanning e’tiborini o‘ziga tortdi. To‘tiqushlar so‘zlashni bilar edi, kattarog‘i shang‘i tovush bilan:
— Assalom, begim! — dedi.
Gulbadan bundan zavq qilib bolalarcha soddalik bilan:
— Assalom, to‘ti! — dedi.
Shunda hammalari beixtiyor kulib yubordilar. Gulbadan dadasining oldiga chopib keldi, bu ajoyib sov¬g‘asi uchun uning qo‘lini o‘pdi. Bu orada ichkaridan chiqqan Robiya qizchani sekin qo‘lidan oldi-da, to‘tiqush solingan qafas bilan birga zinapoyadan pastga olib tushib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:10:37

Bobur va Mohim begim ikkovlari ichkari xonaga yo‘naldilar. Katta tanobiy uyning to‘ridagi shahnishinga eroniy gilamlar va zarbof ko‘rpachalar to‘shalgan edi. Bobur Mohim begimning xipcha belidan quchib, o‘sha tomonga boshlab borar ekan:
— Hali ham kelinchaklik paytlaringizdagidek sarv-qomatsiz, Mohim, — dedi.
— Chunki siz men uchun hamon yigirma yoshlik yigitsiz!
Mohim begim shunday deb, ichki uyning ochiq eshigidan ko‘rinib turgan shohona to‘shaklariga olovli bir nigoh tashlab oldi. Bugungi ehtirosli tun, ikkovlari xuddi alanga tillaridek goh butun borliqlari birlashib, goh yana ajrashib, so‘ng qaytadan olov mavjida birlashib, ikki tan bir vujudga aylangan paytlari xayoliga titroq solib o‘tdi. O‘sha daqiqalarda Mohim erining qulog‘iga: «Siz mening ko‘z ochib ko‘rgan yagona yorimsiz, sochingizdan-tirnog‘ingizgacha butun borlig‘ingiz menga jonimdan ham aziz, endi sizni boshqa hech kimga bermasmen!» deb shivirlagan edi. Boburning hozir uni o‘pib: «Men shoh bo‘lsam ham sizning ulug‘ qalbingiz o‘trusida qulmen!» degani Mohimning o‘sha tungi so‘zlariga javobdek eshitildi. Bu so‘zlar va o‘pichlar Mohim begimning borlig‘ini shunday yayratib yubordiki, yoshi o‘ttiz yettiga borgan bo‘lsa ham hozir yigirma yoshli juvondek husni jamoli ochilib, ko‘zlaridan o‘t chaqnab, sho‘x ohangda so‘radi:
— Men hozir neki tilasam bajo keltirurmisiz?
Bobur Mohimning yangi bir ko‘shk qurib berishini yoki katta xarajatlar uchun xazinadan qo‘shimcha oltin so‘rashini kutgan edi. Uning bunaqa istaklarini so‘zsiz bajargisi kelib turgan Bobur:
— Sizdan molu jonni ayamasmen, buyuring! — dedi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:11:02

Mohim bir lahza taraddudlanib turdi-yu, past va jiddiy tovush bilan dedi:
— Sizdan molu jon emas, farzandimiz Humoyunni... Kobulga qaytarishingizni iltimos qilmoqchimen.
Bobur ham endi jiddiylashib:
— Nechuk? — dedi. — Butunlay Kobulga qaytsinmi?
— Ha, sizdan o‘tinamen!
— Mohim, Humoyun yonimizda bo‘lishiga men ham tashnamen. Biroq shimoliy chegaralarimizni Humo¬yundek ishonchli odam qo‘riqlab turmasa, shayboniyzodalarni o‘zingiz bilursiz...
— Bilganim uchun tunu kun xavotirdamen. Ikki yildan beri Humoyun Badaxshonda. Men uni shunchalik sog‘inamenki, turgan xonalariga kirsam, o‘qilgan kitob¬larini varaqlasam, ko‘zimga yosh kelur.
— Mohim, siz bilursizki, tojdorlaru valiahdlarga ona bo‘lishning mashaqqati behisob... Shukr qiling, mening rahmatlik onam tortgan azoblarni xudo sizning boshin-gizga solgan emas. Humoyun mirzoning ishlari juda taraqqiyda. Badaxshonlik sodiq yigitlardan to‘rt-besh mingi uni asrab-avaylab yururlar. Shayboniyzodalar ham biz bilan murosa qilishga majbur, chunki hozir ular ichki nizolarni tinchitolmay, o‘zlari bilan o‘zlari ovora.
— Undoq bo‘lsa, Badaxshonga endi Komron mirzoni yubora qoling. Axir u kishi ham o‘n oltiga kirdilar. Gulruh begim doim o‘g‘illarining er yetganidan faxrlanib gapirurlar.
Bobur xotinlarining orasidagi raqobatni juda yomon ko‘radi. Chunki kundoshlik raqobati bolalarga ta’sir qilsa, ular bora-bora bir-birlariga dushman bo‘lib qolishlari mumkinligini bilardi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:11:38

— Siz Gulruh begimning gapiga e’tibor bermang degan edim-ku, Mohim!
— E’tibor bermay ilojim yo‘q, hazratim! Chunki Gulruh begimning ikki o‘g‘li ham yonlarida. Men bo‘lsam uzoqdagi Humoyunni sog‘inib qon yuturmen!
— Obbo!.. Mayli, men sizning tilagingizni bajo keltiramen, deb so‘z berdim. So‘zimda turmog‘im kerak. Humoyunni juda sog‘ingan bo‘lsangiz, ikki-uch haftadan so‘ng uni albatta ko‘rursiz.
— Qayerda ko‘rurmen? — ovozi titrab so‘radi Mo¬him.— Kobuldami?
Bobur ovozini pasaytirib:
— Odinapurda, — dedi.
Odinapur Hindiston chegarasiga yaqin joyda edi, Mohim begim Boburning o‘sha joyda qo‘shin to‘playotganini eshitgan edi. Aftidan, Humoyunning Kobulga kelib yurmasdan, bor qo‘shini bilan Badaxshondan to‘g‘ri Odinapurga o‘tib borishi harbiy maqsadlarga muvofiqroq kelar edi.
Mohim begim endi xavotirli ovoz bilan so‘radi:
— Hazratim Humoyunni ham Hind yurishiga olib bormoqchilarmi?
Sir saqlanayotgan mavzuda gap ochilgani uchun Bobur atrofga ko‘z tashlab, bir lahza jim quloq soldi. Ayvonda ham, ichki uylarda ham ikkovlaridan boshqa odam yo‘q edi.
— Siz bilursiz, men Movarounnahrdan umidimni uzganimdan  beri  yorug‘  bir istiqbolni Hindiston tomondan izlamoqdamen. O‘n yildan beri bir necha qayta ishonchli odamlarimni Hindga elchilikka yubordim.
— O‘zingiz ham Hindga to‘rt qayta borib keldingiz-ku.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:12:28

— Lekin to‘rt martasida ham Dehliga yetolmadim. Laxo‘r atroflaridan qaytdim.
— Hindda vatanlarini jon-jahd bilan himoya qiladigan botir yigitlar ko‘p ekan-da.
— Ha, xususan, rajput yigitlari jasur qilichboz kelurlar.
— Ular jangda nechog‘lik beomon ekanini biz ham eshitdik. Shuning uchun har gal Hind yurishiga ketganingizda xavotirlik olovida qovrilib, tunlarni uyqusiz o‘tkazurmen. Har ikki tomondan qancha begunoh odamlar jang qilib halok bo‘lgani xayolimdan nari ketmaydi. Hatto Bajur qo‘rg‘onida o‘ldirilgan uch ming yog‘iyning boshidan kalla-minora yasatibsizlar!
— Siyosat uchun... zarur bo‘ldi.
— Ammo bunday siyosat sizdek siymo uchun ma’zur emas, hazratim! Shakkokligim uchun meni kechiring! Hind yurishi endi bas!
— Yo‘q, bas qilolmasmen. Hindiston rojalari menga elchi yubormishlar. Ular Ibrohim Lodining* zulmidan bezor emishlar. Mamlakatlari vayron, uluslari parokanda, o‘zaro urushlardan hamma bezgan. «Hind¬¬da  qudratli davlat tuzib, qadimiy madaniyatni tiklamoq uchun bizga sizdek ma’rifatli tojdor kerak» deb, panjoblik Davlatxon o‘z o‘g‘li Dilovarxonni bizga vakil qilib yuboribdir.
Mohim begim Boburning Davlatxon bilan ittifoq tuzganini bilar edi. Boburni Ibrohim Lodi zulmiga qarshi chorlayotganlar orasida hindistonlik mashhur roja Sangram Sinx ham bor edi. Bundan uch kun oldin Bobur shu rojaning elchisini qabul qilgan, lekin unga nima javob berganini hali ko‘pchilik bilmas edi. Mohim eriga mayin tikilib:
— Bir savolga ijozat bering, — dedi.

Qayd etilgan