Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 403775 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 22:14:51

— Marhamat.
— Rano Sinx bilan ham ittifoq tuzdingizmi?
Bobur tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi.
— Men Hindga borsam, uni talab kelish uchun emas, balki umr bo‘yi intilib yetisholmayotgan orzularimni o‘sha yerda ro‘yobga chiqarish uchun bormoqchimen! Hozir shu maqsadga yetishish uchun qulay fursat keldi.
— Biroq bu maqsadingiz yo‘lida dahshatli bir choh— qonli urush bor!
— Biz bu chohdan ot sakratib o‘tmog‘imiz mumkin.
— Hazratim, siz ot sakratib o‘tganingizda ham, bu chohga ming-ming bevayu sag‘iralarning ko‘z yoshlari to‘kilgay! Begona yurtning onalariyu bevalari siz bilan urushda o‘lgan farzandlariyu erlarining o‘limini kechirarmikinlar?
— O‘shal onalaru bevalarning farzandlariyu erlari parokanda yurtning ichki urushlarida ozmuncha halok bo‘lmoqdami? Ibrohim Lodi goh Panjob bilan, goh Gvalior bilan, goh Bangola bilan jang qilur. Narigilar ham bir-birlari bilan taxt talashib urushurlar. Har yili qirq-ellik ming navkar bu o‘zaro urushlarda behuda halok bo‘lmoqda. Mamlakat bizning Movarounnahrdek xarob. Bu to‘polonlardan bezgan hind beklari qochib kelib mendan panoh topdilar. Shulardan biri Hindubek besh yildan beri mening nufuzli amirlarim qatorida yurganini bilursiz. Ular ham meni Hind sari chorlaydirlar, mamlakatni obod qilishni, ilmu ma’rifatni yuksaltirishni o‘ylaydilar.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:16:15

— Agar bunday ma’rifatli podshoh o‘z yurtlaridan chiqsa edi, ulug‘ davlat tuzish yo‘lida noiloj to‘kiladigan qonlar osonroq unutilmog‘i mumkin edi. Ammo boshqa yurtdan borgan fotihlarning to‘kkan qonlari fotihlik qilichidan yetgan dil yaralari asrlar davomida unut bo‘lmag‘ay, tuzalmag‘ay! Men ana shundan xavotirdamen, hazratim!
Mohimning so‘nggi so‘zlari Boburning dilidagi eng og‘riydigan yarani tirnaganday bo‘ldi. U ozorlanib o‘rnidan turdi:
— Taqdir qilichi bizning dilimizni ozmuncha yara¬ladimi? Qani bu yaralarning unut bo‘lgani? Qani tuzalgani?!
Bobur kaftini kaftiga qahr bilan urib, savdarboshini chaqirdi:
— Men boya ayvonda chog‘ir keltirishni buyurgan edim! Nechun keltirmadi?
Uning avzoyi keskin o‘zgarganini, hozir savdarboshi kirsa biron jazo olishi mumkinligini Mohim begim sezdiyu tez o‘rnidan turdi.
— Hazratim, chog‘ir ichgingiz kelsa, marhamat, men saqlab qo‘ymishmen, — deb ipak parda bilan to‘silgan tokchadan oltin ko‘zacha to‘la may va ikkita nafis chinni piyola oldi. Boshqa tokchada guldor dasturxon bilan bir lagan norinj turgan edi. Dasturxonni apil-tapil shahnishinga yozib, norinjni unga qo‘ydi-da, Boburni taklif qildi. Ko‘zachadan chinni piyolaga xushbo‘y mayni quyar ekan:
— Ijozat bersangiz, men hozir soqiylik qilsam!— dedi.
Bobur o‘tirar ekan, ijozat ma’nosida bosh irg‘adi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:17:14

Mohim piyolaga yarmidan oshiribroq may quydi-yu, chap qo‘li ko‘ksida, o‘ng qo‘li bilan Boburga uzatdi:
— Oling, hazratim, sizga uzoq umr, baxtu saodat yor bo‘lg‘ay!
Piyoladagi tiniq xushbo‘y ichimlik Mohimning qo‘li bilan birga xiyol titrab turibdi. Bobur piyolani olar ekan, xotini iliq bir gap kutayotganini sezdi. Lekin hozir uning qalbida qandaydir sovuq izg‘irin xuruj qilmoqda edi. Harbiy va siyosiy ishlarning qorbo‘roni xayollarini chirmab, goh hazora qabilalari bilan bo‘lgan qonli to‘qnashuvlarga olib ketar, goh Panjobga bog‘liq chigal muammolar, goh karvon yo‘llarida talonchilik qilgan qaroqchilarni jazolash tashvishlari esiga tushar, goh og‘ir zambaraklarni sinovdan o‘tkazish paytida ularning yo‘g‘on mis quvuri yorilib ketgani va to‘pchilardan besh kishi o‘sha joyda halok bo‘lgani ko‘z oldiga kelar edi. U sovuq izg‘irin changalidan chiqib ketishga va avvalgi iliq ruhiy holatiga qaytishga intilib, dardli tovush bilan dedi:
— Mohim, uzoq umru baxtli hayot men uchun ushalmaydigan orzu bo‘lsa kerak.
— Nechun? Agar tangrim nasib qilsa, ushalishi hech gap emas. Ilohim nasib qilsin!
— Aytganingiz kelsin...
Bobur mayni sipqordi-yu, piyolani Mohim begimga qaytarib berdi. Norinjdan bittasining po‘chog‘ini qo‘li bilan archib, yarim pallasini yedi. So‘ng Mohim begimga «Yana quying!» ishorasini qildi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:18:06

Ikkinchi piyoladan keyin vujudiga mayin bir iliqlik taraldi, boyagi sovuq izg‘irin xayolidan uzoqlashganday bo‘ldi-yu, Mohimga ko‘nglini ochib gapirgisi keldi.
— Bu amirlar, elchilar, ittifoqdoshlaru yog‘iylar, yana yuz xil davlat ishlari qalbimni yuz bo‘lak qilib, yuz tomonga tortadir, Mohim! Goho mening ko‘nglim ham parchalanib ketgan, o‘zaro urushlarda azob tortayotgan mamlakat kabi alg‘ov-dalg‘ov bo‘ladir! Hayotimda go‘yo shunday bir qutb borki, unga barcha amirlaru elchilar, chopqinlaru urushlar to‘planmishdir. Bu qutbda men sovuqqonlikka o‘rganmishmen, chunki siyosat bobida odamlarga xuddi shatranj taxtasi ustidagi piyodayu sipohiylarga qilgan shafqatsiz muomalani qilmasang, ularni aqlu farosat, hisobu kitob bilan idora etmasang, murodga yetolmassen. Ammo bu shafqatsiz siyosatning sovuq izg‘irinidan o‘zim to‘ng‘ib keturmen. So‘ng may ichib, isingim kelur. Bu sovuq qutbda she’r yozishga ham hafsalam qolmas!
— O‘shal noxush qutb o‘trusida boshqa iliq makoningiz yo‘qmi, hazratim?
— Bugun... mana hozir yana bir marta payqadimkim... men uchun olamda eng iliq qutb — Siz, Humoyun, Gulbadan... Sizlar bilan bo‘lganda tuyg‘ularim jo‘shib, ijod qilgim kelur.
— Undoq bo‘lsa, doim biz bilan birga bo‘ling! Bundan biz ham behad baxtiyor bo‘lurmiz!
— Qani edi!.. Ammo buning uchun men davlat ishlaridan butunlay voz kechmog‘im kerak.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:18:43

— Butunlay voz kechishingizga hojat yo‘q, hazratim. Axir siz Kobulda katta davlat barpo etdingiz. Qunduzdan Qandahorgacha, Badaxshondan Sind daryosigacha bo‘lgan parokanda o‘lkalarni bir markaz atrofiga birlashtirdingiz. Kobul o‘z tarixida birinchi marta shunday ulkan mamlakatning poytaxtiga aylandi. Bu yerda siz yangi ko‘shklar qurdirdingiz, yangi bog‘lar barpo etdingiz, yangi ariqlar qazdirib, ko‘p joylarni obod qildingiz. Shu hammasi siz uchun aziz emasmi?
— Noshukrlik bo‘lmasin, men Kobulda ko‘p mas’ud kunlarni ko‘rdim. Biroq katta orzularimni ro‘yobga chiqarishga hamon ojizmen. Shu menga tinchlik bermaydir. Kobul atrofidagi ko‘p joylar hali qalamiy emas, sayfiy*. Ana, G‘aznida necha asrdan beri buzilib yotgan ulug‘ band* bor. Mahmud G‘aznaviy bandi derlar. Agar shu band tiklansa, cho‘l bo‘lib qolgan katta bir vodiy yana yashnab ketgay. Men shu bandni tuzattir¬moq¬chi bo‘ldim. Lekin sarfini hisoblab ko‘rsam, xazinam yetmas ekan... Bu ahvolda men Kamoliddin Behzoddek ulug‘ iste’dodlarni qaysi davlatimga taklif etamen? Behzodni Shoh Ismoil Tabrizga olib ketmishdir. Chunki hozir shoh mendan qudratliroq. Qanchadan-qancha ilmu hunar ahli, me’morlaru mu¬handislar bor, agar chorlasam, ko‘plari kelurlar. Lekin... Kobulga o‘zi kelgan me’mor mavlono Faz¬liddinga munosib ish topib berganim yo‘g‘u boshqalarni qandoq chorlay?
Mohim begim Boburning Hindistonga intilishiga naqadar ko‘p va murakkab sabablar borligini sezib:
— Xorazmlik vatandoshingiz Beruniy ham Hindis-tonga borgan — dedi. — Hazratim, siz uning «Hindis-ton» otliq kitobini qanday o‘qiganingiz esingizdami?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:18:57

Bobur G‘aznidan topib kelingan bu kitobning eski arab tilidagi nusxasini qiynalib o‘qigan bo‘lsa ham mazmunini juda yoqtirgan edi.
— Ha, Hind hayotini Beruniychalik teran tahlil etgan olim kam bo‘lsa kerak. Beruniy ham mening Hindni ko‘rish ishtiyoqimni oshirdi.
— Bilamen. Hindda sizni ohanraboday o‘ziga tortgan yana bir siymo Xisrav Dehlaviydir.
— So‘zingiz chin, Mohim. Men Dehlaviyning ko‘p ash’orlarini «Muxtasar» kitobimda keltirmishmen. Dehlaviyning otasi amir Mahmud Qarshi bilan Shahrisabz oralig‘ida yashagan lochin ismli turkiy qabiladan edi. Men buni yaqinda bildim. Lochin qabilasi Chingizxon istilosidan qochib, Hindga borib qolgan ekan. Xisrav Dehlaviy Davlatnoz ismli hind muslimasidan tug‘ilmishdir.
— Hazratim, — dedi Mohim Boburga muloyim ti¬kilib, — siz ham shoirsiz, ham olimsiz. Men orzu qilardimki, barcha el-uluslar sizni ham Beruniydek, Dehlaviydek faqat yaxshi so‘zlar bilan tilga olsalar.
Bobur Mohim begimning botinib aytolmagan so‘zla¬rini tushundi-yu, yuzi tundlashdi. Xayolida yana o‘sha sovuq izg‘irin qo‘zg‘aldi.
— Siz mening podshoh ham ekanimni nechun eslatmoqchi emassiz?
— Chunki men sizni ijodingiz olovi yongan iliq qutbda muqim turishga chorlamoqchimen!
— Men ijod qutbida umrbod qolmoqchi bo‘lib, Dahkatda, Osmon Yaylovda yalangoyoq yurganimda nechun uchramadingiz? Endi kech!.. Podshohni barcha el-uluslar faqat yaxshi so‘zlar bilan tilga olishi — ushalmaydigan bir orzu. Men odamlarning maqtoviga ham, ta’nayu malomatiga ham rosa to‘yganmen!

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:19:13

Bobur yaqinda yozgan bir g‘azalidan ikki satrini jo‘n so‘zga o‘xshatib ohangsiz, aytdi:
— Ulusning ta’nu ta’rifi* menga, Bobur, barobardur, bu olamda o‘zimni chun yomon-yaxshidan o‘tkardim.
— Rost, bizning hech birimiz dunyoning achchiq-chuchugini sizchalik ko‘p tatib ko‘rgan emasmiz... Olamning berahm dag‘al jabru jafolarini bunchalik ko‘p ko‘ra turib shu qadar nafis she’rlar bitishingiz, shunchalik nazokatli ohangda kuylashingiz meni doim bir mo‘’jizadek hayratga solur. Hazratim, siz ulug‘ shoirlar davrasidan joy olmog‘ingiz kerak. Men goho qo‘rqamenki, jahongirlik, fotihlik sizning shoirligingizga soya tashlab qo‘ymasmikin?
— Hind yurishidan voz keching, demoqchimisiz?!
Mohim begim Boburni bu niyatidan qaytarolmasligini endi aniq sezdi.
— Hazratim, hech bo‘lmasa Humoyunni Kobulda qoldiring! Axir siz Hindga ketsangiz, kimdir Kobulni boshqarishi zarur-ku!
— Men yo‘g‘imda Kobulni siz idora etgaysiz, begim!
— Nahot! Axir men ayol kishimen! Shariatga binoan xotinning mavqeidan o‘g‘illarning mavqei balandroq bo‘lur. Kobulda o‘g‘illaringiz mirzo Komron bilan mirzo Askariy borlar.
Bobur bu muammoni birpasda sovuqqonlik bilan hal qildi:
— Mirzo Komronga Qandahorni bergaymen. Askariy ikkalasi shu hafta Qandahorga keturlar.
Qandahor bu yerdan otda bir haftalik yo‘l. O‘g‘illari ketsa, Gulruh begimning hovuri pasayib qolishi aniq.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:19:52

— Kobul mening xos shahrim, — deb davom etdi Bobur. — Uni hargiz o‘g‘illarga bermasmen, faqat sizga topshirib ketgaymen! Qosimbek qavchin xizmatingizda bo‘lur. Barcha haram ahli men yo‘g‘imda sizga bo‘ysung‘usidir!
Kutilmagan bu inoyatdan Mohim begim endi hayajonga tushdi. Podshoh o‘z xotiniga bunchalik katta ishonch bildirishi juda kam uchraydigan hodisa edi. Ayniqsa, butun haram, hatto Gulruh begim ham Bobur yo‘g‘ida Mohim begimga bo‘ysunishi, bunga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan mirzo Komron va mirzo Askariylarning Qandahorga jo‘natilishi Mohim begimni qiynab yurgan ishkal tugunni birdan yechib yuborgandek yengillik berdi:
— Hazratim, inoyatingizdan boshim ko‘kka yetdi! Ammo bilursizki, ojizangiz hokimlikka tashna emasmen.
— Kimki hokimlikka tashna bo‘lmasa, men o‘shal zotga ko‘proq ishonib hokimiyat bergaymen. Barcha tashqi ishlarga Qosimbek mutasaddi bo‘lg‘ay. Hindol yoningizda. Siz uning nomidan ham amru farmon bersangiz, shariatga mos kelur.
Mohim begimning boyagi iztirobli o‘ylari bir lahzaga bo‘lsa ham xayolidan uzoqlashdi. Boburning katta ishonchi qalbiga shunchalik yoqib tushgani begimning o‘zini ham xiyol taajjublantirdi. Qandahorga hokim bo‘lish Komron mirzoga ham yoqib tushishini o‘yladi. Bobur ikki tomonni ham tinchitadigan nozik bir siyosat yurgizayotganini begim endi sezdi. Odamlardagi ichki manfaat tuyg‘usini bexato topib, shu tuyg‘uga suyangan holda ularni mohirona boshqara bilish katta bir san’at ekani, Bobur yillar davomida mana shu san’atni qanchalik yaxshi egallaganini begim hozir juda yaqindan ko‘rdi va go‘yo o‘z tajribasidan o‘tkazdi. Komron mirzoni Qandahorga jo‘natish, Mohim begimga Kobul ixtiyorini berish boshqa ko‘p amiru beklarning ko‘ng¬lidagini topib, o‘rinlarini almashtirish — bu hammasi shatranj donalarini ularga juda mos keladigan bir mahorat bilan surish va o‘rinlarini almashtirishga o‘xshab ketardi. Shunday bo‘lsa ham Bobur Mohim begimning ko‘nglidagi eng nozik dardni payqab, uni kundoshi Gulruh begimning qo‘li yetmaydigan yuksak martabaga munosib ko‘rgani behad yoqimli edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:19:53

— Hazratim, sizning ulug‘ ishonchingiz mening ta¬nimga yangi bir jon ato qildi! Biroq... ne qilayki, men dunyodagi barcha ne’matlardan, hatto o‘z jonimdan ham siz bilan Humoyunni ortiq ko‘rurmen. Siz hozir rahnamolik san’atida benazirsiz. Shunday bo‘lsa ham fotihlarning g‘animi ko‘p bo‘lur. Hindda beadad el. Beadad yog‘iy. O‘ylasam vahmim kelur!
— Jang xatarsiz bo‘lmas. Siz muncha iztirobga tushmoqdasiz, Mohim? Sizga ne bo‘ldi?
— Men Humoyun uchun ham iztirob chekmoqdamen... Hech bo‘lmasa Humoyun Kobulda qolsin, sizdan o‘tinamen, hazratim!
Bobur Mohim begimga endi ozorlanib ko‘z tashladi: nahotki u «erim xatarli jangda o‘lsa ham o‘g‘lim yonimda tirik qolsin» demoqchi?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:20:11

— Humoyun taxt vorisi, — dedi Bobur ranjigan tovush bilan. — Shuning uchun qo‘shinda men bilan birga borishi shart... Eskidan odat shundayligini nechun unutdingiz?
Bu odatning ma’nosi shu ediki, agar uzoq yurtdagi jangda podshoh halok bo‘lsa, taxt vo-risi darhol qo‘shinga bosh bo‘lishi kerak edi, aks holda, qo‘shin boshqa da’vogarlar tomoniga o‘tib ketishi mumkin edi. Bobur bu odatni eslatish bilan «men agar olamdan o‘tsam, o‘rnimga Humoyun qolishini istab, uni birga olib ketmoqchiman», demoqchi edi.
Mohim begim Boburning gapidagi bu ma’noni fahm-ladi-yu, iztirobi battar oshdi. Nazarida, Bobur Hindistondan umrbod qaytib kelolmaydiganday, oldindagi yurish «borsa kelmas» yurish bo‘ladiganday tuyuldi. Mohim begimning yuragi ezilib, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi.
— E xudoyim! Dunyo nechun bunday beomon yaratilgan? Qachon bexatar kunlarga yetgaymiz?
Bobur jim edi.

_______________
* O d i n a p u r — Afg‘onistonning janubidagi shahar, hozirgi Jalolobod. Norinj— apelsin.
* Oldinroqqa ketib aytish mumkinki, Mohim begim Gulbadanni chindan ham Bobur nasri ruhida tarbiyaladi. Gulbadan begim voyaga yetganda «Boburnoma»ning eng yaxshi fazilatlaridan ibrat olib, o‘zining mashhur «Humoyunnoma» asarini yozdi. O‘sha zamonlarda ayollarni kamsituvchi diniy aqidalarga qarshi borib yozilgan «Humoyunnoma» tariximizning nodir madaniy obidalaridan biriga aylandi.
* I b r o h i m  L o d i — afg‘on qabilalaridan chiqqan podsho.
* Q a l a m i y — amri farmon bilan soliq to‘laydigan qalamrav yerlar. Sayfiy— hali bo‘ysunmagan, qilich kuchi bilan soliq to‘laydigan yerlar.
* B a n d — suv omborining to‘g‘oni.
* T a ’ n u  t a ’ r i f — ta’nasiyu maqtovi.

Qayd etilgan