Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404009 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 23:20:23

LAXO‘R. PANIPAT. DEHLI
YANGI QIRG‘OQLAR

1


Qo‘shin ilgarilagan sari o‘rmon qalinlashib borar edi. Chinorday baland ban’yan daraxtlarining ochiq ildizlari shoxlaridan pastga osilib tushib, yerga kirib ketgan. Yo‘g‘on chirmovuqlar daraxtdan daraxtga o‘tib, hammayoqni o‘rab-chirmab tashlagan. Oyoq tagida o‘siq butalar. Havo dim va rutubatli.
Ot ustida kelayotgan Bobur yengil shohi ko‘ylak kiygan bo‘lsa ham terlab-pishib ketgan. U ban’yanlarning shamoldan shovullayotgan baland shoxlariga termilib qaraydi. Tepada esib turgan shamol changalzor o‘rmon ichida borayotganlarga shabadasini ham tekkizolmaydi.
O‘rmondan maymunlarning sho‘x qiy-chuvlari eshitilib turadi. Goho tovuslarning «qo‘-o‘-o‘v» deb keskin va noxush ovoz bilan qichqirgani quloqqa chalinadi.
Bir payt o‘rmon ichida tuya yetaklab piyoda ketayotgan navkarlardan allaqaysisining jon achchig‘i bilan chinqirgani eshitildi. So‘ng safdan-safga:
— Ilon chaqibdi!
— Ko‘zoynakli ilon! — degan shivir-shivir tarqaldi.
To‘p ortilgan aravalar tomondan oti loyga botgan usta Aliqul tashvishlanib chiqib keldi-yu, Boburga arz qildi:
— Podsho hazratlari, og‘ir to‘plarni bu changalzor o‘rmondan o‘tkazib bo‘lmas! Oyoq tagi loy! To‘p ortilgan aravalar hammasi tiqilib qoldi!

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:20:48

Bobur orqaroqda kelayotgan Tohirga o‘girilib qaradi:
— Rahnamoni chorlang, bek!
Yo‘l boshlovchi La’l Chand oldinda fil minib bormoqda edi. Tohir uni chaqirib kelganda Bobur mingan saman ot fildan hurkib asabiy pishqirdi. La’l Chand fili¬ni to‘xtatib, uning qulog‘iga bir nima degan edi, fil xartumini yuqoriga cho‘zib, pastga tushirib qo‘ydi.
La’l Chand kaftlarini bir-biriga qo‘yib, ko‘zi aralash peshonasiga tekkizdi-da, Bobur-ga ta’zim qildi. Bobur unga forscha gapirdi:
— Bu yo‘l bizga to‘g‘ri kelmadi. Boshqa yo‘l topish kerak.
— Hazrat oliylari, boshqa yo‘llarni suv bosgan. Bu yer Panjob. Beshta daryomiz bor. Hammasi toshgan.
— Panjobda aravalar o‘tadigan yo‘l ko‘p deb eshitganmiz. Bu yo‘lda aravalar tiqilib, yurolmay qoldi. Biz adashdikmi?
— Adashganimiz yo‘q, hazratim. Aravalar qaerda tiqildi?.. Ruxsat bering, fil bilan chiqaray. Bugun yursak, ertaga yaxshi yo‘llarga chiqamiz. Laxo‘r yaqin.
— Filni boshlab boring, aravalarni chiqarib bersin, — dedi Bobur usta Aliqulga. Kichkina jussali ozg‘in La’l Chand tog‘day baland qora filga yana uning xartumi yordamida mindi. So‘ng filning supraday katta quloqla¬riga tizzalari bilan niqtab, qo‘lidagi uchi qayrilgan temir xilla — kajak yordamida uni o‘ngu so‘lga yo‘naltirib, to‘p ortilgan aravalarga qarab ketdi.
Tuyalar tortolmay qolgan aravalarni fil birpasda balchiqdan chiqarib berdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:20:56

Aravalarning birida oyog‘ini ilon chaqqan navkar ko‘m-ko‘k ko‘karib, ingrab yotibdi. Uning tirik qolishi gumon bo‘lsa ham yalang oyog‘ining ilon zahar solgan joyiga dorivor barglar qo‘yib bog‘lashgan, zahar badanga ko‘p tarqalmasligi uchun tizzasini ola chilvir bilan tang‘ib tashlashgan edi.
Aravalar qo‘zg‘aldi. Fil mingan yo‘l boshlovchi yana oldinga o‘tib ketdi. Yo‘l yurganlari sari rutubat kucha¬yib, nafas olish og‘irlashib borar edi.
Kun oqqanda Ravi daryosi tomondan yuztacha qurolli odami bilan Hindubek chiqib keldi. Xos navkarlar uni yaxshi bilishardi. Asli dehlilik sipohiylardan bo‘lgan Hindubek Ibrohim Lodi bilan kelisholmay bundan yetti yil oldin Kobulga borgan va Boburning xiz-matiga kirgan edi. Qirq yoshlardan oshgan bu yigit Boburning Hindistonga qilgan avvalgi yurishida ko‘p jasorat ko‘rsatgan edi. Boburga uning dovyurakligi bilan birga vatanidagi ichki parokandalikni tugatish yo‘lida ko‘p qon to‘kmaslikka, iloji bo‘lgan joylarni jangsiz olishga astoydil intilishi ham juda ma’qul tushgan edi. Hindubek turkiy, forsiy tillarni ham mukammal o‘rgangan, ilmli, ma’rifatli, dilkash kishi bo‘lganligi uchun Bo-burning eng yaqin musohib beklari qatoriga kirgan edi. Bundan oldingi yurishda Kashmirdan oqib keladigan Jilom daryosi bo‘yidagi Bhira Hindubekning harakatlari bilan jangsiz olinganda Bobur bu obod viloyatga Hindubekning o‘zini hokim tayinlab, Kobulga qaytib ketgan edi. Hozirgi yurishda Bobur Laxo‘rni ham qon to‘kmasdan jangsiz olish umidida edi va Hindubekni vositachi qilib Laxo‘r amirlari bilan muzokara olib bormoqda edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:21:04

Bobur Hindubekni uzoqdan tanidi va u bilan yakkama-yakka gaplashish uchun otini yo‘ldan chetroqqa burdi. Hindubek otdan tushib, ta’zim qildi.
— So‘zlang, bek!
— Hazratim, Davlatxonning avzoyi buzuq. Meni tuttirmoqchi bo‘lganini sezib qochib keldim.
— Nechun? Axir Kobulga o‘g‘li Dilovarxonni yuborib, biz bilan ittifoq tuzgan edi-ku. Men uni otam degan edim! Qancha yaxshiliklar qilgan edim.
— Davlatxon hammasini unutgan. Beliga ikkita qilich taqib olgan. Men buning sirini o‘g‘li Dilovarxondan so‘rab bildim. Bir qilichni Dehli sulto¬nni Ibrohim Lodiga qarshi taqqan emish. Ikkinchi qilichni sizga qarshi.
— O‘g‘illari ham yog‘iylik maqomidami?
— Dilovarxon sizga xohon, kelib mulozamat qilmoq¬chi, Laxo‘rni jangsiz bermoqchi. Otasi meni tuttirmoq¬chi ekanini Dilovarxon aytib, bir falokatdan qutqardi. Lekin katta o‘g‘li G‘ozixon otasi tomonida.
— Olamxon-chi?
— Olamxon Ibrohim Lodi bilan urushib mag‘lub bo‘lgandan beri qayta urushishga jur’ati yo‘q. Laxo‘rga borganingizda chiqib mulozamat qilishga so‘z berdi. Agar G‘ozixon shikast yesa, ko‘pchilik beklar bo‘yin egurlar, Laxo‘r jangsiz olinur. Lekin... hazratim, nechun Laxo‘rga bunday yomon yo‘llardan bormoqdasiz?
— Panjoblik ittifoqdoshlarimiz peshvoz chiqargan rahnamo bizni shu yo‘lga boshladi.
— Qani o‘shal rahnamo? Ijozat bering, men bir taftish qilib ko‘ray.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:21:12

Fil mingan yo‘lboshlovchini yana chaqirib keldilar. La’l Chand filini changalzorga yaqinroq bir joyda to‘xtatdi va yana juftlangan qo‘lini peshonasiga qo‘yib, egilib salomlashdi. Hindubek ham kaftini juftlab, peshonasiga tekkizdi-da, o‘zini osoyishta tutib, hindcha gapirisha boshladi:
— Asli qayerliksiz?
— Agralikman, sohib.
— Panjobga qanday kelib qolgansiz?
— Ish izlab kelganman.
— Shunday zo‘r filingiz bor ekan, Ibrohim Lodi sizga ish topib bermadimi?
— Ibrohim Lodi xasis. Butun mamlakatning oltinla¬ri¬ni yig‘ib, xazinasiga yashirib qo‘ygan. Qurilishga sarflash yo‘q. Odamlarni ishlatib, rozi qilish yo‘q! Bezor bo‘ldik!
— To‘g‘ri aytasiz, — dedi Hindubek. — Men ham Lodilarning zulmidan qochib kelganman. Iskandar Lodi* mening otamni sarkashlikda ayblab, quturgan filning oyog‘i tagiga tashlab o‘ldirgan.
Filbon Hindubekka maroq bilan tikildi-yu:
— Kshatriy*lardanmisiz? — dedi.
— Ha, asli otim Indri. Bobur hazratlari Hindubek deb atadilar. Bu nom hammaga ma’qul bo‘ldi. Xo‘sh, sizning otingiz nima?
— La’l Chand.
— Siz ham Ibrohim Lodining zulmidan qochib kelgan ekansiz. Endi bu zulmdan bizni kim qutqaradi, deb o‘ylaysiz?
— Xudo.
— Bandalaridan-chi?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:21:28

La’l Chand o‘ylanib qoldi:
— Davlatxonmi? — dedi Hindubek.
— Davlatxon saxiy odam. G‘ozixon ham Ibrohimdan yaxshi.
Hindubek ovozini pasaytirib so‘radi:
— Rostini ayting, siz bu qo‘shinni nega bu yo‘ldan boshlab boryapsiz?
— G‘ozixon aytgan yo‘l shu.
— G‘ozixon nega o‘tib bo‘lmaydigan yomon yo‘ldan yurgin degan, bilasizmi?
— Bular uchun yaxshi yo‘l shu.
— Nega? Bular sizga nima yomonlik qildi?
— Bitta zolim podshoh — Ibrohim bizga ozmidi? Yana bittasi kelyapti!
— G‘ozixon seni aldagan!
La’l Chand filini changalzor tomonga keskin burdi-yu, qichqirdi:
— Bular bosqinchilar! Bular Bajur qo‘rg‘onida uch ming yigitimizni qilichdan o‘tkazgan! Shahar-qishloq¬larimizni talatgan!
La’l Chand shunday deyar ekan, filini choptirib, o‘rmon ichiga qarab qochdi.
— Hazratim, bu rahnamoni tuttiring! Bu yog‘iy kishisi! Sizni xarob qilmoq uchun yomon yo‘lga boshlagan!
— Tuting uni! — qahrlanib qichqirdi Bobur. — Nobakorni oldidan to‘sib chiqing! Tez!
Otliqlar filning ketidan intildilar. Ulardan uchtasi katta banan daraxtini aylanib o‘tib, filning yo‘lini to‘sib chiqdilar. Filbon qo‘lidagi temir kajak bilan filni qattiq xillalab, bir narsa deb qichqirdi. Fil otlarning birini oyog‘i bilan tepib yiqitdi, ikkinchi otning bo‘yniga xartumini  o‘rab, siltab itqitib yubordi. Buni ko‘rgan uchin¬chi otliq daraxt panasiga qochib, zo‘rg‘a qutulib qoldi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:21:48

Qahri kelgan fil bahaybat tovush bilan na’ra tortib, yo‘lida uchragan yo‘g‘on chirmovuqlarni uzib o‘tar, katta-katta shoxlarni qarsillatib sindirar va otliqlar kirolmaydigan qalin changalzorda tobora uzoqlashib borar edi.
— O‘qlang! — deb qichqirdi Bobur.
La’l Chand filning ulkan bo‘yniga bag‘rini berib, uning baland sag‘risi va quloqlari panasida biqinib yotar edi. Orqadan yog‘dirilgan yoy o‘qlarining ko‘pini daraxtlarning shoxlari va chirmovuqlar o‘tkazmadi. Uch-to‘rtta o‘q shoxlar orasidan o‘tib filning orqasiga urildi, lekin po‘latday qattiq va qalin fil terisiga botolmay, yerga uchib tushdi.
Usta Aliqulning to‘fangdozlari miltiqlarini o‘rmonga to‘g‘riladilar. Biroq barqandozlar chaqmoq chaqib, to miltiq piltasini yondirgunlaricha La’l Chand mingan fil yo‘g‘on va qalin daraxtlar panasiga o‘tib ko‘zga ko‘rinmay ketdi. Fil zarbasidan yiqilgan har ikki ot yerdan tu¬rolmay uyalab yotar, ularning ustidagi navkarlar o‘lgan bo‘lmasa ham oyoq-qo‘llari shikastlangan edi.
— Yaradorlar aravaga olinsin! — buyurdi Bobur.— Bizni adashtirib halok qilmoqchi bo‘lgan nobakor jazolanmog‘i kerak! To‘fangandozlar otlanib, o‘rmonni aylanib o‘tsinlar!
To‘fangandozlar shosha-pisha otlanib, aylanma yo‘l izlay boshladilar. Ammo hammayoq changalzor, bot¬qoq¬lik edi.
— Qani, Hindubek, endi bizga siz rahnamolik qiling!
— Bosh ustiga, hazratim!
Hindubek kechki payt ularni keng bir ko‘klamzor vodiyga boshlab chiqdi. Behad charchagan Bobur shu ko‘kalamzorga chodir tikdirdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:21:59

O‘rmonda kiyimlari tirnalib yirtilgan, otlari loyga belangan to‘fangandozlar  La’l Chandni topolmay qaytdilar. Shuning ustiga Laxo‘rdan amir Davlatxon, uning o‘g‘li Dilovarxon ellik-oltmishta mulozim va navkarlari bilan Boburning  qarorgohiga yaqinlashishdi. Dilo¬var¬xonning avvaldan xayrixohligini yaxshi biladigan Bobur xirgohda uni o‘rnidan turib kutib oldi va o‘ng tomonda o‘tirgan e’tiborli beklari orasidan joy ko‘rsatdi.
— Janob Dilovarxon, padari buzrukvoringiz nechun ittifoqni buzib, bizga yog‘iylik maqomida qilich qayramishlar?
— Hazrati oliylari, otamni og‘am G‘ozixon yo‘ldan urdi. «Yot qo‘shin kelsa Laxo‘r bizdan ketadi, bular ham bizga Ibrohim Lodiyday dushman», deb ishontirdi.
— Shuning uchun Davlatxon aldamchi rahnamo yuborib, bizni o‘rmon ichida adashtirgan ekan-da?
— Ammo bu fitnadan otamning xabarlari yo‘q, hazrati oliylari! Bu — G‘ozixonning ishi. Agar otam shunday qilganlarida bu yerga o‘zlari kelmas edilar. Laxo‘rda qon to‘kilmasin deb, sizdan inoyat istab keldilar.
— Bizning inoyatlarimizga faqat siz munosibsiz, janob Dilovarxon! Ammo otangiz qilmishlariga yarasha jazo olgusidir! — Bobur shig‘ovulga yuzlandi: — Davlatxon so‘nggi paytlarda bellariga ikkita qilich taqib yurgan emish. Qani, o‘sha qilichlarini biz ham bir ko‘raylik... Har ikki qilichni bo‘yniga osib kiritinglar!

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:22:11

Ko‘p o‘tmay ikki zo‘r navkar oppoq soqolli keksa Davlatxonni ikki bilagidan mahkam ushlab chodirga olib kirdi. Chol navkarlarning qo‘lidan bo‘shamoqchi bo‘lib asabiy siltanar, uning bo‘yniga osilgan ikkita uzun qilich ko‘kragiga urilib selanglar edi. Davlatxon Boburga alam bilan tikilib dedi:
— Podshoh hazratlari, men asir olingan emasmen, o‘zim keldim! Bu qanday shafqatsizlik?
— Siz mendan elchi bo‘lib borgan Hindubekni tuttirmoqchi bo‘libsiz! Agar niyatingizga yetganingizda Hindubek omon qolmas edi! Keyin biz ham changalzorda balchiqqa botib, G‘ozixonning qopqonida jon berarmidik? Bizga shafqat qilganlaring shumi? Shaf¬qatsizlarga biz ham shafqatsizmiz! — Bobur shig‘ovulga buyurdi: — Bu odam oilasi bilan birga Laxo‘rdan Bhiraga badarg‘a etilsin. Bhiraning Milvat qo‘rg‘onida hibsda saqlansin!
Bo‘shashib hech narsa deyolmay qolgan Davlatxonni olib chiqib ketdilar.

_____________
* I s k a n d a r  L o d i — Ibrohim Lodining otasi. 1517-yilda o‘lgan.
* K sh a t r i y — hindlardagi asosiy to‘rt tabaqaning biri, harbiylar.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:22:27

2

Kuz va qish o‘tib borayotgan bo‘lsa ham, daraxtlar yashil libosini yechmas, «dun» deb ataladigan bag‘ri keng, sayhon Hind vodiylari yil bo‘yi bahordagiday ko‘kalam bo‘lib turar edi.
Jamna daryosi bo‘ylab janubga tomon harakat qilib borayotgan Bobur qo‘shini Dehlidan ellik chaqirimcha shimoldagi Panipat shahriga kelib to‘xtadi. Dehli sultoni Ibrohim Lodi yuz mingga yaqin askar va bir yarim ming harbiy fil bilan Agra tomonidan yaqinlashib kelmoqda edi. Ibrohim Lodi shu fillari va askarlari bilan bultur Dehli bo‘sag‘asida Olamxon, Dilovarxon va boshqa dushmanlarining qirq ming kishilik qo‘shinini tor-mor keltirgandi. Boburning qo‘shini esa o‘n ikki mingdan oshmas edi. Yovning son jihatidan beqiyos darajada ustunligi ko‘pchilik bek va navkarlarning qalbiga g‘ulg‘ula solar edi. Agar mag‘lub bo‘lishsa, atrof hammasi notanish yerlar, begona yurt, qayerda jon saqlashadi?
Ichki beklar orasida yurgan Tohir ko‘proq Boburning harbiy tajribasiga va usta Aliqul boshliq to‘fangandozlar va to‘pchilarning qurollariga umid bog‘lagan edi. Jahonda hali juda kam tarqalgan bunday qurollar Ibrohimning qo‘shinida yo‘q edi. Bobur o‘zida yo‘q harbiy fillar hujumini mana shu qurollar kuchi bilan bartaraf qilish fikrida ekanini Tohir bilar edi.

Qayd etilgan