Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 403996 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 23:25:15

To‘plar va miltiqlar hamon o‘q otmoqda. To‘p o‘qi tekkan fillardan bir qanchasi piyodalar ustiga ag‘anab tushdi. Orqadan kelayotgan otlar va fillar o‘zlarini to‘xtatolmasdan ag‘anab yotgan fillarga surinib yiqi¬lishardi. Ketma-ket bir-birini itarib, surib kelganlari oldin yiqilganlarning ustiga qulashar va o‘tib bo‘lmaydigan to‘siqqa aylanishardi.
Bu qiyomat ur-yiqitdan qochib qutulushning ilojini topgan filbonlaru otliqlar jon-jahdlari bilan qochishga tushdilar. Orqada to‘lg‘ama ishlatgan otliqlarning safi ancha siyraklashib qolgan edi. Fillar bu safni birpasda yorib o‘tdilaru Dehli tomonga intildilar.
Tepalik ustidan buning hammasini ko‘rib turgan Bobur:
— Yog‘iy Dehlini bekitmoqchi! — dedi va aloqachi beklari turadigan o‘ng tomonga o‘girildi. Biroq aloqachi beklar, choparlar va yasovullar hammasi birin-ketin jang maydoniga maxsus topshiriqlar bilan yuborilganicha qaytib kelishmagan edi. Ehtimol, ularning ba’zilari o‘lgandir yoki yaralangandir — jang busiz bo‘lmaydi. Bobur otini burib, ichki beklari va navkarlari tomonga yuzlandi. Shunda uning ko‘zi Tohirga tushdi. Tohir maxsus farmonlarni hamisha yaxshi ado etib kelganini esladi:
— Tohirbek, Ibrohim  Lodi qochdimi yoki jang maydonida qoldimi, shuni aniqlamoq kerak. Agar qochgan bo‘lsa xossa tobin* dan quvg‘inchi yuborgaymiz.
Tohir chang-tutunga burkanib jahannam bo‘lib yotgan jang maydoniga ko‘zi javdirab qaradi-yu, singan boshmaldog‘ini eslab, ovozi qaltirab dedi:
— Bosh ustiga, hazratim!

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:25:24

Shu payt jang bo‘layotgan tomonda oyog‘iga o‘q tegib, uzangisidan qon sirqib oqayotgan bir yasovul ot choptirib keldi.
— Hazratim, zafar bizniki! — dedi u hansirab.— Yog‘iy qochdi!
— Ibrohim ham qochdimi?
— Qochgan fillar orasida Ibrohimning oq filini ko‘rdim! Qochdi!
— Bo‘lmasa darhol iziga tushmoq kerak! Tohirbek, siz to‘xtang! Janob Qosimtoy mirzo!
— Labbay, hazratim! — deb qirq yoshlardagi norg‘ul bek safdan oldinga chiqdi. Turkistonda tug‘ilib-o‘sgan bu bekning Ulug‘bek mirzoga uzoq qarindoshchiligi bor edi. U o‘n besh yildan beri Bobur huzurida xizmatda edi.
— Agar Ibrohim Lodi Dehli yoki Agraga yetib, bu qal’alarni bekitsa, muhoribayu muhosara qaytatdan boshlanur, — dedi Bobur Qosimtoy mirzoga. — Holbuki, biz Dehli bilan Agrani jangsiz olish umididamiz. Yog‘iyning bizga hamla qilish ehtimoli endi bartaraf bo‘ldi. Janob Qosimtoy, xossa tobindan ming kishini oling. Beklardan Bobochuhra... Tohirbek navkarlari bilan... Ibrohimni quvlanglar. Agar Dehlida to‘xtamay yana qochsa, Agragacha ketidan qolmanglar, toki bu shaharlarni berkita olmasin. Ketlaringizdan biz izma-iz yetib borurmiz!
— Farmoni oliyga jonimiz fido! — dedi Qosimtoy mirzo.
— Siz bizning ilg‘orimizsiz. Tangrim yoringiz bo‘lsin! Yengingu yengilmang!
— Omin!

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:25:34

Shunday g‘olibona jangda ilg‘or safda bo‘lish Tohirning ko‘nglini ko‘tardi-yu, singan bosh¬mal¬dog‘ining og‘rig‘i ham sezilmay qoldi. U navkarlarini yoniga olib, jang maydoniga hammadan oldin kirib keldi.
Oftob tikkaga kelgan. Kun issiq. Chekinayotgan yov besh-olti bo‘lakka bo‘linib ketgan. Ba’zilarini Humoyunning odamlari, ba’zilarini Xo‘ja Kalonbekning navkarlari ta’qib etmoqda. Lekin ularning otlari ertalabdan beri u yoqdan-bu yoqqa chopib, charchab qolgan. Tohirlarning tobinda dam olib turgan otlari jangdan toliqib qolgan otliqlardan o‘tib, yovga birpasda yetib oldi.
Yengilgan qo‘shin bo‘linib-bo‘linib qochayotgan bo‘lsa ham cho‘g‘i juda katta ekani Tohirga yaqin borganda bilindi. Har to‘pda yetti ming-sakkiz ming keladigan qo‘shin. Ularga nisbatan quvib kelayotganlarning to‘pi juda kichik. Yovning har to‘pida qator-qator fillar kelayapti. Lekin ularning orasida oq fil yo‘q. Balki Ibrohim fildan tushib, ot minib ketayotgandir?
Qosimtoy bilan Tohir o‘zaro maslahatlashishdi-yu, yovning kichikroq ko‘ringan bir to‘pini ikki yonidan aylanib o‘tib, oldilaridan to‘sib chiqishdi va bir suruv filni egalari bilan asir olishdi. Ularning orasida Ibrohim Lodi yo‘q edi.
Qosimtoy filbonlarni hind tarjimon orqali so‘roq qila boshladi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:25:51

— Ayt, Ibrohim Lodining qaysi to‘pda ketayotganini ko‘rsatib bersa ozod qilamen!
Filbonlardan biri orqada qolgan jang maydonini ko‘rsatib, kuyib-pishib allanarsa dedi:
— Ibrohim mingan fil yaralanib yiqilgan emish, uning o‘zi o‘lganmish, — dedi tarjimon.
Lekin Qosimtoy bunga ishonmadi:
— Bizning odamlar Ibrohimning qochganini ko‘rgan. So‘ra, rostini aytsin, bo‘lmasa boshi kesilgay!
Birinchi filbon yana avvalgi gapini takrorladi. Chindan ham Ibrohim jang maydonida o‘lgan edi. Lekin Qosimtoy filbonning gapidan ko‘ra boya Boburga axborot bergan yasovulning gapiga ko‘proq ishonar edi. Qosimtoy siqishtira bergandan keyin boshqa bir filbon tusmol bilan Ibrohimning daryo bo‘ylab ketib borayotgan katta to‘pda ekanini aytdi. Uchinchi bir filbon o‘ng tomonda ketayotgan to‘pni ko‘rsatdi.
Qosimtoy hamma filbonlarni fillari bilan birga maxsus navkarlarga topshirib, Boburning ixtiyoriga yubordi. Keyin daryo bo‘ylab chekinayotgan to‘pning ketidan tushdilar. Bu to‘pda fil mingan, ot mingan va Lodi qo‘shinining eng jangovar qismi hisoblanadigan rajputlar ko‘p edi. Qosimtoy daryo tomonda, Bobobek bilan Tohir o‘ngdan aylanib o‘tib, ularning yo‘llarini to‘sib chiqdilar. Rajputlar ta’qib etayotganlarning nisbatan oz ekanligini ko‘rdilaru kamonlariga o‘q o‘rnatib, qilich yalang‘ochlab, dadil jang qila boshladilar.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:25:59

Tohir kamoniga o‘q o‘rnatib otayotganda singan barmog‘ining jonsizlanib, ishlamay qolganini sezdi. O‘qning uchini boshqa barmoqlari bilan tutib, kamonni tortib otdi. O‘q qilich yalang‘ochlab kelayotgan qora bir odamning ko‘zi aralash yuziga tegdi. O‘q yegan rajput bir qo‘li bilan yuzini changallab, otdan yiqilib tushdi. Bu orada polvontaxlit bir rajput Tohirga yaqin kelib qoldi. Tohir kamoniga qayta o‘q o‘rnatishga ulgurmasligini sezdi-yu, qilichini sug‘urdi. Rajput polvoni oltita keskir tig‘i bor chakra degan qurolini ko‘tardi. Tohir uning chakra tutgan qo‘liga qarab qilich sermadi. Qilich chakraga qarsillab tekkanda Tohirning singan boshmaldog‘idan badaniga shunday og‘riq tarqaldiki, vujudi zirqirab ketdi. Shishib ketgan boshmaldoq qilichning dastasini qo‘lidan qanday chiqarib yuborganini bilmaydi. Faqat qilich yerga uchib tushganini ko‘rib, belidan xanjarini olmoqchi bo‘ldi, lekin ulgurmadi. Olti tig‘li keskir chakra uning bo‘yni va o‘ng yelkasiga shunday bir zarb bilan urildiki, kiftidan engagigacha hamma joyini qiymalab tashlaganday tuyuldi. Tohir ko‘zi tinib otning yoli ustiga ko‘kragi bilan tushganda chakraning yana bir zarbasi uning zirhli kiyimiga qarsillab urildi. Tohir dahshatli og‘riq ichida: «Endi bu meni otdan yiqitmaguncha qo‘ymaydi! — deb o‘yladi. U otdan yiqilsa jasadi tuyoqlar tagida qanday majaqlanishini tasavvur qildi-yu: — Tezroq hushimdan ketsam edi!» — dedi.
Shu payt Mamat yetib kelib, dastasi uzun oyboltani chakra ko‘targan rajputning qo‘liga urdi. Chakra yerga tushib ketdi. Mamat qonga belanib, egardan sirg‘alib tusha boshlagan Tohirni tez o‘ngarib oldi-yu, jang maydonidan qochib chiqdi.

_______________
* T o b i n — rezerv.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:26:12

3

Dehliga otasidan oldin kirib kelgan Humoyun Jamna daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi qizil devorli ulkan qal’ani jangsiz egalladi. Ibrohim Lodining qal’adagi xazinala-rini muhrlab, ishonchli posbonlarga topshirdida, uch yuztacha xos navkari bilan shaharni aylanishga chiqdi.
Unda-bunda  uchraydigan past-baland tepaliklarni hisobga olmaganda, Dehli — ko‘kalam bir tekislikka joylashgan va chetlarini ko‘z ilg‘amaydigan katta shahar edi. Tig‘iz joylashgan uylar, mahalla-kuylar behisob, lekin ko‘chalarda odam kam — notanish fotihlardan cho‘chib, uylaridan chiqmay o‘tirganlar ko‘p.
Humoyun qaysi ko‘chadan o‘tmasin, besaranjom bir sinchkovlik bilan eshik-derazalar tirqishidan, devor tepalaridan qarab turgan o‘nlab ko‘zlarni ko‘radi.
Muqaddas daryo hisoblangan Jamna bo‘yida to‘p-to‘p odamlar dafn marosimi o‘tkazmoqdalar. Ular o‘liklarni xushbo‘y o‘simlik moyi sepilgan o‘tinlar ustiga qo‘yib kuydiradilaru kulini sekin daryoga oqizadilar. Narigi dunyoga oid bu ish bilan bo‘lib, bu dunyoning tashvishlariga, hatto shaharni egallayotgan begona qo‘shinga ham ko‘pda e’tibor bermaslikka tirishadilar.
Chorsu bozorida bilaklariga va bo‘yinlariga shoda-shoda gul osgan yalangoyoq bolalar, ayollar ko‘rinadi. Hatto soch-soqoli oqargan ba’zi bir keksalar ham bilaklariga qizg‘ish-sariq rangli gulshodalar solib olishgan edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:26:21

— Bu — Chandin Chouk bozori,  — deb izoh berdi Humoyunning yonida borayotgan Hindubek. — Oydin Chorsu degan ma’nosi bor.
— Bugun hayitmi, gul ko‘p? — so‘radi Humoyun.
— Ha, bahorgi ekinlarning unib chiqishini qutlab o‘tkaziladigan hayit. Hindistonda hayit ko‘p. Biron oy hayitsiz o‘tmaydi.
— G‘aroyib el! — dedi Humoyun o‘ychan kulimsirib.
Eski bir qasrning tom va devorlari ustida oyoq-qo‘llari uzun maymunlar bemalol sayr qilib yurar edi. Yuzlari, qo‘llari qora qorinlari sarg‘ish, boshqa hamma joylari oqish-kulrang. Jajji maymun bolalari tomdan banan va nim daraxtlarining shoxlariga sakrab o‘tishar, bir-birlari bilan quvlashib, daraxtdan yerga ham tushishar edi. Qasrning ich-tashida odamlar yuribdi, lekin maymunlar bilan hech kimning ishi yo‘q.
Humoyunning ketidan borayotgan yuzboshining ko‘zlari birdan ovchilik ehtirosi bilan yona boshladi. U kamonini qo‘liga olayotganini ko‘rgan Hindubek:
— Maymunning uvoli yomon bo‘ladi, — dedi. Buni ovlagan odam baxtsizlikka uchragay.
Humoyunning o‘ng yonida borayotgan Xo‘ja Kalonbek kulib so‘radi:
— Sigirni ham shunaqa e’zozlashimiz kerakmi, janob Hindubek?
— Neki tansiq bo‘lsa, elga aziz ko‘rinur, — dedi Hindubek. Bu yerning issiq iqlimida sigir asrash oson emas.
— Har qalay, — deb Humoyun Hindubekka yon bosdi, — podsho hazratlari maxsus farmon chiqardilarki, hind xalqining azaliy udumlariga hurmat bilan qaralsin, el-ulusning nafsoniyatiga tegadigan harakat sodir bo‘lmasin.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:26:32

Xo‘ja Kalonbek o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
— Amirzodam, bu farmoni oliy biz uchun qonun! Men faqat Hindubekka sal tegishdim.
— Bekning gustoxligi ma’lum-ku, — deb endi Hindubek ham Xo‘ja Kalonga hazil qildi.
Oldinda baland darxtlar orasidan bo‘y cho‘zib chiqib turgan yonlari qirrador minora ko‘rindi.
— Qutb Minora! — dedi Hindubek.
Humoyun minora oldida otdan tushdi, so‘ng beklar bilan minoraning tepasiga chiqdi. Minoradan yuz qadamcha narida terak bo‘yi keladigan yolg‘iz bir qora ustun ko‘rindi. Usta atrofida odam ko‘p edi.
— Bu nedur? — so‘radi Humoyun Hindubekdan.
— Bu ustun yaxlit temirdan yasalgan. Bilganlarning aytishicha, uch yuz yildan beri turgan emish. Kimki ustunni quchib, ilkini bir-biriga tekkizolsa, o‘ylagan murodi hosil bo‘lar emish.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:26:41

Shu vaqtgacha o‘zini bosiq tutib kelayotgan Humoyun endi o‘smirlarcha bir qiziqish bilan:
— Qani ko‘raylik! — dedi va chaqqonlik bilan zinadan chopib tushib ketdi.
Temir ustun atrofidagi odamlar shahzodani ko‘rib, o‘zlarini chetga oldilar.
— Janob Hindubek, qani, ustunni ne tavr quchish kerak?
Ustunning tepasi va pasti qorayib ketgan. Faqat o‘rtasi — behisob odamlarning qo‘l va yelkalari tekkan joy oppoq bo‘lib, ma’dani yiltirab chiqib turar edi.
Hindubek ustunga teskari turib, yelkasini unga tiradi-da, qo‘llarini orqaga cho‘zdi. Ustun ancha yo‘g‘on edi. Hindubek uni teskari quchib qo‘lini bir-biriga cho‘zdi, lekin yetkizolmadi. Butun kuchi bilan chirandi, baribir qo‘li qo‘liga tegmadi.
Buni ko‘rganlar xaxolab kula boshladilar. Humoyun ham kula-kula Hindubek uddalay olmagan ishni qilib ko‘rdi. Lekin u ham qo‘lini qo‘liga tekkizolmadi. Bek va navkarlaru yana besh-oltitasi kuch sinab ko‘rdi. Shulardan faqat bittasi — qo‘llari uzun, o‘zi ozg‘in sa-marqandlik yigit — ustunni teskari quchib, qo‘lini qo‘liga tekkazishga muvaffaq bo‘ldi.
Humoyun unga bir siqim kumush tanga mukofot berdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:28:47

*  *  *

Dehlida to‘p-to‘p bo‘lib aylanib yurgan g‘oliblar orasida yog‘li o‘lja izlayotganlari ham bor edi. Sind daryosining bo‘yidan Bobur askarlariga qo‘shilib kelgan Yor Husaynbek ilgari Xaybar dovonining janubida yo‘lto‘sarlik qilgan qaroqchilardan edi. Hozir uning navkarlari shahar chetidagi bir ibodatxonaga kirishib, hindlar sig‘inadigan xudolarning haykallariga o‘rnatilgan qimmatbaho toshlarni ko‘chirib olishga tushdilar.
Devorlari oq-sarg‘ish marmardan ishlangan ibodat¬xonada keksa bir barahman* ko‘zlariga yosh olib, buddaning ulkan tosh haykalidan najot so‘ramoqda. Ibodatga kelgan ayollar, chollar, o‘smirlar, xudolari oldida bosh egib jim turishibdi.
Yor Husaynbekning navkarlari esa to‘rt qo‘llik xudo Shivaning baland haykaliga narvon qo‘yib chiqishgan, Shivaning peshonasiga katta qizil holga o‘xshatib o‘rnatilgan yoqutni xanjar bilan kavlab olishga urinishardi.
Shu hodisaning ustiga kelib qolgan Humoyun nar-vondagi navkarga qahr bilan qichqirdi:
— Podshoh hazratlari nomidan buyuramen. Haykalga tegma! Tush pastga!
Yor Husaynbek nimqorong‘i ibodatxona ichida Humoyunni avval tanimadi:
— Kofirlarning haykalini himoya qiladigan podshong o‘zingga! — dedi-da, narvondagi navkarga buyurdi: — Olaver!
Navkar xanjar bilan haykalning peshonasini kavlashda davom etdi. Shunda Humoyun otgan yoy o‘qi uning bilagiga tegdi. Xanjar yerga tushib ketdi. Navkar bilagini changallaganicha orqaga o‘girildi.

Qayd etilgan