Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404065 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 ... 78 B


shoir  02 Yanvar 2008, 09:28:57

Yor Husaynbek qilichini sug‘urib:
— Kim u? — deb o‘shqirdi-yu, Humoyun tomonga hamla qildi.
Hindubek ham qilichini sug‘urib oldinga chiqdi:
— Siz Yor Husaynbek bo‘lsangiz, bu oliy zot Bobur podshohning o‘g‘illari mirzo Humoyundirlar!
Yor Husaynbek bu gapga ishongisi kelmay Humoyunga ko‘zlarini olaytirib tikildi. U eng avval Humoyunning egnidagi arg‘uvoniy to‘nni tanidi. Yoqalariga durlar qadalgan bu to‘n — Boburniki edi. Humoyun Panipat jangi arafasida Ibrohim Lodining Hamidxon degan lashkarboshisi bilan olishib, uni yenggan, uch yuzdan ortiq odamini asir olib kelgan edi. Bobur o‘g‘lining bu jasoratiga qoyil bo‘lib, egnidagi shohona to‘nini o‘g‘liga kiydirgan, buni hamma beklar, shu jumladan, Yor Husaynbek ham ko‘rgan edi. O‘sha to‘n hozir ham Humoyunning egnida edi — uning xipcha gavdasiga bir oz katta kelib, yelkalari osilibroq turar edi.
— Amirzodam, men sizni tanimabmen! — Yor Hu-saynbek qo‘lida qilichi bilan bir qadam orqaga chekindi.
— Qilichni topshiring! — buyurdi Humoyun.
— Amirzodam, men hazrat otangizga sodiq xizmat qilgan beklardanmen!
— Ibodatxonada sug‘urilgan qilichni men podshoh hazratlariga eltib topshirishim kerak! — dedi Humo¬yun.— Siz yo‘lto‘sarlikdan tavba qilib, hazrati oliyning xizmatiga kirgan ekansiz. Bugun yana talonchilik ko‘chasiga qaytmishsiz. Podshoh hazratlari ziyoratgohlarda nojo‘ya harakat sodir bo‘lmasin deb, buyurmagan edilarmi? Nechun nazarni bunchalik past qildingiz, bek? Yog‘iy xazinalaridan barcha jangchilar o‘z ulushlarini olgaylar! Bu xazina sizga ham yetib ortgay! Ibrohim Lodining odamlari shu haykalning peshonasidagi yoqutga tegmagan ekanlar. Ular qilmagan pastkashlikni qilish bizga isnod emasmi? Oling qilichini! Mana bu nokas yigitlarni tutib hibsga elting! Toki boshqa yi¬gitlarimizga ibrat bo‘lsin!

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:29:08

Xos navkarlar bu buyruqni bajarganlaridan keyin Humoyun Hindubekka barahmanni va uning qavmlarini ko‘rsatdi-da:
— Janob bek, podshoh hazratlari bizga tayinlagan gaplarni bularga tarjima qilib bering, — dedi. Bularning dini boshqa. Lekin biz barcha g‘ayridinlarni bir xudo¬ning bandalari deb bilurmiz. Biz Hindistonga yaxshi ni¬yatlar bilan keldik. Bu muazzam kishvarni hindlar bilan birga obod qilmoqchimiz. Kimki bizga hamkor bo‘lsa, hamkorlik qilurmiz!
Hindubek tarjima qilgan bu so‘zlarni barahman va uning qavmlari bosh irg‘ab, ta’zim qilib eshitdilar.  Shahzoda va uning odamlari chiqib ketgandan keyin esa barahman yana buddaning haykali oldiga ibodatga kelib, butun minnatdorchiligini unga ayta boshladi. Muqaddas yoqutni olmoqchi bo‘lgan nokasning qo‘lidan o‘q yeb jazolanishi buddaning irodasi bilan bo‘lganiga barahman o‘z qavmlarini ishontirishi zarur edi.

_______________
* B a r a h m a n — hindlarning ruhoniysi.

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:29:19

4

Uzoq Sirdaryo vohalarida endi lola barg yozadigan salqin hamal oyida Jamna bo‘ylari avji saraton paytidagidek issiq edi. Kuni bo‘yi oftobda otliq yurib badani misday qizib ketgan Bobur kechki payt salqinroq joy izlab Jamna daryosining bo‘yiga keldi.
Kunning issig‘idan tashqari peshindan so‘ng ichilgan aroqning tafti ham uning ichini yondirmoqda edi. Kobulda ko‘p ichib o‘rgangan beklar Panipatdagi g‘alaba sharafiga har kuni bir-ikki joyda ziyofat berishib, uni taklif qilishardi. Issiq va sernam havoda ustma-ust ichilayotgan chog‘ir va aroqlar Boburning yuragini behalovat qilib, kechalari uyqusini qochirib yuborardi. Ko‘p ichib yotgan kunlari ertalab turib yo‘talsa balg‘amga qon aralashib chiqardi. Buni ko‘rgan hirotlik xos tabib Yusufiy:
— Hazratim, o‘tinamen ichkilikni tashlang! — deya yalinardi.
Boburning o‘zi ham uyqusiz behalovat bo‘lib yotgan kechalari «endi tashlamasam bo‘lmas», derdi. Lekin kunduz biron tashvishdan ko‘ngli g‘ash bo‘lsa yoki aksincha, kayfini chog‘ qiladigan yaxshi voqea yuz bersa, yana ichgisi kelib qolardi. Ayniqsa, ilk qadahlarni ichib, kayfi endi ko‘tarilib kelayotgan paytlarda beklari bundan keyingi ichkilik majlisga taklif qilsalar osonlikcha rozilik berib qo‘yardi. Bugun peshindagi o‘ltirishda ham xuddi shunday bo‘lgan, «kechasi kemada bazm qilurmiz» deb beklarni o‘zi ziyofatga taklif qilgan edi.
Holbuki tushda ichilgan mayning g‘ubori haligacha tarqamasdan borlig‘ini lohas qilmoqda edi.
Bobur mulozimlari va xos navkarlari bilan Jamnaga yaqinlashganda daryo bo‘yidagi ko‘kalam yalanglikda dafn marosimi o‘tkazayotgan barahmanlar, ayollar, keksa-yosh yuzdan ortiq odamlarni ko‘rdi. Bobur dafn marosimini yaqinroqdan kuzatmoqchi bo‘ldi-yu, otini o‘sha tomonga burdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:29:27

Panipatdagi jangning dahshatli tafsilotlarini eshitgan odamlar otliqlardan qo‘rqib, marosimni buzib qocha boshladilar. Bobur yaqin borganda yondirishga tayyorlab qo‘yilgan o‘lik oldida bitta motamsaro kelinchak, keksa ayol va munkaygan bir barahman chol qolgan edi. O‘tin ustida chalqancha yotqizib qo‘yilgan jasadning peshonasini to‘fangdan merganlarcha otilgan o‘q qoraytirib teshib o‘tgan edi.
Bu rajput yigitni Bobur qaerdadir ko‘rganday bo‘ldi. Ha, Panipat jangidan bir kun oldin Humoyun Hamidxon degan afg‘on sarkardasini yengib, uning uch yuz navkarini asir olib kelgan edi. Ibrohim Lodi bilan bo‘ladigan jang hali oldinda. Uning qo‘shini sakkiz barobar ko‘p. Shuning tahlikasi ta’sirida Bobur asirlarga nisbatan ayovsiz bir siyosat ishlatganini esladi.
Ibrohim Lodi qo‘shinlarida to‘fang yo‘q. Asir olinganlar ham to‘fangdan odamni otib o‘ldirish mumkinli¬gini bilishmaydi. Ular ko‘proq hind xudolaridan bo‘lmish Shivaning qahridan qo‘rqishadi. Rajputlarning e’tiqodi bo‘yicha, agar Shiva astoydil g‘azablansa, ikki ko‘zidan tashqari peshonasida uchinchi ko‘z paydo bo‘ladi. Shiva kimgaki shu uchinchi ko‘zining qip-qizil olovini sochsa, o‘t tekkan odam til tortmay o‘ladi...
Bobur mana shu diniy e’tiqoddan harbiy maqsadda foydalanmoqchi bo‘ldi-da, asirlardan yuztasini bir chetga saf qildirdi. Ularning qarshisiga yuzta to‘fangandozni qo‘ydi va yigirma qadam joydan o‘t ochishni buyurdi. O‘sha to‘fanglardan otib o‘ldirilgan asirlarning biri — peshonasidan o‘t tekkan mana shu yigit edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:29:37

Tirik qolgan asirlar to‘fangdan otilgan olovli o‘q odamni qanday o‘ldirishini umrlarida birinchi marta ko‘rib dahshatga tushdilar. Ulardan biri osmonga qo‘l cho‘zib:
— O Shiva! Rahm qil, Shiva! — deb baqirdi.
Bobur vahimadan titrayotgan yuzta asirga tarjimon vositasida murojaat qildi:
— Ha, bizda Shivaning ko‘ziday shafqatsiz olov sochadigan qurol bor! Sizlarni hozir ozod qilgaymiz. Borib yurtdoshlaringizga aytinglar! Biz bilan urushganlar mana shu olovning zarbidan halok bo‘lurlar! Urushmay taslim bo‘lganlar sizlar kabi omon qolurlar!
Tirik qo‘yib yuborilgan yuzta asir bu gaplarni shaharu qishloqlarga tarqatdilar. Hozir Jamna bo‘yida dafn etilayotgan jangchi yigitning yaqinlari ham uning Shiva olovini eslatadigan bir balodan halok bo‘lganini eshitgan edilar.
Marhum jangchining yoshgina xotini o‘zini erining jasadi bilan birga olovga tashlab kuydirishga tayyorlanmoqda edi. Bobur sochlari yoyilib yelkasiga tushgan kelinchakning yuzida o‘lim sharpasini ko‘rdi-yu, hindlardagi sati odatini esladi.
Agar kelinchak tirik qolsa, umr bo‘yi azadorlik ki¬yimida yurishi, kuniga faqat bir marta ovqat yeb, boshqa er qilmay, to o‘lguncha azob-uqubatda yashashi kerak edi. Mabodo kelinchak bunday zabun hayotni o‘ziga munosib ko‘rmasa, sati odatiga bo‘ysunib, erining mur-dasi bilan birga olovda yonib ketishi kerak edi...
Keksa barahman jasadning tagidagi o‘tinlarga birdan o‘t qo‘yib yubordi. Maxsus moy sepilgan o‘tin lovillab yonib ketdi. Kelinchak olov ichida qolayotgan jasadga qarab bir talpindi-yu, lekin joni shirinlik qilib, orqaga chekindi.

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:29:45

Bobur Hindubekka yuzlandi:
— Nahotki shunday go‘zal kelinchak o‘zini olovga tashlasa? Bu ne jaholat?! Barahmanga bizning buyrug‘imizni ayting! Kelinchakni olib ketsin!
Hindubek otini chu-chulab barahman bilan kelinchakka yaqinlashdi-da, hindchalab bir narsalar dedi. Kelinchak Boburga tez o‘girilib qaradi:
— Fotihlarning podshosi shumi? Mening erimga Shivaning olovini shu odam sochganmi? — kelinchak ikki qo‘lini Bobur tomonga cho‘zdi: — Agar senda Shivaning qudrati bo‘lsa erimni tiriltirib ber! O‘shanda men ham tirik qolurmen! Sen Shiva bo‘lsang, endi bizga rahm qil! Tiriltir!
Hindubek bu iltijoni tarjima qilganda Bobur sarosima bo‘lib:
— Hushi joyidami? — dedi. — Men Shiva emasmen! O‘lgan odam endi tirilmagay! Kelinchakni qutqaring!
Bu gaplarning tarjimasini eshitgan kelinchak birdan g‘azablanib qichqirdi:
— Shiva bo‘lmasang, nechun yolg‘on ovoza tarqat¬ding? Nechun mening erimni o‘ldirding?! Endi mening o‘limimga ham sen sababchi bo‘lursen!
Kelinchak olovga yaqinlashar ekan, Bobur Hindubekka:
— Ushlang, ushlang! — dedi.
Hindubek ot ustidan kelinchak tomonga intilib, uni o‘ngarib olmoqchi bo‘ldi. Ammo kelinchak Boburga qarata:
— Ket bosqinchi! Yo‘qol! Yurtingga ket! — deb qichqirdi-da, Hindubekka chap berib, o‘zini olovga otdi va erining yonayotgan jasadini quchoqlab oldi.

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:29:56

Lovullab yonayotgan olov darhol kelinchakning harir kiyimlariga va yelkasida yoyilib yotgan qora sochlariga ilashdi. Bobur uning olov ichida achchiq og‘riqdan chinqirib yuborganini eshitdi, shunda ham jangchi erining jasadini quchog‘idan qo‘ymayotganini ko‘rdi-yu, larzaga kelib, otini orqaga burdi.
U Jamnaning sokin qo‘ltig‘ida langar tashlab turgan ikki oshiyonlik kemaga tomon otini yeldirib borayotganda orqadan esgan shamol olovda kuygan odam tanasi¬ning ko‘ngilni aynitadigan chuchmal hidini olib keldi.
Kemaning pastki qavatida bakovul va oshpazlar podshoning tushlik taomi uchun kabob pishirmoqda edilar. Bobur kemaning «tolor» deb ataladigan boloxonasiga ko‘tarilayotganda, mang‘alda pishayotgan kabobning tutuni va hidi boyagi olovning chuchmal hidini eslatdi-yu, birdan ko‘nglini behuzur qildi. U bakovulga o‘girilib:
— Mang‘alni o‘chirtiring! — dedi.
— Hazratim, sizga tushlik...
— Tushlik kerak emas.
— Ammo kechqurungi ziyofat...
— Ziyofat qoldirilsin!..
Bobur g‘amgin yuz bilan tolorga bir o‘zi chiqib keldi. Hademay pastki qavatga ham jimlik cho‘kdi. Shu jimlikda o‘zini olovga tashlagan kelinchakning chinqirig‘i go‘yo qayta eshitila boshladi... Panipatdagi harbiy g‘alaba bu chinqiriq ta’sirida Boburga ma’naviy mag‘lubiyatdek tuyulib ketdi. Shiva haqidagi rivoyatdan siyosat uchun foydalangani ilgari harbiy ishda xatarli asnoda joiz bir choradek ko‘ringan bo‘lsa, endi olovda yongan go‘zal kelinchak buning qanchalik g‘ayriinsoniy shafqatsizlik ekanini uning ko‘ziga baralla ko‘rsatdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:30:07

Panipat zafari... Taqdir unga shunday ulkan g‘alabani nega Movarounnahrda bermadi? Vatanida jang qilsa, hech kim uni bosqinchilikda  ayblay olmas edi-ku!
Uzoqlarda qolgan Mohim begim esiga tushdi. Ko‘rmaganiga olti oydan oshyapti. So‘nggi marta suhbatlashganlarida Mohim begim bugungi dahshatlarni oldindan sezganday, qanchalik iztirobga tushgan edi!..
Boyagi kelinchakning: «Ket, bosqinchi! Ket!» deb qichqirgani uning qulog‘i ostidan ketmas edi. Bobur ichida: «Yorab, bu ne ko‘rgilik!» dedi-yu, xayolini boshqa biron narsa bilan band qilish uchun daftar-qalam oldi. Sevgan yoridan va tug‘ilib-o‘sgan diyoridan uzoqda u o‘zini behad tolesiz, baxtsiz sezgan paytlari ko‘p bo‘lar edi. Hozir ham shu og‘ir tuyg‘u yuragini chulg‘ab oldi. Bobur ko‘nglini daftariga bo‘shatgisi kelib, birinchi satrni yozdi:
Tole’ yo‘qi jonimga balolig‘ bo‘ldi.
U keng qirg‘oqlar orasidan tovushsiz jim oqib o‘ta¬yotgan Jamnaga tikildi. Botib ketgan quyoshning quyuq shafag‘idan daryo suvi qizg‘ish ko‘rinadi. Boburning nazarida, daryo suvini shafaq emas, janglarda to‘kilgan qonlar qizartirib yuborganday tuyuldi.
U iztirob bilan keyingi satrlarni yozdi:

Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi,
O‘z yerni qo‘yib Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:30:16

* * *

G‘ira-shira qorong‘ilikda o‘ng qirg‘oqdan katta bir qayiq chiqib, kemaga qarab kela boshladi. Kemaning pastki qavatidan qo‘rchiboshi:
— Kim u qayiqdagi? — deb so‘raganini Bobur ham eshitdi-yu, qayiqqa tikilib qaradi.
Qayiqning oltitami-sakkiztami eshkagi bor edi.
— Mirzo Humoyun hazrati oliylarining huzurlariga ijozat so‘raydilar! — deb javob berdi qayiqdan yo‘g‘on bir tovush.
Humoyun bilan ko‘pdan beri yakkama-yakka suhbatlasha olmagan Bobur bugun o‘g‘li bilan bir dardlashgisi keldi-yu, pastdan savdarni chaqirdi:
— Ayting, Humoyun tolorga chiqsin!
Ko‘p o‘tmay tolor zinasida vazmin qadam tovushlari eshitildi. Humoyun eshikdan kirganda Bobur uning chaqnagan navqiron ko‘zlariga, endi lab ustini qoplagan nozik mo‘yloviga, kuchga to‘lib turgan xipcha, sog‘lom gavdasiga havasi kelib tikildi. Boburni qiynayotgan iztirobli tuyg‘ular, uni behalovat qilgan issiqlar Humoyun uchun go‘yo yo‘q edi. «O‘n sakkiz yoshimda men ham shunday yigit edim-a, endi nimam qoldi?» degan o‘ydan Boburning ko‘ngli qattiq ezildi.
Ota-bola ko‘rishib-so‘rashganlaridan so‘ng, Humoyun otasining ro‘baro‘siga cho‘kka tushdi-da, kulimsirab qo‘ynidan chiroyli sadaf quticha oldi.
— Hazratim, shuni bir ochib ko‘ring.

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:30:24

Bobur qutichani qo‘liga olib shoshilmay ochdi. Qora baxmal mato orasidan olmosga o‘xshash serjilva bir tosh yulduzday charaqlab ko‘rindi. Lekin toshning yong‘oqday kattaligiga qarab, Bobur uning olmosligiga ishongisi kelmasdi. Juda ko‘p xazinalarni va xilma-xil javohirlarni ko‘rgan Bobur bunchalik katta olmosni hali uchratmagan, olmos donasining bu qadar ulkan bo‘lishini tasavvur ham etmas edi.
— Bu qanday javohir? — deb so‘radi Bobur o‘g‘lidan.
— Olmos emish.
Bobur nur jilvasiga cho‘mib o‘ynayotgan toshni qo‘liga olib salmoqlab ko‘rdi:
— Vazni yetti-sakkiz misqol kelur. Nahot shunchalik katta olmos bo‘lsa?
— Men bir muqayyim*ni chaqirib ko‘rsatdim. Mash-hur Ko‘hinur* olmosi shu, dedi. Olamda bundan katta olmos yo‘q emish. Bahosi sandiq-sandiq oltinlardan baland emish.
— Men Bangola podshosi Sulton Aloviddinda ulug‘ bir olmos bor deb eshitgan edim. Ta’rif qilgan edilarki, shu bitta olmos katta bir mamlakatning bir oylik sarfu xarajatini ko‘targay.
— Muqayyimning aytishicha, mana bu olmosning qiymati tamomi olamning ikki yarim kunlik sarfiga barobar ekan.
— Sen buni qaerdan olding?
Humoyun o‘ng‘aysizlanib jilmaydi-yu:
— Gvalior rojasining xaylxonasida peshkash qil¬dilar,— dedi.
— Nechun?

Qayd etilgan