Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244514 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 54 B


Ansora  06 Fevral 2010, 15:24:03

Asir olingan mirzolardan biri — o‘n sakkiz yoshli ko‘hlik yigit mas’ud Husayn edi. U Multonda qo‘lga tushgan, qochib ketmasligi uchun jarroh uni vaqtincha ko‘r qilib, ko‘zining jiyaklarini maxsus ip bilan tikib qo‘ygan edi. Uni shu holda Akbarning oldiga haydab keldilar.
mas’ud mirzoning shertaxlit gavdasi Akbarga Behzod chizgan suratdagi Husayn Boyqaroni eslatdi. Lekin u ancha vaqtdan beri ko‘zi tikilgan holda yurib, ko‘r-basirlarday ayanchli ahvolga tushgan. Akbarga yuzini qiya tutib, osmonga qaragan holda:
— Hazrati oliylari,  qatl ettirsangiz ham mayli, faqat ko‘zimni ochdiring! — dedi. — Dunyoni so‘nggi marta ko‘rib o‘lsam armonim qolmagay!
— mas’ud mirzo, oldin bir savolga javob bering. Siz og‘alaringiz yonida bizga adovat ruhida ish tutib, biron xulosaga keldingizmi?
— Hazratim, biz yomonlik qildik. Yomonlik — bu quturgan it ekan. ma’lumki, it qutursa egasini qopgay. Yomonlik ham axiyri bir kun o‘z egasining boshiga yetarkan! Og‘alarim shu sababdan halok bo‘ldilar. Agar menga imkon bersangiz, yaxshilik o‘z egasiga sharaf keltirishini baholi qudrat  isbot etishga intilgan bo‘lardim.
— Mayli, biz sizga shu imkonni berib ko‘raylik!
Akbarning buyrug‘i bilan mas’ud Husayn mirzo¬ning ko‘zidan tikish olib tashlandi. U ma’lum muddat davolanib, ko‘zini tuzatgach, Akbar uni Panjobga, Husaynqulixon ixtiyoriga ishga yubordi.

____________
* T o‘ q s o n   m i l — 144 kilometr. Hind tarixchilarining yozishlaricha, Akbardan oldin o‘tgan sarkardalardan hech biri Sekri bilan Gujarat oralig‘idagi bu masofani shunday katta tezlikda bosib o‘tmagan ekan.
* R o h v o r — yo‘l tanuvchi, yo‘l boshlovchi deganidir.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:01:09

*  *  *

Gujaratdagi g‘alaba sharafiga Fathobodda yetmish gaz yuksaklikdagi mashhur baland Darvoza qurila boshlandi. Akbarning Sarnalda va Sabarmati daryosi bo‘yida ko‘rsatgan shaxsiy jasorati, qirq kunlik yo‘lni to‘qqiz kunda bosib o‘tganlari og‘izdan og‘izga o‘tib, uni yengilmas botir deb ishonadiganlar ko‘paydi. Shoir Fayoziy Akbarning Gujarat jangidagi jasoratiga katta bir she’riy doston bag‘ishladi. Akbar bilan birga jangda qatnashgan bek-u navkarlar uning zirhli ki¬yimiga tegib sirpanib ketgan o‘qlarni ko‘rgan edilar. Ular «bosh sarkardamizga duo ketgan ekan, uni o‘q olmagay!» deyishib, Akbarni nazarkarda darajasiga ko‘¬tardilar.
G‘alabadan so‘ng ziyofatlar, ichkilik bazmlari ko‘p bo‘ldi. Bir kun Akbar Man Sinx bilan may ichib o‘ltirganlarida rajputcha qilichbozlik  haqida gap ketdi. Abulfazl bilan Birbal ham davrada bor edi.
Man Sinx rajputlarning yoshlikdan qilich o‘ynab o‘sishlari, hatto qilichni suyukli yorga qiyos qilib ashula aytishlarini so‘zlab berdi. ba’zi chapdast rajput yigit¬lari qilichning sopini devorning yorig‘iga qistirib, tig‘ini ko‘kragiga to‘g‘rilaydi-da, chopib borib o‘zini qilichga uradi. Lekin uzoq mashqlar davomida qilichni badaniga emas egnidagi kiyimining qo‘ltig‘iga shunday aniq sanchadiki, qilichning uchi biqini ortidan ki¬yimni teshib chiqadi, ammo bu uning ko‘kragini teshib chiqqanday ko‘rinadi. Akbar buning qanday qilinishini ko‘rgisi keldi. Man Sinx yigitlaridan birini chaqirib, shu o‘yinni namoyish qildirdi. Kayfi baland Akbar:
— Buni men ham qila olgaymen! — deb belidagi oltin qilichini sug‘urdi-da, rajput yigitiga berdi: — Obor, devorga mahkam o‘rnat!
Man Sinx Akbarni bu niyatidan qaytarmoqchi bo‘ldi. Lekin Akbar uni urishib berdi:
— Sen kimsen o‘zing?! Qilich o‘ynashni faqat rajputlar bilurmi?.. biz-chi?
Akbar o‘rnidan turganda kayfning zo‘ridan gavdasi chayqalib ketdi. Sopi devorga mahkam qistirilgan oltin qilich Akbarning ko‘kragiga to‘g‘rilangan holda nayzaday tahdidli yiltirab turibdi.
Man Sinx maydan bo‘shagan oltin ko‘zachani qo‘lida tutgan holda Akbarning oldini to‘sdi:
— Hazratim, kayf borida bu o‘yin juda xatarli!
— Nari tur! — deb Akbar uni itarib tashladi. Hozir u o‘zining qilich kesmaydigan, o‘q o‘tmaydigan nazarkarda botir ekaniga tamoman ishonmoqda edi. Akbar gandiraklab borib chap ko‘kragini qilichga to‘g‘rilaganicha unga tomon tashlandi. Qilich uning chap ko‘kragiga sanchiladigan paytda Man Sinx qilichni qo‘lidagi may ko‘zachasi bilan urib tushirdi. Sopi devordan sug‘urilib, yerga uchib tushgan qilich¬ning bir joyi Akbarning bosh barmog‘ini, yana bir joyi Man Sinxning ko‘rsatkich barmog‘ini kesib ketdi. Qaynisining ishi mast Akbarga odobsizlik bo‘lib ko‘rindi. U g‘azab bilan Man Sinxni yerga yiqitib ura boshladi. Lekin Abulfazl bilan roja Birbal yugurib kelib, Man Sinxni undan ajratib oldilar, Akbarni ming tavallolar bilan xobgohiga olib borib yotqizdilar.
Ertasi kuni Akbarning kayfi tarqaganda Abulfazl bilan roja Birbalni xirgohiga chaqirdi va bog‘lab qo‘yilgan bosh barmog‘ini ko‘rsatdi:
— Ne hodisa bo‘ldi?
— Nahotki yodingizda bo‘lmasa, hazratim? — dedi Abulfazl va bo‘lgan voqealarni bir-bir aytib berdi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:01:27

Qilgan ishlari Akbarning esida yo‘q. Faqat qilichni qinidan sug‘urgani g‘ira-shira yodiga tushdi.
— Rostdan shunday bo‘ldimi? — deb Birbaldan so‘radi.
Birbal «Gita» degan muqaddas kitobni qo‘liga olib, qasam ichdi-da:
— Bir o‘limdan qolganingiz chin! — dedi.
Akbar bo‘lgan hodisadan endi dahshatda keldi. Shuncha qonli janglardan omon chiqqan odam arzi¬magan bir qilich o‘yinida o‘lib ketsa... Qanchalik sharmandali ish bo‘lar edi! Boshqalar uning mastlikdagi g‘azabidan qo‘rqib churq etolmaganda, sherday dadil ish qilgan Man Sinx haqiqiy jasorat ko‘rsatibdi.
Yana uni bu yaxshiligi uchun yerga ag‘anatib urganidan Akbar juda o‘sal bo‘ldi.
— Kechagi bazmda bor bek-u mulozimlarni devoniomga chorlang! — deb buyurdi amir Jamilga.
Ko‘pchilik qatori devoniomga kelgan Man Sinx Akbar tomonga qaray olmay, xijolat bilan boshini solintirib o‘ltirar edi. Akbarning rangi o‘chgan, qovo¬g‘i shishgan, ovozi shamollagan odamnikiday do‘ril¬lab chiqdi:
— Janobi davlatxohlar, g‘alaba sharafiga qilgan bazmimizning oxiri qanday dilsiyohlik bilan tugaganidan xabarlaringiz bor. Biz ham osiy banda ekanmizki, shu darajada mast bo‘libmiz. Meni «qilich kesmaydigan botir» deb maqtaganlari yolg‘on ekaniga, mana dalil! — Akbar bog‘lab qo‘yilgan bosh barmog‘ini ko‘rsatdi. — Xudo rahmati ustozim Salim ota: «Suv balosidan, o‘t balosidan, shuhrat balosidan asrasin!» degan edilar. Kechasi biz shuhrat balosining qurboni bo‘lishimizga sal qolibdir. Dehlida tashqi dushman bizga qanday suiqasd qilgan bo‘lsa, kecha shuhratdan hovliqib mast bo‘lishim o‘z ichimdan chiqib, ana shunday suiqasd qilmishdir. Xayriyatki, roja Man Sinx meni bu ikkinchi suiqasddan qutqarib qolibdir. Maharoja, — deb Akbar Man Sinxga yuzlandi, — eng sodiq do‘st qanday bo‘lishini siz kecha amalda ko‘rsatibsiz. Mendan o‘tgan bo‘lsa ma’zur tuting!
Man Sinx o‘rnidan turib qo‘l qovushtirdi:
— Uzringiz menga sari toj bo‘lsin, hazratim!
Akbar unga oltin bezakli sarupo kiydirdi, sehazoralik mansabidan panjhazoralik* martabasiga ko‘tardi, o‘ziga maxsus bayroq va naqora taqdim qildi.
So‘ng u o‘zining ikki yonida qo‘r tortib o‘ltirgan ko‘kaldoshlari Aziz bilan Zayniddinga, musohiblari roja Birbal va Abulfazlga, qaynog‘asi Bhagvan Dasga bir-bir qarab oldi-da, so‘zini yakunladi:
— Hali bizning tashqi g‘animlarimiz ham, ichki dushmanlarimiz ham ko‘p. Qiladigan mushkul ishlarimiz behisob. Dilim sezib turibdir: bizga qarshi har xil suiqasdlar yana ko‘p bo‘lg‘ay. Agar biz bir-biri¬mizga roja Man Sinh kabi fidoyilik qilmasak, maqsadga yetolmagaymiz!
Abulfazl Man Sinxning kechagi ahvolini esladi-yu, Akbarga fidoyilik qilish qanchalik qiyin ekanini xayo¬lidan o‘tkazdi. «Podsho bilan sherga yaqin bo‘lish hamisha xatarlidir», degan hikmatli gap bejiz aytilmaganini u endi astoydil sezmoqda edi.

_____________
* S e h a z o r a — uch mingboshi. Panjhazora — besh mingboshi, ya’ni armiya generali darajasidagi sarkarda.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:02:34

F A T H P U R,  B H I R A
MA'NAVIY ZILZILA

Sekri tepaligi ustiga qizil toshdan muhtasham qilib qurilayotgan yangi poytaxt o‘n yilning nari-berisida uzoqlardan ko‘zga tashlanadigan ulkan qal’a tusini oldi. Qal’a atrofiga sipohilar, do‘kondorlar, kosib-u hunarmand va boshqa turli xil kasb egalari ming-minglab uy-joylar qurdilar. Bog‘lar, daraxtzorlar, hovlilar, ko‘cha va xiyobonlar ko‘paydi. Sekridan Agra¬gacha bo‘lgan o‘ttiz besh millik yo‘lning ikki cheti kela-kelguncha serodam manzillarga, rasta va do‘konlarga to‘lib ketdi.
Dastlabki yillarda rasmiy doiralar Sekridagi yangi poytaxtni Fathobod deb atagan bo‘lsalar ham, lekin uni qurgan oddiy odamlar «Fahtpur», ya’ni «G‘alaba shahri» degan qisqa nomga tezroq o‘rgandilar. Bora-bora ko‘pchilik aholi ham, davlat arboblari ham Fathpur deydigan bo‘ldilar. Yangi poytaxt butun mamlakatga shu nom bilan tanildi.
Hamida begim uchun Fathpurning janubida katta bog‘ hovli qurildi. Bu yil ellik olti yoshga qadam qo‘ygan Hamida begimning hozir oltita nevarasi bor. Ularning kattasi Salim to‘qqizga kirdi, Murod sakkiz yashar. Bular ikkovi otalari bilan harbiy yurishlarga va uzoq safarlarga birga ketadigan bo‘lgan. Akbar mut’a nikohi bilan uylangan keyingi xotinlaridan Shamshod bibi unga yana bir o‘g‘il tug‘ib berdi. Gujarat yurishi paytida tug‘ilgan va hozir olti yoshga kirgan bu uchin¬chi o‘g‘ilga Doniyol deb ot qo‘ydilar. Otasi unga ham alohida ko‘shk solib bergan, bek atka va murabbiylar tayin etgan. O‘g‘il nevaralaridan tashqari, Ha¬mida begimning shahzoda xonim, shukriniso begim, Orom bonu degan uchta jajji qiz nevarasi ham bor. Ularning har qaysisi bilan haftada bir kun birga bo‘lsa ham bahri dili ochilib, vaqtning qanday o‘tganini sez¬maydi.
Saroy ahli-ku, Hamida begimning nomini toq aytmaydi, afsonaviy Bibi Maryamga qiyoslab «Maryami Makon» deb ulug‘laydi.
Lekin yigirma yildan beri bevalikda o‘tayotgan umr ham unga o‘z tikanlarini sanchib turadi. Kunduzi bi¬linmaydigan yolg‘izlik kechasi to‘shakda o‘zini ko‘rsatadi. Ellik yoshning nari-berisida ayollarda bo‘ladigan o‘zgarishlar uni ko‘p diqqinafas qiladi, goho yuragi tapir-tupur urib, badanini sovuq ter bosadi-yu, oyoqlari, aksincha, cho‘g‘day qizib ketadi. Sal narsadan xavotiri oshib, dilini vahm bosadigan paytlar ko‘p bo‘ladi.
Uning eng ko‘p xavotirliklari — mudom o‘zini o‘tga-suvga uradigan Akbar tufayli. Begim hatto o‘g‘¬lini haddan ortiq maqtab, ko‘kka ko‘tarishlaridan ham cho‘chiydi, chunki shuhratdan mast bo‘lgan Akbar rajputcha qilichbozlik qilmoqchi bo‘lib, o‘zini o‘zi o‘ldirishiga sal qolganini begim odamlardan eshitgan.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:02:54

Gujaratdan so‘ng sharqdagi Bixarga yurish qilindi. Akbar ikki yuzdan ortiq daryo kemasi qurdirgan edi. Asosiy qo‘shin qirg‘oq bo‘ylab ketdi-yu, Akbarning o‘zi eng yaqin mulozimlari, onasi va xotin-bolalari bilan bir oy kemalarda suzib bordi.
Jamna va Ganga bo‘ylab qilingan bu daryo safarini Hamida begim umrining eng mas’ud xotiralari kabi qayta-qayta eslab yuradi. U kelinlari va nevaralari bilan tushgan kema sahnida tuproq solib o‘stirilgan jajji gulzor bor edi. Qafaslarda bolalar yaxshi ko‘radigan qushlar ham daryo bo‘ylab suzib borardi. Ikki yuz kema ulkan bir karvonga aylanib, besh-olti mil maso¬faga marjonday tizilgan edi. Dushman chegarasi hali uzoq, har ikki qirg‘oqda ham o‘z odamlari, ko‘kalamzor qir-adirlar va obihayotga to‘ygan ekinzorlar.
«Ahli murod» deb ataladigan maxsus kemada Tansen boshliq xushovoz xonandalarning ovozi yang¬raydi. Tun qorong‘isida mash’alalar yorug‘i daryo mavj¬larida behad ko‘payib ko‘rinadi, kuylar va qo‘shiqlar afsonaviy bir sehr bilan karvonga qo‘shilib oqib boradi.
Ikki hafta shu tarzda yo‘l yurib, Ollohobod shahriga yetdilar. Bu yerda Jamna Gangaga borib quyiladigan g‘alati joy bor. Jamna suvi qoramtir, Ganga esa oqish, ikklasi qo‘shilgandan keyin ancha joygacha olachalpoq bo‘lib oqadi-da, keyin kulrang tusga kiradi. Qirg‘oqlar behad kengayib, daryo avvalgidan besh-olti barobar ulkanlashib ketadi.
Hind rivoyatlarida bayon qilinishicha, Olloho¬bod¬da Ganga va Jamnaga yer ostidan uchinchi bir daryo— Sarasvati ham kelib qo‘shilarkan.
— Sarasvati aslida pokiza bir ma’buda bo‘lgan, — deb hikoya qilgan edi Jodha Bay qaynonasiga. — U Himolay degan tangrining qizi ekan, taqdirida Ganga bilan qo‘shilish bor ekan. Sarasvati ilgari Gangaga yetguncha yer yuzidan oqib kelarkan. Lekin dunyoda nopoklik ko‘payib ketibdir. Sarasvati Gangaga pok yetib kelish uchun yer tagiga tushib oqibdir. Mana shu Ollohobodda yana yuzaga chiqib, sevgilisiga qo‘shilibdir. Shuning uchun bu daryolarning qo‘shilgan joyi muqaddas ziyoratgoh hisoblangay.
Chindan ham, ikki ulug‘ daryo qo‘shilgan joyda odam benihoya ko‘p. Aytishlaricha, ular Hindis¬ton¬ning turli viloyatlaridan piyoda kelishgan, chunki shu muqaddas daryolar qo‘shilgan joyda bir marta cho‘milib ketsalar, butun gunohlaridan poklanishlariga ishonishadi.
— Qaniydi shu rivoyat rost bo‘lsa! — deb Hamida begim ham kemaning bir chetida ayollar uchun qilingan parda ichiga kirib, Ganga suviga qayta-qayta sho‘ng‘ib chiqqan edi. Hozir buni eslasa dilida eng pok va yorug‘ tuyg‘ular uyg‘onadi.
Lekin Ollohoboddan narida yana Hamida begim¬ning tahlikalari boshlandi. Chunki Akbarga qarshi urushmoqchi bo‘lgan afg‘on sarkardasi Dovudxonning yuz ming askari, besh ming harbiy fili bor edi. Afg‘onlar uni «bugungi Sherxon» deb ulug‘lar edilar. Akbar onasi va xotin-bolalarini jang maydonidan uzoq bo‘lgan Jaunpurga yubordi. O‘zi esa Hojipurdagi Dovud¬xonga maktub yo‘lladi. «Ikkovimizning ikki yuz ming askarimiz urushadigan bo‘lsa behad ko‘p qon to‘kilgay, — deb yozilgan edi Akbarning Dovudxonga yuborgan maktubida. — Undan ko‘ra o‘zimiz yakkama-yakka olishganimiz afzal emasmi? Siz ham Hindistonda tug‘ilib o‘sgansiz, fil jangini yaxshi bilursiz. Men ham bitta filga minib maydonga chiqay, el-ulusning ko‘zi oldida ikkalamiz jang qilaylik. Kim g‘olib chiqsa, Bixar-u Bangola o‘shaniki bo‘lsin».

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:03:34

Dovudxon yakkama-yakka jang qilishga jur’at etmaganini eshitib Hamida begim ancha yengil tortdi. Chunki Akbar Hind ummonida portugallarning zo‘r kemalarini ko‘rganda quvvai bahriyaning* ahamiyati qanchalik katta ekanini sezgan, o‘zining ikki yuz ke¬ma-dan iborat daryo flotini shundan keyin qurdirgan. Hali bunday flot Dovudxonda yo‘q. Bir kun kemada turib jangni boshqargan Akbar ikkinchi kuni saman oti Rohvorga minib, quruqlikdan hujum qilayotgan jang¬chilari orasida paydo bo‘ldi. Jangchilar uni bir-birlariga ko‘rsatishib, «ana, hazratim jangga kirdilar!», «oq ot¬da o‘tdilar», deya boshlashdi. Uni kemada ko‘rganlar esa, «hazratim hali ham bizning oramizda» deyi-shardi.
Akbarning jilovida go‘yo Xo‘jai Hizr yurishini, shuning uchun u hali birorta jangda yengilmaganini yuzboshi va mingboshilar o‘z qo‘l ostidagi askarlar qulog‘iga ataylab quyar edilar. Bu gaplar safdan safga o‘tib, ko‘pchilik orasida tarqagandan keyin, navkarlar Akbarning o‘zini ko‘rib qolsalar: «Endi albatta yenggaymiz!» deyishib, har biri o‘nta yovga bas keladigan shijoat va jazava bilan jang qilar edi. Akbarning o‘zi¬dan ham ko‘ra nomi katta kuchga aylanganini Do¬vud¬xon ham sezdi, u ham quruqlikdan, ham daryo ichidan qilingan ketma-ket hamlalarga bardosh berolmadi-yu, kechasi qal’ani tashlab, janubga qarab qochdi.
Sharqdagi g‘alaba uchun Akbar Gujaratdagiga nisbatan xiyla oz vaqt va kuch sarflaganiga qaramay uni «nazarkarda mahdiy!» deb entikib ulug‘laydiganlar paydo bo‘ldi.
Bu me’yorsiz maqtovlar hatto Maryami Makon — Hamida begimni ham hovliqtirar, begim yurib bora¬yot¬ganda goho oyog‘i yerga tegib-tegmayotganday bo‘¬lar, g‘ayritabiiy bir kuch uni osmonga uchirib chiqib ketadigandek tuyulardi. Lekin bu ulug‘lashlar Akbar¬ning boshini qanchalik aylantirib qo‘yishini, Guja¬ratdagi mastlik yana takrorlanishi mumkinligini o‘ylaganda begim darhol hushyor tortar va o‘g‘lidan xavotir ola boshlardi.
Odamlar Akbarni «dovyurak, botir» deb ta’riflaganlari sari u o‘zini yangi-yangi xatarlar girdobiga tashlar, ana shunisi begimni mudom xavotirga solardi.
Ovga borganda chita bilan kiyik tutishga qanoat qilsa bo‘ladi-ku. Yo‘q, shergir filga minib, yo‘lbars otishga chiqardi. Maxsus odamlar yo‘lbars yashaydigan o‘rmonni o‘rab olib, naqoralar, nafirlar shovqini bilan yirtqichni joyidan qo‘zg‘atadi va o‘rmon chetidagi yalanglikka chiqishga majbur qiladi. Bu yerda fil mingan Akbar yo‘lbarsga ro‘baro‘ bo‘ladi. Shergir fil xartumi va tishi bilan yo‘lbarsni urib yiqitishga intiladi. Bundan g‘azabi kelgan yo‘lbars goho yerdan turib filning boshi ustiga sakraydi. Agar fil ustida to‘fangni o‘qlab tayyor turgan ovchi yo‘lbarsni sakragan paytida boshidan otib yiqitolmasa-yu, faqat yarador qilsa, bu qudratli yirtqich filning ko‘ziga panja urib, tirnoqlarini botiradi. Ko‘zdan ayrilgan fil dovdirab qoladi. Bu orada yo‘lbars yana bir sakrab fil ustidagi ovchiga yetib boradi va uni tilka-pora qilib tashlaydi. Bunday hodi¬salarni Akbarning o‘zi ko‘rgan. Shunga qaramay, yana besh-olti oy o‘tgach, shergir filiga minadi-yu, yo‘lbars oviga jo‘naydi. Xavf-xatar bilan olishishga buncha ishqiboz bo‘lmasa nima qilarkin? Hamida begim o‘g‘lining chapdast merganligi uchun tangriga shukrlar qiladi. Keyingi o‘n yilda Akbar yettita yo‘lbarsni otib yiqitganidan xabardor ona:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:04:29

— Bo‘ldi, endi bas, jonivorlarga rahmingiz kelsin!— deb o‘g‘liga yalinadi.
Akbar «xo‘p» deb ko‘nganday bo‘ldi-yu, keyin o‘ttiz besh yoshida fil jangiga qatnashib, yana bir falokatdan zo‘rg‘a omon qoldi. Hamida begim o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bu hodisani har eslaganda eti bir junjikadi.
Buxorodan kelgan Abdullaxon elchilari fil jangini tomosha qilishga havasmand ekan. Akbar Jamna bo‘yidagi o‘sha keng maydonda ikkita zo‘r filni mahavatlari bilan birga urishtiradi. Bir vaqtlar Bayram¬xonning filini yenggan mashhur Favjdorni jur’ati yo‘qroq mahavat mingan ekan. O‘rtadagi tuproq ko‘tarmadan nariga o‘tmay, juda lanj olishdi. Tomosha zerikarli bo‘layotgani uchun Akbar Buxoro elchilari oldida o‘ng‘aysizlandi. Otashdorni chaqirtirib, «Favj¬dorning mahavatiga aytinglar, dadilroq jang qilsin!» deb buyurdi. Ammo buyruq ham kor qilmadi — mahavatlar o‘z jonlarini xatarga qo‘ygilari kelmayotgani sezilib turardi.
Shundan so‘ng Akbar elchilarning oldida roja Birbalni qoldiradi-da, o‘zi fillar jang qilayotgan maydonga tushib bordi. Uning ishorasi bilan otashdorlar yonib turgan olovni ikki fil orasiga ko‘tarib kirib, olishuvni to‘xtatdilar. Favjdor mahavati bilan Akbar turgan joyga chaqirtirildi. Har ikki filga mast qiladigan shirin ichimlik berildi. Shundan keyin Favjdorga Akbarning o‘zi mindi. Kayfi oshgan fillar endi o‘lar-qolariga qramay jang qila boshladi. Ikki oradagi tuproq ko‘tarma birpasda payhon bo‘lib yerga qorishib ketdi. Akbar Favjdorni ankush bilan xillalab, raqib filning yonboshiga o‘tkazdirdi. Biqinidan berilgan zarba qarshi tomonni qattiq silkitib, mahavatni yerga yiqitishi kerak edi. Lekin raqib fil Akbar o‘ylaganidan zo‘rroq ekanmi, zarbaga bardosh berdi, mahavati ham filning quloqlari ostiga tizzasini tiqib yiqilmay qoldi.
Akbar fillarning ikki yuz yil umr ko‘rishini bilar, ulardagi yigitlik qudrati yetmish-sakson yoshgacha saqlanib qoladi deb o‘ylardi. Bayramxonning fili Zo‘ravor bilan Favjdor olishganiga o‘n sakkiz yil bo‘ldi. Nahotki shu yillar ichida Favjdor kuchdan qolgan bo‘lsa? Akbar uning zarbasi avvalgiday emasligini endi sezdi. Damudor deb ataladigan qarshidagi filning ayni kuchga to‘lgan davri ekan, orqadan shunday qattiq zarba berdiki, Favjdorning old oyoqlari bukilib, cho‘kkalab qoldi. Akbar uning boshi osha yerga qulab tushadiganday bo‘ldi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:16:10

Odamlar: «Vah!» deb yubordilar. Ayollar qatorida jangni tomosha qilayotgan Hamida begim dod solib yubormaslik uchun og‘zini kafti bilan bekitdi, lekin o‘rnidan turib ketganini o‘zi bilmadi.
Bu orada Akbar o‘zini xiyol o‘nglab, Favjdorni bir amallab tikka turg‘azdi. Damudorni boshqarayotgan mahavat podsho oilasidan baloga qolmaslik uchun ikkinchi zarbadan filini tutib qoldi. Akbar Favjdorni orqaga burib yana hamlaga o‘tdi. Lekin shu orada jang vaqti tugadi-yu, olishuv durang deb e’lon qilindi. Rangi xiyol o‘chgan Akbar hansirab elchilar oldiga qaytib keldi. Jang manzarasidan hayajonga tushgan elchilar Akbarning oldida ta’zim qilishib:
— Dovyurakligingizga tan berdik, hazratim! — deyishdi.
Kechqurun Akbar onasidan xabar olishga borganda Hamida begim ko‘ziga yosh olib dardini aytdi:
— Shoh o‘g‘lim, nahotki elchilarning ikki og‘iz tahsini uchun o‘z joningizni shunchalik xatarga qo‘ysangiz? Tavakkalchilik ham evi bilan-da, axir. Shu qadar o‘ylamay ish qilish to‘g‘rimi, aylanay bolam?!
— Men bu ishni o‘ylab qildim, onajon. Abdullaxon biz bilan bellashmoqchi emish, Kobul-u Badaxshonni tortib olmoqchi emish. Elchilari o‘z ko‘z bilan ko‘rgan olishuvni borib xonga aytib bersinlar. Men bilan olishuv qanaqa bo‘lishini xon ko‘z oldiga keltir¬sin. Ehtimol, bugungi fil jangi Abdullaxon bilan bo‘la¬digan qonli urushning oldini olishga yordam bersa! Men ana shu maqsadda maydonga tushdim.
— Lekin siz maydondan omon chiqquningizgacha men o‘lib bo‘ldim! Bizni ham o‘ylang-da, jon bolam!
— Xo‘p, onajon! — deb Akbar minba’d jonini xatarga qo‘ymaslikka so‘z beradi. Lekin boshqa kutilmagan joydan yana onani bezovta qiladigan biron xatar chiqadi.
Akbarning dovyurakligi Abulfazl bilan Birbalga juda yoqadi. Ularning fikricha, Akbarning shuhrati va obro‘si davlat manfaatlariga xizmat qiladi. Agar uning shunday zo‘r obro‘si bo‘lmasa, qo‘l ostidagi odamlari Sekridagi yangi poytaxtni qisqa vaqt ichida bunyod qilishga yoki ikki yuzta daryo kemasini qurishga bu qadar jon-jahdlari bilan kirisharmidi?
Abulfazl bilan Birbal Akbarning shu ulkan obro‘sidan foydalanib, endi shayx Ansoriyning diniy istibdodini yo‘qotmoqchi bo‘ladi. Gujarat yurishidan oldin rejasi chizilgan e’tiqod uyi Bihardagi g‘alabadan keyin qurib bitirildi. Akbar ruhoniylarni munoza¬ralarga jalb qilish uchun binoni «Ibodatxona» deb atadi. Hamida begim bu ibodatxonani kirib ko‘rgan emas, ammo uni marhum Salim otaning maslakdoshi bo‘lgan Abdulla Niyoziyning hujrasi o‘rniga qurganlaridan mamnun.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:16:23

Abdulla Niyoziyning hujrasi evaziga Sekri o‘rmoni chetidan Akbar unga uy qurdirib, dehqonchilik uchun yer ham ajratgani onasiga juda ma’qul bo‘ldi. Chunki Abdulla Niyoziy ham Salim ota kabi adolatparvar odam ekanligini begim yaxshi biladi. Ibodatxonada Akbar imon-u e’tiqod munoza¬ralari o‘tkazganda Ansoriyga o‘xshagan tamagir din peshvolari shayx Muborak bilan Abdulla Niyoziyga bas kelolmasliklari aniq. Bianadagi xalq harakatiga qatnashgan mahdiylar din-u millat ayirmas edilar. Akbar ularning shu bag‘ri kengligini ma’qul ko‘rib, ibdatxonadagi munozaralarga hind brahmanlarini ham, otashparastlar vakilini ham taklif qila boshladi. Abdulla Ansoriy va uning tarafdorlari chekka-chekkada pichirlashib: «Ibodatxona Bianadagi isyonchilar ilkiga o‘tdi, mahdiylar Akbarshohni ham dindan chi¬qa¬rishmoqda!» degan vahimali gaplar tarqatdilar.
Mahdiylar esa Akbarni «ming yilda bir keldaigan ulug‘ rahbar!» deb ko‘tar-ko‘tar qilishadi.
Selday yopirilib kelayotgan bu qarama-qarshi fikrlar ta’sirida Akbarning o‘zi ham g‘alati bo‘lib yuribdi. Keyingi paytda chog‘ir ichmaydi, go‘shtlik ovqat yemay¬di, hech kim bilan ochilib gaplashmaydi. Hozir  uzoq Bhira o‘rmonlariga ketgan. Yana fil minib, yo‘lbars oviga chiqmasa edi...
Hamida begim Bhiradan xabar kutib yurgan paytda Abulfazl kelib qoldi. Uning ma’yus qarashlari onani yana bezovta qildi:
— Akbarjon salomatmilar?
— Shukur... Lekin ozib ketdilar. Uyqulari yomon.
— Tabiblari bor edi-ku. Bhim Nadh o‘sha yer¬dami?
— Tabiblarni qabul qilmay qo‘yganlar. Kuni bilan o‘rmonda yolg‘iz yuradilar, tog‘ tepasida soatlab o‘y surib o‘ltiradilar. Yonlariga chaqirmaganlaridan so‘ng, biz borishga jur’at etolmagaymiz.
— Roja Birbal o‘sha yerdamilar?
— Ha, roja Birbal bilan ham ochilib so‘zlashmay qo‘ydilar. Poytaxtga qaytaylik, desak istamadilar.
— Ov bilan ko‘ngillari yozilar edi-ku.
— Biz ham shuni o‘ylib, ovga tayyorlik ko‘rdik. Shergir fillari taxt qilindi. Maxsus odamlar o‘rmon ichidagi yo‘lbarslarning atrofini o‘rab, ochiq joyga haydab chiqdi. Kiyik ovlaydigan chitalar ham qafasda buyruq kutib turgan edi. Birdan hazratim «jonivorlarga jabr qilib ne topdik!» dedilar-u yo‘lbarslarni o‘r¬monga qayta kiritib yuborishni buyurdilar. Qafasdagi chitalarni ham uzoqroqqa olib borib, qo‘yib yuborishga amr berdilar. Ovni man qilib maxsus farmon chiqardilar.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:16:38

— Yo‘lbars ovi man etilsa mening dilimdagi ish bo‘libdir, — dedi Hamida begim.
— Lekin boshqa bir xavotirlik paydo bo‘ldi, begim. Odamdan begonasiraydilar. Mudom, o‘zlari yolg‘iz. Musohaba-yu murokaba*. Hushlari joyida emasmi? Hech kimni qabul qilmay qo‘ydilar. Davlat ishlarini eslatsak, urishib beradilar. Podsho odamga bir narsa deb bo‘lmasa!... O‘ylab-o‘ylab, axiyri sizga maslahatga keldim. Hazratiimga faqat sizning haddingiz sig‘ib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmog‘ingiz mumkin...
— Akbar meni chorladimi?
— Yo‘q, bildirmay keldim. Bilsalar, ruxsat bermas edilar.
— Mavlono, siz bilan otangiz shayx Muborak ham Akbarni haddan ortiq ulug‘layverib shu ko‘yga soldilaringiz. Mana, oqibati!
— Osiy bandamiz, hazrat begim. Bizni afvu eting.
— Ammo kelganingiz yaxshi bo‘libdir. Men tezroq Bhiraga boray. Dilim sezgan edi-ya!..
Hamida begim o‘zining tungi betobliklarini ham unutdi, Fathpurdan otda o‘n kunlik yo‘l bo‘lgan uzoq Bhiraga shoshilinch jo‘nab ketdi.

Haruda degan hind lochini tog‘ tepasida turgan Akbarning yonginasidan uchib o‘tdi. Lochinning yelkasi to‘q qizg‘ish, qorni va bo‘yni oq. Sariq rangli panjasi bilan qora bir ilonni changallab olgan. Ilon yeydigan bu lochin o‘z ovini dumidan changallab osmonda chirpirak qilib uchiradi. Zaharli ilon tez uchishdan ko‘zi tinib, boshini ko‘tarib ololmaydi, lochinni chaqishga iloj topolmay qoladi. Haruda esa ilonni osmonning yuksak bir joyidan yerga tashlab yuborib o‘ldiradi.
Mana shu odati uchun hindlar Harudani muqaddas qush deb e’zozlashadi. Rivoyatlarga binoan, go‘zallik va zafar ma’budasi Lakshmi Harudaning qanotlari ustida o‘ltiradi. Ilgari Akbarning xayolida afsonani voqelikdan ajratib turadigan aniq chegara bor edi. Endi shu chegara yo‘qolgan, uni go‘yo sel olib ketgan. Shu sababli hozir yonidan uchib o‘tgan Haru¬daning qizg‘ish qanotlari ustida havo to‘lqiniga o‘x¬shash harir bir narsani ko‘rganday bo‘ldi-yu, «Laksh¬mi shu ekanmi?» deb o‘yladi.

Qayd etilgan