Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244511 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 ... 54 B


Ansora  07 Fevral 2010, 13:16:51

Kechalari uning tushiga to‘rt qo‘li, beshta yuzi bor Shiva kirib chiqadi. G‘azab bobida hech kim Shivaga bas kelolmaydi. Ikki ko‘zidan tashqari peshonasida uchinchi yashirin nigohi ham bor. Astoydil g‘azabi kelganda shu uchinchi ko‘zi birdan ochiladi-yu, olov sochadi. Shiva tikilib qaraganda odam yoki boshqa jonzot shu ko‘zning olovidan kuyib kul bo‘ladi. Shivaning yoqasi o‘rnida o‘ram-o‘ram ilonlar. Odam¬larning bosh suyaklarini ipga tizib, bo‘yniga marjon qilib taqib yuradi. Po‘lat gurzisining uchiga ham odamning bosh suyagi qoplangan. Chunki u gunohkor¬larga jazo beruvchidir.
Akbarning tasavvuridagi voqelik bilan g‘ayritabiiy va ilohiy narsalarning chegarasini buzib o‘tgan sel uni yerdan uzib olib osmonga chiqarib yuborgan ulug‘¬lashlarning oqibati ekanini hozir o‘zi ham sezmaydi. Faqat uni «dohiy!» «mahdiy!» deganlari sari o‘zini alanechuk yolg‘iz, hammadan uzilgan bekas odamday sezadi.
Uning ruhi bezovta, sababini go‘yo Jaloliddin Ru¬miy aytib ketgan: «Tanang — ot, ruhing — uning suvo¬risi. Shuni bilki, ot yemishi suvoriga oziq bo‘lmagay!»
Ilgari Akbar ko‘proq tanasini parvarishlar edi, endi bilsa nuqul otni boqib, suvorini och qoldirgan ekan. Hozir aksini qilib, yeyish-ichishdan o‘zini chekladi-yu, ma’naviy oziq beradigan ilm-u asrorga, so‘fiylar va hind donishmandlari ta’limotiga qayta-qayta sho‘n-g‘ib, o‘ziga kerakli ma’naviy gavharni izlashga tushdi.
Ruh, aql, qalb, ko‘ngil — bular tabiatdagi chor unsurga o‘xshaydi, insondagi butun ma’naviy dunyo shu to‘rtovidan tarkib topishini Akbar endi bilyapti. Arab, fors, hind, yunon — turfa tilli faylasuflar hammasi ruh bilan tananing, ko‘ngil bilan aqlning orasidagi ziddiyatlardan dod deb o‘tganlar. Akbarning o‘zi ham hozir shu ichki ziddiyatlardan qutulolmay azob tortib yuribdi. Orqaga o‘girilib qarasa, qancha zafarlarga erishgani, qancha katta davlat-u obro‘ga ega bo‘lgani uni qanoatga va mamnunlikka undaydi. Ammo diliga razm solsa, o‘zidan ham, atrofidagi ha¬yotdan ham ko‘ngli to‘lmaydi. Hali amalga oshmagan istak-orzulari behad ko‘p. Ularga qachon yetishadi?
Shunda go‘yo Abdulhamid G‘azzoliy degan faylasuf uni ogohlantiradi: «Ikki biqining orasidagi ko‘ngling — sening ashaddiy dushmaningdir».
Hind faylasuflari ham ko‘ngilni uning tashqi manbalaridan uzish kerakligini, hech kim yo‘q bir o‘rmonda o‘z qalbiga quloq solib, dildagi muqaddas tuyg‘ularga berilib yashashni maslahat beradilar.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:17:13

Akbar shu maqsadda Himolay tog‘i etaklaridagi o‘rmonzor Bhiraga kelib yashamoqda. Bu yerga u bilan birga kelgan besh yuzdan ortiq beg-u mulozimlar, qo‘riqchi va xizmatkorlar Bhiraning Bog‘i Safo¬sidagi ko‘l atroflariga chodir tikib olishgan. Bir vaqtlar Komron mirzo ko‘r qilingan Bog‘i Safoga Akbar o‘n yasharligida birinchi marta otasi bilan kelgan edi. Shundan beri o‘tgan o‘n yilliklar uni ne ko‘ylarga solmadi! Mana, hozir yoshi o‘ttiz sakkizga bordi, lekin hali ham o‘zini juda nokomil sezadi, xayolini yaxlit bir muqaddas tuyg‘u atrofiga yig‘a olmaydi. Uning istagi shuki, tanasi ruhiga so‘zsiz itoat etsa, yuragi nafsdan poklansa, u o‘zidan ham, olamdan ham mam¬¬nun va rizo bo‘lsa. So‘fiylar buni «oriflik» deydi, hind faqirlari «samadhi» deb  ataydi, lekin ikkovining mohiyatida ham komil insonlikka intilish bor.
Akbar tabiatdagi poklikni, go‘zallik va muvozanatni ko‘rib havasi keladi. Nega uning dilida tabiatdagi uyg‘unlik yo‘q? Bu savolga javoban yana Rumiyning xitobi eshitiladi:
«Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin diling!»
Akbar ko‘zi oldida turgan tabiatdan ham  ulug‘roq, undan ham abadiyroq mutlaq haqiqatni qalb ko‘zi bilan ko‘rishga va ruhini unga qo‘shib yuborishga intiladi. Lekin bunga hech muvaffaq bo‘lolmaydi.
Taqdir unga shuncha kuch-quvvatni, iste’dodni, qudratli davlatni nima uchun bergan?
Bu savolga Ajmirdan Akbar bir vaqtlar ziyoratga borgan Mu’yiniddin Cheshti maqbarasidan Bhiraga kelgan mo‘ysafid Murtazo Ahmadxon o‘zicha javob berdi. U she’rni kuyga o‘xshatib aytadigan xushovoz qavvollar bilan birga Akbarni ulug‘lab ashula aytdi, so‘ng Akbarning qarshisida tiz cho‘kib, unga sajda qila boshladi:
— Siz ming yilda bir keladigan dohiy! Dunyoda adolat o‘rnatish uchun Xudo tomonidan yuborilgan mahdiysiz!
Zo‘r e’tiqod va ishonch bilan aytilgan bu so‘zlar Akbarga shunday ta’sir qildiki, uning ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. U ko‘z yoshini artmasdan o‘rnidan turib ketdi-da, o‘rmonda ancha vaqt yolg‘iz aylanib yurdi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:17:30

Balki murtazo Ahmadxon haqdir? Unga ayon bo‘lmasa kamoli ishonch va e’tiqod bilan shunday dermidi? Lekin Akbarning amaliy ishda aniq dalillarga tayanib o‘rgangan aqli bu gapga bovar qilmaydi.
Osmondan ham biron ishora bo‘lsa edi, Akbar o‘zining o‘jar aql-u idrokini so‘zsiz ishontirgan bo‘lardi. U yolg‘iz o‘zi tog‘ tepalariga chiqadi, uyqusiz tunlarda sham yorug‘ida o‘y surib o‘ltiradi. Tepadan biron gumburlash yoki hayqirish eshitilsa, «tangridan vahiy keldimikin?» deb, vujudini titroq bosadi, ruhida zilzila qo‘zg‘aladi. Lekin yaxshiroq quloq solsa, uzoqda yo momaqaldiroq gumburlagan yoki o‘rmonda yirtqichlar bo‘kirgan bo‘lib chiqadi.
Murtazo Ahmadxondan tashqari shayx Muborak ham Akbarning mahdiyligini isbot etishga harakat qilmoqda. Axir hijriy minginchi yil yaqinlashyapti. Shayx Muborak musulmon olamida Akbardan qudratliroq podsho yo‘q deb hisoblaydi. Uningcha, mahdiylikka munosib boshqa odam yo‘q. Shuning uchun shayx Muborak Akbarning tezroq mahdiy deb e’lon qili¬nishini, shu tarzda abdulla Ansoriy boshliq ruhoniylar hokimiyati yo‘qotilishini istaydi. Akbar mahdiy bo‘lganda kiyishi kerak bo‘lgan ulug‘vor samoviy ki¬yimlarga shayx Muborak buyurtmalar bergan.
Buni eshitgan Akbarning ruhi osmonga talpinadi, ammo tanasi hamon yerdan ko‘tarila olmaydi. Xayolida voqelik bilan ilohiyot bir-biriga qorishib ketgan paytlarda uch ko‘zli tangri Shiva Nandi nomli ho‘kiziga minib, qarshisidan o‘tganday bo‘ladi. Birdan xushyor tortib qarasa, Bog‘i Safoda yolg‘iz o‘ltirganini ko‘radi. Na Shiva bor, na Nandi. Shunda «aqldan ozmayapmanmikin?» degan o‘y etini junjiktirib o‘tadi.

_____________
* Q u v v a i  b a h r i ya — harbiy flot.
* M u s o h a b a — xudtahlil, o‘z-o‘zini kuzatib analiz qilish. Murokaba — o‘z-o‘zini cheklash, qanoatga o‘rganish.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:17:52

* * *

Kech kirib, o‘rmon daraxtlari Bog‘i Safodagi ko‘lga uzun-uzun soya tashlab turgan paytda Akbar xayol surib buloq bo‘yida o‘ltirgan edi. Sakkiz yigit Bog‘i Safoga ko‘tarib kirgan zarrin taxtiravon buloqdan pastroqda to‘xtadi. Kutilmaganda undan Hamida begim chiqib keldi. Akbar: «Bu ham ro‘yo bo‘lsa kerak!» deb cho‘chib o‘rnidan turdi:
— Siz?.. Hazrat onam?
— Ha, bu men, mungliq onangiz!..
— A... E... Sizni kim chorladi?
— Dilim chorladi!
Akbar onasidan ham begonasiragandek ancha berida to‘xtab turibdi. Hamida begim oradagi masofani dadil bosib o‘tdi-da, Akbarni bag‘riga bosib, yig‘lab yubordi:
— Akbarjon, onangiz sizga kerak bo‘lmaganda ko‘zingizga ko‘rinmay yo‘q bo‘lib ketgay! Ammo bo¬shingizga mushkulot tushganda yerning tagidan bo‘lsa ham yetib kelgaymen!
Ona bag‘rida Akbar bir lahza beg‘ubor bolalik davriga qaytganday bo‘ldi. Ko‘ngli yumshab:
— Xush kelibsiz! — dedi va onasini ikki oshiyonli ko‘shkka boshlab kirdi. Begim yo‘lda chanqagan edi. Akbar gulob chaqirdi.
— Suv kichikdan, avval o‘zingiz iching, bolam!
Akbar limu sharbatining lazzatini ancha kundan beri endi qaytadan sezdi. Bovurchilar Hamida begim uchun dasturxon yozib, eng sarxil shirinliklar va sabzavotdan qilingan taomlar keltira boshladilar. Be¬gim to‘rt yildan beri go‘sht yemas, buni bovurchilar bilar edi. Akbar ham Bhiraga kelgandan beri go‘sht yemay qo‘ygani ona-bolani ma’naviy maslakdosh qilganday tuyuldi. Xushta’m sabzavotlardan pishirilgan anvoyi ovqatlarni esa Hamida begim ataylab ishtaha bilan yer, uning ta’sirida Akbar ham laganga tez-tez qo‘l cho‘zayotganini o‘zi sezmasdi. Kindik qoni orqali o‘tgan go‘daklik tuyg‘ulari akbarni asliga qaytarayotganday, voqelik bilan xayoliy ro‘yoning orasidagi chegara tuman orasidan sekin chiqib kelayotganday bo‘lardi. Lekin oylar davomida unga singdirilgan mahdiylik afsuni hali osonlikcha tarqaydiganga o‘x¬sha¬masdi. Ona-bola suhbatlashib o‘ltirganlarida Akbar bir necha marta jim qolib osmonga quloq soldi. U tangridan ilohiy nido kelishiga astoydil ishonib yurganini Hamida begim endi sezdi.
Kechasi Akbar soma degan giyohning suvidan tayyorlangan sharbat ichdi.
— Soma hindlarda muqaddas giyoh hisoblangay,— deb onasiga tushuntirdi. — Kechasi oydinda tog‘dan terib tusharlar. Oltin uzuk taqilgan barmoqlar bilan ezib, sharbatini elakdan suzib poklagaylar. Bir-ikki kun turgandan keyin yetilib, yengil kayf bergay. Ammo bu ilohiy kayf sanalur.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:18:13

Hamida begim somadan bir piyola ichib yotgan edi, kechasi bilan uxlay olmadi. Brahmanlar soma¬ning kayfi bilan tuni bo‘yi hindcha duolar o‘qib, uxlamay chiqishlari esiga tushdi-yu, Akbarni qiynab yurgan uyqusizliklarga soma ham sabab bo‘layotganini payqadi. Ertasi kuni Akbarga turkiy ichimlik bo‘lgan qimizni eslatdi:
— Kobulda o‘smir paytingizda qimiz ichganlaringiz yodingizdami? Ajdodlarimiz orqali qonimizga singgan odat...
— Hind issiqlarida qimiz og‘irlik qilgay.
— Ammo Bhira salqin ekan. Bir tomoni tog‘, bir tomoni daryo.
Onasining qimizga ko‘ngli ketayotganini sezgan Akbar bovurchini chaqirdi:
— Chig‘atoyxon Toshkandiy qimizxo‘r edi. Borib ayting, biz uchun topdirsin.
Qip-qizil kadi to‘la qimiz o‘sha kuni topib kelindi. Hamida bonu saryog‘da pishirilgan baquvvat ovqatlar buyurdi-yu, avval o‘zi bir kosa qimiz ichdi, keyin qo‘yarda-qo‘ymay Akbarga ham ichirdi. Muzday buloq suviga kadisi bilan qo‘yib sovutilgan qimiz chanqoqni shunday yaxshi bosdiki, Akbarning tanasi yayrab, birdan ishtahasi ochilganini sezdi. Ona-bola go‘sht yemasliklarini biladigan bovurchi ularga turkiycha qaymoq torpiq pishirib keldi. Akbar sharbatchiga ishora qilib, o‘ziga va onasiga yana bir kosadan qimiz quydirdi. Uni ichgandan keyin vujudiga mayin bir mudroq tarqab, dunyo g‘amlari xayolidan uzoqlasha boshladi. Har kuni yotar mahalda ichadigan soma ichimligini bugun onasi iltimos qilib ichirmadi. Uning o‘rniga ham yana bir kosa qimiz berdi.
Akbar xufton kech bir uyquga ketgancha, ertasi kuni oftob chiqqanga qadar qotib uxladi.
So‘nggi kunlarda u hech kimni qabul qilmay qo‘ygani uchun davlat ishlari to‘xtab qolgan, podshoning qabuliga kirolmay xit bo‘lib yurgan odamlar ko‘p edi. Akbarning o‘y-xayolini buzmaslik uchun mulozimlar ham oyoq uchida yurardilar. Butun qarorgoh mudroq bosganday bo‘shashgan edi. Akbar erta¬lab uxlab yotgan paytda Abulfazl bilan roja Birbal Hamida begimning huzuriga keldilar.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:19:35

— Yaxshi uxlayotgan bo‘lsalar, bu — sog‘ayish alomati! — suyunib dedi Abulfazl. — Shoyad bugun bizni ham qabul qilsalar. Navbat kutib turgan shoshilinch ishlar ko‘p.
Hamida begim bosh chayqadi:
— Mavlono, hali sabr qiling. Gujaratdagi mastliklari bir kunda tarqagan ekan. «Mahdiy», «dohiy» deb, oylar davomida afsun qildilaringiz. Buning kayfi tarqalishi uchun ancha vaqt kerakka o‘xshaydir.
— Shukurki, hazratim siz bilan inoqlar.
— Menga xos hakimni chaqirib beringizlar, — dedi Hamida begim. — Bamaslahat davo qilaylik.
Xos hakim Bhim Nadh Akbarga quvvat beradigan taomlarni ko‘proq yedirishni maslahat berdi. Shu maslahat bo‘yicha Hamida begim ertalabki shirchoyga quvvat beradigan qaymoq va saryog‘ni ko‘proq soldirdi. Tushga borib Akbar chanqay boshlaganda ona-bola yana qimiz ichdilar, tabibning buyrug‘i bilan sabzavot sho‘rvaga kaklik go‘shtidan qo‘shib pishirdilar va suvini suzib berdilar. Akbarning kayfiyati yax¬shilanib borayotganini ko‘rgan Hamida begim unga ruh va tananing birligi haqida Salim ota aytgan so‘zlarni eslatdi:
— Inson ham daraxt kabi moddiy ildizlardan oziqlanarkan, shoh o‘g‘lim! Qon bilan taraluvchi oziq ruhga quvvat berarkan.
— Lekin nafs bilan ko‘ngil — ruhning dushmanidir, — dedi Akbar.
— Ko‘ngil ham pok bo‘lsa, ruhga zid kelmagay. Hind¬larning ko‘ngil haqidagi fikrlari esingizdami? Karma — bizdagi ko‘ngilga o‘xshab tabiiy ehtiyojlar, mayllarni keltirib chiqararkan. Busiz yashab bo‘lmas ekan.
— Ammo jaynlar ko‘ngilni yopishqoq matoga o‘xshaturlar. Hayotning butun kir-chirlari shu matoga yopishavergay.
Hamida begim ham jaynlar ta’limotidan xabardor edi. Jaynlar tirik jonivorning go‘shtini yeyishga shu¬ning uchun qarshiki, inson o‘lganda uning joni boshqa biron jondorga, goho echkiga, qo‘yga, goho ilonga ko‘chib o‘tadi. Jaynlarning jonivorlarga rahmdilligidan tashqari bittadan ortiq xotin olmasliklari, imon-u e’tiqodlari bunga ruxsat bermasligi ham Hamida begimga yoqadi.
— Jaynlar karmani kir oladigan matoga o‘xshatganlari rost, — dedi begim. — Lekin uni tez-tez tozalab turish kerak, deydilar. Axir karmasiz hayot bo‘lurmi? Ichish, yeyish, uylanish, farzand ko‘rish — hammasida ko‘ngil ishtirok etmay iloji yo‘q.
— Lekin ko‘ngilni imon-u insof ko‘chasidan yurgizish mushkul.
— Nechun?  Komil insonlarda ruh hamisha ko‘ngilga yetakchilik qilgay, aql bilan dil juft qanotlardek birga parvoz etgay.
— Demak, men hali kamolotdan juda uzoqda¬men,— dedi Akbar. — Ruhim mudom osmonga talpinur. Ammo tanamni ruhim ko‘tarilgan yuksaklikka olib chiqolmay, aro yo‘lda muallaq qolurmen.
Akbar o‘zining ruhiy holatiga to‘g‘ri baho bera boshlaganida Hamida begim ichida «xayriyat!» deb qo‘ydi-yu, uni muallaq holatdan tezroq yerga qaytarib tushirgisi keldi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:21:55

— Men o‘tgan hafta tushimda Humoy qushni ko‘ribmen, — dedi begim. — Qanotlari burgutnikidan ham bahaybat. Boshi-yu bo‘yni shertaxlit. Odamni¬kiday ikki ilki bor. Tog‘ etagida odamlar to‘plangan ekan. Humoy qush ilkida kattakon bir kitobni ko‘tarib o‘tib, tog‘ tepasiga borib qo‘ndi. Odamlar unga qarab yugurdilar. Humoy kitobni tashlab uchib ketdi. Toqqa oldinroq yetib borgan to‘rt-besh odam haligi kitobni «men olay, men olay!» deb talashib qoldilar. Bir-biriga bermagandan keyin uni to‘rt-besh bo‘lak qilib bo‘lib, turli tomonga olib keta boshladilar. Shunda siz paydo bo‘ldingiz. «To‘xtanglar, axir, yaxlit kitobni parchalab olib ketish gunoh-ku», deb ularni qayta¬rishga tushdingiz. Lekin ularning birini qaytarsangiz, boshqasi tutqich bermaydir. Azbaroyi achinganimdan «oh!» tortib, uyg‘onib ketibmen.
Akbar o‘ylanib turdi-yu:
— Yaxshi tush ko‘ribsiz, — dedi. — Kitob — haqiqat ramzi. Odamlar haqiqatni parcha-parcha qilib turli tomonga olib ketganlari rost. ma’naviyat ham parchalangan. Har kim ilkidagi bir parcha haqiqat-u ma’naviyatni mahkam tutib olgan. Boshqalarning ilkida ham haqiqat-u ma’naviyat parchalari borligini tan olmaydilar. «Faqat men haqmen!» deb, boshqa xalqlarni kamsitadilar. O‘zaro urushlar, din-u millat ayirishlar mudom shundan kelib chiqg‘ay... Siz tushingizda ko‘rgan kitobning parchalarini odamzod bir joyga yig‘ib, yaxlit holiga keltirmaguncha, dunyoda adolat o‘rnatib bo‘lmagay. Mening orzuyim sochilib ketgan o‘lkalarni bir davlat qilib birlashtirishgina emas, balki parchalanib ketgan haqiqatni bir ulug‘ mahzarga* yig‘ishdir.
— Ilohim, bu orzuingizga yeting, shoh o‘g‘lim. Turkiy ulusdan chiqib, Hindistonga farzand bo‘ldingiz. Endi bilsam, bir ulusning qobig‘ini yorib chiqqan odam faqat ikkinchi bir xalqning farzandi bo‘lish bilan cheklanib qololmas ekan. Ummonga quyilgan daryo butun dunyo kengliklariga chiqarkan. Shunga o‘xshab, siz ham o‘z ulusingiz, o‘z mamlakatingiz tashvishlaridan kuch orttirib, umumbashariy muammolarni yechi¬sh¬¬¬ga bel bog‘lamoqdasiz. ma’naviyat bobida ajdodlari¬ngizning hech biri bunday mushkul, bunday murakkab maqsadlarni o‘z oldilariga qo‘ymagan edilar. Sizda ulkan iste’dod-u g‘ayrat  bor. Ammo men tu¬shimda «oh» tortib uyg‘onganimga sabab — «yolg‘izlik qildingiz, bolam!». Kitobni parchalab, turli tomonga qoch¬¬ganlarning hammasini odam bir o‘zi nechuk tutgay?
— Yonimda hech kim yo‘qmidi?

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:22:12

— Yo‘q edi! Axir, sodiq amirlaringiz nechun ko‘rinmaydilar? Aziz ko‘ka, Man Sinx, roja Birbal, Abul¬fazl... Har biri siz uchun jonini berishga tayyor-ku!
Akbar so‘nggi paytda uzlatga chekingisi va yolg‘iz yurgisi kelib, eng yaqin kishilaridan uzilib qolgani noto‘g‘ri bo‘lganini endi seza boshladi. Onasi uni yanada hushyor torttirish uchun Agrada bo‘lgan bir fojiani aytib berdi:
— Siz yo‘g‘ingizda Agradagi sadrlar suduri Abdunabi yana diniy nizolarni alanga oldirdi. Siz-ku, masjidlar qatori hind butxonalari qurishga ham ruxsat bergan edingiz. Lekin shayx Abdunabi bor taxtani masjid yoniga keltirib taxlatibdir. Butxona uchun taxta berdirmabdir. Butxona qurilishi to‘xtab qolgandan keyin, kelinimiz Jodha Bayga qadrdon bo‘lgan brahman o‘z qavmlari bilan boribdir-da, o‘sha taxtalarning bir qismini sadrlar suduridan beruxsat olib ketib, but¬xona qurilishiga ishlatibdur. Muxtasib buni bilib qolib, brahmanni hibsga olibdir.
— Men buni eshitgan edim, — dedi Akbar. — Safardan qaytgunimcha brahman hibsda saqlansin degan edim.
— Ammo brahman qochmoqchi bo‘lgan emish. Rostmi, yolg‘onmi, bilmadik. «So‘roq paytida brahman muslimlarni haqorat qildi, kechasi qochmoqchi bo‘ldi», degan bahona bilan sadrlar suduri uni qatl ettiribdir.
— Ob-bo, jallodlar-ey!
— Eng yomon fojia keyin bo‘ldi. Brahmanning to‘rtta xotini bor ekan. Shulardan uchtasi «sati» qilib, murda bilan o‘zlarini yondiribdirlar. Buni Jodha Bay eshitib qancha yig‘ladi! Ayollarning qarindoshlari-yu brahmanning qavmlari bu adolatsizlikdan qahr-u g‘azabga to‘lib yuribdilar. Axir shayx Abdunabiday johillarga odamlarni qatl ettirsh huquqini kim bergan?
— shariat bergan, — dedi Akbar. — Agar mening dahriyligimga raiyat-u bariyatni ishontirsalar, shariatga suyanib meni ham qatl ettirishlari mumkin.
— Bular shariatni shunchalik suiiste’mol qiladigan bo‘lsa, o‘rinlariga shayx Muborakdek halol odamlarni qo‘ysangiz bo‘lmagaymi?

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:22:26

Akbarning ko‘pdan beri ko‘ngliga tukkan istagi ham shu edi. Hozir bu istak yangi bir kuch bilan qaytib keldi. Uni amalga oshirish uchun yana poytaxtga qaytishi kerak.
— Poytaxtda Todar Mal ham sizning yo‘lingizga muntazir, — dedi Hamida begim. — Jizyani bekor qilish uchun yetarli mablag‘ to‘plagan emish.
Yerda shuncha ishlari turib, Akbar osmondan nido kutib yurgani endi uning o‘ziga g‘alati tuyuldi. Hamida begim uni tezroq avvalgi holiga qaytarishga intilib iztirob bilan so‘zlashda davom etdi:
— Shoh o‘g‘lim, shayxlar sizni yerdan uzib olib osmonga chiqarib yubormoqchi bo‘lurlar! Meni ham Iso payg‘ambarning onasi Bibi Maryamga qiyoslab mubolag‘a qilurlar. Lekin men Bibi Maryam emasmen, shukrkim, sizdek ulug‘ insonga onamen! Shuning o‘zi menga yetkulikdir! Tangrining oldida guvohlik berurmenki, sizga bir emas, yetti ona oq sut bergan. Shuning uchun men sizni mahdiy emas, Odam Ato farzandi deb bilurmen!
Akbar tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Xayollari osmondan yerga tushayotgani unga yengillik bermoqda edi. Quyuq bulutday og‘ir tuyg‘ular kuchli shamol ostida tarqab ketayotganga o‘xshardi. O‘g‘lini bulut orasidan chiqarib olayotganini sezgan ona ilhom va ehtiros bilan so‘zlashda davom etdi:
— Siz afsonaviy Iskandar kabi ulkan nom qozondingiz, Akbarjon! Alisher Navoiyning «Xam¬sa»sini o‘qigansiz. Saddi Iskandariy dostoni yodingizdami? O‘sha yerda Arastu, Suqrot, Aflotun kabi olamshumul donishmandlar nelar deganini bir eslang!
Akbar «Saddi Iskandariy»ni xayolidan qayta o‘tkazarkan, bir narsadan hayron bo‘ldi. Navoiyning jahon xalqlarini adolatga va ruhiy yaqinlikka undab yozgan turkiy dostoni Akbarning milliy adovatlar va diniy nizolarni yo‘qotishga qaratilgan e’tiqodiga naqadar hamohang! Dostondagi ya’juj-ma’jujlar — qonli urushlar va milliy adovatlar timsoli emasmi? Saddi Iskandariy barcha yovuzliklarning yo‘lini to‘sish uchun qurilgan ekan-ku. Uni Sharq-u G‘arbdagi barcha xalqlar din-u millat ayirmasdan birgalikda qurganlari bejiz emas.
— Akbarjon, siz ham Sekrida qurgan e’tiqod uyi orqali barcha ellarni ruhan yaqinlashtirish niyatida edingiz. Sizning bu ixtirongiz ham xatarli nizo-yu adovatlarning yo‘lini to‘sadigan ma’naviyat Saddi emasmi, axir? Navoiy Iskandar siymosida o‘zi orzu qilgan rahbarni ulug‘laydir. Ajdodlaringiz orasida shu orzuning amaliga yaqin kelgan rahbar — siz emasmisiz? Axir siz uzoq Farangistondan, Aflotun-u Arastular o‘lkasidan nasora ruhoniylarini taklif qilgan edingiz. Ular Gujaratdan o‘tib, bizga yaqinlashib kelmoqda emishlar. Kim chiqib kutib olgay? Qayonga joylashtirgay? Qancha mulozimlaringiz sizning qabulingizga muntazir! Siz qiladigan qancha muhim ishlar navbat kutib qoldi! Qancha odam bir parcha nonga zor! Yordamga muhtoj bevalar qancha!

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:28:14

— Rost! — deb Akbar birdan larzaga kelib o‘rnidan turib ketdi. Momaqaldiroq gumburlaganda «vahiy emasmikan?» deb ruhida zilzila qo‘zg‘algani kabi, hozir ham vujudi junbushga keldi. Ko‘zlari olovday yonib:
— Men osmondan kutgan nidolarni sizdan eshitdim, onajon! — dedi. — Barcha yovuzliklarga qarshi Saddi Iskandariy qurmoq!..
— Ehtimol, odamlar buni Saddi Akbariy deb atagaylar, bolam!
— Ajoyib... G‘animlarim butalar orasiga yashi¬ringan ilonlardek zahar solish uchun payt poylamoqdalar. Endi ularni hind lochini Haruda kabi yuksakka olib chiqib, tashlab yuborish mumkin!
Ko‘pdan beri yo‘li to‘silib, dam bo‘lib yotgan anhorning oldi ochib yuborilsa, o‘zaniga sig‘may toshib, loyqalanib oqadi. Shunga o‘xshab, Akbarning dilida qisilib yotgan tuyg‘ulari ham endi tanasiga sig‘may yopirilib chiqa boshladi. U qarsak chalib sarmunshi Ashrafxonni chaqirdi-da, ketma-ket farmo¬yishlar bera boshladi:
— Agraga chopar yuboring. Mirdevon Todar Malga farmonimiz shulki, Sekrida, Agrada, Dehlida va boshqa subalarda* qancha ochlar, muhtojlar, yetim-u yesirlar, keksayib qarovsiz qolgan notavonlar bo‘lsa biz borguncha hammasini ro‘yxatga olsin. Yana bir farmoyish: so‘nggi yetti yilda, aholidan olingan jizya solig‘ining umumiy miqdori qancha? Shuning aniq hisob-kitobi tuzilsin.
— Fathpur kutvoli Ibrohimxonga buyrug‘imiz shulki Goa orolidan kelayotgan farangi ruhoniylarini izzat-ikrom bilan kutib olsin, saroy ichidagi xos meh¬monxonaga joylashtirsin. Gujaratdan otashparastlar peshvosi Mexerji kelgan bo‘lsa, unga ham yaxshi joylardan berilsin.
Hamida begim o‘g‘lidagi o‘zgarishni hayrat bilan kuzatib turar, Akbar avvalgiday serg‘ayrat, ishchan qiyo¬faga qaytgani sari onaning quvonchi ortib borardi. Ashrafxon esa Akbarning ketma-ket yopirilib kelayotgan istaklarini shosha-pisha qog‘ozga tushirmoqda edi:
— Yozing: Qosim sarkorga farmoyish shulki, biz borguncha to‘rt qismlik ibodatxonaning barcha xo¬nalarini turli tildagi muqaddas kitoblar bilan jihoz¬lasin. Biz poytaxtga qaytganda saidlar, ulamolar, brahmanlar, boshqa din-u millat vakillarini shu e’tiqodxonaga taklif etgaymiz. So‘nggi farmoyish: hozir bhiradagi barcha bek-u a’yonlarni kechqurun mashvaratga chorlang. Miri manzil yo‘l tayyorligini ko‘rsin, erta o‘tib indin poytaxtga qaytib ketgaymiz!
Anchadan beri jimib mudrab yotgan Bhiradagi qarorgoh bu farmonlardan go‘yo cho‘chib uyg‘on¬di-yu, hammayoq birdan jonlandi. Chodirlar va ko‘shk¬larning ichi-tashini g‘ivir-g‘ivir harakat tutib ketdi.

_________________
* M a h z a r  —  markaziy nuqta, sintez joyi.
* S u b a — viloyat.

Qayd etilgan