Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244498 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 ... 54 B


Ansora  07 Fevral 2010, 13:48:24

Portugaliya uchun bunday ma’naviy kamolot hali oldinda ekanini* u ich-ichidan sezardi. Shuning uchun Monserrate axiyri Akvavivaning talablariga yon berishga majbur bo‘ldi. Akbarni va uning o‘g‘lini katolik diniga o‘tkazish orqali butun Hindistonni Portugaliyaning mulkiga aylantirish maqsadida ish olib borajagini Akvavivaga ahd-paymon tarzida aytdi. Shundan keyin Akvaviva unga Akbarning harbiy sirlarini qanday bilish kerakligi to‘g‘risida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsata boshladi.
Monserrate josuslikdan hazar qilar edi:
— Padre, men harbiy odam emasmen! — dedi.
— Bo‘lmasa Albert Pereyro doim sizning yoningizda yursin. «Yordamchi xalfam» deb tanishtiring. Domlaning xalfasi bo‘lishi shart, saratsinlarda shunday qoida bor. Pereyro birga yursa, qolgan ishni o‘zi eplagay.
O‘ttiz yoshlardagi  xushmuomala, chaqqon yigit Albert Pereyro Goadan padrelar bilan birga kelgan, hozir ham ularni qo‘riqlab yuribdi. Bu yigit bir vaqtlar Humoyun saroyiga kelgan Alvaro Pakaviraning jiyani. Uning asli oti Albert Pakavira. Lekin Akbar Goaga borganda Alvaro Pakavirani suiqasdga qatnashishda ayblagani uchun uning jiyani bu yerga ke¬lishda familiyasini «Pereyro» qilib o‘zgaratirib oldi. Aslida Albert ham Pakaviraning tarbiyasini olgan, uning maxfiy ishlarini davom ettirish uchun hind va fors tillarini o‘rgangan. Qilichbozlik, merganlik, chavandozlik, suvda suzish bo‘yicha Goada unga teng keladigan yigit kam.
Monserrate o‘zi josuslik qilgisi kelmagani uchun Albertni xalfa o‘rnida shahzodalarning oldiga birga olib bordi.

Farangi tili mashg‘ulotlari shahzoda Salimga zerikarli tuyulsa ham, ammo Albert Pereyroning de¬ngiz sayohatlari haqidagi hikoyalari unga qiziqarli tuyula boshladi. Pereyro o‘ng olti yoshidan beri de¬ngizda ko‘p suzgan, yer kurrasini aylanib chiqqan Ma-gellanning tarixini yaxshi bilar, Kolumb Hin¬distonga boraman deb adashib, Amerikani qanday ochganini kulgili tarzda hikoya qilardi. Pereyroning dengiz qa¬roq¬chilari haqida aytib bergan qo‘rqinchli hikoyalaridan esa Salimning sochi go‘yo tikka bo‘lib ketardi. Albert Pereyroning merganligi va chavandozligi ham Salimga yoqib qoldi. Shahzoda uni «Alibek» deb chaqiradigan bo‘ldi. Monserratening saboqlari tugagandan so‘ng Salim Albertni o‘zining xonayi xosiga boshlab kirdi. Hindistonning issiq iqlimida Salim juda tez balog‘atga yetgani uning do‘rillagan ovozidan va lab ustida sabza urgan mayin tuklaridan sezilar edi. Xonayi xosda yolg‘iz o‘ltirganlarida Albert farangi qizlarning go‘zal badanlari va noz-u karashmalaridan so‘z ochdi. Bu mavzu Salimni g‘oyat qiziqtirib qo‘yganini sezgach:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:48:45

— Amirzoda, — dedi, — agar hech kimga aytmasangiz, bitta surat ko‘rsatgaymen.
— Sir saqlashga qodirmen! Bu yerda faqat ikkimiz. Qani, ko‘rsating.
Albert qo‘ynidagi yashirin cho‘ntakdan charm ichida avaylab, asralgan kaftday bir rangli surat oldi. Bu suratda hozirgina cho‘milib chiqqan go‘zal bir qizning oppoq sonlari, bo‘liq ko‘kraklari shunday tasvirlangan ediki, Salim suratga tikilib turib entikib ketdi... U Albert Pereyroga bir hamyon oltin berib, bu suratni sotib oldi.
Pereyro uchun eng muhimi — oralarida paydo bo‘lgan yaqinlik edi. U shahzodaga bundan ham g‘alatiroq suratlar topib kelishga va’da berdi...

____________
* S a r a t s i n — portugalcha «musulmon» degani.
* Hatto Fransiyada ruhoniylar istibdodi va erkin fikrli kishilarni o‘tga tashlab o‘ldiruvchi inkvizitsiyaning shafqatsizliklari Volter yashagan XVIII asrgacha davom etgani tarixdan ma’lum.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:49:12

*  *  *

Farangistonlik Antoni Monserratening saroyga ishga olingani va shahzodalarga saboq berayotgani atrof viloyatlariga: «podshomiz o‘g‘illarini nasora diniga o‘tkazmoqchi emish!» degan vahimali ovozalar tarzida tarqaldi. Akbar bu ovozalarni bosish uchun sulhi kull nimaligini xalqqa tushuntiruvchi maxsus murojaatnoma yozdirib, uni barcha shahar-u qishloq¬larda o‘qib eshittirishni buyurdi.
«Biz Hindistondagi barcha uluslarning ichki urushsiz, tinch yashashlarini istab, hamma tomonlama tinchlik — sulhi kull siyosatini amalga oshirmoqda¬miz, — deyilgandi murojaatda: — Odamlarga — tinchlik, saltanatga — xavfsizlik, barcha imon-u e’tiqodlarga — barobar ehtirom!»
Akbar o‘zining bu shioriga qanday amal qilayotganini ko‘rsatish uchun har kuni ertalab ufq ortidan chiqib kelayotgan oftobni ta’zim bilan kutib olardi. Otashparastlarning bu odati tog‘liq joylarda yashaydigan ko‘pgina hind qabilalarida ham saqlanib qolgan edi. Otashparast turkiy ellardan qolgan va Akbarga juda ma’qul tushgan yana bir odat — oqshom qorong‘i tusha boshlaganda chiroqlarni «o‘t og‘asi» deb ataladigan oila yoki qabila boshlig‘ining yoqib berishi edi. Akbar oqshom g‘ira-shirasida saroyni yoritadigan birinchi shamni o‘zi yoqib berar edi. Saroyda chiroqlarga qaraydigan maxsus xizmatkorlar Akbar yondirgan shu mitti olov bilan ulkan saroydagi yuzlab qandillar shamini birma-bir yoqib chiqar edilar.
Gujaratlik otashparast Mexerji Akbarga uch popukli chiroyli kamar taqdim qilgan edi. Kamardagi uch popuk uchta fazilat ramzi sanalardi: biri — «pindori xub», ya’ni yaxshi o‘y, niyat, ikkinchisi — «guf¬tori xub», ya’ni yaxshi so‘z, kalom, uchinchisi — «kirdori xub», ya’ni yaxshi ish, axloq. Bu uch fazilat go‘yo bir kamarga bog‘lanib, insonda birga yursa, o‘y, so‘z, ish bir-biridan ajralib qolmasa, murod hosil bo‘lishi Akbar intilayotgan eng baland ma’naviy yuksaklik edi. Shuning uchun uch popukli kamarni chorshanbayi murodbaxsh kunlarida beliga bog‘lab yurardi.
Hindlar peshonaga qo‘yib yuradigan tilak — qizil xol ham eng ezgu-niyatlar timsoli hisoblanardi. Akbar hindlarning imon va e’tiqodlarini ham astoydil hurmat qilishini ko‘rsatish uchun seshanba kuni hindcha kiyinib, peshonasiga qizil xol — tilak qo‘ydirib saroyda ko‘pchilikka ko‘rinish berdi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:49:57

Bu hodisa mamlakat aholisi orasida: «Podsho hind dinini qabul qilganmish!» degan ovoza tarzida yashin tezligida tarqaldi. Hindlar bu ovozadan quvonib, Akbarni «maxaguru», ya’ni «ulug‘ pir» deb e’zozlaganlari sari mutassib shayxlar uning majusiy bo‘lganiga johil odamlarni ishontira boshladilar. Bir vaqtlar shayx Ansoriyga tarafdor bo‘lgan va Agradan Jaun¬purga surgun qilingan shayx Muhammad Yazdiy Ganga bo‘yida turib Akbarga qarshi isyon boshladi. U ulamo va shayxlar nomidan fatvo yozib, Akbarni «dahriy», «majusiy», «otashparast», «kofir» deb ming maqomga solib aybladi. «Bunday odam musulmon davlatiga podsho bo‘la olmagay!» deb, Jaunpurdagi masjidda va’z aytdi. Uning va’ziga ko‘pchilik qavmlari ham qo‘shilgandan keyin, Muhammad Yazdiy Akbarning Kobuldagi inisi Muhammad Hakimga odam yubordi. Muhammad Hakim ham Akbarning «Sulhi kulliga» qarshi ekanini aytib, isyonchilarga yon bosgach, Muhammad Yazdiy Jaunpurning jome masjidida o‘qilgan xutbadan Akbarning nomini oldirib tashladi. Uning o‘rniga Muhammad Hakimni Hindiston podshosi deb e’lon qilib, nomini xutbaga qo‘shib o‘qitdi.
Bixar va Bangolada markaziy davlatdan ajralib chiqishga va yana mustaqil hokimiyat tuzishga tashna bo‘lgan afg‘on amirlari bor edi. Ular darhol Mu¬hammad Yazdiy boshlagan isyonga qo‘shildilar.
Muhammad Yazdiy bu xabarlarni o‘z tarafdorlari yordamida Gujaratga, Malvaga, Panjob va Kobulga tarqatdi. Bu viloyatlarda ham Akbarning dahriyligiga ishonuvchilar ko‘p edi. Endi ularning orasida ham Akbarni taxtdan ag‘darish haqidagi va’zlar, musulmonlarni g‘azotga undovchi xitoblar yangray bosh¬ladi.
Gujaratda haligacha Akbarga qarshi kurashib yurgan Muzaffarshoh ham Akbarning o‘rniga ukasini taxtga chiqarish harakatiga tushib, Kobulga maxsus vakillar yubordi. Turondagi Abdullaxondan Kobulga kelgan elchilar ham endi faqat Muhammad Hakim Hindiston podshosi bo‘lishi kerakligini uning qulog‘iga quydilar.
Ko‘pdan beri shuni istab yurgan Muhammad Hakim katta qo‘shin to‘pladi-yu, dindan qaytgan akasiga qarshi g‘azot e’lon qilib, Hindiston tomonga yurish boshladi.
Akbarning o‘zi qo‘zg‘atgan ma’naviy zilzila uning toj-u taxtini ham silkita boshlagach, oyoqda mustahkam turish qiyin bo‘lib qoldi, saroyda vahima boshlandi. Akbar eng sodiq odamlarini atrofiga to‘plab:
— Kim haqiqiy do‘st ekani endi bilingay! — dedi. Todar Mal bir qism qo‘shin bilan Bixarga, Aziz ko‘ka— Gujaratga, Man Sinx — Panjobga jo‘nadi. Akbarning o‘zi esa eng katta xavfga aylangan Muhammad Hakimga qarshi qo‘shin tortdi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:51:34

L A X O‘ R ,  K O B U L
DO‘STDAN KO‘P DUSHMAN

Hindikush tog‘laridan tushib kelayotgan Kobul daryosi tor tangilardan o‘tib, janubga shoshiladi. Hi¬molay tog‘laridan boshlanadigan Hind daryosi sharqdan Panjob tekisligiga otilib tushadi-da, Peshovarning kunbotish tomonida Kobul daryosi bilan qo‘shilib, ayqashib ketadi.
Akbardan to‘rt yosh kichik bo‘lgan inisi Muhammad Hakim milodiy 1581-yilda mana shu daryolardan o‘tib, Panjobga yigirma besh ming qo‘shin bilan bostirib kirdi. Bu yerda uni Akbarning islohotlaridan norozi bo‘lgan shayxlar va ularning qavmlari quchoq ochib kutib oldilar. Muhammad Hakim Laxo‘rni yo‘lakay ishg‘ol qilish umidida edi. Masjidlarda shovqin-suron ko‘tarib, Akbarni dinsizlikda ayblab yurgan imomlar Muhammad Hakimni allaqachon podsho e’lon qilib, nomini xutbaga qo‘shib o‘qitmoqda edilar.
Lekin Panjob aholisining ko‘pchiligi bu diniy isyon¬ga qo‘shilmay sukut saqlab turadi. Chunki Panjobda ham musulmonlardan ko‘ra g‘ayridinlar ko‘p, ular jizya solig‘ining bekor qilinganidan mamnun, Akbarning barcha imon-u e’tiqodlarni teng¬lashtirishga intilayotgani ko‘pchilikka manzur.
Ravi daryosining baland qirg‘og‘ida turgan va so‘nggi o‘n yil ichida devorlari qaytadan mustahkamlatilgan Laxo‘r qal’asini Man Sinx boshliq qo‘riqchi askarlar ichkaridan mahkam bekitib oldilar.
Bu orada Akbar qirq besh ming otliq qo‘shin, besh ming fil, o‘n ming piyoda askar bilan Dehli va Panipatdan o‘tib, Panjobga yaqinlasha boshladi.
Qo‘shin safida uning o‘g‘illari Salim va Murod bilan birga farangi tili muallimi Antoni Monserrate ham o‘z xalfasi Albert Pereyro hamrohligida kelmoqda. Rudolf Akvavivani Akbar Fathpurda qoldirdi — bu padrening nasora dinini haddan ortiq ehtiros bilan maqtashlari unga xush kelmadi.
Albert Pereyro esa Salimga gohi-gohida portugal harbiy kemalarining suratlarini chizib ko‘rsatadi va uni amiral bahr bo‘lishga qiziqtiradi. Albert bu ishlarni ataylab shahzodaning atrofidagi odamlarning ko‘zi oldida qiladi. Chunki u ketiga maxsus poyloqchi qo‘yilganini, Pereyro va Monserratening nimalar qilayotganini Akbarga yetkazib turuvchi xufiyalar borligini biladi.
Akbarning asl maqsadi ham farangilarning quvvayi bahriyalariga oid tajribalarini o‘g‘illariga o‘rgatish bo‘lganligi uchun Albert Pereyroning Salim bilan dengiz va kema mavzularida uzoq-uzoq suhbatlashishlariga yo‘l berib qo‘ygan.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:52:42

Monserrate esa shahzodalarga til o‘rgatishdan vaqt orttirganda chodirda o‘ltirib esdaliklar yozib boradi. U hali hech bir farangi umrida ko‘rmagan joylarni ko‘rayotgani, Akbarday ulug‘ sarkardaning harbiy yuri¬shiga ishtirok etayotgani uchun o‘z toleyidan mamnun. Monserrate Yevropa uchun hali butunlay noma’lum bo‘lgan bu yerdagi hayot tarzini va Akbar shaxsiga oid o‘z taassurotlarini yozib bormoqda. Portugaliyada o‘sha davrlarda esdaliklarni «Kommentariya», ya’ni «Izohlar» — degan sarlavha bilan yozish odat bo‘lgan edi. Monserrate ham o‘z esdalik daftarini shu nom bilan atadi. Akbar padrelarni har haftada bir marta qabul qilib, uzoq-uzoq suhbatlashgan edi. Monser¬rate Akbar¬ning qalbi his-tuyg‘ularga boyli¬gini suhbat paytida ko‘zlaridan ham sezdi. Akbarning ko‘zlari unga dengiz to‘lqinlarining quyosh nurla¬rida jilvalanishini eslatgan paytlari bo‘ldi. Bu ko‘zlarda dengizning teranligi ham, bag‘ri kengligi ham, to‘fon paytida dahshatli kuchga aylanib ketishi ham aks etayotganday tuyulardi. Monserrate faqat bir narsani afsus bilan qalamga oldiki, Akbar hazrati isoning umuman otasi bo‘lmaganiga, Bibi Maryam osmondagi ilohiy ruhdan homilador bo‘lganiga hech ishonmadi.
Monserratening butun e’tiqodi esa muqaddas uchlik — ota, o‘g‘il va ilohiy ruh birligiga asoslangan. Cho‘qinganda boshga va ikki yelkaga uch barmoqni tekkizib olish ham shu uchlikni tan olishdan kelib chiqadi. Biroq Akvaviva va Monserratelarning oylar davomida katolik dinini jon-jahdlari bilan targ‘ib qi¬lishlariga qaramay, Akbar bu uchlikni «afsona» deb atadi va tan olmadi.
— Otasiz farzand bo‘lishi mumkin emas! — deb turib oldi.
— Axir biz keltirgan kitobni ko‘zga surtib, o‘pib qabul qildingiz-ku, hazrati oliylari! — dedi Akvaviva iltijo bilan. — Endi muqaddas uchlikni ham tan olib bir marta cho‘qina qolsangiz biz murodga yetgan bo‘lardik.
— Kitob — jaholat tunini quvg‘uvchi chiroqdir,— dedi Akbar. — Shuning uchun men uni nondek e’zozlab ko‘zga surdim. Yetti iqlimdan kelgan haqiqat izlovchilar bilan ibodatxonada yillar davomida suhbatlashdim. Haqiqat turli ellarda turfa liboslar kiyib, bo‘linib-bo‘linib yashamoqda ekani menga endi ayon bo‘ldi. Men uning bo‘laklarini bir qalbda birlashtirmoq uchun «sulhi kull» siyosatini amalga oshirmoqdamen. Cho‘qinish esa haqi¬qatning faqat bir bo‘lagini tan olish, ya’ni sulhi kulldan chekinish bo‘lgay!
Akbarning bu gaplari dindor Monserratega shakkoklik va dahriylik bo‘lib ko‘rindi, esdaliklarida uni lotincha «ateist!» degan so‘z bilan urishib, qora¬lab ham qo‘ydi.
Monserrate daftarining sahifalarini Akbarga oid taassurotlari bilan to‘ldirib borar ekan, yozayotgan esdaliklari yevropalik vatandoshlari uchun kutilmagan bir yangilik bo‘lishini o‘ylab, hayajonli orzular qiladi.
Antoni bu yangi olamni G‘arbda birinchi bo‘lib kashf etsa, uning nomi tarixda qolmaydimi? U o‘zining «Izohlar»ini kitob qilib chiqarsa, faqat Por¬tugaliyada emas, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham odamlar qiziqib o‘qishlari mumkin-ku. Portu-galiya qiroli ham Antonini o‘z saroyiga chaqirib, suhbatlar qilishi turgan gap.*
Monserrate o‘z yurtining eng mashhur odamlaridan biriga aylanishini xayoliga keltirganda yuragi ilhom bilan urib, qalami daftar ustida shahdam harakatlanadi.
Akbar qo‘shinida uni «kofir» deb suymaydiganlar ham oz emas. Lekin shahzodalarga va ularning ixtiyoridagi minglab bek-u navkarlarga farangi mehmonlarni tun-u kun qo‘riqlab yurish topshirilgan. Harbiy yurish paytida til bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazish ham oson emas. Biroq qarorgohda uzoqroq to‘xtab qolsalar, Monserrate ularga ikki-uch soat til o‘rgatadi. Bu ishga Murod ko‘proq qunt qiladi. Shahzoda Salimni esa Albert Pereyroning sarguzasht hikoyalari va «antiqa» suratlari ko‘proq qiziqtiradi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:54:02

Albert bu suratlarni ko‘rsatish bahonasida goho Salim bilan uning xos chodirida yolg‘iz qoladi va so‘nggi yangliklarni bilib olishga intiladi. Chunki Akbar qo‘shinidagi odat bo‘yicha, harbiy yurish paytida to‘ng‘ich shahzoda o‘z bek-u a’yonlari bilan podsho yaqinida boradi, qarorgoh tanlanganda ham Salim¬ga Akbar turgan chodirlarning yaqinrog‘idan o‘rin beriladi. Shuning uchun otasiga kelib turgan yangi xabarlarni Salim boshqalardan oldinroq eshitadi.
Sharqdagi isyonni bostirishga yuborilgan Todar Malning chopari bugun qanday yangi gap olib kelganini ham Albert Salimdan eshitdi. Jaunpur va Biharda shayxlar isyoniga qo‘shilgan afg‘on sipohilar xazinadan beriladigan moyananing ozligidan norozi bo‘lib yurgan ekanlar. Todar Mal darhol ularning moyanalarini bir yarim barobar oshirish haqida podshoning nomidan farmon chiqartiradi. Akbar bu farmonni tasdiqlaydi. Shundan so‘ng sharqdagi ko‘pchilik sipohilar Muhammad Yazdiy boshliq bo‘lgan xurofotchilar g‘alayoniga qatnashmay qo‘yadilar. Yakka¬lanib qolgan xurofotchilar Todar Malning qo‘shiniga turish berolmay taslim bo‘ladi. Qozikalon Muham¬mad Yazdiy va uning salaflari bo‘lgan o‘ndan ortiq ruhoniy qo‘lga olinadi. Todar Mal ularni kemalarga solib, suv yo‘li bilan Akbar huzuriga afv so‘rashga yuborgan ekan, Gangada qandaydir falokat yuz beradi-yu, kemadagi Muhammad Yazdiy bilan uning salaflari g‘arq bo‘lib o‘ladilar...
Ertasi kuni kechki payt Pereyro yana Salimning xos chodiriga kirdi-yu:
— Amirzodam, Gangada yuz bergan falokatni men boshqalardan ham eshitdim, — dedi.
— Kema ag‘darilgan ekanmi? Qozikalon nechun g‘arq bo‘libdilar?
— Todar Mal o‘zi ularning bo‘yinlariga tosh bog‘latib Gangaga cho‘ktirgan emish. U haqda hazrat otangizdan Todar Malga maxfiy ishora bo‘lgan ekan.
— Sizga kim aytdi?
Pereyro ovozini pasaytirib dedi:
— Kimligini aytsam... hazrat otangiz jazoga buyurishlari mumkin...
— Otamga bildirmagaymiz. Gap shu yerda qolgay... Chodirda ikkimizdan boshqa hech kim yo‘q-ku!
— Chopar menga tanish edi. Sekrida farangi sovg‘alar bergan edim. «O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim!» deb aytdi.
— Ob-bo sho‘rlik Yazdiy!..

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:55:00

Muhammad Yazdiy ilgari Agraning taniqli ulamolari orasida yurganda Salim uni bir necha marta ko‘rgan, va’zlarini ham eshitgan edi. Endi Yazdiyning oppoq soqoli Ganga tubidagi loyqalarga botib yotganini ko‘z oldiga keltirganda yosh o‘smirning yuragi bir seskandi. Nahotki otasi shu qadar beshafqat bo‘lsa?!
— Hali bu faqat boshlanishi, — deb davom etdi Albert. — Erta-indin bundan dahshatliroq halokatning guvohi bo‘lursiz, amirzodam.
— Yana ne halokat?
— Mirdevon Shomansur degan bormidi?
Salim qirq yoshlardagi serg‘ayrat, hushmuomala, istarasi issiq moliya vaziri Shomansurni ko‘z oldiga keltirdi. Asli kambag‘al bir oiladan chiqqan Shoman¬surni Akbar tarbiyalab yuksak martabalar bergan edi. Uning hisob-kitobni yaxshi bilishini, moliya bobida iste’dodi tengsizligini ko‘p odam maqtar edi. Hatto Todar Mal ham hisob-kitob ishida unga bas kelolmay qolgani uchun Akbar mirdevonlikni Shomansurga bergan edi. Bundan Todar Malning tarafdorlari norozi bo‘lib yurar edilar. Salim Shomansurning hibsga olinganini kecha eshitgan edi. Yo‘lda kelayotganlarida go‘yo uning josusligi ma’lum bo‘lgan emish. Shoman¬sur Muhammad Hakim bilan maxfiy aloqa o‘rnatgan emish. Uning Muhammad Hakimga yozgan maktubi Panjobdagi janglarda halok bo‘lgan kobullik amir Shodmonning kissasidan topilgan emish. Birov bu gapga ishonsa, birov: «Todar Malning tarafdorlari mirdevonlik lavozimini Shomansurdan tortib olish uchun shu tuhmatni o‘ylab topishgan», deyishardi.
Hozir Pereyro ham shahzoda Salimga shivirlab:
— Amirzodam, Shomansurni qatl ettirmoqchi emishlar! — dedi. — Axir siz adolatni yaxshi ko‘rursiz! Xatni Shomansurning dushmanlari yozib, o‘lgan amirning cho‘ntagiga solib qo‘ygan bo‘lishlari mumkin emasmi?
— Kim solib qo‘yishi mumkin? — deb so‘radi Salim.
Albert Pereyro Salim bilan Abulfazlning orasi yaxshi emasligini, shahzoda doim podshoga yaqin yuradigan bosh vazirdan otasini qizg‘anishini allaqachon sezgan edi. Endi ularning orasidagi darz ketgan joyga pona urgisi kelib pichirladi:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:55:54

— Shomansurni, ayniqsa Abulfazl yomon ko‘rar ekan. Otangiz Shomansurning iste’dodiga qoyil bo‘lib, bosh vazir qilish fikriga ham borgan ekan-da.
Abulfazl tilga olingach, Salimda Shomansurni tuhmatdan qutqarish istagi uyg‘ondi. Albert bu istakni ustalik bilan Akbar tomon yo‘naltirdi.
Oradan yana bir kun o‘tgach, kechqurun to‘xtaganlarida Salim otasining huzuriga kirishga ruxsat oldi. U borgohda endi Shomansur haqida so‘z och¬moqchi bo‘lganda Abulfazl keldi-yu, kirlangan va ezg‘ilangan bir maktubni olib kirib, Akbarga ta’zim bilan tutdi:
— Hazratim, xoinning bu maktubi ilmi siyoh usuli bilan o‘qildi.
— Shomansurning o‘zi yozgan ekanmi?
— Dastxat o‘ziniki. Faqat sir saqlash uchun harf¬larni xiyla o‘zgartirib yozgan. Ko‘rnamak, tuzingizni ichib yurib, yana sizni surbetlarcha yomonlabdir.
— Qani, o‘qing-chi, — dedi Akbar va o‘g‘li Salim¬ga «eshitib qo‘y!» degandek qilib qaradi.
Abulfazl Shomansurning maktubidan bir-ikki joyini ta’kid bilan o‘qidi:
— «Podshomiz Abulfazl va Todar Mal ta’sirida dindan chiqib beimon kofir bo‘ldi. Endi bizning pushtipanohimiz o‘zingizsiz, amirzodam! Panjobni olgan zahotingiz poytaxtdagi ixlosmandlaringiz ham bosh ko‘targusidir. Ilohim pok musulmonchilikni dah¬riy og‘angiz tajovuzidan asrab qolish, siz, Muham¬mad Hakim hazratlariga nasib bo‘lsin!»
Akbar o‘g‘li Salimga qarab:
— G‘addor muhitning tuhmatini ko‘rdingizmi? — dedi. — Badmast inim tun-u kun may ichib, qusug‘iga qorishib yotsa ham, mendan pokroq musulmon emish! U faqat otamning tashqi suratini meros olgan... Ulfat beklari uni ichirib mast qilgan holda bizga qarshi g‘azotga ko‘ndirgan. Men uch yildan berli mayni og‘zimga olganim yo‘q, faqat doruvor giyohlar-u meva sharbatlaridan tayyorlangan «obiha¬yot» nomli ichimlik ichib yuribmen. Besh vaqt namoz o‘qurmen, ro‘za tutamen. Jonivorlarning uvoliga qolmaslik uchun ovni man etganmen. Ilkimdan kelgan barcha savob ishlarni qilsam-u Shomansur mening xizmatimda yurib, buning hammasini unutsa? Bilib turib qanchalik xiyonat qilgan odam qay darajada g‘alamis!..
— Hazrat otajon, — dedi Salim, — balki bu maktubni Shomansur yozmagandir? Ehtimol, boshqalar yozib... o‘lgan amirning kissasiga yashiriqcha solib qo‘ygandir?
Akbar yalt etib o‘g‘liga qaradi:
— Ajabo! Senga bu shubhani kim o‘rgatdi?
—O‘zim... o‘zimning xayolimga keldi. Axir... Sher¬xon shunday hiylalarni ko‘p ishlatgan, deb bizga o‘zingiz so‘zlab bergan edingiz-ku.
Akbar o‘g‘lining chigal, murakkab narsalarga aqli yetadigan bo‘lib qolganidan sergaklanib, Abulfazlga savol nazari bilan tikildi:
— Mavlono, Shomansur aybini bo‘yniga oldimi?
— Qiynoqqa solinganda bo‘yniga olgan edi. Keyin yana tondi. Ammo dastxat uniki ekanligi aniq.
Abulfazlga so‘zsiz ishonadigan Akbar:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:56:49

— Dastxat eng ishonarli dalildir, — dedi-da, o‘g‘li Salimga yuzlandi: — Sen Shomansurga achinmoqdamisen?
— Gangada g‘arq etilgan mo‘ysafid Yazdiyga ham... rahmim keldi.
— Rahmdil bo‘lmoq yaxshi, ammo g‘animlarim murodlariga yetsalar, meni ne ko‘ylarga solishlarini o‘yladingmi? Butun mamlakatda menga qarshi isyon ko‘targan johillar g‘olib chiqsalar, meni kofirdan olib, dahriyga solib, o‘n jonimdan birini ham tirik qo‘ymagaylar-ku!
Akbar belidagi kamariga olmos sopli xanjarini qistirib olgan. Salim uni ko‘pdan beri bugungidek qat’iyatli va shiddatkor qiyofada ko‘rmagan edi.
— G‘animlarim mamlakat ichidagina emas, tashqarida ham bizga qarshi qancha xurujlar qilayotganidan xabaring bormi? — so‘radi u Salimdan. — Mavlono Abulfazl, shahzodaga Adandan kelgan maktubni ko‘rsating!
Abulfazl Adanda g‘animlar asoratiga tushib qolgan Gulbadan begimning maktubini Salimga berdi. Maktubni o‘qigan sari shahzodaning iztirobi osha bordi.
«Dunyoda yagona najotkorim bo‘lgan hazrati Akbarjon! — deb yozgan edi Gulbadan begim. — Yoshim oltmish birga kirganda bunday qora kunlar boshimga tushar deb hech o‘ylamagan edim. Bobu¬riylar xonadonining eng keksa kayvonisi men bo‘lganim uchun Arabistonga borib, og‘am Komron mirzoning qabrlarini ziyorat qilmoqchi edim. Hazrat otamning tabiatlaridagi sayyohlik ishtiyoqidan ozginasi menga ham o‘tgan ekan, dengizda suzish, ko‘rmagan yurtlarimni ko‘rish orzusida yo‘lga chiqdim. U paytlarda hali isyonlar boshlanmagan edi. Siz bizga «Tezrov» degan yaxshi dengiz kemangizni bergan edingiz. Arab dengizidan eson-omon suzib o‘tganimizdan so‘ng eshitdikki, Hindistonda sizga qarshi isyonlar boshlanibdi. Sizdan zarba yeb qochgan bir talay alamzada shayx-u imomlar Adanga panoh istab kelgan ekanlar. Ular johillarni bizga qarshi qo‘zg‘otdilar. Adan hokimi go‘yo bizni tashqi tajovuzlardan himoya qilmoqchi bo‘lgandek, ko‘rimsiz bir binoga kiritib, atrofimizga soqchilar qo‘ydirdi. «Tezrov» kemamiz¬ni ham allaqayoqqa olib ketib, ko‘rfaz burchagiga yashirib tashladilar. Kunlar, haftalar o‘tdi. Biz hibs¬ga tushganimizni sezib, hokimdan darhol bo‘sha¬tishlarini talab qildik. Shunda Adan hokimi bizning huzurimizga shayxulislomini yuborib, dah¬shatli gaplarni ayttirdi. Go‘yo siz kofir bo‘lgan emishsiz, biz shuning uchun sizdan voz kechmog‘imiz kerak emish. Muhammad Hakimni Hindiston taxtiga eng munosib tojdor deb shayxulislomga kafolat bermog‘imiz kerak emish! Ulug‘ Boburning farzandlari orasida tirik qolgani birgina menman! Nahotki oltmishdan oshganimda shunday xiyonat yo‘liga kirsam?! Xoin bo‘lib yashagandan ko‘ra, sizga, otamning ruhiga sodiq turib jon berishni afzal deb bilurmen. Shayxulislomga buni ro‘yirost aytdim.

Qayd etilgan