Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244504 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 ... 54 B


Ansora  07 Fevral 2010, 13:57:21

Men-ku, yoshimni yashaganmen. Siz yonimga qo‘shgan qo‘riqchi yigitlarga, yosh kanizlarimga rahmim kelur. Hazrati Akbarjon, oxirgi nafasim qolguncha men sizga sadoqat saqlagaymen. Ilojini topsangiz, bizni bu yovuz odamlarning asoratidan qutqaring! Maktubni yig‘lab yozgan ammangiz Gulbadan begim».
Maktub Salimga qattiq ta’sir qilganini Akbar uning yaltirab ketgan ko‘zlaridan payqadi.
— G‘animlarimizning noinsofligini ko‘rdingmi?— dedi. — Kobuldagi mayparast inimni menga qarshi qo‘zg‘atganlari oz ekan! Endi hajga ketgan ammamni ham dushmanimga aylantirmoqchi ekanlar! Ammo bizning tarafdorlarimiz ham oz emas. Adandan bu maktubni bizga Qilichxon Andijoniy yetkazib keldi. Qilichxonni turk kemachilari dengizdan o‘tkazib qo‘yibdi. Ular Seydi Ali Raisni yaxshi bilar ekanlar. Biz Dehlida Seydi Alining hurmatini joyiga qo‘yib jo‘natganimizdan Turk podshosi mamnun ekan... Yodingda bormi biz Surat bandaridan ulkan bir turk zambaragini arobalarga ortib Fathpur Sikriga keltirgan edik.
— Sulaymoniy zambaragimi?
— Ha, keyin biz bu zambarakni eng katta daryo kemasiga o‘rnatdik, Bangolada Dovudxon bilan jang qilganimizda bu zambarak bizga zafar keltirgan eng zo‘r qurollardan biri bo‘ldi. Hozirgi Turkiya podshosi Sulton Murod otasi Sulaymon Qonuniy nomidagi bu zambarakni biz qutqarib olganimizdan xabardor ekanlar. Biz endi turk kemachilariga qo‘shib Qilichxon Andijoniyni katta sovg‘alar bilan elchi qilib yubor-moqdamiz. Ammamiz Gulbadan begim asira bo‘lib turgan Adan shahri turk sultonining ta’sir doirasiga kirar ekan. Inshoolloh, bizning Turkiyaga boradigan elchi¬miz yolg‘iz qaytmagay. Sadoqatda tengsiz ammamiz Gulbadan begimni asoratdan qutqarmaguncha tin¬chimagaymiz!
Otasining bugungi shiddatkorligiga bunaqa sabab¬lar ham borligini endi bilgan Salim:
— Hazrat ammam qaytsalar, men peshvoz chiqib kutib olgaymen! — dedi.
— Tangrim seni shu niyatingga yetkazsin, o‘g‘lim! Dushmanlar bizga hatto uzoq Adanda shunchalik shafqatsiz muomala qilmoqda ekan, biz nechun ularni ayamog‘imiz kerak? Hayot-mamot kurashida yumshoqlik qilib bo‘lmagay!
Akbar Abulfazlga yuzlandi:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 13:57:54

— Barcha ichki-tashqi g‘animlarga saboq bo‘lmog‘i uchun xoin Shomansur baland bobul daraxtiga osib o‘ldirilsin! Toki bizning yaxshiligimizga yomonlik bilan javob bergan ko‘rnamaklar buni uzoq-uzoqlardan ko‘rsin! Barcha qo‘shin Shomansur osilgan daraxtning oldidan olib o‘tilsin!
Ertasi kuni ertalab damoma degan katta naqoralar tahdidli yo‘g‘on tovush bilan gum-gum qila boshladi. Jallodlar baland bobul daraxtiga dorning sirtmog‘ini bog‘ladilar. Qo‘li bog‘loqlik Shomansurni sirtmoq tagiga olib kelganlarida u jon achchig‘i bilan qichqirdi:
— Men xoin emasmen! Tuhmat qilganlarni begunoh qonim tutsin!
U yana nimadir demoqchi edi, lekin jallodlar bo‘yniga tez sirtmoq solib, arqonning uchini tortdilar. Shomansurning gavdasi yerdan uzilib, o‘lim talvasasida bir-ikki marta g‘ujanak bo‘lib, qisqarib ko‘rindi. U jon bergandan keyin esa gavdasi cho‘zilib, avvalgidan xiyla uzun ko‘rina boshladi.
Salimning ta’sirchan qalbi bu hodisadan shunday dahshatga tushdiki, u kechalari bosinqirab uyg‘onadigan va Abulfazldan ham, otasidan ham hayiqib o‘zini olib qochadigan bo‘lib qoldi.

_________________
* Ammo A. Monserrate tirikligida esdaliklarini chop etishga muyassar bo‘lmadi. Chunki katolik cherkovi undan kitob emas, missionerlik ishini talab qilar edi. Uning yozuvlari portugal ma’murlari tomonidan faqat razvedka maqsadlarida foydalanildi va maxfiy tutildi. Oradan uch yuz yil o‘tgandan so‘ng «Izohlar»ni esdalik tarzida avval ingliz tilida to‘liq chop etdilar. Keyinchalik boshqa tillarda ham chiqdi-yu, Monserratega o‘zi orzu qilgan shuhrat uch asr kechikib keldi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:00:00

*  *  *

Muhammad Hakim o‘ttiz yoshga kirib, birorta katta jangda qatnashmagan edi. Akbar unga qarshi ikki barobar ko‘p qo‘shin bilan Panjobga kirib kelgani, Shomansurni daraxtga osib o‘ldirgani, Gangada esa Yazdiyning suvga g‘arq qilingani Muhammad Hakimni vahimaga soldi. Kobuldan birga kelgan uning ulfat beklari ham talvasaga tushdilar. Mash¬varatlarda:
— Tezroq Nilobdan o‘tib, Kobulga qaytaylik! — degan takliflar tushdi.
Muhammad Hakim Laxo‘r qamalini to‘xtatib, shimolga yo‘l oldi. Bu orada kunlar to‘satdan isib, tog‘larda muzlar va qorlar birvarakay erishga tushdi. Yomg‘ir fasli ham odatdagidan uch hafta oldin boshlandi. Tiniq paytida nil qo‘shib oqizilgandek ko‘kimtir ko‘rinadigan va shuning uchun bir nomi Nilob bo‘lgan Hind daryosi endi kulrang selday toshib, ulkan toshlarni yumalatib, vahima bilan hayqirib oqar edi. Muhammad Hakim uch-to‘rt kun daryo suvining pasayishini kutdi, ammo oqim pasayish o‘rniga ko‘ta¬rilib, kengayib bormoqda edi. Yomg‘ir fasli avjiga chiqsa, keyin bir-ikki oy Panjobda qolib ketishi, bu orada Akbar yetib kelib, uni tor-mor qilishi muqarrar. Muhammad Hakimga akasi toshqin daryodan ham qo‘rqinchliroq tuyuladi. Shuning uchun tavakkal bilan qo‘shinini telbalanib oqayotgan daryoga boshlab kirdi. Hind daryosining ayovsiz to‘lqinlari orasida uning mingdan ortiq bek-u navkarlari g‘arq bo‘lib ketdi. Zo‘r oqim Muhammad Hakimning o‘zini ham girdobiga tortib ketayotganda, suvchi yigitlari uni mesh yordamida zo‘rg‘a qutqarib qoldilar va bir amallab narigi qirg‘oqqa olib chiqdilar.
Akbar uni ta’qib etib Nilob bo‘yiga yetib kelganda inisi allaqachon Kobulga borib ulgurgan edi. Ellik mingdan ortiq askarni ovora qilib Kobulga borib yurmaslik uchun Akbar daryo bo‘yida to‘xtadi-yu, inisiga odam yubordi, uni shu yerga chaqirtirdi. Lekin gunohi juda og‘ir ekanini sezgan ini o‘zi kelishdan qo‘rqdi. O‘n uch yashar o‘g‘li Kayqubodni javob maktubi bilan yubordi-yu: «Men shayton vasvasiga berilib xato qildim, agar afv etsangiz, qolgan umrimni Kobulda sizga sadoqat saqlab o‘tkazgaymen», degan gaplarni yozdi. Bu gaplar nosamimiy ekani sezilib turardi. Muhammad Hakim hozir saraton oyida yomg‘irlar avjiga chiqib, daryolar toshganini, Akbar¬ning qo‘shini hali-beri shimoliy qirg‘oqqa o‘tib kelolmasligini bilardi. Yomg‘ir fasli tugaguncha kuz kiradi. Hindikush tog‘lariga qor tushadi, Haybar devoni yopiladi. Akbarning ko‘pchilik askarlari sovuqqa bardosh berolmaydigan hindistonlik yigitlar, fillar ham qorli yo‘llardan yurolmaydi. Akbar shunga qaramay Kobulga sovuqda qo‘shin tortib keladigan bo‘lsa Muhammad Hakim uni yengishi oson bo‘ladi.
Inisining bu makkor rejasini payqagan Akbar:
— Yaxshilikcha yechib bo‘lmaydigan tugunni qilich bilan kesmoqdan o‘zga iloj yo‘q! — dedi.
Daryo suvi asad oyida sal pasayishi bilan butun qo‘shinini shimoliy qirg‘oqqa olib o‘tdi.
Shahzoda Salimni toshqin daryodan o‘tkazishda Albert Pereyro o‘zining suvda suzishga naqadar ustaligini hammaga ko‘rsatdi. Uning zo‘r dengizchi bo‘lganiga o‘sha kuni Akbar ham ishondi.
Daryodan o‘tishda padre Monserratening yuragi yomon bo‘ldi, uni endi qorli Haybar dovonidan olib o‘tish xatarli edi. Shuning uchun Akbar Monserrateni Odinapur*da Bobur bobosi bunyod etgan Bog‘i Vafoda qoldirdi. Albert Pereyro esa Akbardan iltimos qildi:
— Hazrati oliylari, ijozat bering, men ham Kobul yurishiga ishtirok etay. Bo‘sh vaqt bo‘lganda shahzodalarga xalfa sifatida til o‘rgaturmen.
— Til bilan birga dengizchilik, kemasozlikdan ham saboq bering.
— Bajonidil, hazratim! Agar munosib ko‘rsangiz, umrim oxirigacha sizga-yu shahzodalarga xizmatda bo‘lmoqchimen!
Akbar hayron bo‘lib so‘radi:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:00:15

— Umringiz oxirigacha?  Demak, Farangistonga qaytmoqchi emasmisiz?
— Albatta, tug‘ilgan yurtim Portugaliya menga behad aziz! Ammo biz tomonlarda jaholat kuchli, sal boshqacha fikr yuritsangiz, gulxanga tashlab o‘ldirgaylar. Farangi qulfurushlarning ishlaridan ham bezor bo‘lganmen. Sizning dargohingizda ruhim yayramoqda. Bu yerda barcha imon-u e’tiqodlar barobar. Turli millat vakillari yakdil. Sulhi kull menga behad yoqdi. Sizga sodiq fuqaro bo‘lmoqchimen!
Akbar farangilarning xufiya ish olib borishda qanchalik ilgarilab ketganini va qanaqa yangi usullar kashf qilganini hali bilmas edi. Albert hatto o‘z nomini Alibek qilib o‘zgartirib, Akbarga astoydil ixlos qo‘yganiga uni ishontirdi.
— Padrelar bizni o‘z dinlariga o‘tkazmoqchi edilar, aksincha bo‘ldi-ku! — deb, Akbar ich-ichidan quvonib qo‘ydi.
Shundan keyin Alibek Salimning xos navkarlari qatorida Kobul yurishiga birga olib ketildi.
Jang-u jadalga ko‘proq qiziqadigan Murod Man Sinx boshchiligidagi ilg‘or qismlar bilan oldinda borar edi. Muhammad Hakimning askarlari Kobul bo‘sa¬g‘asida Man Sinx va Murodning o‘ng ming kishilik otliq qo‘shinlari bilan qattiq jang qilib ko‘rdilar. Man Sinxning rajput yigitlari va Murodga saralab berilgan otliq jangchilar Muhammad Hakim askarlarining qarshiligini yengib, Kobulga birinchi bo‘lib yorib kirdilar. Orqadan Akbarning o‘zi yana qirq ming askar bilan kelmoqda edi. Unga bas kelolmasligini sezgan Muhammad Hakim qal’aning narigi darvozasidan chiqib, shimol tomondagi tog‘larga qarab qochdi. Yo‘lda undan ajralib, orqaga qaytgan singlisi Baxtiniso begim eri Xo‘ja Hasan Badaxshiy bilan birga Akbar kelib tushgan O‘rta Boqqa bordi.
«Akbar kofir bo‘lib, salla ham o‘ramay qo‘yganmish!» degan ovozalarni Baxtiniso begim ham ko‘p eshitgan edi. «Hazrat og‘am brahman kiyimida peshonasiga qizil xol qo‘ydirib kelgan bo‘lsalar, qandoq ko‘rishgaymiz?» degan iztirobli o‘ydan begimni g‘am bosmoqda edi.
Lekin uni ko‘shk ayvonida kutib olgan Akbar avvalgiday ipak to‘n kiygan, boshiga simobi salla o‘ragan edi. Baxtiniso begim birdan o‘zini uning oyog‘i tagiga tashladi-yu, yig‘lab gapirdi:
— Gumroh singlingizni, kechiring, hazrat og‘ajon! Sizga peshvoz chiqolmadim! Sodda bo‘lmasam, yomon ovozalarga ishonarmidim?!
Akbar singlisini yelkasidan olib oyoqqa turg‘izdi, uning yoshli ko‘zlariga tikilib:
— Hayriyat, siz o‘zingiz keldingiz, — dedi. — Lekin inimiz nechun qochib yuribdir? Muhammad Hakimda sizdagichalik ham jur’at yo‘qmi?
— Iningizni ulfat beklari qo‘rqitib birga olib ketdi. «Sizni hajga yuborib o‘ldirgaylar, Komron mirzoday ko‘r qilgaylar!» desalar Muhammad Hakim shunga ishonib qochdi!
— Ammo o‘sha beklarni tuttirib tilka-pora qildir¬mog‘im kerak. Inimizning ketidan quvg‘inchi yuborsam, hammasini tutib kelgay!

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:00:28

— Hazrat og‘ajon, iningizning niyati yomon, sizga tutqich bermay, Balxdagi shayboniyzodalar tomoniga o‘tib ketgay. Ulardan shunday taklif bilan elchi ham kelgan edi. To‘polon sal bosilguncha quv¬g‘inchi yubormay turing, battar malomatga qolmaylik!
O‘ttiz to‘rt yoshga kirgan Baxtiniso Kobulning eng aqlli va mulohazali ayollaridan sanalar edi. Katta momolari Mohim begimni ko‘rgan keksa odamlar Baxtinisoni o‘sha dono ayolga o‘xshatishardi. Onalari Norchuchuk begim o‘lib ketgandan beri Kobulni idora etishda mayparast Muhammad Hakimga mana shu singlisi yordam berib yurganini, biroq keyingi paytlarda u Baxtinisoning maslahatlariga kirmay qo‘ygani uchun shuncha falokatlar yuz berganini Akbar xufiyalar axborotidan ham bilar edi.
— Baxtiniso, bugundan e’tiboran mening inim ham siz o‘zingizsiz! — dedi. — Muhammad Hakim men uchun o‘ldi. Siz haqsiz, uning ketidan quvg‘inchi yuborishga ham arzimaydir!
Akbar Kobulda uzoq turolmasligini bilardi. Sunbula kirib, atrofdagi tog‘larga qor tushgan, kechalari sovuq edi. Dovonlar bekilmasdan tezroq janubga qaytib ketishi kerak edi. Lekin inisining o‘rniga kimni Kobul hokimi qilib tayinlashi mumkin? Asosiy ishni olib boradigan amirlar topiladi. Ammo podsho oilasidan kim bu ishga munosib? Akbarning o‘g‘illari hali yosh...
Kechasi xonayi xosda u Abulfazl bilan shu haqda maslahatlashar ekan, yana Baxtinisoni ko‘z oldiga keltirdi. Faqat uni ayol kishi deb pisand qilmasliklari mumkin.
— Biroq jannatmakon Bobur bobongiz Hindis¬tonga ketganlarida Kobul ixtiyorini Mohim begimga berib ketganlari tarixdan ma’lum, — dedi Abulfazl. — Baxtiniso begim ham o‘sha ulug‘ momolariga o‘xshar emishlar. Munimxon shunday dedi.
— Baxtiniso Muhammad Hakimdan o‘n chandon aqlliroq, — dedi Akbar. — Faqat uning baquvvat bir amir muovini bo‘lmog‘i lozim.
Ikkovi kengashib bu ishga Man Sinxni munosib ko‘rdi. Uni besh ming rajput yigiti bilan Kobulda qoldirsa, shimoldagi shayboniyzodalar ham tajovuz qilolmaydi. Mutassib shayxlar ham Man Sinxni yo‘ldan ozdirolmaydi. Man Sinx Akbarning dushmanlariga bas kela oladi. Odamlar uni bekorga «Akbarning qilichi» deb atagan emaslar.
Akbar singlisi Baxtiniso begimni Muhammad Hakimning o‘rniga Kobul hukmroni qilib tayinlagach, Man Sinx shahar kutvali va lashkarboshi bo‘ldi. Sal oldinroqqa ketib aytish mumkinki, Akbar Hindistonga qaytib ketgandan so‘ng Muhammad Hakim tog‘lar orasidan singlisiga odam yubordi, yalinib-yolvorib, Kobulga qaytishga ruxsat oldi. Lekin Man Sinx uni hokimiyat ishlariga yaqin keltirmadi. Amalidan tushib, hammaning nazaridan qolgan Muhammad Hakim avvalgidan battar mayxo‘rlikka berildi. Oxirgi marta ikki kecha-yu ikki kunduz surunkasiga chog‘ir ichib, mastlikda jon berdi. Baxtiniso begim borib ko‘rganda, uning jasadi ko‘mirday qorayib ketgan edi.

____________
* O d i n a p u r — keyinchalik Jalolobod bo‘lgan.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:00:48

*  *  *

Kobulda o‘tkazilgan bir haftaning Salim uchun eng unutilmas kuni — Bobur bobolarining maqbarasiga borgan paytlari bo‘ldi. Panjobda Salim bilan otasining orasida paydo bo‘lgan chigallik o‘sha kuni bir qadar tarqadi. Salim otasiga Abulfazldan ham yaqinroq bo‘lishni istardi. Bugun Akbar Abulfazlni pastda qoldirib, faqat o‘g‘illari bilan Guzargohdagi Bog‘i Boburga chiqib kelgani, to‘ng‘ich o‘g‘ilga juda yoqib tushdi.
— Mening bu yerlarga kelmaganimga... yigirma yetti yil bo‘libdir! — dedi Akbar va oxirgi marta shu maqbara oldida ko‘zi ko‘r amakisi Komron mirzo bilan qanday uchrashganini o‘g‘illariga aytib berdi. Undan oldin Humoyun o‘z inilari bilan yarashgan kuni ekilgan to‘rtta chinordan ikkitaginasi qolibdi. Bobur bobolarining o‘zi qazdirgan ariq ham bekilib, qurib yotibdi. Bog‘i Bobur tashlandiq ahvolda, daraxtlar sarg‘aya boshlagan.
— Muhammad Hakimni arvoh urgani bejiz emaski, shunday aziz joyni qarovsiz qoldiribdir! — deb, Akbar inisidan yana bir koyindi.
Salimning ko‘ziga maqbara ham mung‘ayib turganday ko‘rindi. Qabr ustidagi qora mavjlik qizil marmarga chang o‘tirgan edi. Akbar marmarning changini sekin barmoqlariga oldi-da, peshonasiga surdi. Shu bilan bobosining xotirasini nechog‘li muqaddas deb bilishini, uning ruhini qay darajada e’zozlashini o‘g‘illariga ko‘rsatgan bo‘ldi. Avval Salim, undan so‘ng Murod ham bobokalonlarining qabri ustidan changni barmoqlariga olib, peshonalariga e’zoz bilan surdilar.
Uchovlari maqbarani ziyorat qilib chiqqanlaridan so‘ng, Akbar o‘g‘illariga shimol tomondagi tog‘larni ko‘rsatdi:
— Hazrat bobomiz o‘sha tog‘lar ortidan kelganlar. Samarqand, Andijon, Toshkent. Tengi yo‘q joylar!..
— Siz Turonga qachon borgansiz, hazrat otajon?— deb so‘radi Murod.
— Bolaligimda... tushimda ko‘rganmenmi yoki qonimda bormi... bobolar yurtini qo‘msab yashamoqdamen. Turon haligacha shayboniyzodalarning tasarrufida. Qani edi, Kobul-u Fathpurda qurgan obidalarimizni Farg‘ona-yu Buxoroda ham qursak!
— Turonda bizga xayrixoh odamlar ko‘p emish-ku!— dedi Salim. — O‘shalar «keling» deb taklif qilmaslarmi?
— Taklif qiluvchilar ko‘p. Samarqandda shoir Abdurahmon Mushfiqiy bizga atab qasida yozib yuborganidan xabaring bor-ku.
Salim bu qasidani o‘qigan, uning ikki satri yodida qolgan edi. Hozir shuni esladi:
Savodi Hindro karda az latofat gulshani hazro
Muhammad Akbar G‘oziy Jaloliddini dunyo*.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:01:07

— Mushfiqiyni bu qasidasi uchun shayboniyzodalar o‘ldirib yuborishlariga sal qolgan. Bechora janubga qochib qutulgan...
— Shayboniyzodalarning o‘zlarini quvmoq ke¬rak!— dedi Murod qizishib. — Shunday qudratli lashkarimiz bor, hazrat otajon! Turonga qo‘shin tor¬tib borsak, tarafdorlaringiz quchoq ochib chiqmagaylarmi?
Akbar og‘ir uf tortdi-yu:
— Turonda hozir g‘animlarimiz ko‘paymishdir, vaziyat yomon, — dedi. — Biz Hindistonda o‘tkazgan islohotlarni shayboniyzodalar Samarqand-u Farg‘ona ahliga butunlay teskari qilib yetkazibdirlar. Ulug‘bekni o‘ldirtirgan johillar Turonda bizga ham qarshi qilich qayramoqdalar. Buning ustiga Hinditsonda g‘animlarimiz bosh ko‘tardi. Hatto Adanda hazrat ammamizni o‘shalar asir qilmishlar. U kishini qutqarmoq uchun ham poytaxtga tezroq qaytmog‘imiz kerak, o‘g‘illarim!
Shu bilan xayollari janubga ketdi. Akbar o‘g‘illariga janub tomondagi Kobul daryosini ko‘rsatdi:
— Mana shu Kobul daryosi Hind daryosiga quyiladigan joyda men bir g‘aroyib hikoyat eshitganmen. Bobokalonlaring haqidagi bu hikoyatni afg‘on ulusi to‘qiganmi, hind eli yaratganmi, aniq bilmaymen. Ammo bu hikoyat shu ikki yurtning chegarasida paydo bo‘lmishdir. Mazmuni shuki, jannatmakon bobom daryo bo‘yida yolg‘iz o‘ltirib, she’r yozayotgan ekanlar. Orqadagi o‘rmondan bobomning xundor dushmani xanjarni qo‘liga olib, pusib kelmoqda ekan. Bobom bilan bo‘lgan janglarda bu odamning og‘asi o‘lgani uchun qasd olmoqchi ekan. Daryo sohilida uch-to‘rtta bolachalar suvga yog‘och tashlab, oqizoq o‘ynab yurgan ekanlar. Bolalardan biri o‘yinga berilib, suvga tushib ketibdir. Ikki daryo qo‘shilgan joyda oqim juda zo‘r, haligi bola g‘arq bo‘lishi muqarrar. Qirg‘oqda qolgan bolachalar dod solib, bobomdan yordam so‘rabdir. Bobur bobomiz daryoda oqib ketayotgan bolachaning ketidan o‘zlarini suvga otibdilar. U kishi suvda yaxshi suzar ekanlar. Ganganing u qirg‘og‘idan bunisiga necha marta suzib o‘tganlarini umr kitoblarida yozmishlar. O‘qiganmisenlar? — deb Akbar o‘g‘illariga savol nazari bilan tikildi.
Kitobni kam o‘qiydigan o‘yinqaroq Murod nima deyishini bilmay yerga qaradi.
— Men o‘qiganmen, — dedi Salim. — Faqat Ganga emas, bobomiz yo‘llarida uchragan daryolar¬ning hammasidan suzib o‘tgan ekanlar.
— Ana, ko‘rdingmi? — deb Akbar Murodga qaradi: — Sen ham o‘qib chiq... Xullas, jannatmakon bobom daryoga tushib ketgan o‘sha bolani qutqarib olib chiqibdilar. Xanjarini yalang‘ochlab pusib kelgan xundor dushman qarasa, qutqarilgan bola — uning kichik o‘g‘li emish. «Hali men bolamni qutqargan odamni o‘ldirmoqchi edimmi?» — deb o‘zidan qattiq ranjibdir, xanjarini Bobur bobomizga tutib debdir: «Bolamni tirik olib chiqdingiz, endi yomon niyatim uchun shu xanjarni menga urishga haqlisiz!» Bobur bobomiz voqeaning tafsilotini so‘rab bilganlaridan so‘ng, xanjarni daryoning o‘rtasiga uloqtirib yuboribdilar. «Bu tig‘ — adovat timsoli ekan, g‘arq bo‘lsin!» debdirlar. Bolani otasining ilkiga tutqazib aytibdirlar: «Bola — istiqbolimizdir, buni birga asraylik*.
Akbar o‘g‘illariga bir-bir ko‘z tashlab qo‘shib qo‘ydi:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:01:20

— Kim bilsin, o‘shanda bobomiz daryodan qutqarib chiqqan bola — balki mendirmen, balki Salim yoki Muroddir. Agar bobomiz Agrada mening otamni o‘lim xavfidan qutqarib olmaganda, men ham tug‘ulmas edim, senlar ham.
— Rost! — deb bosh irg‘adi Murod.
Salim o‘ychan edi. Akbar unga tikilib turib davom etdi:
— Bobomiz qutqargan o‘sha istiqbolni men senlarga, senlar o‘z avlodlaringga xayf qilmasdan kamol topdirib yetkazib bermog‘imiz kerak. Mana shu maqbara turgan joy — bizning eng ulug‘ ziyoratgohimizdir. Bu yerni qarovsiz qoldirsalaring, Muham¬mad Hakimning ahvoliga tushgaysenlar. Bunday istiqboldan tangrim sizlarni asrasin!
Akbar ikki o‘g‘lini ergashtirib, pastda ularni kutib turgan Abulfazl va boshqa bek-u a’yonlarning oldiga tushib bordi. Kobul kutvali Man Sinxga buyurdi:
— Maharoja, darhol bu toqqa yuzta korgar olib kelib, ilgarigi ariqlarni ochdiring. Uch kunda bu yerga suv kelsin. Bog‘ obod-u orasta qilinsin. Kobul atrofidagi sug‘oriladigan yerlardan besh yuz jaribi Bobur bobomiz maqbarasi ixtiyoriga berilsin, farmon yozing. Shu yildan e’tiboran maqbara ixtiyoridagi besh yuz jarib yerdan tushadigan daromadlar Bog‘i Boburni obod-u orasta saqlashga sarf qilinsin. Yana maqbara bilan boqqa qarab turadigan to‘rtta odamga davlat xazinasidan doimiy maosh to‘lab turilsin.
O‘g‘illar oldida berilgan bu farmoyishlar kelajakda ularni ham o‘z bobokalonlaridan ibrat olishga o‘rgatishi kerak edi.
Lekin g‘alaba tantanalari ichida qiyinchilik ko‘rmay o‘sayotgan erka o‘g‘illar bobokalonlarining ibrat olib bo‘lmaydigan odatlariga ergashgan paytlari ham bo‘lardi.
Murod Kobulni olishda jasorat ko‘rsatgani uchun otasidan murassa’ xanjar mukofot oldi. Shu muno¬sabat bilan Bog‘i Navro‘ziyda jangovar beklar Mu¬rodga chog‘ir taklif qildilar.
— Bobur bobomlar chog‘ir ichmaganlar-ku! — deb Murod avval unamadi.
— Bobongiz chog‘irni qirq besh yoshga borib tashlaganlar, — dedi Chig‘atoyxon. — Ammo Kobulda yashaganda bearmon ichganlar. Xotira kitoblarida o‘qimaganmisiz? Dalada, kemada, buloq bo‘yida, bog‘da, hatto xazon bo‘lgan daraxtlarning tagida o‘tirib rosa kayf qilganalarini yozganlar-ku!
Bobokaloni haqidagi bu gaplar Murodning hozirgi ko‘tarinki kayfiyatiga to‘g‘ri kelib turar edi. O‘sha oqshom u birinchi g‘alabasi sharafiga mast bo‘lguncha ichdi. Ustidan afyun qo‘shilgan ma’jun ham yedi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:01:31

Murodning atkasi Zayniddin ko‘ka uning Bog‘i Navro‘ziyda mast bo‘lib yurganini ko‘rib:
— Onhazrat bilsalar ikkovimizga ham jazo berurlar! — deb po‘pisa qildi. — Amakingiz Mu¬hammad Hakim yoshlikdan ichib yurib, ne ko‘yga tushganini bilurmisiz?
— Kobulda Bobur bobom ham may bazmlari o‘tkazgan ekanlar-ku! — dedi Murod.
— E, avval tarixni o‘rganing! Sizning yoshingizda Bobur bobongiz mayni og‘izlariga olgan emaslar. Siz ham u kishiday yigirma besh-o‘ttizlargacha sabr qi¬ling. Keyin birda-yarim ichsangiz yarashgay.
Murod o‘zini juda yosh deb kamsitishlarini yomon ko‘rardi. Axir u yoshi kattalar qatori hind daryosidan suzib o‘tmadimi? Oldingi safda qilich yalang‘ochlab, Kobulga yorib kirmadimi? Otasi uning ixtiyoriga butun bir Bog‘i Navro‘ziyni berib qo‘yibdi-ku. Murod besh ming askarga boshliq. Qo‘l ostidagi bek-u navkarlari unga ta’zim qilib turishadi. Shu sabablarga ko‘ra u o‘zini chog‘ir ichishga haqli deb hisoblaydi. Zafar ketidan zafar kelib turibdi, quvnoq bazmlar uchun sabab ko‘p. Ulfat beklar uni navbatma-navbat chog‘ir bazmiga taklif qilardilar, otasi va atkasidan yashiriqcha yana rosa ichirardilar...

_____________
* Tarjimasi: Hind kengliklarini ulkan bir gulshanga aylantirdi Muhammad Akbar G‘ozi Jaloliddini dunyo. (Bu yerda Akbarning Jalol (Nur) degan ismi asosiga qurilgan so‘z o‘yini bor).
* Bobur haqidagi bu hikoyat xalq orasida haligacha aytib yurilganini 1983-yilda Afg‘onistonning janubida — Jalolobodda bir yil tarjimon bo‘lib ishlab kelgan toshkentlik olim so‘zlab berdi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:01:55

*  *  *

Salim ham allaqachon may ichib, ma’jun yeb ko‘rgan, u ham bazmlarga ishtiyoqmand, lekin Kobulning O‘rta Bog‘ida otasining ko‘zi yaqinida yashayotgan kunlari Salim o‘zini tiyib yuribdi. Otasi bilan birga Guzargohdagi marmar maqbarani ziyorat qilgandan beri dilida «Boburnoma»ga o‘xshagan xotira kitobi yozish orzusi paydo bo‘lgan. Katta bobosi ham o‘n ikki yoshlardan nasriy mashqlar qila boshlaganini Salim o‘z ustozi Farid Buxoriydan eshitgan. U o‘zining xilvatxonasida hali hech narsa yozilmagan zarhal muqovali daftarni ochdi-yu, yonida turgan Farid Buxoriyga yuzlandi:
— Sarlavhasi «Xotirot» bo‘lsinmi?
— Qaysi tilda yozmoqchisiz, amirzodam?
— Turkiycha.
— Lekin bir muammo bor: «Boburnoma»ni ellik yildan buyon uch marta turkiydan forsiyga tarjima qildilar. Ko‘ngildagidek chiqmadi. Axiyri Abdurahim xoni xononning tarjimasi onhazratga ma’qul bo‘ldi. Kelgusida sizni ham bu muammo qiynalmasligi uchun birato‘la forsiyda yozsangiz-chi?
Salim yashagan muhitda forsiy til ko‘proq ishlatilar edi. Shuning uchun unga forsiyda yozish osonroq tuyular edi. Faqat u bobolari ma’qul ko‘rgan birorta turkiy so‘zni sarlavhaga chiqarishni istardi.
Uning bu istagi Farid Buxoriyga yoqib tushdi:
— Amirzodam, «tuzuk» degan so‘z bor. Ota¬ngizning saroylarida qabul marosimlarini boshqaradigan odam «miri tuzuk» deb atalur. Faqir eshitdimki, eng katta bobokaloningiz Amir Temur o‘zlari bitgan xotiralari va nizomlarini «Tuzuklar» deb atagan ekanlar. Bu tuzuklar bizgacha yetib kelmay yo‘qolib ketganmi, o‘zini hech qayerda uchratmadim.
— Bo‘lmasa men ham o‘z xotiralarimni «Tuzuk» deb atagaymen!
Salim bu so‘zni daftarning birinchi varag‘iga yirik qilib yozdi.
— Inshoollo, bu daftar kelgusida ulkan bir kitobga sarchashma bo‘lg‘ay. Ehtimol, odamlar buni «Tuzuki Salimi» deb atagaylar.
Farid Buxoriy «Salimi» so‘zini «Salima» deganday qilib aytdi. Salim o‘gay onasi Salima begimni esladi-yu, aftini burushtirdi. Shahzodaga o‘z nomi uncha yoqmasligini mavlono Farid avval ham sezgan edi.
— E, amirzodam, siz tug‘ulganda faqir ham hazrat otangiz bilan ovda yurgan edim. Mening hamshahrim Ahmad Buxoriy Salim otaning ixlosmandlaridan edi. Otangiz o‘sha Ahmadning maslahati bilan sizga Salim cheshtining nomini qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Lekin men Salim Cheshtining tarixini bilar edim, asli eshkakchidan chiqqan odamning nomini shahzodaga qo‘yish joiz emas edi. Buning ustiga hazratimning xotinlaridan biri — Salima edi. Faqir uzr so‘rab: «Hazratim, to‘ng‘ich o‘g‘lingizga boshqa munosibroq ism bor», — dedim. «Qaysi ism?» dedilar. Boboka¬loningiz katta o‘g‘illariga  Jahongir deb ot qo‘yganla¬rini eslatdim. Ammo so‘zim o‘tmadi, amirzodam! Ne qilayki, raqib hamshahrim Ahmad Buxoriy otangizni o‘shanda Salim degan ismga ko‘ndirdi!
Salim og‘ir tin olib, alam bilan bosh chayqadi:

Qayd etilgan