Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244502 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 47 48 49 50 51 52 53 54 B


Ansora  07 Fevral 2010, 14:20:12

Akbarning o‘zida ham shunday bir istak yo‘q emas edi. Axir uning butun harakati diniy adovatlarni tinch yo‘l bilan yo‘qotishga qaratilgan paytda, nahotki bobolar yurti Turonda qonli g‘azavot boshlanishi joiz bo‘lsa? Yo‘q, Salim bu jihatdan haq. Lekin Akbar o‘g‘lining oldida o‘zini mag‘lub ko‘rsatgisi kelmadi.
— Nachora, amirzoda! Bunday kayfiyat bilan siz menga Turondan g‘alaba keltira olmagaysiz. Mag‘lubiyatdan esa xudo saqlasin! Turon yurishini keyinga qoldirgaymiz.
Munozarada Salim o‘z so‘zini o‘tkaza olgani Farid Buxoriyni behad suyuntirdi. Akbar uning Salimga iftixor tuyg‘usi bilan zavqlanib qarab qo‘yganini ko‘rdi. Salimga «poytaxtdan yiroq ketmang, otangiz oltmishga borib qoldilar, biron hodisa bo‘lsa darhol toj-u taxtni egallamog‘ingiz kerak» deb maslahat beruvchi jonkuyarlar hozir ancha ko‘paygan. Ziyovul Mulk, shayx Rukniddin, Saidxon Chig‘atoy deganlari ham ana shular qatoriga qo‘shilgan. Shahzodaga hammadan ko‘ra Farid Buxoriy kuchliroq ta’sir o‘tkazishini Abulfazl sezgan va Akbarga kelib aytgan edi. «Siz uzoq Dakanga ketganda shahzoda Salim Farid Buxoriyning gapiga kirib, poytaxtni egallashi ham mumkin», degan edi. Akbar bunday fitnalarning oldini olish uchun Salim bilan Farid Buxoriyni bir-biridan ajratgisi keldi, buyruq ohangida:
— Amirzodam, siz ertaga yana Rajastxonga jo‘nab keting, — dedi. — Tog‘angiz Man Sinx hamon sarkash mevarliklar bilan olishmoqda. Pratap Sinx o‘lgan bo‘lsa ham, uning o‘g‘li Amar Sinx hamon bizni tan olmaydir. Siz o‘sha xonadonga kuyovsiz, ularni tinchitishning yo‘lini toping.
Salimning qovog‘i osilib ketdi. Akbar bunga e’tibor bermay so‘zida davom etdi:
— Hatto mavlono Abulfazl ham endi bellariga qilich taqgaylar. Uch ming navkarga sarkarda bo‘lib Dakanga bormoqdalar.
So‘nggi gap Salimga ham, Farid Buxoriyga ham yoqib tushganini Akbar ularning mamnun ko‘z urushtirib olganlaridan sezdi. Xatarli janglarda Abul¬fazl halok bo‘lib ketsa, ular bundan faqat suyunishlari mumkin edi. Ammo Akbar ulardagi bu ichi qora mamnuniyatni yo‘qqa chiqargisi keldi. Farid Buxoriyga qarab dedi:
— Mavlono, Gujarat yurishida yaxshi jang qilgan edingiz. Endi Dakanda ham jasorat ko‘rsatishingizga imkon bermoqchimiz! Dakanga biz bilan birga borursiz. Safarga tayyorlaning!
Akbar e’tirozga yo‘l bermaydigan buyruq ohangida aytgan farmoyishni Salim ham, Farid Buxoriy ham ta’zim bilan qabul qilishga majbur edilar.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:20:39

* * *

Salimning dili xufton. Otasi uni ataylab Farid Buxoriydan ajratmoqchi ekani va notinch Rajastxonga jo‘natayotgani shahzodaga berilgan surgun jazosidek tuyuladi. Agar Salim Rajastxon tog‘larida Amar Sinx bilan jang qilib o‘lib ketsa, otasi unga achinmaydigandek ko‘rinadi. Chunki naryoqda kichik o‘g‘il — Doniyol bor. Salimni nuqul do‘zaxday Tar sahrosi tomonga yuborayotgan ota Doniyolga Ganga bo‘yidagi jannatday joy — Ollohobodni berib qo‘ydi. Axir udum bo‘yicha to‘ng‘ich o‘g‘il ko‘proq e’zozlanishi kerak emasmi? Aksincha qilinayotgani har xil mishmishlarga sabab bo‘lmoqda. Odamlar: «Taxt vorisi Salim emas, Doniyol bo‘larmish!» — deb gap tarqatishmoqda. Agar otasi shunchalik adolatsizlikka borsa, Salim o‘zining vorislik huquqini qo‘lda qilich bilan himoya qilishga ham tayyor!
Ota bilan o‘g‘il orasida paydo bo‘lgan adovat jari mana shu tarzda tobora chuqurlashib, kengayib bormoqda. Salimning nazarida, uning otasiga, ayniqsa, Abulfazl yomon ko‘rsatmoqda. Bu odam Akbarning ko‘zi oldida Salimni kamsitib: «Siz Bobur bobongizday kitob yozolmagaysiz, bunga yarasha jasoratlar ko‘rsatganingiz yo‘q», degan ma’noda gapirgani Salimga turib-turib alam qilardi. «Tuzuki Jahongiriy» deb atamoqchi bo‘lgan xotira kitobini u chindan ham davom ettirolmay tashlab qo‘ydi. Ayniqsa, Abul¬fazlning «Iqbolnoma»* deb atalgan uch jildlik ulkan kitobini o‘qigandan so‘ng, o‘zi yozgan xotiralar ko‘ziga juda g‘arib ko‘rindi-yu, qo‘li qalamga bormay qoldi. Farid Buxoriy Salimni Suhrobga o‘xshatib, «otangiz Rustami dostonday zo‘r bo‘lsa ham siz uni, albatta, yenggaysiz!» deb ishontirgandan beri uning o‘zi to‘g‘risidagi fikrlari behad yuksak edi. Abul¬fazlning kitobida esa Akbarning ellik yildan beri ne-ne kurashlarni g‘alaba bilan tugallab kelayotgani yilma-yil, nomma-nom barcha dalillari bilan yozilgan edi. Ammo Salim, o‘ttizdan oshayotgan bo‘lishiga qaramay, birorta katta jangda otasiday jasorat ko‘rsatganmi? Abulfazl o‘z kitobida bu savolga «yo‘q!» deb javob bergan edi. «Akbarnoma» sahifalarida otasining jasoratlari ulug‘vor Himolay tog‘ining qorli tizmalariday yastanib ko‘ringanda, Salimga oid voqealar shu tog‘ etagidagi kichik tepaliklarga o‘xshab turar, «tug‘ildi», «uylandi», «o‘g‘il ko‘rdi», «Ajmirga hokim tayinlandi» degan jo‘n gaplar bilan ta’riflanar edi.
Salimni shunchalik o‘ksitadigan «Iqbolnoma»ni saroy ahli, jumladan, Akbarning o‘zi nuqul maqtaydi. Biri: «Janob Abulfazl «Boburnoma» an’analarini davom ettirmishlar, murakkab takalluflardan voz kechmishlar, tiniq, ravon uslubda asar yozganlari tahsinga sazovor!» — deydi. Yana biri Abulfazll yozgan uch jildlik asarning «Boburnoma» kabi jamiyat-u tabiat to‘g‘risida qomusiy ma’lumotlar berganidan mamnun bo‘ladi. Faqat nabotot, jug‘rofiya, tarix, davlat tartibi, turli kasb-hunarlar ta’rifi, hatto bozordagi narx-navolarga oid turli-tuman qomusiy ma’lumotlar bilan bir jildga sig‘ishi mumkin emas edi. Abulfazl «Boburnoma» an’analarini ijodiy davom ettirib, kashf etgan yangilik shu bo‘ldiki, qomusiy ma’lumotlar «Oyini Akbariy» deb atalgan alohida jildga jamlandi. Yigirma yil davomida Abulfazl Akbarning nomidan turli mamlakatlarga va viloyatlarga yozgan maktublarning eng muhimlari «Mun¬shoat» deb ataladigan uchinchi jildga kiritildi.
Akbar bu uch kitobni Hindistonning shu davrdagi madaniyati xazinasiga qo‘shilgan uch yirik gavhar deb atadi. Abulfazlga mamlakatning eng ulkan olimi — Allomiy degan unvon berildi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:22:27

— Allomiyning ijodiy jasorati tarixda qolmog‘i kerak! — dedi Akbar va eng yaxshi musavvirlarga topshiriq berdi: — Abulfazl Allomiy shoh asarini bitirib, bizga keltirib bergan kuniga maxsus bir surat bag‘ishlansin. Toki bu surat Alisher Navoiy o‘z «Xamsa»sini tugatib, Husayn Boyqaroga keltirib topshirgan paytini eslatadigan darajada mukammal bo‘lsin.
Akbar aytganday qilib, eng nafis va go‘zal bo‘yoqlar bilan chizilgan bu suratni Salim ko‘rganda dilidagi eski rashk battar xuruj qildi. Suratda Abulfazl o‘zi yozgan ikki jild kitobni ikki qo‘lida tutib, odob bilan cho‘kka tushib o‘ltiribdi. Kitobning uchinchi jildi gilam ustida navbat kutib turibdi. Taxt ustidagi Akbarning butun diqqat-e’tibori Abulfazlga qaratilgan. U o‘ng qo‘lining ikki barmog‘ini Abulfazlga ko‘rsatib, nimadir demoqchi bo‘ladi. Salimning fikricha, Ak¬bar¬¬¬ning ikki barmog‘ini ochib ko‘rsatgani — «saroyda Abulfazl ikkovimizdan yaqin do‘st yo‘q» degan ma’noni bildiradi. Otasi Salimdan ham ko‘ra, kambag‘al oiladan chiqqan qayoqdagi Abulfazlni baland qo‘yishini bu surat hammaga ochiq namoyish qilganday bo‘ldi. Salim go‘yo Abulfazldan keyingi uchinchi o‘ringa tushib qoldi. Bu hodisa uning sirdosh jonkuyari shayx Faridga ham og‘ir botdi. Hozir martabasi oshib, Salimning ichki beklari qatoriga o‘tgan Alibek— Albert Pereyro ham shahzoda uchun kuyinadi. Mana endi Akbar o‘sha Abulfazlning gapiga kirib, Salimdan Farid Buxoriyni ham tortib olmoqchi va Dakanga birga olib ketmoqchi.
Shahzoda rashk va alamga to‘lib Agradan Ra¬jastxonga jo‘nab ketish tayyorligini ko‘rayotgan kuni kechasi uning xonayi xosiga Alibek bilan Farid Bu¬xoriy sekin kirib kelishdi. Alibek Pereyroning qo‘lti¬g‘ida ko‘k belboqqa o‘ralgan og‘irgina qo‘lyozma bor. Uchovi xonayi xosda xoli qolganlarida shayx Farid qo‘lyozmani Alibekdan olib, belbog‘ ichidan chiqardi:
— Amirzodam, bu narsani hozircha sizdan boshqa hech kim o‘qimasligi kerak.
— O‘zingiz yozganmisiz?
— Yo‘q, Abduqodir Badavniy degan muarrix yashiriqcha bitgan ekan. Buni sodiq bekingiz Alibek bilar ekan. Siz taxtga chiqqaningizda buni Badavniy sizga taqdim etmoqchi ekan. Ammo bechora murodiga yetolmabdir. Kunduzlari kutubxonada o‘ltirib, «Ra¬mayana» bilan «Mahabxorat»ni tarjma qilar edi.  Kechalari mana shu maxfiy kitobni yozib, tun-u kun tinim bilmay ishlayvergandan so‘ng sho‘rlikning miyasiga qon quyilib olamdan o‘tdi. Alibek uning yozuvlarini darhol ilkiga olibdilar.
— Nechun buni maxfiy yozgan?

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:22:42

— Chunki Badavniyning bu asari Abulfazlning «Iqbolnoma»siga qarshi bitilgan, — dedi Alibek.  ma’lumingizkim, Abulfazl hazrat otangizni nuqul ulug‘¬laydir, maqtaydir, xatolarini aytmaydir...
— Badavniy otangizning tutgan siyosatiga qarshi edi! — deb Alibekning so‘zini shayx Farid davom ettirdi: — Badavniy xususan, Abulfazlni, Birbalni, shoir Fayziyni yomon ko‘rar edi. Birbal o‘lganda otangiz qancha ko‘z yoshi qilganlarini ko‘rgansiz. Qarang, Badavniy qo‘rqmasdan yozibdir: «Birbal jahannam¬ning itlar turadigan joyiga ketdi...»
Shoir Fayziy yuragi portlaganday bo‘lib, to‘satdan vafot etgan edi, issiq kunda to dafn qilgunlaricha jasadi biroz qorayib qolgandi.
Badavniy buni ham o‘zicha talqin qilib: «Fayziy islomdan qaytdi, shuning uchun uni payg‘ambari¬mizning arvohlari urib, qoraytirib yuborgan», deb yozib qoldirgan edi.
Farid Buxoriy Badavniy qo‘lyozmasining shunga o‘xshash joylarini topib, Salimga bir-bir o‘qib bergani sari shahzodaning dil yaralariga malham qo‘yilganday yoqa boshladi. Abulfazlning «Akbarnoma»sidan topib bo‘lmaydigan imon-u e’tiqod kurashining tafsilotlari Badavniyning «Muntahabi tavorix»ida erinmay yozib ketilgan edi. Salim uchun eng muhimi, Badavniy ham Farid Buxoriy va Alibek kabi shahzodaga tarafdor ekan. «Muntahabi tavorix»da Akbarning dindan qaytganini ko‘rsatadigan talay isbot-u dalillar keltirilganini o‘qigan Salim: «Musulmon davlatida podsho dindan qaytsa uni taxtdan tushurish savobdir», degan azaliy urf-odatni esladi. Bu odat uni otasiga qarshi kurashishga haqli qilib ko‘rsatdi.
— Dilim sezib turibdir, amirzodam, — dedi shayx Farid ovozini sirdoshlarcha pasaytirib. — Yaqin yillarda davlat tizginlari sizning ilkingizga o‘tgay. Otangiz¬ning suyangan tog‘i Abulfazlning zo‘r dushmani bor. Roja Bir Sinx degan. Mol-mulkini Abulfazl musodara qilgan. Abulfazldan qasd olishni ko‘ngliga tukkan Bir Sinxni Albert Pereyro Salimning huzuriga boshlab keldi.
— Shahzoda, siz otangizga o‘xshamaysiz, — dedi Bir Sinx. — Tomiringizda bizning rajput qonimiz ham bor. Abulfazl sizga ham ko‘p alam o‘tkazganini janob Alibek aytib berdilar. Agar kelgusida mening ota mulkim bo‘lgan Bundxelani o‘zimga qaytarib bersangiz, men Abulfazlni daf qilishim mumkin.
Salim xiyol o‘ylanib turdi-da:
— Qanday daf qilmoqchisiz? — deb so‘radi.
—Abulfazl Dakandan Agraga qaytayotgan emish,— dedi Alibek gapga aralashib. — Yo‘lda, o‘rmon ichida bir Sinx uni saranjom qilishi mumkin. Shahzoda, bir vaqtlari siz Abulfazlga qasos qaytishi muqarrarligini aytgan edingiz. Endi shu bashoratingiz ro‘yobga chiqsin!..

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:23:01

— Bir og‘iz «ha» desangiz bas! — dedi Bir Sinx.
Salim shuncha yildan beri Abulfazlga qarshi dilida to‘planib kelayotgan alamli keklar va noroziliklarni bir joyga yig‘di-da:
— Ha! — dedi. Alibek bilan Bir Sinxga shu yetarli edi.
Abulfazl yigirmatacha odami bilan kelayotgan paytda Seronj degan joy yaqinidagi o‘rmonzorda Bir Sinx uni ikki yuz rajput yigiti bilan o‘rab oldi... Abulfazlning mulozimlaridan Asadbek degani Agraga tirik qaytib, voqeani aytib berdi... Abulfazl ikki yil davom etgan Dakan yurishi davrida oilasini va ijod¬xonasini behad sog‘ingan, tezroq uyiga qaytish va chala qolgan asarlarini yozib tugatish ishtiyoqi bilan shoshilib kelmoqda edi. Bir Sinx unga o‘n barobar ko‘p navkar bilan hamla qilganda Abulfazl qilich yalang‘ochlab, otdan yiqilguncha jang qildi. Jon bergandan so‘ng qarasalar, tanasi o‘n ikki joyidan yaralangan ekan. Bir Sinx uning boshini kesib, qonli sallasiga o‘radi-yu, Ollohobod qal’asida otasiga qarshi qo‘shin to‘playotgan Salimga ko‘rsatgani olib ketdi.

________________
* «Iqbolnoma» keyinchalik «Akbarnoma» degan nom bilan mashxur bo‘ldi. Dastlab «Oyini Akbariy» ham shu kitobga ilova tarzida yozilgan.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:23:27

* * *

O‘ttiz ikki yil burun Akbar bilan birga Fathpur-Sekriga, undan Laxo‘rga ko‘chgan poytaxt milodiy 1601-yilning yozida yana Agraga qaytdi. Janubda harbiy harakatlar tugamagan, yangi qo‘shib olingan Berar, Hamdesh, ahmadnigor viloyatlarini markazdan turib boshqarish uchun Agra qulayroq edi. Bundan tashqari, Ollohoboddagi Salimning isyonini daf qilish uchun ham sharqiy viloyatlar bilan suv yo‘li orqali bog‘langan Agra ma’qulroq edi.
Dakandan g‘alaba bilan qaytgan Akbarni agraliklar karnay-surnaylar, rang-barang gulshodalar bilan kutib oldilar. Ilgari poytaxt ko‘chib ketganda huvillab qolgan qal’a atroflari, Hasht Bihisht, Zarafshon va Gulafshon bog‘lari endi qaytadan bezanib, orasta tus oldi. Shaharda birdan odam ko‘payib, ko‘cha va xiyo¬bonlar, rasta va bozorlar serharakat bo‘lib ketdi.
Poytaxt qaytib kelganidan agraliklar xursand. Bi¬roq Akbarning o‘zi kiyimlari ostida yashirin yaralarni ko‘tarib yurgan odamday xazin va iztirobli. Yoshi oltmishga kirib, qaddi go‘yo birdan bukila boshlaganday engashibroq yuradi.
Noqobil farzandlar ota qaddini qanday bukishi mumkinligini, yuzma-yuz olishuvlarda yengilgan g‘animlar o‘g‘illarining tantiqligidan foydalanib, qanchalik qaqshatqich zarbalar berishini Akbar endi bilmoqda.
Murodning intihosiz mayxo‘rliklardan oqtutqaloq bo‘lib yigit yoshida o‘lib ketgani musibat ustiga qo‘shilgan bir malomat bo‘ldi. Nima qilsa ham jigarbandi, Akbar Murodning xokini uzoq Burxonpurdan Agraga olib kelib, Iskandar degan joyga qaytadan dafn ettirdi va qabrini quchoqlab vidolashdi.
Uning endi qolgan o‘g‘illardan umidi yo‘q. Doniyol ham har kuni ichmasa turolmaydigan bo‘lib qolgan. Otasining davlati soyasida erka o‘sgan bolalar mo‘rt bo‘lishini Akbar Murodning bevaqt o‘limida ko‘rdi. Dakanda qolgan Abdurahim kuyovi Doniyolga qachongacha ko‘zquloq bo‘ladi? O‘z o‘g‘illaridan yuz chandon sodiqroq, irodaliroq bo‘lib chiqqan Abdu¬rahim Akbarga boshqa tashvishlarni bartaraf etish uchun ham kerak. Uni Doniyolning oldidan chaqirib olsa, kichik o‘g‘ilning ahvoli nima bo‘larkin? Salim-ku, otasiga qarshi ochiqchasiga isyon ko‘tardi.
Akbarning o‘zi ham qariganda hali shimolga, hali janubga qo‘shin tortib, fotihlikka buncha berilmasa, o‘g‘illarining tarbiyasiga ko‘proq vaqt ajratsa bo‘lmasmidi? Agar Murod Dakanga yuborilmaganda, ota-onasiga yaqinroq bir joyda yashaganda balki uni qutqarib olish mumkin bo‘lardi? Akbar bu achchiq haqiqatdan saboq chiqarishi va qolgan umrini tinch o‘tkazishi kerak emasmi? Uning abadiy uyquga ketadigan payti ham uncha uzoq emas... Akbar shu o‘y ta’sirida Iskandar degan joydagi keng, tekis yer maydonining atrofiga devor oldirdi va uzoq yashaydigan daraxtlar ektirdi. So‘ng xotini Jodha Bayga bu joyni maxsus ko‘rsatdi:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:24:03

— Maryami Zamon, bu dunyoga hammamiz ham mehmonmiz. Umrim bitsa abadiy makonim mana shu yer bo‘lsin...
O‘g‘li Salim otasiga qarshi isyon ko‘targanidan Jodha Bay juda ezilib yurgan edi. Uyga qaytganlarida birdan ko‘ziga yosh oldi.
— Siz Salim tufayli bunday g‘amgin gaplarni aytmoqdamisiz, hazratim? Ammo Salimni men tuqqanman! O‘g‘il tufayli bu dunyodan kechmoq kerak bo‘lsa, avval men kechay! Menga ruxsat bering, Ollohobodga o‘zim boray! Agar Salim sizga qarshi qilich ko‘tarsa, o‘sha qilichga men avval o‘zimni tutay! Mayli, meni o‘ldirsin-u keyin bilganini qilsin!
Yig‘lab aytilgan bu so‘zlar Akbarni larzaga keltirdi. U Jodha Bayni bag‘riga bosdi-da, o‘rtanib dil yordi:
— Maryami Zamon, mening gunohlarim siznikidan ko‘proq! Shohlik udumlari qurib ketsinki, men-u sizni oilaviy baxtdan mahrum qildi. Shu udumga bo‘ysunib o‘g‘ilni to‘rt yoshidayoq sizdan ayirdim, Farid Buxoriy kabi murabbiylarga ishonib berdim! O‘g‘il tarbiyasiga ko‘proq qunt qilmaganimdan endi ming pushaymonmen! Bolaga qanchalik mehr-u e’tibor bersang, u o‘shanchalik seniki bo‘lur ekan. Biz berolmagan mehr-u e’tiborni boshqalar bersa, bola ham o‘shalarniki bo‘lib ketar ekan! Men bu achchiq haqiqatni endi bilmoqdamen. Qaysi bir gunohimni aytayki, Salim hammasini ko‘paytirib, shishirib, o‘zimga qarshi zarbaga aylantirmoqda! «Ekkaningni o‘rasen!» deganlari rost ekan! Shaxsiy hayotda qanday gunohlar ekkan bo‘lsam, endi o‘g‘lim orqali shular¬ning yomon oqibatlarini o‘rmoqdamen. Maryami Zamon! Menga qo‘shilib siz ham qilmagan gunoh¬laringizning azobini tortmoqdasiz! Bu ne ko‘rgilik-ki, ruhim gunohlarga to‘lgan tanamdan bezor bo‘ldi! Shuning uchun bu besh kunlik dunyodan tezroq ketgim kelmoqda!
Rani Jodha Bay Akbarning bag‘rida yum-yum yig‘lar:
— Suyangan tog‘imizsiz, bizga rahm qiling! — derdi. — Hali ham menga ijozat bering. Borib Salimni boshlab kelay!..
— Salimga roja Ram Dasni elchi qilib yubordim. Javobini bilaylik... Keyin!..
Akbar Dakandan qaytishi kerak bo‘lgan Abulfazlni ham kutmoqda edi. Ora uzoq, otda qirq kunlik yo‘l, Abulfazlning hayallashini Akbar shundan deb bilar, uning o‘ldirilganini xayoliga ham keltirmas edi.
Lekin zilday og‘ir hislar vujudini bosib yotar, ruhi tushkun, bo‘lajak maqbara rejasi xayolidan nari ketmasdi.
Uyqusiz tunda o‘zi qo‘yiladigan maqbaraning xomaki rejasini chizdi-yu, ertasi kuni bosh me’morni maslahatga chaqirdi.
— Mavlono, o‘lim haq. Es borida etakni yopmoq¬chimen. Zamonlar o‘zgardi. Bu obida ota-bobolari¬mizga qo‘yilgan maqbaralardan boshqacharoq bo‘l¬mog‘i kerak.
Nozikta’b me’mor tirik odam bilan uning bo‘lajak qabri haqida gaplashishdan avval juda tortindi. Lekin Akbar o‘z maqbarasining baland peshtoqlari Samar¬qand obidalari kabi rang-barang bo‘lishi kerakligini, faqat koshinlar o‘rniga rangli toshlar tarashlanib, qanday gulchin qilinishini aytgani sari, me’morni uning g‘oyasidagi yangilik o‘ziga tortdi-yu, o‘ng‘aysizligi tarqab ketdi.
Dehlidagi Humoyun maqbarasining minoralari yo‘q edi. Akbar o‘z maqbarasining to‘rt tomoniga oq marmardan to‘rtta baland minora yasashni buyurdi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:24:19

Humoyun maqbarasi qurilganda Akbarga hayot hozirgidan bexatarroq tuyular edi. Shuning uchun Dehli¬dagi obidaning atrofi ochiq, unga birvarakay o‘nlab odamlar kirib chiqishi mumkin. Ammo yangi maslak e’lon qilingandan beri Akbarning g‘oyaviy dushmanlari ko‘payib ketdi, hatto to‘ng‘ich o‘g‘li o‘shalar tomonga o‘tdi. O‘zi tirikligida shunchalik xuruj qilayot¬gan g‘animlar Akbar olamdan ko‘z yumsa, qabrini buzishdan ham toymaydi. Maqbarani himoya qilish oson bo‘lsin uchun sag‘anaga kiriladigan uzun marmar yo‘lakni faqat ikki kishi o‘ta oladigan torlikda rejalashtirdi. U beshinchi qavatga qo‘yiladigan qabr toshi yoniga bisotida bor kamyob La’l va gavharlarni sangfarsh qilib o‘rnatish niyatida edi. Bu nodir javohirlarni qo‘riqlash* oson bo‘lishi uchun yuqorigi oshiyonga chiqadigan tosh zinalar tarhini ham faqat bitta odam sig‘adigan darajada tor qilib chizdirdi.
Akbar o‘ziga maqbara qurdirmoqchi ekanini eshitgan Hamida bonu o‘g‘lining xilvatxonasiga kirdi-yu, uning sag‘ana tarhini chizib o‘ltirganini ko‘rib dahshatga keldi:
— Sizga ne bo‘ldi, shoh o‘g‘lim? Hali men, ona¬ngiz, tirik yuribmen. Tangrimga shukur, yetmish to‘q¬qizga kirdim. Siz avval mening yoshimga boring... Maryami Zamonga vasiyatnoma so‘zlar aytibsiz, eshitganidan beri yig‘laydir!.. Mening ham dilimda g‘ulg‘ula!..
— Bu o‘tkinchi dunyoga hech kim ustun bo‘lolmas ekan, onajon. Vaziyatni ko‘rib turibsiz. Tarh chizishga boshqa bo‘sh vaqtim bo‘lgaymi, yo‘qmi, bilmaymen!
Bu maqbara Akbarning so‘nggi me’morlik asari bo‘lishini uning dili sezib turardi.
— Niyatni yaxshi qiling, bolam. Axir sakson, to‘qsonga borganlar yo‘qmi? Nevarangiz Xisrav o‘n beshga kirdi. Endigi yil uylantirgaymiz. Aziz ko‘ka¬ning kichik qiziga mehri bor ekan. Unashtirib qo‘yaylik. Xurramjon ham o‘n birga kirdi. To‘ylar qiling, siz ham menga o‘xshab evara, chevara ko‘ring!
Badanidan eti qochib, mushtdekkina bo‘lib qolgan Hamida begimning ruhi hali ham tetik, hassaga suyanmasdan gavdasini tik tutib yuribdi. Onasi neva¬ralardan, to‘ydan gapirib, axiri, Akbarning xayolini og‘ir o‘ylardan chetga tortdi.
Birga tug‘ilib o‘sgan sodiq tengdoshi Aziz ko‘ka bilan quda bo‘lish Akbarga ham yoqimli tuyuldi. Dakan yurishida ikki yil bobosining yonida bo‘lib, unga juda yoqib qolgan Xisrav va Xurram otasidan ko‘ra Akbarga ko‘proq yon bosar edilar. Xisravni Aziz ko‘kaning to‘rtinchi xotinidan tug‘ilgan kichik qiziga unashtirgan kunlari ziyofat paytida Qilichxon Andi¬joniy:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:24:34

— Janobi xoni a’zam, — deb Aziz ko‘kaga tegishdi, — hazratim nevara uylantirmoqchilar. Siz, tengdoshlari bo‘laturib, hali ham qiz chiqarib yuribsiz?
— Sal kechikkanmiz-da, janobi Qilichxon. Bo‘l¬masa bizda ham olti o‘g‘il, olti qiz, ellikdan ortiq nevara bor. Hind ayoli juda bolajon bo‘lishini qirqdan oshganda bilib qoldik. Kenja qizimiz hind xotinimizdan tug‘ilgan.
— Birinchi ayolingiz eronlik edi-ku.
— Ha, eronlik xotinning tili juda shirin, suhbatlashib rohat qilurmen. Movarounnahrlik xotinim ham¬maning boshini qovushtirib, hukmron beka bo‘lib turadir. Undan o‘zim ham hayiqurmen!
Bu gapga Akbar ham kulib yubordi. Yor-do‘stlar davrasidagi hazil-mutoyibadan, nevaralari Xisrav va Xurramning beg‘ubor, ma’sum mehridan Akbar endi sal yayrab, avvalgi g‘amlarni xayolidan uzoqlashtira boshlagan kunlarda yana bir musibatli xabar Asadbek qiyofasiga kirib eshilk taqillatib keldi. Abulfazlning o‘limini Akbarga qanday aytishni bilmay qoldilar. Shunda saroyning Hoji Jahon degan eng nuroniy mo‘ysafidi yelkasiga ko‘k fo‘ta tashlab, uning huzuriga g‘amgin yuz bilan kirdi.
— Sizga quvvat bersin, hazratim! — deb boshlagan so‘zidan va ko‘k fo‘tadan yana biron baxtsizlik bo‘lganligini Akbar sezdi. Yuragi «shig‘» etib:
— Ne bo‘ldi, mavlono?.. — deb so‘radi.
— Janobi Abulfazl... Xudo rahmati...
— Abulfazl?! Qachon? Kim aytdi?!
Asadbekni Akbar huzuriga chaqirdilar. Abulfazl¬ning o‘lgan joyida faqat tanasi qolganini, boshini kesib Ollohobodga olib ketganlarini eshitganda Akbarning badanidan «lop!» etib olov chiqib ketganday bo‘ldi:
— O‘, nomardlar! — deb qichqirib yubordi. — Salimga taxt kerak bo‘lsa, meni o‘ldirsin edi! Abulfazlda ne ayb?! O‘, nomardlar!..
O‘ttiz yil davomida hayotning barcha achchiq-chuchuklarini birga tatigan do‘sti, hamma alg‘ov-dalg‘ovlarni birga boshdan kechirgan safdoshi endi yo‘q! Akbar suyangan ustuni qulagan uyday larzaga tushib o‘kirib yig‘ladi:
— Tilab olgan o‘g‘lim!.. O‘zimdan chiqqan balo!.. Bunga qaydan davo izlayin!..
Asafxon boshliq uch ming saralangan navkarlar Seronj tomonlarga borib, o‘rmonni tit-pit qilib, Bir Sinxni izlashdi, ammo topisholmadi. Uni Salim Olloh¬¬obod tomonlarda yashirib yuribdi! degan maxfiy axborot keldi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:24:47

— O‘g‘il bilan jang qilish taqdirimda bor ekan! — dedi Akbar sarkardalarni mashvaratga yig‘ib. — Ikki yuzta harbiy kema tayyor qilinsin. Ollohobodga ham suv yo‘lidan, ham quruqlikdan hamla qilurmiz. Ming¬ta fil, o‘ttiz ming otliq askar ikki oy ichida taxt bo‘lsin!
Salimning harbiy kuchlari bundan ham ortiq edi. Akbarga qarshi ko‘p marta isyon ko‘targan Jaunpur, Bixar va boshqa sharqiy viloyatlar hozir Salimni podsho deb tan olgan, oliq-soliqdan tushadigan oltin-kumushlarni uning Ollohoboddagi xazinasiga keltirib to‘kishar, yuzlab fillar, ot-ulovlar va boshqa sovg‘ala¬rini ham Salimga peshkash qilishar edi. Shahzoda hozir boyib ketgan, askarlarining soni ham qirq mingdan oshgan, shuning uchun otasidan tap tortmas edi.
Ota-bola bunday katta kuchlarni maydonga chiqarib urush qilsa oqibati qanchalik yomon bo‘lishi onalarni dahshatga keltirdi. Hamida bonu betob bo‘lib yotib qoldi. Akbar onasini ko‘rgani borsa, Salima begim bilan Maryami Zamon—Jodha Bay qaynonala-rining to‘shagi yonida o‘ltirgan ekanlar.
— Onajon, sizga ne bo‘ldi?
— Uyqu yo‘q. Oyoq-qo‘ldan darmon ketdi. Turolmay qoldim.
— Hakim Misri darmonga kiritadigan davolar qilsin. Yaxshi bo‘lib ketgaysiz.
— Shoh o‘g‘lim, menga Hakim Misri emas, faqat siz shifo bermog‘ingiz mumkin.
— Men? Ayting, qani...
— Shuncha yil umr ko‘rganim avvalo xudodan bo‘lsa, soniyan sizning yaxshi farzand chiqqaningizdandir. Lekin endi Ollohobodga qo‘shin tortmoqchi emishsiz. Shuni eshitgandan beri dilim bezovta, vujudim vayron. Axir o‘ylang: ota-bola urushida g‘olib bo‘lgaymi? Qaysi tomon yengilsa ham bizga baxtsizlik keltirmagaymi? Samarqanddagi Ulug‘bekning o‘z o‘g‘li Abdullatif bilan urushgani ne oqibatga olib kelganini bir eslang!
— Axir bu nobakor o‘g‘il muomalaga ko‘nmasa ne qilay, onajon? Yaxshilikcha huzurimga qaytsin, aybi bo‘lmasa isbot qilsin, deb roja Ram Dasni Olloh¬o¬b¬od¬ga elchi qilib yubordim. Rad javobi olib keldi. Qirq yil jon chekib yagona davlat tuzdim, nevarangiz uni ikkiga bo‘lib parchalamoqda!.. Begunoh Allomiyni qasddan o‘ldirtirsa, qotilni yashirib yursa!.. Yo‘q, men unga jazo bermaguncha tinchiyolmaymen!..

Qayd etilgan