Javob: Menda bunaqa holat bolalik paytlarimda ko'p bo'lardi. Tashqarida so'ri (karavot)da kechqurun osmonga qarab yotar ekanman, yulduzlarning uchishi, oyning harakatlari, bulutlarning daydib yurishi, har xil shakllarni hosil qilishini kuzatish maroqli edi. Ayniqsa, chilla paytlarida Shohimardondagi qarindoshlarnikiga borar, tog'dan esa yulduzlar xuddi judayam yaqin kelib qolgandek, aniq va yorqin va yorqin ko'rinardi. O'sha paytlarda ayamdan, buvimdan so'rardim. Bu yulduzlar nima, yerga tushib ketmaydimi? O'shanda buvim javob bergan edilar: "Yulduzlar osmonning chiroqlari"... hayron bo'lgan edim, osmondayam chiroq bo'ladimi? Keyinchalik o'qib bilsam, Qur'oni karimda ham xuddi shunday oyatlar kelgan ekan:
Biz quyi osmonni chiroqlar-yulduzlar bilan bezadik va (uni ofat-balolardan) saqladik.(Fussilat surasi, 12-oyat).
O'shanda buvimning hikoyalari asosida osmonga qarab, tafakkur qilishga urinardim... Judayam qiziq tuyulardi...
Keyinchalik bildimki, bu Alloh taoloning yuksak mo'jizalari ekan:
U zot sizlar (bekamu ko‘st hayot kechirishingiz uchun) kecha va kunduzni, quyosh va oyni (bir tartibga solib) bo‘ysundirib qo‘ydi. (Barcha) yulduz — sayyoralar ham Uning amriga bo‘yinsundirilgandir. Albatta, bu narsada aql yurgizadigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir. (Nahl surasi, 12-oyat)
(Ey Muhammad), siz osmonlardagi va yerdagi bor jonzot, quyosh, oy, yulduzlar, tog‘lar, dov-daraxtlar va (barcha) jonivorlar hamda ko‘pdan-ko‘p insonlar (yolg‘iz) Allohga sajda qilishini ko‘rmadingizmi? Ko‘p (odamlarga esa kofir bo‘lganlari sababli) azob haq bo‘lgandir. Kimni Alloh xor qilib qo‘ysa, bas, uni (hech kim) aziz qilguvchi bo‘lmas. Albatta Alloh O’zi xohlagan narsani qilur. (Haj surasi, 18-oyat)
Tog'dagi so'rida o'sha osmonga qaraaab yotishlarni sog'indim...

Savol: Yulduz uchganini ko'rganmisiz? U paytda nima hodisa yuz beradi?