Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370644 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 51 B


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:34:02

3

    Urush chechenlar yashaydigan qishloqlardan uzoqroqda bo‘lsa ham uning sovuq nafasi ufurib turardi. Qishloqqa qoraxatlar bilan birga noxush mish-mishlar ham yetib kelardi. Mish-mishlar oqibatda haqiqatga aylanib butun qishloq bir kechada issiq uylardan haydab chiqildi. Bir hafta burun Zelixonlarnikiga qoraxat kelib aza ochilgan edi. Olti yoshga to‘lgan bola dam onasiga qo‘shilib yig‘lardi, dam bobosiga qo‘shilib qo‘lini fotihaga ochardi. U nima uchun aza ochilganini tushundi — otasini fashistlar o‘ldirgan. Endi qotillarni kechirish mutlaqo mumkin emas! Zelixon — endi xunxo‘r! Tomirlarida chechen qoni oqayotgan olti yoshli bola ajdodlar qonunini bilardi. Unga na onasi, na bobosi «o‘ch ol!» dedi. Bu gapni uning yuragi aytardi. Shunga aqli yetgan bola nima uchun uyqudan uyg‘onishganini, ikkita tugunni orqalab tun bo‘yi yo‘l yurishganini, so‘ng poezdga chiqishganini bilmadi. Birov «fashistlar yaqin kelib qolishibdi, bizni asrashyapti», dedi. Bundan Zelixon ajablandi: fashistlar yaqin  kelsa yaxshi-ku! O‘ch olish imkoni tug‘ilgan ekan-ku?! Yana birov: «Ichimizdan sotqin chiqibdi, hammamiz shuning kasofatiga qolibmiz», dedi. Zelixon bunga ham ajablandi: qanaqa sotqin, nimani sotadi, qishloqda sotadigan nima bor?..
    Uzun kechalar yo‘l yurib, nihoyat bir qishloqdan panoh topishdi. Uning ko‘ngli, ko‘zlari tog‘larga, cho‘qqilarga o‘rgangan edi. Bu qishloq tog‘dan ancha uzoq ekan. Ammo bobosi ham, onasi ham shukr qildilar. Bir dehqon uyining yarmini bo‘shatib berdi. Devor o‘rniga eski sholcha tortib yashayverishdi. Yetti yot begonaga ham muruvvat ko‘rsatuvchi imonli odamlarga uchratgani uchun bobosi Ollohga shukrlar qildi. Yaxshiyam, bobosi  turkchani bilardi, bo‘lmasa kunlari imo-ishora bilan  gaplashishga qolarmidi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:34:47

    Zelixonning onasi betoblanib, ikki kungina yotdi. Uchinchi kuni uzildi. Bobosi dono edi. Ortiqcha kiyim-boshni qo‘yib, o‘limligini olvolgan ekan, o‘ziga emas, keliniga nasib etdi. Uch yil oralatib o‘zi qaytish qilganida kafanlikni shu uy egasi topib berdi.
    Bobosi bir oydan ziyodroq yotdi. Uning umri tugagan, bu hayotdan nasibasi qirqilgan edi. Biroq, Xudoga yolborib yana bir-ikki oy umr so‘rardi. Begona yurtda g‘irt yetim bo‘lib qolayotgan nabirasini ozgina bo‘lsa-da, oyoqqa qo‘yib omonatini topshirsa, ko‘zi ochiq ketmas edi. Nasiba qirqilsa, banda chorasiz ekan. Bobosi to so‘nggi nafasi chiqquncha Zelixonga nasihat qildi. So‘nggi kechada, so‘nggi kuchini jamlab bir gap aytdi:
— Bolam, biz chechenlarmiz! Unutma! Chechenlar hech qachon o‘zlarini xor qilib qo‘ymaganlar. Sen hech qachon nomardlarga bo‘yin egma! Ammo yaxshilik qilganlarni  umring ado bo‘lguncha boshingda ko‘tarib yur. Sen o‘z nomusing uchun jang qilmasang, kechiraman. Lekin senga yaxshilik qilgan o‘zbeklarning nomusi uchun jon bermasang, rozi bo‘lmayman. Olloh ham seni kechirmaydi, bilib qo‘y! O‘zbeklar ham biz kabi xorlangan ekan, vaqti kelsa joningni ayama...
— Bizni xo‘rlaganlardan qasos olaman! — dedi Zelixon. To‘qqiz yoshli chechen bolasining tomirida qasos qoni ko‘pirishi uchun yetarli asos bor edi. Bobo buni bilardi va shundan qo‘rqardi. Qasos o‘ti bolaning ko‘zini ko‘r qilib halokat jari tomon yetaklashi muqarrarligini bilgani uchun ham qo‘rqardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:35:39

— Zinhor! — dedi bobo, keyin ko‘zlarini yumib tin oldi. U xo‘rlikni kechira olmaydigan chechen edi. Ayni choqda, musulmon ham edi. Cholning urishdan to‘xtay deb turgan yuragida armon bilan birgalikda qasos ham bor edi. Qasos — xo‘rlikdan, armon esa qasosning qiyomatga qolayotganidan. Chechen uchun xo‘rlikdan ham chorasizlik yomon. Ular chorasiz edilar. To‘qqiz yoshli bola qasos olaman, deb qasam ichyapti. Ammo kimdan qasos oladi? Birgina shularning o‘zini haydab chiqarganlarida edi, so‘rab-surishtirib, aybdorni topardi. Agar bu mo‘ylovning (bobosi Stalinni «mo‘ylov» deb atardi) istagi bilan amalga oshirilgan bo‘lsa boshini qaysi toshga urishi kerak?! Bobosi ko‘zlarini yumib shularni o‘yladi. Uning bu o‘ylari Zelixon uchun sir bo‘lib qolaverdi.
— Zinhor, — dedi bobosi ko‘zini ochib. — Bunday qasam ichma! Ota-onam go‘rida bezovta bo‘lmasin, desang, tinch yur!
Uy egasi, eski do‘ppining ustidan qiyiqcha bog‘lab olgan mo‘ysafid yarim piyola sutga to‘rt to‘g‘ram non tashlab, bir tishlamini xastaning og‘ziga tutdi. Zelixonning bobosi labini qimtib bosh chayqadi.
— E, birodar, jonga darmon kerak. Nima deyayotganingizni anglamadim-u, ammo bolani qo‘rqitish yaramaydi. U hali hech nimani tushunmaydi.
    Bobosi uy egasining maqsadini anglab, og‘zini bazo‘r ochdi. Anchagacha tamshandi. Ammo nonni yuta olmay asta chiqardi. Ko‘zlari bejo bo‘ldi.
— Bolam, sen bir aylanib kel, — dedi uy egasi  Zelixonga.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:36:45

    Zelixon chiqib ketdi. Uy egasining nima uchun chiqarib yuborganini ulg‘ayganidan so‘ng fahmladi. Bobosining tamshanishi to hanuzga qadar ko‘z oldidan ketmaydi. Bobosining rizqi tugaganmidi yo o‘lim oldidan birovning luqmasini yutishni istamadimi — bu Zelixon uchun muammoligicha qoldi.
Zelixon Elchin bilan shaharda uchrashganidan beri  bobosining so‘nggi gaplarini ko‘p eslaydi. Bir tomondan bobosi qasosga yo‘l bermay ketdi. Bir tomondan  Elchin — o‘zbek, ularga ham boshpana, ham nasibasidan bir ulushini, hatto kafanligini baham ko‘rgan xalq farzandi. Yana bir tomondan esa, Elchin qasos olmoqchi bo‘lgan odamlar ham shu xalq farzandlari.
    Alanga Zelixonni uch tomondan o‘rab kelardi. Bir tomon ochiq — qochoqlik, qo‘rqoqlik yo‘li. Chechenning eng nomardi ham bu yo‘ldan yurmaydi. Zelixon Elchinni qasos yo‘lidan qaytara olmasligini bilardi. Zelixon qasosga sherik bo‘lish uchun emas, balki Elchinni ajdaho komidan asrab qolish uchun ham uning yoniga kirdi.
    Uch-to‘rt kishi bo‘lib xazinani urish yoki biron boyni qaqshatish Zelixonga cho‘t emasdi. Ammo Elchinning boshlayotgan ishi uni ancha gangitib, tashvishga soldi. U Asadbekdan cho‘chidi, deyish bo‘hton. Asadbekdan joni  o‘ziga shirin odamlar qo‘rqishadi. Shu paytgacha Zelixon jonini sira ayamagan. Uning tashvishi— maqsad sari bir-ikki qadam qo‘yganda bevaqt yiqilib qolish. Erkak odam bir ishga qo‘l urdimi, o‘lsa ham oxiriga  yetkazib o‘lishi kerak — shu aqida asosida ulg‘aygan Zelixon boshqacha yo‘l tutolmas edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:38:55

    Zelixon piyoladagi musallasni sipqorib, nigohini  bir nuqtaga qadab o‘tirgan Elchinni yelkasiga asta turtib qo‘ydi.
— Zelixon yarim yo‘lda tashlab qochmaydi. Men — chechenman! Unutma! Asadbek senga uylan debdimi, uylan. To‘yga tayyorgarlik ko‘raver.
Bu gapdan keyin Elchin boshini ko‘tardi.
— O‘ziga kuyov qilsa-chi?
Zelixonning rejasida ishning bu tomonga og‘ishi nazarda tutilmagan edi. Asadbekning qizini o‘g‘irlash, uning nomusiga tegish g‘oyasi Zelixondan chiqqandi. Ishni boshidan oxirigacha o‘zi pishitib    bergan edi. Elchinning vazifasi qorong‘i uyda qo‘rquvdan titrab o‘tirgan qizning qo‘yniga kirish edi. Elchin birinchi kirganida «Oyijon!» deb o‘zini himoya qilgan, jonholatda tipirchilagan qizni yenga olmadi. Unga rahmi keldi. Agar qiz «otajon!» deb baqirganida ko‘z oldiga Asadbekning qahrli nigohi kelib, balki ko‘nglidagi  rahmini parchalab tashlarmidi... Keyingi safar qiz «Oyijon!» deb baqirganda Noilaning nolasini eshitganday bo‘ldi. Qiz uning bag‘rida tipirchilaganda ko‘kragiga pichoq qadalib jon talvasasida yotgan xotini ko‘ziga ko‘rindi.
    O‘sha tun Elchin uchun sinov kechasi edi. U o‘ch olishning azobini ham, lazzatini ham tatib ko‘rdi. Lazzat shahvatini qondirishdan emas, balki dastlabki qasosning shirin suvidan edi. Azobi — nohaq jabr tortish nima ekanini totib ko‘rgan yigit begunoh bir pokiza vujudni bulg‘adi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:40:27

    Zelixon bu rejani tuzayotganida Elchining ikki o‘t orasida qovurilishini hisobga olgan edi. Chunki u birinchi marta begona odamning cho‘ntagiga qo‘l solganini, pulini olgandan so‘ng uyatdan yonib ketay deganini hali-hali unutmaydi.
    U Asadbekning fe’lini bilmas edi. Bunday voqeaga qo‘l siltab qo‘yadimi yo kuyib-o‘rtanadimi — bu Yaratganga ayon bo‘lmasa, Zelixon uchun qorong‘i edi. Uning nazarida Asadbek — ota. Qizining nomusiga befarq qaraydigan ota bu yurtda yo‘qdir. Ayniqsa, ko‘pning nazarida turgan odam nomusiga befarq qaramas. To‘g‘ri, uning oldida sho‘rlik qizi haqida og‘iz ochishga jur’at etmaydilar. Lekin pana-panada visir-visir bo‘lishini Asadbek sezmasmikin? Gap-so‘zlarga  barham berishning eng to‘g‘ri yo‘li — uni turmushga uzatish. Kuyov kim — Elchinmi?
    Zelixon Elchinning so‘zlaridan keyin o‘zini Asadbekning o‘rniga qo‘yib ko‘rdi. O‘zini marhamatli, odamparvar ko‘rsataman, desa «qamalib chiqqan otarchi»dan hazar qilmay, yelkasiga kuyovlik sarposini yopadi. Misqollab to‘plagan obro‘-e’tiborini o‘ylasa— bu ishga qo‘l urmaydi. Xo‘sh, Asadbek uchun qay biri qadrli? Zelixon bu muammoga javob topa olmadi. Bu savolga javobini oradan kunlar o‘tib Asadbekning o‘zi aytdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:20:08

VI  b o b

1

    Sharif garang edi. Ko‘rgani, eshitgani tushmi yo o‘ng ekanini farqlay olmas edi. Dam badaniga halovatli, huzurli kuch hukm o‘tkazadi. Bunday paytda u bulutlarga yonboshlab olib osmonda suzadi. Ba’zan esa qandaydir ko‘rinmas bir kuch temirchining omburi bilan yuragini siqa boshlaydi. Ana shunda dunyo ko‘ziga tor bo‘lib  ketadi. Esini taniganidan beri ko‘rgan xo‘rliklarini, alamlarini, tashvishlarini eslaydi. Eslab turib «omburingni qattiqroq siqsang-chi, bu yurakni birato‘la vayron qilib yubora qolsang-chi», deb nola qilganini o‘zi ham bilmaydi.
    Sharif hozir ham shu ahvolda edi. Ikki  qavatli karavotning yuqorisida yuztuban yotib, dardli bir to‘lg‘oqni boshidan kechirar edi. Birovlarni onalari duru gavhar ustida tug‘ib, zarhal choyshablarga yo‘rgaklaydi. Sharif esa, o‘zining nazarida, alamlar tikonzori ustida tug‘ilib, tashvish choyshabiga yo‘rgaklangan. Birovlar bu dunyo ne’matlaridan to‘yib bahramand bo‘lish uchun tug‘ilgan bo‘lsa, Sharif, o‘zining nazarida, bu dunyodan nafratlanish uchungina tug‘ilgan. Go‘yo poki Parvardigor uni yaratib «mana,  qarab qo‘y, bu dunyoda havas qiladigan hech nima yo‘q», deganu Sharif tug‘ilganidan beri mana shu haqiqatni qadam-baqadam anglab borayotganday. Bu dunyoda hamma narsa o‘lchovli, hamma narsaning cheki-chegarasi mavjud. Alqissa, Sharifning boshiga yog‘ilayotgan abri balo ham o‘tay deb qoldimi? Bu bulut uning  boshiga ham turli alamlarni, g‘ussalarni yog‘dirdi. Eng so‘nggi balo — o‘lim urug‘imi, qamoqda chirish qismatimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:21:03

    Sharifning badaniga titroq yugurib, tan azobi ruh azobini quvib chiqara boshladi. Eng chekkadagi karavotda qarta o‘ynab o‘tirgan davraning dam jimib qolishi, dam asabga teguvchi g‘o‘ng‘illashi, dam baland ovozda gap talashishlari ham tumanli ufq bag‘riga  singib ketdi. Ko‘ngli aynib, a’zoyi badani qaqshadi. Go‘yo ichiga katta ilon kirib olib, buralib, to‘lg‘ona ketdi. Sharif shu yoshga kirib sira bu holga tushmagan edi. Tumov kabi ne’matlardan el qatori bahramand bo‘lib yurardi. Ammo bunaqa azobli dardni sira tortmagan edi. «O‘ladiganga o‘xshayman, — deb o‘yladi u. — Ichimda buralayotgan jon bo‘lsa kerak. Jon chiqishi shunaqa og‘irmi?» azoblar mavji bir oz pasaygan damda otasini esladi. Otasi muloyim gapira turib jon  taslim qilgan edi. Go‘yo gapdan horib picha tin olish uchun ko‘z yumganday edi. O‘shanda «o‘lish ham oson ekanda», deb qo‘ygandi. Hozir bu dunyoni tashlab ketish  oson emasligini angladi.
    Sharif hayotdan to‘ygan banda emasdi. To‘g‘ri, u to‘yib yeb-ichmadi, tarallabedodlar unga nasib etmadi. Agar shularga intilsa, balki erishardi. Nolimay yashadi, o‘z ishini bildi. Shu ahvolda bo‘lsa ham yana uzoq yil umr ko‘rishni istardi. Ammo nachora... kuni  bitganga o‘xshaydi.
«Kunim bitganga o‘xshaydi...» Sharifning xayoliga bu fikr qattiq o‘rnashib olgan edi. Soqchi orqali do‘xtir chaqirishni o‘ylamasdi. Bu dard o‘lim darakchisi emas, balki mastligida tomiriga yuborilgan qoradorining xumori ekani xayoliga ham kelmas edi. Tergovchining gaplari, bilagidagi igna izi oqibatda bunchalar azoblarga qo‘yishini o‘ylab ko‘rmagan edi.  U giyohvandlarning telba ko‘zlarini, qiynoqdan to‘lg‘onishlarini televizorda ko‘rgan, ammo bu ahvolga tushib qolish mumkinligini bilmas edi.
    Uning bukchayib titrashi, o‘qchishi xona burchagida qimor o‘ynab o‘tirgan yigitlar diqqatini tortdi. Ulardan biri Sharifga yaqinlashib peshonasida to‘zib yotgan sochini siqimlab, boshini ko‘tardi-da, yarim ochiq ko‘zlariga qaradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:21:54

— Paxan o‘zimizdan ekan-ku, — dedi u sheriklariga qarab. — Nima qilamiz?
— Ishing bo‘lmasin, — dedi to‘rda o‘tirgan kishi.
— Odam qilib qo‘ya qolay, haqqini to‘lar? — dedi yigit.
To‘rda o‘tirgan kishidan sado chiqmadi. Yigit o‘zi yotadigan karavot tomon yurdi. Yostig‘ini ko‘tarib, tuguncha oldi. Tugunchada em ignasi, ikki qarich ingichka rezina ichak bor edi. U Sharifga yaqin kelib usta hamshiralarday rezina ichakni Sharifning bilagiga o‘radi. So‘ng bo‘rtib chiqqan tomirga igna sanchdi.
    Sharifni azoblar tark etdi. Ichidagi ilon ham tinchidi. «Jonim chiqib ketdimi?» deb o‘yladi. U rohat quchog‘ida suza boshladi.
    Shirin tushlar adog‘iga yetib mast uyqudan uyg‘onish vaqti yetdi. U ko‘zini ochib picha karaxt yotdi. Qamoqda ekani, azob bilan to‘lg‘ongani tush emas, haqiqat ekani ayon bo‘lgach, yostiqdan bosh ko‘tardi. Temir panjarali deraza ortida tunning qora basharasi ko‘rindi. Ikki qavatli temir karavotlarda mahbuslar uxlab yotishibdi. Xona  burchagi odatdagiday bedor. Ular Sharifning uyg‘onganini darrov sezishmadi. Sharif qaddini ko‘tarib oyoqlarini pastga osiltirib o‘tirganidan keyin davradagi bir yigit o‘rnidan turdi.
— Ha, paxan, ahvol qandoq, zo‘rmi? — dedi u Sharifga yaqinlashib.
Sharifga uning yuzi tanish ko‘rindi. «Qaerda uchratgan ekanman?» deb o‘yladi.
— Pastga tushing mundoq, hisob-kitob qilib qo‘yaylik.
«Nimani hisob-kitob qilarkan», deb  o‘yladi Sharif.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:22:48

Yigit Sharifni eshik tomon boshladi. Yuvingich yonidagi qo‘pol qutini imlab dedi:
— O‘tirib yozing, paxan. Kennayimga bizadan salom eting. Ertaga beshtagina kusok tayyorlab qo‘ysinla.
— Tushunmadim, — dedi Sharif, — kusogingiz nima?
Yigit rostdan tushunmadimi yo laqillatyaptimi, deb o‘ylanib, unga qattiq tikildi. Keyin qo‘pol ohangda:
— Besh ming, — dedi. — Ertaga besh ming so‘m yetkazib bermasa tilla tishlaringni sug‘urib olaman.
— Menda... tilla tish yo‘q, — dedi Sharif soddalik qilib.
— Qani, og‘zingni och-chi?
Sharif yigitning amriga bo‘ysindi.
— I-e, — yigit ajablandi, lekin bo‘sh kelmadi, — unda kallangni sug‘urib olaman. Besh mingga arziydimi o‘zi bu kalla?
— Og‘ayni, uyda besh mingim yo‘q mening. Men...
— Gapni cho‘zma. Yoz xatingni. «Besh ming topib bermasang, meni o‘ldirisharkan», deb yoz. Agar bu ham  senga yetmasa, bola-chaqang bilan qirib yuboramiz. Besh ming topiladi, bola-chaqa topilmaydi!
    Sharif chinakamiga qo‘rqib ketdi. Bu yigit hazillashayotganga o‘xshamaydi. Sharif bunday qahri qattiq odamlarning qilmishlarini ko‘p eshitgan. Odamning kallasini olib huzur topadigan bu bandalar shunchaki po‘pisa qilishmaydi. Sharif yigit uzatgan qalamni olib ikkitagina jumla yozdi: «Onasi, menga besh ming juda zarur. Xatni olib borgan odamga topib  ber». Yigit xatni o‘qib jilmaydi.
— Vey, paxan, odam ekansan-ku, a? — deb yelkasiga  urib qo‘ydi-da, eshikni taqillatdi. Darcha ochilib soqchining yuzi ko‘ringach, xatni uzatdi.
— Shu akaxonimizning xatlari bor ekan, berib qo‘ying, duo qilamiz.

Qayd etilgan