Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370634 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 51 B


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:24:33

    Sharif bu holatni ko‘rib lol qoldi. Bu yigit kim  o‘zi — mahbusmi yo turmaning egasimi? «Har holda pachakilashmaganim durust bo‘ldi», deb o‘ziga taskin berdi. Yigit uni davraga boshladi. Sharifga ham qarta uzatdilar.
— Men... o‘ynamayman... bilmayman, — dedi Sharif kartani nari surib.
— Bilmasang, o‘rganasan, bundan oson ish yo‘q. Erkakmisan o‘zing? — dedi yigit qat’iy ohangda. So‘ng Sharifning oldiga bir siqim pul qo‘ydi. — Bu qarz. Haligidan tashqari.
    Sharif avvaliga bir oz yutdi. Yigit unga maslahatchi bo‘ldi. So‘ng yutqiziq boshlandi. Qarzga berilgan bir siqim g‘ijim pul uchdiyu ketdi. Davradagilar hotamtoy edilar, bu bechoraga rahm qilib qarzga o‘ynashga rozi bo‘ldilar. Tongga qadar «Sharif boyvachcha» o‘ttiz ming so‘mlik qarzga botib, o‘rnidan turdi.
— Kennayimga yana bir xat yozasan. Pul uch kunda shu yerda bo‘lishi kerak, — dedi yigit. — Bo‘lmasa...
— Bilaman, — dedi Sharif, — molim ham, jonim ham talonda.
— Ha, barakalla, bor, yozaqol.
Soqchiga yana bitta xat berildi. Sharif  o‘rniga  chiqib yotib o‘yga toldi. Boshi berk ko‘chaga kirib qoldi desak, uncha to‘g‘ri bo‘lmas. Boshi berk ko‘chaga kirib qolgan odam orqasiga qayrilib qaytib chiqib ketishi mumkin. Sharif nazarida boshi berk ko‘chaga kirib qolmadi, balki naq jahannamning o‘ziga quladi, endi  ortga yo‘l yo‘q. Shu yerda kuyib kul bo‘lishi kerak. O‘zi-ku kuyib kul bo‘lishga mahkum etilgan ekan, oilasini nima sababdan jahannam oloviga ro‘para qildi? Sharif mana shundan dog‘da edi. Endi nima qilsin? Tergovchiga aytsinmi? U ham bularning odami bo‘lsa-chi? Tergovchining ko‘rinishi binoyi, o‘zini rahmdil, haqiqatparvar qilib ko‘rsatyapti. Biroq... hamma baloni shular boshlaydi — Sharifning birinchi uchrashuvdan chiqargan xulosasi shu.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:25:36

    Yangi yilning birinchi kuni Sharifni o‘ttiz minglik qarz botqog‘iga botirdi. Xotini bu pulni qaerdan topadi, kimlarning ostonasiga bosh uradi — o‘ylab  o‘yiga yetolmadi. Puldor qarindosh-urug‘i, oshna-og‘aynisi ham yo‘q. Sinfdoshlari orasida boyvachchalar bor, lekin ularni haromxo‘r deb bilib, hatto hazar qilib bordi-keldini yig‘ishtirib qo‘ygan edi. Endi ular yordam berisharmikin?
    Nonushtadan keyin Sharifning tungi «ulfatlari» dam olish uchun karavotlariga cho‘zilishdi. Ularga xalaqit berishning qanday oqibatga olib kelishini barcha bilarmidi, har holda aytadigan gaplarini pichirlab aytishdi, yursalar oyoq uchida, tovush chiqarmay yurishdi. Tunda horigan mahbuslar peshingacha uxlab, xuddi kelishib olganday bir vaqtda uyg‘onishdi. Bir-ikkitasi yuz-qo‘lini yuvgan bo‘ldi. Qolgani turiboq, bir esnab, bir kerishib tunda egallab o‘tirgan joyiga bordi. Tartibli idora xodimlariday, xizmatni bir  daqiqa kech boshlasa qiyomat yuz beradiganday jam bo‘lib olishdi. Lekin o‘yinni — xizmatni boshlashmadi. Idoralardagi «besh daqiqalik majlis» kabi bularning ham izdihomi mavjud edi. Idoralardan farqi— bu yerda majlis bir-ikki soat emas, bir-ikki daqiqa davom etardi. To‘rog‘asining gapi qisqa edi:
— Olib kelishmabdimi?
Javob undan ham qisqa:
— Vaqt o‘tdi.
Hukm undan-da qisqa:
— Boshla.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:27:04

    Sharif talvasada yotganida unga jon ato etgan yigit o‘rnidan turib eshik yaqinidagi karavotga yaqinlashdi. Karavotda uzala tushib yotgan go‘shtdor odamni turtdi:
— Tur o‘rningdan, to‘nka! — deb baqirdi. Xonadagilar hozir dahshatli voqea yuz  berajagini fahmlab, nafas yutdilar. Karavotdagi odam — o‘ttiz besh yoshlardagi baqaloq yigit — pinakka ketgan ekanmi, qaddini  ko‘tardi-yu, ammo nima gap ekanini anglamay, javdirab qaradi.
— Soatingga qara, bir bo‘ldimi? O‘n ikkiga yetkazishing kerakmidi?
— Olib kelishadi, gap yo‘q, okaxon.
— Qani, og‘zingni och.
— Jon okaxon, Xudo ursin, olib kelishadi.
— Och deyapman!
Yigit elanavergach, davradan bir odam turdi-da, unga yaqinlashib boshini changalladi. Xuddi tarvuz tanlayotganday qattiq siqdi. Yigit og‘riqqa chidayolmay dodladi. Shunda u odam ikkita barmog‘ini yigitning burniga tiqib, bir qo‘li bilan pastki jag‘ini pastga tortdi. Yapaloq ombir bilan yigitning tilla  tishlarini bir-bir sug‘urib oldilar. Mahbuslar, jumladan Sharif ham oraga tushishga qo‘rqib, hech narsani eshitmaganday, sezmaganday jim yotaverdilar. Tashqaridagi soqchilar esa, dod-faryodga ahamiyat ham bermadilar. Sharif bu manzarani ko‘rib titrab ketdi. «Buning-ku, tilla tishlarini sug‘urib oldilar. Meni nima qilishar ekan?» degan o‘y uni «o‘zimni o‘ldirsam qutulamanmi shu azoblardan», degan to‘xtam sari boshladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:28:43

2

    Zohid Sharipov prokuratura joylashgan imoratning ro‘parasidagi katta chinor yonida turgan ayolni darrov tanidi. Uning shunday fazilati bor — bir ko‘rgan odamini ancha vaqtdan keyin ham darrov taniydi. Egniga odmi, bir oz uringan palto kiyib, jun ro‘mol o‘rab olgan bu ayol — Sharif Namozovning xotini — Nasiba edi. Bu hol Zohidni ajablantirmadi. Xibsga olinganlarning yaqinlari milisaxonaga, prokuraturalarga qatnayverib  tinkalari quriydi. Ayollar yo‘l poylab, ko‘z yosh to‘kib charchashmaydi. Erlarining yoki otalarining, aka-ukalarining begunoh ekanini isbotlashga urinishadi. Bu faryodlarga qarab turib, «faqat begunohlar qamalar ekan-da», deb fikrlash mumkin. Zohid hozir ham shu hol takrorlanadi, deb o‘yladi. Xotinni ko‘rmaganga olib o‘tib ketmoqchi ham bo‘ldi. Lekin o‘zi sezmagan qandaydir kuch uni bir nafas to‘xtatdi. Ayolning harakatga kelishi uchun shu bir nafaslik to‘xtash kifoya edi.
— Sizda gapim bor, — dedi ayol siniq ovozda.
— Yuring, — dedi Zohid.
Ayolga sovuqroq muomala qilgani o‘zining ham g‘ashini keltirdi. «Bu xotin necha soatdan beri sovuqda turgan ekan, gapi bordirki kutgan... Erining aybi yo‘qligini o‘zim ham sezib turibman. Bu bechoraga nima uchun xo‘mraydim?» Zohid imoratga yarashmay turgan kichkina peshayvonga chiqib ortiga o‘girildi. Nasiba «kelib to‘g‘ri qildimmi yo adashdim-mi?» deganday bitta-bitta bosib chiqardi.
— Kennoyi, yuravering, — dedi Zohid.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:29:41

    Bu gapdan keyin ayol sal dadillandi. Mashoyixlar «so‘z xanjar bo‘lib jonni olishi ham, tiriklik suvi bo‘lib o‘likka jon berishi ham mumkin», deganlariday, Zohidning «kennoyi» deyishi ayoldagi xavotir bulutini bir oz tarqatdi.
    O‘tgan kuni peshinda bir yigit kelib: «Sharif akamgila xat berib yubordila», deganida xufton dili birdan yorishib ketdi. Ammo «Besh ming berib  yubor», degan gapni o‘qib ajablandi. Xayoliga urilgan narsa — pulni milisadagilar so‘rashgan, degan fikr bo‘ldi. Yigit yana kelajagini bildirib, tezda  iziga qaytdi. Kecha esa o‘ttiz ming so‘ralgan maktubni o‘qib, eti uvishib ketdi. «Agar shu pul evaziga chiqarib yuborishsa, uyni sotib bo‘lsa ham topib beraman», degan qarorga keldi. Keyin fikri bir oz tiniqlashgach, «pulni kim so‘ragan bo‘lishi mumkin?» deb o‘ylay boshladi. O‘sha kuni uni ikki yigit so‘roq  qildi. Biri sharttakiroq edi. O‘sha so‘radimi? Keyingisi prokuraturadanman, degan edi, yo o‘shanisiga  kerakmi bu pul?
    Nasiba, garchi ma’lumotli ayol bo‘lsa-da, huquq ilmidan butkul begona edi. Milisaning vazifasi — ushlashu qamash, prokuraturaning vazifasi — qoralash, sudning ishi — hukm chiqarish, degan yuzaki tushuncha barcha o‘zbeklar singari unga ham yo‘ldosh edi. O‘ylagan o‘ylari ham shu tushunchalar atrofidan nari siljimas edi. Prokuratura faqat qoralash emas, haqiqatni oydinlashtirish ishi bilan ham shug‘ullanishi lozimligini bilmasa-da, pul so‘rasa shular so‘raydi, degan fikr uni Zohid bilan uchrashishga da’vat etdi. «So‘raydigan  bo‘lsa o‘zimga aytsin, nimaga odam qo‘yadi», deb tongotarda yo‘lga chiqdi. To Zohid ko‘ringuncha ming xayolga bordi. «O‘zimni qamab qo‘ysa-ya», deb qo‘rqdi ham. Zohid sovuqqina qilib «yuring», degach, «ha, shu so‘ragan, kelganim yoqmadi», deb, kutganlariga pushaymon yedi. Ammo «kennoyi» degan so‘z umid ham berdi. «Bu emasdir», degan ilinj bilan qadamini tezlatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:30:35

    Zohid Nasibaga joy ko‘rsatib, o‘zi ham o‘tirdi. U ayolning erimda ayb yo‘q, deb gap boshlashini kutib,  «qulog‘im sizda», deganday qaradi. Ayol daf’atan tilga kirmadi. Uning nimadandir o‘ng‘aysizlanayotganini  Zohid sezdi.
— Kennoyi, bir gap bo‘ldimi, erta sahardan kelib turibsiz?
— Yo‘-o‘q, — Nasiba shunday deb Zohidning ko‘ziga bir qarab oldi. Dilidagini aytish yoki aytmasligini bilmay yana ikkilandi. — Bilay deb keluvdim.
— Tergov endi boshlandi. Sizga bir nima deyishim qiyin.
— Rostdan ishonyapsizmi shunga?
— Biz dalillarga ishonamiz. Uyingizdan qoradori chiqqan. Bu eringizga qarshi bir dalil. Agar uni  biror odam qasddan tashlab qo‘ygan desak, bunga ham  dalil kerak, guvoh kerak. Agar shu ishga oid biron gapingiz bo‘lsa, ayting.
— Gapim yo‘-o‘q... — Nasiba aytmasa, hozir chiqib ketishi lozimligini bilib, so‘zida tutila-tutila maqsadga ko‘chdi. — O‘zimda yo‘q, lekin qarindosh-urug‘ qarab turmas. Bir haftada olib kelsam... dalil  topiladimi?
    Zohid avvaliga tushunmadi. Keyin ayolning maqsadini fahmlab joni chiqib ketay dedi. Odamlarning pora taklif etishi uning uchun yangilik emas. Akasining o‘limi va sud jarayonlari davrida ishga pul aralashganini sezib qanchalar iztirobga tushgan bo‘lsa, keyinroq bu xizmatga o‘tib pora bilan yuzma-yuz kelgach, undan beshbattar qiynoqlarga uchradi. Pora degan narsa bir qaraganda ko‘rinishi yoqimtoy, tili shirin, onasi o‘pmagan qizga o‘xshaydi. Bu qiz ishvali jilmayib, ko‘z qisib, nuqul to‘shakka imlaydi. Hatto chol odamni ham bo‘ydoq yigit holiga solib qo‘yadi. Yelkadagi shayton tinmay shivirlab, «uning quchog‘iga otil», deydi. Ammo bu ishvalar, bu shivirlar Zohidga hukm  o‘tkaza olmaydi. Chunki o‘sha ishva bilan uning orasida akasining ruhi bor. Ishvaga uchsa —akasining murdasini bosib o‘tgan bo‘ladi. Zohidning sergak ongi bunga yo‘l qo‘ymaydi.
    Hozir pora taklif etayotgan bu juvonga qarab, g‘azabini ichiga yutdi. «Bu ayol chaynalib gapiryapti. Umrida birovdan o‘zi uchun bir narsa so‘ramagan, ta’ma qilmagan odam shunaqa bo‘ladi. «Men sizga shuncha beray, erimni qo‘yib yuboring», deyishga andishasi yo‘l bermayaptimi?»

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:31:19

— Sizga bu gaplarni birov o‘rgatdimi yo o‘zingiz o‘ylab topdingizmi?
Zohidning ovozida qahr, g‘azab zohir edi. Nasiba bu yigitning tez o‘zgarishini kutmagani uchun bir  seskanib tushdi, tamom o‘zini yo‘qotdi.
— Bunaqa gaplar uchun...
Nasiba yig‘lab yubormay, deb pastki labini tishladi. «Mayli, meni ham qamay qoling. Sizlar begunoh odamlarni qamash, mayib qilish, xo‘rlash uchun dunyoga  kelgansizlar. Sizlar biz bechoralarning ko‘z yoshlarini, jigar qonlarini tilla tog‘larga aylantirasizlar. Harom non yeb qorinni qappaytirasizlaru yana bizlarga do‘q urasizlar?!» degan hayqiriq ko‘kragini ezdi, ammo bo‘g‘zidan nariga ko‘tarilmadi. Dardi ichida qolaverdi. Haqiqatni aytish shunaqa qiyin. Ayniqsa nopok odamlarga (Nasibaning nazarida Zohid ham nopoklardan edi) bas kelish mushkul. Undan ko‘ra o‘ttiz besh ming so‘mni topib berish osonroq. Nasiba «bu yigitga bekor uchrabman. Endi o‘rtaga qo‘ygan odami bilan gaplashaveraman», degan fikrga kelib joyidan qo‘zg‘oldi.
— Kennoyi, kim nima desa so‘ziga uchavermang. Besh qo‘l barobar emas. O‘ylab ish qiling.
Zohidning muloyimlashgani juvonni yana o‘rniga  qaytardi.
— Axir xat olib kelishdi-ku? — dedi ajablanib.
— Qanaqa xat?
Nasiba cho‘ntagida g‘ijimlab turgan xatni chiqarib uzatdi. Zohid shoshib olib o‘qidi.
— Dastxat eringiznikimi, aniqmi?
— O‘zlariniki, xatlarini tanimaymanmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:32:49

    Zohidga voqea ravshanlashdi. U turmalardagi ahvolni bilardi. Lekin juvonga xatning yozilishi tarixini aytolmasdi. Aytsa, bu xotinning esi og‘ib qolishi hech gapmas.
— Siz... uyingizga boring. Bu ishni bizga qo‘yib bering. Agar pulni so‘rab kelishsa, ikki soatdan keyin keling, dengu menga xabar bering.
    Zohid gapini tugatishi bilan eshik ochilib, bashang kiyingan yigit kirib keldi. Zohid prokurorning yordamchisi bilan yaqin aloqada bo‘lgan bu  tergovchini tanirdi, ammo hamsuhbat bo‘lmagan edi. Uning xonaga beruxsat kirib kelib, yana o‘tirib olishi g‘ashini keltirdi. Nasibaga «boravering» deganday qarab qo‘ydi. Juvon o‘rnidan turganida yigit uni to‘xtatdi.
— Kechirasiz, opa, siz kim bo‘lasiz?
— Bu kishi Namozova, suhbatga chaqirgan edim, — dedi Zohid sovuq ohangda.
— E, anavi bechoraning xotinimisiz? — dedi yigit achingan odamday. — Eringizni tushunmovchilik bilan  qamashibdi. Bugun qo‘yib yuboramiz.
Ayol tushimi yo o‘ngi ekanini bilmay tamom gangidi.
— Siz ketavering. Osh-posh pishguncha eringiz uyingizga kirib boradi.
— Rostmi... voy...
— E, odamlarga yaxshi gap aytsang ham ishonishmaydi-ya! Prokuror yordamchisi hozir buyruq berdi. Eringiz ozod. Tezroq boring uyingizga.
    Ayol ajablanib, Zohidga bir qarab oldiyu xonadan shoshilib chiqdi.
Zohid juvonning savol nazariga javob berishga ojiz, chunki uning hayronligi ham ayolnikidan kam emasdi.
— Gapingizga tushunmadim? — dedi Zohid, ayol chiqib ketishi bilan.
— Vinzavod direktori prokuror yordamchisiga  kelib hammasini o‘zi tashkil qilganini bo‘yniga oldi. Namozov begunoh. Sizga shuni aytgani kiruvdim. Ovora bo‘lib qog‘oz titib yurmang. Omon bo‘ling, oshna.
— Direktor tuhmat qilgan bo‘lsa...
— Bu yog‘i bilan ishingiz bo‘lmasin, — yigit shunday deb, chiqib ketdi.
Zohid qanday o‘yin bo‘layotganini bilolmay hayron qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:37:01

3

— Namozov!
    Dilgir o‘tirgan Sharif soqchining amrli ovozini eshitib o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Qamoqxonada ezilib o‘tirish durustmi yo tergovchi bilan uzundan-uzun suhbat qurishmi — bilmasdi. Tilla tishlari sug‘urib olingan odam ihrashlarini bas qilgan, ammo uning zorli ovozi Sharifning quloqlariga muhrlanib qolgan edi. Kap-katta erkak odamning so‘yishga mahkum etilgan buqaday o‘kirishi, so‘ng tul xotinday piqillab yig‘lashi, keyin omonatini topshirishga qasd qilgan, so‘nggi nafaslari bilan ihranayotgan bemor kabi ovoz chiqarishi faqat Sharifga atalganday edi. U bo‘kirganda ham,  yig‘laganda, ihranganida ham Sharifga «Ko‘rib qo‘y, sening boshingga ham shu tushadi. Seni azoblashdan  avval menda tajriba o‘tkazishyapti. Sening tilla tishlaring yo‘q, itdan battar xor bo‘lasan», deganday bo‘lar  edi. Sharif uchun bir narsa qorong‘i — bu odam jon azobida ingrayaptimi yo mol achchig‘idami? Har holda tillaning narxi hozir falon pul...
    «Ish kuni» qarta o‘ynidan iborat bo‘lgan odamlar esa o‘z yumushlari bilan band. O‘rtadagi bir tutam pul  go‘yo shu qamoqxonadagilar taqdiri yozilgan hukm qog‘ozi. O‘y surib yotgan, bir-biri bilan past ovozda gaplashib qo‘yayotgan, qattiq yostiqqa yuzini bosib pinhona yig‘layotgan katta-kichik erkaklarning har biri istalgan paytda pul o‘rniga tikilishi mumkin. Bu yerdagi  mahbuslarning ishlari ham tergovda. Sudgacha hali  fursat bor. Qimor o‘ynovchilar tergovchi va hakamlarga nisbatan tez ishlaydilar.
Sharif o‘ziga atalgan hukm va ijroning qanday bo‘lishini o‘ylab, ezilib o‘tirganidi, soqchi uni chaqirdi. Sharif yarim ochiq eshikka yaqinlashib orqasiga o‘girilib qaradi: burchakdagilarning u bilan ishlari yo‘q, muhim muammoni hal etolmay garang bo‘layotgan olimlar kabi jim o‘tirishibdi. Go‘yo soqchining ovozini eshitishmagan, go‘yo Sharifni qulog‘igacha qarzga botirishmagan. Hatto ko‘ngil uchun ham  bir qayrilib qarab qo‘yishmadi-ya!

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:38:28

    Soqchi dahlizdagi sherigiga Sharifni topshirib, o‘zi eshikni sharaqlatib yopdi. Sharif temir zinalardan pastga, undan hovliga chiqdi. U tergovchi bilan  uchrashuvga hozirlangan edi. Soqchi Sharifni ikkita stol qo‘yilgan chog‘roq xonaga boshlab kirdi. Qaldirg‘och mo‘ylovli yigit Sharifga faqiriga mensimay qaragan podsho kabi ilkis nazar tashlab qo‘ydi. Podsholar bunday paytda faqirning ta’zim bajo aylashini, tiz cho‘kishini, tizzalab yurib kelib oyoqlarini o‘pishlarini kutganlar. Bu mo‘ylabli yigit qadim shohlarning faqat nazarinigina olgan, qolgan udumlardan «feodal sarqiti» sifatida voz kechgan deyish mumkin emas. Agar Sharif hozir tiz cho‘ksa, faqirga  lozim bo‘lgan ishlarni bajarsa, bu «ko‘ngli bo‘sh» azamat yigit yo‘q demasdi. Har holda bu yigitning o‘zi hukmdor bo‘lmasa-da, qarashlari va aytar so‘zi shohona edi.
— Namozov,  siz  ozodsiz. Ayblaringiz  isbotlanmadi.
    Sharif prokuratura tergovchisi bilan suhbatdan keyin «bu bir anglashilmovchilik bo‘lsa kerak, tekshirib chiqarib yuborishadi», deb umid qilgan edi. Qamoqxona eshigi har ochilganda yo soqchi tirqishdan mo‘ralaganda «meni chaqirisharmikin», deb najot ko‘zi bilan qaragan odam «Siz ozodsiz» degan so‘zni eshitib ishonmadi. «Siz falon jinoyatni qilishda ayblanasiz» deyish ham, «Siz ozodsiz!» deyish ham  shunchalar osonmi? Dunyoning lazzatini faqat  ilm bilan shug‘ullanishda va oqibatda nimadir kashf etishda deb bilgan odamga bu idora, uning xodimlari, ularning muomalalari g‘alati tuyulardi. Odamni bu darajada xo‘rlash, bu darajada kalaka qilish, bu darajada tepkilash mumkinligini tasavvuriga sig‘dirolmas edi. Bu xo‘rliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, tanasida his etgan bo‘lsa ham, ishongisi kelmasdi. Hozir qaldirg‘och mo‘ylabli yigitning yana bir marta «Siz ozodsiz», deyishini kutdi. Ammo yigit onasidan kamgap bo‘lib tug‘ilganmi, yo unga rahbarlari «faqat bir marta aytasan bu so‘zni» deb qattiq tayinlashganmi, yo bu shirin so‘zning qimmati falon so‘mu bu pulni to‘lashga Sharifning qurbi yetmasligini bilgani uchunmi — har holda takrorlamadi. Shunda Sharifning bag‘ri yondi. Noshukur banda! Rahmat, deb chiqib ketavermaydimi?! Hozirgina o‘limiga rozi bo‘lib o‘tirgan odam birdan haqiqatni aytgisi kelib qoldi. «Nimaga meni bu azobga giriftor qildinglar, nima haqlaring bor edi, qilg‘iliqni qilib qo‘yib, uzr so‘raydigan tillaring uzilib tushganmi?!» demoqchi edi. So‘z boshladi ham:
— Nimaga...

Qayd etilgan