Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370664 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 51 B


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:39:30

Har tugur yigit gapirgani qo‘ymadi:
— Nimagaligini uyingizga borganda bilasiz. Yaxshi odamlarning nazari sizga tushibdi. Bo‘lmasa urug‘-aymog‘ingiz bilan qamoqda chirirdingiz. Boring, gapni cho‘zmang, — yigit shunday deb bir parcha qog‘oz uzatdi.
    Sharif qog‘ozga qo‘l uzatgan edi, orqasidagi soqchi chaqqonlik qilib, qog‘ozni undan avvalroq oldi-da, yelkasiga «yur» deganday turtib qo‘ydi.
    Sharif darvoza eshigidan tashqariga chiqib ikki-uch qadam yurgach, to‘xtab, o‘girildi. Tepasi sim to‘siqli devor balandligini chamalaganday uzoq tikildi. Shu payt yonida sutrang «Jiguli» to‘xtab, xayolini buzdi. O‘zini chetga olishiga ulgurmay mashina eshigi ochildi.
— O‘tiring, okaxon, — dedi jingalak sochli yigit, mehribonlik bilan.
— Rahmat, uka, ovora bo‘lmang, — dedi Sharif. U «yigit biror  tanishimning yo ukasi yoki o‘g‘li bo‘lsa kerak, tasodifan ko‘rib qoldi», deb o‘yladi. Qamoqdan  chiqa solib tanishga uchraganidan hatto xijolat bo‘ldi. Odamlar aybi bormi yo yo‘qmi deb mulohaza qilib  o‘tirishmaydi. «Qamoqda o‘tirib chiqqan», deb, ola qarashadi.
— O‘tiring, — dedi Jamshid. Bu safar uning ovozida mehribonlik emas, qat’iylik, amr ohangi zohir edi. Garangsib turgan Sharif buni sezmadi. Jamshidning atayin kutib turgani ham uning xayoliga kelmas edi.
— Men eski shaharga boraman, — dedi Sharif.
— O‘tiring, o‘sha yoqqa ketyapman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:40:32

    Sharif «unda mayli, sizni ovora qilmas ekanman», deb mashinaga o‘tirdi. Tanish  yigitlar hech bo‘lmasa hol-ahvol so‘rab qo‘yishardi. Bu esa miq etmay ketyapti. Sharif shundan ajablanib, so‘radi:
— Uka, sizni tanimayroq turibman?
— Tanimaysiz. Bir yaxshi odamni duo qilavering. Shu odam sizga muruvvat qilmasa, qamoqda chirib ketardingiz.
    «Yaxshi odamlarning nazari tushibdi...» Sharif qamoqxonadagi qaldirg‘och mo‘ylovli yigitning gapini esladi. Kim ekan u yaxshi  odam, nima uchun unga muruvvat qilyapti? Sharif yaxshilik qilishi mumkin bo‘lgan tanishlarini bir-bir eslashga urindi. Uning tanishlari orasida bunchalar  qo‘li uzun odam yo‘q edi. Qilich Sulaymonov-chi? Avval qamoqqa tiqib, so‘ng olib chiqib qudratini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldimi? Shu fikr Sharifga to‘g‘riday tuyulib, so‘radi:
— Yaxshi odam... Qilich Sulaymonovmi?
Yigit javob bermadi.
— Asadbekmi?
— Sergap odam ekansiz! — yigit shunday deb  jerkib berdi.
«Demak, o‘sha», degan qarorga keldi Sharif. Odam bolasining dushmani o‘z tili, deganlaridek, tili jilovsiz bo‘lgani uchun Sharif ko‘p pand yerdi. Uning zo‘r ilmlarga yetgan aqli oddiy haqiqatni tushunishga qosirlik qilib qolar edi. Kambag‘al yashashi, ilmda olg‘a siljishda qiynalishi, unvonlardan benasib qolishi va nihoyat, qamoqqa tushishida suyaksiz tilning ko‘p xizmatlari borligini tushungisi ham kelmas edi. Xotini zorlanib «tilingizni tiyibroq yuring», degan paytlarida «Men indamay ketadigan qul emasman», deb o‘jarlik qilardi. Boyvuchchalarning o‘tkir hidli atirini sepib, yasanib olgan bu jingalaksoch yigitning «sergap ekansiz», deb jerkib berishidan uning o‘jarligi tutdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:41:48

Yo‘ldan ko‘z uzmay kelayotgan Jamshid orqasiga  o‘girilib, unga ajablanib qarab oldi.
— Qanaqa o‘ttiz ming?
— Vaqti kelganda bilib olasiz, — dedi Sharif uning boyagi gapiga taqlid qilib.
— Bilib olamiz, xotirjam bo‘lavering, — dedi Jamshid uning pichingiga e’tibor bermay.
Jamshid mashinani Sharifning eshigi oldida to‘xtatdi.
— Ortiqcha valaqlamay, boshingizga g‘alva orttirmasdan uyingizda jim o‘tiring. Ertaga ishga chiqasiz. Yaxshilab bilib oling, okaxon: sizni panohiga olgan odam kerak bo‘lsa o‘ttiz mingdan o‘ttiz mingtasini boshingizdan sochadi. Agar uni xafa qilsangiz, urug‘-aymog‘ingiz bilan, o‘ttiz bir ming tomiringizni quritib tashlaydi.
    Sharif eshikni ochib, bir oyog‘ini yerga qo‘ygan damda bu gapni eshitib to‘xtadi. Tarang tortilib turgan asab tomirlari battar qaqshadi.
— Meni qo‘rqitmang, — dedi ovozini ko‘tarib.
Jamshid, uni hayron qoldirib, javob bermadi. Sharif battar tutaqib, tili kalimaga kelmay qoldi. «He onalaringni...» deb so‘kinib mashinadan tushdi-da, eshikni qarsillatib yopdi.
    Sharif deyarli so‘kinmas edi. So‘kingan taqdirda hech bo‘lmasa jag‘i yorilishi mumkinligini ham bilmasdi. Baxtiga u endi Asadbekning odamiga aylandi. Hozir «onangni...» deyishi nima ekan, buning yoniga amma-xolalarini, opa-singillarini qo‘shib so‘kkanida ham Jamshid lom-mim deyolmasdi. Jamshid Asadbekni ko‘pga hotamtoylik qilishini biladi. Uning nazarida xo‘jayini Sharifni shunchaki panohiga oldi. Xo‘jayinning e’tiboridagi odamga ola qarash mumkin emasligi unga oyday ravshan. Unga yana bir narsa aniq — buyruqni ado etish chog‘ida begonalar bilan gaplashmasligi, ayniqsa, piri Asadbek haqida biron so‘z aytmasligi shart. Hozir Sharifga po‘pisa qilib shu shartni buzdi. Sharifning gapidan achchiqlanib, «xo‘jayin o‘ttiz ming so‘raydigan gadoy emasligi»ni bildirib qo‘yish uchun chegaradan chiqqanini o‘zi ham sezmay qoldi. Chegaradan hatlashga hatladi-yu, so‘ng afsuslanib, mum tishladi. Sharifning haqoratiga parvo qilmay o‘tirishining ikkinchi sababi shu.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:42:54

    Sharif eshikni yopishi bilan «Jiguli» poygachi mashinalarday siltanib qo‘zg‘oldi. Yo‘lni avaylabgina qoplayotgan qor to‘zg‘ib ketdi.
    Sharif eshigi oldida turib qoldi. Oppoq g‘ishtdan qurilib savlat to‘kib turgan imoratlar qatoridagi somon suvoqli pastak uyi ko‘ziga yetim boladay mung‘ayib ko‘rindi. Nazarida egasi qamoqqa olib ketilganidan so‘ng uyi sharmandalik yukini ko‘tarolmay cho‘kibroq qolganday tuyuldi.
    Tuhmatdan qamalib, so‘ng ozodlikka chiqqan odam quvonchini ichiga sig‘dirolmay, baxtidan yonib, hazor-hazor shukrlar qilib uyiga uchib kirishi kerak. Sharifda esa bunday baxt, bunday quvonch yo‘q edi. U davlat qamog‘idan qutulgani bilan, ko‘rinmas to‘rga chirmab tashlanganini, bu to‘r uni oqibatda batamom halok etishini sezib turardi. Mana shu sezgi uni ozodlik baxtiga begona qilib qo‘ygandi. U yelkasidagi dard yuki bilan ostona hatlab hovliga kirdi. Yo‘lakda bittagina iz — qor uchqunlari hali bu izni ko‘mib ulgurmagan — demak, Nasibasi yaqinda ko‘chadan qaytgan.
    Hovli etagida «oshxona» nomi bilan zikr  etiluvchi bostirmaning eshigi zorlanib ochilib, Nasiba chiqib keldi. U eri tomon bir-ikki qadam qo‘ydi. So‘ng nima qilarini bilmay tosh kabi qotdi. Keyin beixtiyor ravishda yugurib kelib, Sharifni quchoqlab oldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:43:39

    Oq g‘ishtli dang‘illama uylarni, duru gavharlarni orzu qilmay yashayotgani, qozonlari bozor go‘shti qanday bo‘lishini bilmay, muzlagan go‘shtga ham qanoat qiluvchi, halol yashamoqlik zahmatini barcha lazzatlardan afzal ko‘ruvchi, boriga shukr qilib umr kechirayotgan bu  ikki bandaning tili gapga kelmas edi. Ular «gunohimiz nima ekan?» degan jumboqqa yechim izlashar edi. Yaratganning oldida ularning gunohlari yo‘qdir, deyolmaymiz, beayb — parvardigor. Bizning fikri ojizimizcha, boshlariga kulfat solgan «gunoh»larning eng ulug‘i — «o‘ynashmagin arbob bilan...» degan hikmatni unutganlarida. Zamonlar o‘zgaradi,  tuzumlar o‘zgaradi, podsholar kelib ketaberadi, bular — dunyoning ustidagi liboslar. Eski ko‘ylak ustiga yangisi kiyilgani, vujud, qalb, insof, vijdon esa o‘zgarmay qolabergani kabi, foniy dunyo aslini o‘zgartirmaydi. Xalq yaratgan hikmatlar ham aslicha yashayveradi. Avvalambor Sharif, qolaversa Nasibaning ko‘p narsalarga yetguvchi aqli, fahmi-farosati shu nuqtaga yetganda  andak ojizlik qilgani uchun ham bu kichik kulfat tuzini totib ko‘rishdi.
    Nasiba erining kirib kelishi tushi emas, o‘ngi ekaniga ishonch hosil qilgach, uni bag‘ridan bo‘shatib, uyga boshladi. «Bolalarni olib kelmadingmi?» dedi Sharif ostona hatlab ichkari kirgach.
Nasiba labini tishlab, bosh chayqadi. Shu kunlar ichi huvillayotgan uyda yolg‘iz o‘tirish unga oson kechmadi. Ammo yolg‘izlik azobidan «dadam qanilar?» degan savolga javob qaytarish ming chandon og‘irroq edi. Bu savol uni ilon kabi chaqishi, nazarida hatto jonini ham sug‘urib olishi mumkin edi. O‘zi aytmagan taqdirda ham, bolalari ko‘chadan eshitishardi. Dadalarining qamoqda o‘tirgani murg‘ak qalblarni ezib tashlamasmidi? Nasiba shuning uchun bolalarini onasinikidan olib kelmagan edi. Sharif buni tushundi. «Yangi yil kechasi ham yolg‘iz o‘tiribdi-da, bechora», dedi o‘zicha.

Qayd etilgan


AbdurRohman  11 Oktyabr 2007, 11:44:58

    Nonushta mahali ham bo‘lib o‘tgan noxushlikdan so‘z ochmadilar. Ikkovi bir-biriga qarab-qarab qo‘yib, nomigagina non tishlab, choy ho‘plab o‘tirdilar. Er-xotinning ishtahasi yo‘q edi. Ular ilk marta yolg‘iz qolib bir-biriga aytishga so‘z topolmay iymanib o‘tirgan kelin-kuyovga o‘xshashardi.
Sharif Nasibadan savollar kutardi. Nasiba «erim o‘zi gapirar», degan ilinjda edi. Nojo‘ya savol bilan erining diliga ozor yetkazishdan cho‘chirdi.
    Barcha ko‘rguliklariga «fosh qilaman» deb do‘q urgani sabab bo‘lganini tushunib yetgan Sharifning xotiniga bu haqda gapirish niyati yo‘q edi. Shu birgina po‘pisa uchun qamoqqa tiqib qo‘ya oladigan zotlar fosh qilishga kirishilgan taqdirda qaerga olib borib tiqib qo‘yishi mumkinligini xotini bilsa, dahshatdan yuragi yorilib ketishi hech gapmas.
    Sharif jonini saqlab qolishning birdan-bir yo‘li tilning bevoshligiga barham berishi lozimligini angladi. Uni qiynayotgan narsa — bilagidagi igna izlari, qamoqda xuruj qilgan tan azobi. Hademay yana bosh ko‘taruvchi bu azobga endi dosh bera oladimi? Yo giyohvandga aylanib qoladimi? Mana shu fikrning o‘ziyoq uni dahshat to‘rida ushlab turardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:46:10

VII  b o b

1

    Jalil uyiga qaytdi-yu, ammo tinchini yo‘qotdi. Asadbek boshiga bir og‘ir ish tushganiga amin bo‘lib, tashvishlandi. Hali «falonchini otib ketibdi», hali «falonchini yoqib ketishibdi», degan vahimali mish-mishlar bosh ko‘tarayotgan tahlikali kunlarda Asadbekday odamning ham joni qil ustida ekanini Jalil yaxshi tushunardi. Avvalo g‘anim qasd qilmasin. Qasd qilsa birov uning jonini saqlab qololmaydi. Atrofini o‘nta ishonchli yigit o‘rab tursa ham bitta o‘q sig‘adigan tuynukcha topilib qolar. Shunday ekan, bu  o‘yinga kirganlarning umri xotimasi aniq. Asadbek shuni sezdimi? Yuragi sezgani uchun birodari bilan vidolashib olmoqchi bo‘ldimi? Asadbekning bevaqt chorlovi Jalilni bu fikr iskanjasiga topshirdi.
    Jalilning nazarida televizordagi bejirim lablari kulib turgan qiz-juvonlar, tirjayib turib ashula aytayotgan xonandalardan tashqari butun el tashvishga burkangan edi. Hamisha miriqib ko‘radigan tomoshalari bu kech unga yoqmadi. «Yangi yil kutish» degan gap ham birdaniga erish tuyuldi. Kuyovi bilan piyolani cho‘qishtirib qo‘ydiyu aroqni ichmadi. Doimo zavq beruvchi farzandlar davrasi ham tatimadi. Yuragi tars yorilguday bo‘lib o‘rnidan turib ketdi. «Tobim qochdi», deb xonasiga kirib cho‘zildi. «Tinchlikmi, adasi, o‘rtog‘ingiz tinchmilar ishqilib», deb kirgan xotiniga bobillab berdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:46:42

    Soat o‘n ikkida farzandlari bir-bir kirib yangi yil bilan tabriklab chiqishdi. Qo‘shni xonada tongga qadar televizor sayradi. Jalil tongni it azobida kutdi. Chala-yarim nonushta qilib, ota mahallasiga  jo‘nadi. Asadbekning bolaligi o‘tgan hovli eshigi ichkaridan tanbalangan, demak, chiqib ketibdi. Jalil uyiga kirib ukasini yo‘qladi-yu, Asadbeknikiga qarab yo‘l oldi.
O‘rtog‘i uyiga kelmabdi. Manzura odatiga xiyonat qilmagan ravishda yerdan ko‘zini uzmay so‘rashdi.
— Tinchlikmi, o‘zi kelin?
— Tinchlik, — dedi u past ovozda. Bu oilaga samimiy munosabatda bo‘luvchi eng yaqin odamning Jalil ekanini, hatto unga ham oila sirlarini ishonib       aytish mumkinmasligini Manzura biladi. Ko‘z yoshi to‘kib hasrat daftarini ochgisi keladi. Ammo... eri aytmagan sirni u aytolmaydi...
— Agar tinchlik shunaqa bo‘lsa, g‘alvasi qanaqa bo‘larkan, — dedi u iziga qaytayotib. — Galvars eringizga ming marta aytdim, shu ishlarni yig‘ishtir, deb.
— O‘rtog‘ingizni bilasiz-ku...
«Ha, bilaman, — deb o‘yladi Jalil, — Xudo unga boylik berganu tariqcha aql bermagan. Million so‘mi yo‘qlar qirilib ketyaptimi, shuncha boylik kammi unga, go‘riga ortmoqlab boradimi? Lahadda boshiga bittagina guvala qo‘yiladi, pul qo‘yilmaydi, shunga farosati yetmaydimi?..»

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:47:38

    Shu gaplar xayoliga keldi-yu, ammo ayolga qarab vaysashdan o‘zini tiydi. Shu topda eshikdan Asadbek kirib kelsa, shu zahar gaplarni ayta olarmidi? Aytish ham gapmi?! Xo‘sh, shaharni yotqizib-turg‘izish qo‘lidan keladigan Asadbek-chi? Eski yuz so‘mlikni uzoqdan ko‘rib qolgan, yangisi chiqqanini ko‘rish u yoqda tursin, hali eshitmagan oddiy ishchining haqorat chegarasini ham bosib o‘tib ketuvchi so‘zlariga nima deydi? Jalil gapira-gapira jo‘shib ketsa, shartta biqinini chimchilaydi yo songa shapatilab urib qoladi — shunda Asadbek nima qiladi? Kayfiyati yaxshi bo‘lsa — kulib qo‘ya qoladi. Hatto o‘rtog‘ining bu qilig‘idan yayraydi. Bolalik damlari esiga tushib shirin entikadi. Bolaligida bir ro‘shnolik ko‘rmagan bo‘lsa ham vujudiga rohat  o‘rmalaydi... Jalil zaharga bulab otayotgan so‘z o‘qlariga kayfiyati nobop paytida duch kelsa ham g‘azablanmaydi. O‘zini bosadi. «Ha, qilig‘i sovuq» deb to‘ng‘illab qo‘yadi... Shunday ekan, Jalil ichini yondirayotgan gaplarini Manzuraga aytadimi yo soqchi yigitlargami, yo Asadbekning o‘zigami — farqi yo‘q, so‘zlar samoga sochilgan o‘qlardek samara bermaydi.
     Jalil Manzuraga qaradi-yu «xayr» deb tashqariga chiqdi. Endi qayoqqa borishini bilmay garangsidi. Katta ko‘chaga qadar kalovlanib bordi. So‘ng pishillab to‘xtagan avtobusga chiqib uyiga ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:48:44

2

    Asadbek oshnasinikiga deyarli kelmas edi. To‘y-ma’rakalarda birrov kelib ketardi. Jalilning bolalari, ayniqsa kuyovi, Asadbekning nomini eshitishgan, ammo o‘zini yaxshi tanishmas edi. Shuning uchun eshik qo‘ng‘irog‘i tugmasini bosib yo‘qlagan bashang kiyimli kishini ko‘rib, ajablanishdi. To Qamara — Jalilning ko‘z ochib ko‘rgan xotini chiqquncha Asadbek ostonada turdi. Qamara uni ko‘rib hayratlandi.
— Jalil uydami? — so‘radi Asadbek.
— Yo‘g‘idilar... Ertalab chiqib ketuvdilar... Bugun birinchi... Siznikiga ketdilarmi, debman.
    Asadbek ikkilanib o‘tirmay kirdi. Mehmonxona yig‘ishtirilmagan edi. Qamara Asadbekning kirishi mumkinligini tasavvur ham qilmagani uchun shoshib, dovdirab qoldi.
— Kennoyi, siz bezovta bo‘lmang. Men hozir ketaman, — dedi Asadbek urinib qolgan divanga o‘tirib. U kira solib divanning oyog‘i o‘rniga gazetaga o‘ralgan g‘isht qo‘yilganini ko‘rgan edi, shu sababli ehtiyot bo‘lib cho‘kdi.

Qayd etilgan