Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370737 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 51 B


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:49:23

— Voy, ovorasi bormi, siz har kuni kelib yuribsizmi? Kecha nevaracham bir yoshga to‘ldi. Shuning uchun  hamma yig‘ilgan edi.
    Kecha... o‘ttiz birinchi dekabr... Asadbek Qamaraga yalt etib qaradi. Ayolning gapi unga ukasi Samandarni eslatdi. Samandari ham o‘ttiz birinchida tug‘ilgan edi. Bir yoshga to‘lganida bunday tantana yo‘q edi. Tanchada o‘tirib, qora nonni iliq suvga botirib qorinni to‘qlash — ular uchun katta bayram bo‘lgan o‘shanda. Jalilning uyiga yozilgan dasturxon ham Asadbek qarichi bilan o‘lchansa — xarobgina tantana. Lekin har kimning qarichi har xil. Dasturxon ustiga bir tishlam qotgan non qo‘yilsa ham, atrofiga farzandlar yig‘ilsa to‘kin dasturxondan fayzliroq bo‘lib ketadi.
— Nevarangizning oti nima! — deb so‘radi Asadbek.
— O‘rtog‘ingiz kitob qarab Samandar deb qo‘yganlar. O‘t-olovni ham pisand qilmaydigan g‘alati qush bo‘larkanmi-e... Qudalari «Ulug‘bek» deb qo‘ymoqchi ekanlar. «Hey, dadasi, bolaga ismni qiz tomon qo‘ymaydi», desam ham «Hammayoqni bek bosib ketdi, bitta Samandar bo‘lishi kerakmi yo yo‘qmi!» deb qaysarlik qilib turib oldilar. Baraka topgur, qudamiz juda  yaxshi odam-da. Xo‘p, deb ko‘nib qo‘ya qoldilar...

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:50:23

     Qamaraning oyoq-qo‘li ham, tili ham  chaqqongina edi. Cho‘loq divanda kim yastanib o‘tirganini unutib gapga tushib ketdi. Uning so‘zlari Asadbekning qulog‘iga kirmadi. «Samandar» degan ismni eshitiboq ko‘z oldi xiralashdi. Tomog‘iga bir nima tiqildi. Yarim soat burun pulining ko‘pligidan esini yo‘qotgan vinzavod boshlig‘ining taqdirini bir so‘z bilan hal etgan Asadbek o‘zini benihoya ojiz banda ekanini his etdi. «Hatto shu g‘alcha xotinning baxti ham yo‘g‘a menda, — deb o‘yladi. — Nevara ko‘rsam, ismini Samandar qo‘yaman, deb yuruvdim. Jalil ilib ketibdi. Kitob ko‘rib qo‘yganmish... Jalil o‘zini haqgo‘y deydi. Men uni noshud deyman. Baxt noshudlarga kulib boqarkan-da? Shu noshud qizini kuyovga uzatib, nevara ko‘rib, xursandchilik qilib o‘tirsa... Men shunday ham bo‘lolmasam... Na akam, na ukam bor. Faqat... pulim bor. Bu noshudning puli yo‘q. Ammo ukalari, kuyovi, Samandari bor... Men hashamdor uyda yashayman, uyimni dev yigitlar poylashadi. Bu noshud oyog‘i siniq divanda yonboshlab yotib, o‘laman deb turgan televizorni tomosha qiladi. Eshigi hamisha ochiq... Ko‘ngli ham ochiq... Yangi divanni, rangli televizorni orzu ham qilmaydi... Nega orzu qilmaydi?! Odam ham shunchalik noshud bo‘ladimi! O‘ziga kerak bo‘lmasa, bolalariga lozim-ku! Bolalarining ko‘ngli sinmaydimi! Nevarasi shu  cho‘loq divanda yotib, shu xira televizorni ko‘rib ulg‘ayishi kerakmi? Ablah, noshud!» Yuragi ezilib o‘tirgan Asadbekni birdan g‘azab chulg‘adi. Shart o‘rnidan turdi.
— Hozir kelaman, — dedi Asadbek, — choyingiz qaynaguncha qaytaman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:52:05

    Qamara bu gap shunchaki ko‘ngil uchun aytildi, deb o‘ylagan edi. Mehmonxonani yig‘ishtirishga ulgurmay, Asadbek qaytgach, battar shoshilib qoldi. Qamara mehmonning ulug‘ligini hisobga olib, ohori to‘kilmagan  yangi dasturxon yozdi. Kuyov chiqib Asadbek bilan qo‘sh-qo‘llab so‘rashdi-da, choy quyib uzatdi. Hashamdor uylarda, to‘kin dasturxonlar atrofida o‘tirishga ko‘nikkan Asadbekka qog‘ozlari sarg‘ayib, ayrim yerlari ko‘chib tushgan uyda choy ichish boshqa payt bo‘lganda malol kelardi. Uning hozirgi kayfiyati aynan shunday sharoitni qo‘msardi. G‘arib ko‘ngil, g‘arib uyni sog‘ingan edi.
    Bir soatdan keyin Jalilning uyi besaranjom bo‘lib qoldi. Besh-olti odam baravar bostirib kirib avval cho‘loq divanni, so‘ng stol-stullarni, so‘ng xira televizorni olib chiqib ketishdi. O‘rniga yangi divan, yangi stol-stullar, rangli televizor qo‘yildi. Qamara «Voy, o‘lmasam, voy, qiziq bo‘ldi-ku», deyishdan boshqa so‘z topmadi. Asadbek bu o‘zgarishlarga aloqasi yo‘qdek, pinagini buzmay turardi.
    Jalil uyiga qaytganda hamma ish saranjom bo‘lgan edi. U Asadbekka zahrini sochishga ulgurmadi. Qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar, deganlaridek, Asadbek ostonada o‘qrayib turib qolgan oshnasiga qarab baqirdi:
— G‘ing desang, abjag‘ingni chiqarib tashlayman, bu senga emas, Samandarga, tug‘ilgan kuniga sovg‘a!

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:53:38

    Jalil Asadbekka bir nima deya olmadi, ammo xotiniga qarab o‘qraydi. Qamara o‘ziga qanday shirin gaplar atab qo‘yilganini fahmlab, labini tishladi.
— Senga nima bo‘ldi? — dedi Jalil, Asadbekka tikilib, — paytavangga qurt tushganini bilib turibman.
— Mening paytavamga emas, sening miyangga qurt tushgan, — Asadbek shunday deb Qamaraga qarab qo‘ydi. U erkaklar gaplashayotganda ayol kishining atrofda ivirsib yurishini yoqtirmas edi. Qamara Asadbekning maqsadini anglab, tezgina chiqib ketdi. Asadbek shundan so‘ng gapini davom ettirdi. — Nevara ko‘ribsan, ismini Samandar qo‘yibsan, oradan bir yil o‘tibdi... Asad degan o‘rtog‘im bor edi, xursandchiligimga sherik qilay, ukasining oti ham Samandar edi, nevaramga ot qo‘yishda bir so‘rab olay, deyishga aqling kaltalik qildimi? Tiling bir qarich. Birovga so‘z bermaysan-u, shunaqa narsalarga kelganda kallang ishlamay qoladi, xom oshqovoq!

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:55:40

   Jalil unga qarab jilmaydi. Hozir uning qarshisida faqat Xudogagina bas kelolmaydigan Asadbek emas, ko‘p jabru jafolarni birga tortgan, bir ko‘chani changitib, bir yamoq ko‘rpani tepishib katta bo‘lgan oshnasi o‘tirardi. Asadbekning ovozida amr ohangi ham, qahr ham yo‘q edi. Asadbekning bu odati Jalilga ma’lum. U dunyo tashvishlaridan ezilib, bolaligini qo‘msagan paytlarida Jalilni toptirib kelib shu ohangda gap boshlaydi. Ikki oshna soatlab gaplashib o‘tirishadi. Suhbat a’yonlarning ishtirokisiz bo‘ladi. Zarur ish bilan kelgan Kesakpolvon ham, Chuvrindi ham ularning suhbatini buzishga jur’at qila olishmaydi. Bunaqa paytlarda a’yonlar matbuot xabarlariga taqlid qilib «ikki prezident yuzma-yuz uchrashdi. Xalqaro ahvolning muhim masalalari kelishib olindi», deb hazillashishadi. Yopiq eshik ortidagi «xalqaro ahvolning muhim masalasi» — yong‘oq o‘yinida chiqqan janjalning «tinch yo‘l bilan hal etilgani»dan boshlanib, bitta kalishni galma-gal kiyib maktabga qatnash chog‘ida yuz bergan sarguzashtlarni eslash bilan yakunlanadi.
   Jalil Asadbekning bugun bu xususda gaplashish niyati yo‘qligini bildi. Agar Hasanning o‘ng biqini og‘risa, Husanniki ham og‘riydi, deganlaridek, Asadbekning yuragini tirnayotgan darddan Jalil bebahra qolishi mumkin emas. Asadbek dardini ichiga yutmoqchi. U otasi olib ketilgan kundan beri isyon yo‘liga kirgan, ammo ochiq-oydin hayqirish, shiorlar ko‘tarib maydonga chiqish yo‘lidan bormay, arqonni uzun tashlab, dardni ham, g‘azabni ham ichiga yutib asta ish ko‘rishni o‘rgangan edi. Jalilning yo‘li bo‘lak — o‘ychi o‘yiga yetguncha tavakkalchi uyiga yetadi, qabilida ishni dangal bitirishga odatlangan. Hozir ham oshnasining gapni maydalashiga toqat qilolmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:56:05

— Yorilsang-chi! — dedi u jerkib. — Mendan boshqa dardkashing bormi?
Asadbek Jalilga tikildi. Xuddi ro‘parasidagi odamni birinchi marta ko‘rayotgandek tikildi. Gapirish oson. «Yorilish» — xotinlarga xos. Erkak dardini aytguncha to‘lg‘oq azoblarini boshidan kechiradi. Ayniqsa Asadbekni ezayotgan dard birovga aytgulik emas. «Qizimni o‘g‘irlab ketib, keyin tashlab ketishibdi», deyishga til aylanadimi? Erkaklik nomusi, ori bunga yo‘l qo‘yadimi? Kecha Jalilni atayin yo‘qlatdi-yu, dardini aytolmadi. Bugun ertalab vinzavod boshqoni taqdirini hal etib uyga ketaman, deganda tashqarida savdo rastasi xo‘jayiniga yo‘liqdi. Xo‘jayin savdo ahliga xos tavozelik bilan so‘rashib, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib: «Bag‘ringiz to‘lib, xursand bo‘lib qoldingizmi?» dedi. Asadbek «Ha» ham, «Yo‘q» ham demadi. Unga bir o‘qraydi-yu, mashina eshigini ochdi. Bu odam qizining qaytganini eshitib, tabriklagani kelgan. O‘zicha bu odamgarchilikka kiruvchi fazilat, odat. Asadbek uning laganbardorligidan bir g‘ashi kelgan bo‘lsa, befahmligidan bir g‘azablandi. Qizini kimlardir o‘g‘irlab ketib, qandaydir ahvolda tashlab ketishadiyu u xursand bo‘ladimi? Qiziga tegishmagan bo‘lishsa-ku, xo‘p-xo‘p... Yo‘qsa... tirik qaytarishmagani ming marta afzal emasmidi... Asadbek mashinaga o‘tirgach, xayolida boshqa gap o‘rmaladi — bu odam is olibdimi, demak, ko‘pchilik biladi. Bugun kechgacha shaharga tarqasa ham ajab emas. Nima qilish kerak? A’yonlari bilan ish yuzasidan maslahatlashadi. Ularni shu paytgacha oila sirlari, tashvishlariga tortmagan. Asadbek uchun oila — muqaddas. Har kimning ham tumshuq suqaverishini xush ko‘rmaydi. Chuvrindi uylangan yili «oilaviy bo‘lib o‘tirib turaylik», deganda, Asadbek «xotiningni bozorga solmoqchimisan», deb gapni kalta qilgan, shu-shu oilaviy bordi-keldi masalasi qayta tilga olinmagan edi. Ularning xotinlari faqat yo‘qlov, to‘y va ma’raka bahonasida ko‘rishishar, «esonmisiz-omonmisiz»dan nariga o‘tishmas edi. Shunday ekan, qizining endigi taqdirini a’yonlar bilan maslahatlashishi mumkinmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:58:55

Asadbek Jalildan jo‘yali maslahat chiqar, degan ilinjda emas, balki taskin ilinjida kelgan edi.
— Mish-mishlarni eshitgandirsan? — dedi Asadbek, oshnasidan ko‘z uzmay.
— Men mish-mish orqalab yuradigan xotinmasman,— dedi Jalil. — Sen bo‘ladigan gapni gapir.
«Rostdan eshitmaganmi?»
   Asadbek savoliga javob topmoq istagida Jalilning ko‘zlariga qaradi. Bu ko‘zlarda aldov yo‘q edi.
Jalil oshnasining to‘lg‘oq azobida ekanini his qildi. Bu dardni hatto eng yaqin odamga ham aytish og‘ir ekan, demak, ish chatoq. Jalil bir oz yumshoqroq gapirib, uning ko‘nglini ovlash niyatida dedi:
— Kattaga katta dard yopishadi, gapir, o‘zingni qiynama.
— Katta dard deysanmi?.. Bilmadim... Shu paytgacha menga birov qo‘l ko‘tarmagan edi.
— Dunyoni bekorga charxpalak deyishmagan. Zamon o‘zgarib turadi, shunga aqling yetmabmidi?
— Yetgan edi, lekin...
— Yetgan bo‘lsa, vaqtida etakni yop. Vaqtida ketsang — olam guliston.
Aytishga oson. Zamon sahnasidan tushishning o‘zi bo‘ladimi? Pastdagilar seni alqab, boshiga ko‘tarib yurishga tayyor bo‘lsa, sahnadan dadil tusha olarkansanmi? Tushishingni qo‘lda nayzalar bilan poylab turganlar-chi? Shu nayzalar borligini bilmaganda Asadbek Jalilning maslahatiga muhtoj bo‘larmidi? Asadbek gapni cho‘zishning hojati yo‘qligini anglab:
— Qizimni o‘g‘irlashdi, — dedi. Shu gapni aytdiyu uyatdan yonib ketay deb ko‘zini olib qochdi. Aybiga iqror bo‘lgan gunohkorday boshini egdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 16:59:21

— Qachon? Topilmadimi?
— Kecha o‘zlari tashlab ketishibdi.
— Kimligini bildingmi?
— Aniq bilmayman. Gumonim bor.
Jalil o‘yga toldi. Bir necha nafasdan so‘ng xo‘rsindi:
— Xudodan qaytibdi.
Asadbek boshini shartta ko‘tardi:
— Bu nima deganing?!
— Sen maishat qilgan qizlarning ham ota-onalari bor edi, ular ham ezilgandir, Xudoga nolalar qilgandir. Xudo kar emas, bu ohlarni eshitgandir?
— Og‘zingga qarab gapir! Mening maishat qilganimni ko‘rdingmi?! — Bu safar Asadbekning ovozi titrab chiqdi. Jalil uning ko‘zlariga qarab qo‘rqdi: bu ko‘zlarda g‘azab uchqunlanayotgan edi.
— Ko‘rib nima, men sening mahramingmanmi, izingdan yuradigan. Eshitganman, hamma gapiradi.
— Hamma gapirsa ishonaverasanmi, he... s-so‘tak! — Asadbek beixtiyor so‘kindi. Boshqa vaziyat bo‘lganda Jalil qarzga botmay, darrov qaytarardi. Oshnasining vajohatini ko‘rib, o‘zini tiydi.
— Bo‘pti, o‘zingni bos, — dedi u. — Qizing tirik ekan, Xudoga shukr qil.
— Jalil, — dedi Asadbek qahrli ovozda, — bilib qo‘y, men nomard emasman. Men itning bolasi emasman, odam bolasiman. Birovlarning burnini qonatib lazzat topaman, deb yurganim yo‘q bu dunyoda. Alamim borligini bilasan-ku. Bu ahmoq gapni boshqadan eshitsam, xafa bo‘lmas edim. Sen ham shunday deding-a!

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:00:09

— Sen qilmagan bo‘lsang, bu ishni shotirlaring qilishadi. La’nat esa senga oqib kelaveradi. Sen odamlar ko‘ziga bo‘ri bo‘lib ko‘rinasan. Yesang ham, yemasang ham baribir og‘zing qon. Sen men bilan gap talashma. Bo‘ladigan gapdan gapir. Tumshayib yuravermassan, axir. Nima qilmoqchisan?
— Hayronman...
— Gap qaynab chiqmasidan uzatvor qizingni.
Asadbek kechadan beri xayolning qaysi ko‘chasiga kirmasin, shu to‘xtamga kelayotgan edi. Jalildan ham shu fikr chiqishini kutgan edi. Kutilgan fikr aytildi, ammo yengil tortmadi. Chunki fikr aytmoq oson. To‘y qilish ham oson. Biroq, qizining yuzi yorug‘ bo‘ladimi — mashaqqat shunda. Kuyov bo‘lmish Asadbekning qahridan qo‘rqib hozir indamasligi mumkin. Keyinchi? Zamon sahnasidan tushib ketgach, qizi xo‘rlanmaydimi? Ko‘chaga haydalmaydimi? Sharmandalik libosiga o‘ralmaydimi? Asadbekning xavotiri shunda. Siz «Xo‘sh, o‘zining or-nomusi-chi?» deyishingiz mumkin. Bir dono shoir «ota-ona mehrisiz ham yashamoq mumkin, ammo mumkin emas nomussiz yashash», deganda ming karra haq. Asadbek ota-ona mehriga to‘ymay o‘sdi. Qizining o‘g‘irlanishi — uning nomusiga tegishmagan taqdirda ham — ota-ona nomusining toptalishi bilan barobar. Shunday ekan, Asadbek bunga qanday chidasin?! Chap yelkada o‘tirgan shayton qasosga undaydi: «Qo‘lingni uzatsang yettinchi osmonga ham yetadigan insonsan. Birov sening kosangga tuflabdi, oshi halolingni bulg‘abdi-yu, sen ezilib yuribsanmi, kimdan gumoning bo‘lsa — yanchib tashla! Bugun qasos olmasang, ertaga el oldida basharangga tupurishadi. Otangni olib ketishganda nochor eding. Ana shu nochorlik seni bir umrlik armon o‘tida kuydiryapti. Endi ham nochormisan? Qon to‘kmasang erkak emassan! O‘zingni ko‘rsat! Nomus uchun qon to‘kish lozimligini erkaklarga eslatib qo‘y!!» Ammo qilich yalang‘ochlangan damda o‘ng yelkada o‘tirgan Rahmon bila-gidan ushlab to‘xtatadi. Qon to‘kishga yo‘l bermaydi. «Gumoning to‘riga o‘ralganlarni tig‘dan o‘tkazishing — ojizliging alomati. Gunohkor osongina jon berib qutulib ketadi. Sen esa nomus azobida to‘lg‘anib qolaverasan. Sen hozir uning gunohlaridan o‘t. Ammo shunday qilginki, umri azobda o‘tsin. Vaqti kelib oyog‘ingga bosh ursin, tavbalar qilsin. Ana shunda o‘ldirsang xumordan chiqasan. O‘lsang, ko‘zing ochiq ketmaydi...»
   Shu ovoz Asadbekni ushlab turibdi. Nomus azobiga chidashga majbur etyapti. Jalilning uyiga boshlab kelgan ham shu ovoz. Agar oshnasi «ularni qirib tashla» desa bas, yangi yilning birinchi kuni qonlar to‘kish bilan boshlanadi. Asadbek Jalilning bunday demasligini biladi. Bilgani uchun ham uni qora tortib keldi.


Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:03:03

3

   Dunyoda eng shirin narsa nima, deb so‘ralganda «uyqu» deb javob berishgan ekan. Bu gap ham to‘g‘ri. Biroq bolalik xotiralarini eslash lazzati uyqudan ham mazaliroqdir. Chunki yosh o‘tgan sayin, bolalikdan uzoqlashganingiz sayin o‘tgan kunlarni eslayverasiz, entikaverasiz. Ayniqsa jon-jo‘ralar uchrashganda uyquni ham tark etib, uzun kechalar xotiralar ixtiyoriga berilishadi. Asadbek bilan Jalilning bunday kechalari ko‘p bo‘lgan.
   Jalil oshnasi ko‘nglidagi g‘uborni ana shu xotiralar yordamida quvmoqchi bo‘ldi. Lekin eng yorqin voqealar ham Asadbek ko‘ngliga ravshanlik bermadi. U tund qiyofada o‘rnidan turib, Jalil bilan xayrlashdi. Jalil uni kuzatib ko‘chaga chiqdi. Asadbek mashina sari yurganida orqadan Jalilning ovozi keldi:
— Ko‘chada Asadbekka o‘xshab yur, shunchalik cho‘kasanmi?
Bu gapni eshitib Asadbek qaddi bukilib qolganini sezdi. Jalil hech qachon uning qudratini pesh qilib gapirmagan edi. Hozirgi aytgani... «Asadbekka o‘xshab yur...» Mana shu gap unga dalda berganday bo‘ldi. Qaddini tikladi. Chuqur nafas oldi. Mashina eshigini ochgach, orqasiga o‘girildi.
— Qorangni ko‘rsatib tur. Odamlarning oshnasiga o‘xshab yo‘qlashni qachon o‘rganasan?

Qayd etilgan