Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370727 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 51 B


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:04:02

   Jalilning sanchib oladigan javobi tayyor edi-ku, ammo birodarining ahvol-ruhiyasini o‘ylab tilini tiydi. Jilmayib, bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.
   Asadbek hovliga qadam bosgach, oshxonadan chiqayotgan qiziga ko‘zi tushdi-yu, beixtiyor to‘xtadi. Qizi ham uni ko‘rib bir on harakatsiz qoldi. So‘ng past ovozda salom berib, shoshganicha iziga qaytdi. Ota bilan qizning nigohlari bir soniyagina uchrashdi. Go‘yo to‘satdan yashin chaqnab qorong‘ilik bag‘rida o‘rtanayotgan ikki xasta dilni yoritib o‘tganday bo‘ldi. Yashin nuri so‘nishi bilan ularning har biri o‘z jahannamiga, yana o‘tda qovurilish, azoblanish uchun qaytdilar.
    Qiz nima uchun otasi oldiga yugurib kelmadi, nima uchun bo‘yniga osilib ko‘z yosh to‘kmadi, nima uchun nolalar qilmadi? Nima uchun dardini yutib jahannam azobini o‘ziga ravo ko‘rdi? Asadbek qo‘rqib kutgan hodisa ro‘y bermadi. Ha, u qizi bilan uchrashishdan qo‘rqayotgan edi. Qizi faryod urgan taqdirda ichini kemirayotgan vulqonning otilishi tayin ekanini bilib, tashvishlanayotgan edi.
   Asadbek qizini sira erkalamasdi. Kesakpolvon — g‘azabga minganida otasini ham tanimaydigan qahri qattiq odam, oyda bir marta xotinini urib turmasa yegani ichiga tushmaydigan jizzaki erkak — bo‘yi yetgan qizini haddan ziyod erkalab, yuzlaridan chimdib, o‘pib qo‘yganida Asadbekning g‘ashi kelardi. Ba’zan tanbeh berib, ba’zan «qizingni erga berganingda o‘zingni ham qo‘shib berasanmi», deb piching qilardi. Kesakpolvon Asadbekning bunday gaplarini, pichinglarini qulog‘iga olmasdi. «Bu qizimni o‘zim tuqqanman», deb tirjayardi, xolos. Kim, qanday tug‘ishini yaxshi fahmlaydigan qizi otasining bu hazilidan yayrab, battar erkalanardi. Har to‘kisda bir ayb, deganlaridek, begunoh odamning jonini sug‘urib olishda kiprigi qilt etmaydigan odamning farzandiga nisbatan shunday mehri borligi olamning ajabtovurligidan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:04:51

   Asadbek ba’zan «men ham bolalarimni erkalashim kerakmi?» deb o‘ylab qolardi. Ota-onaga erkalanish nima ekanini bilmay o‘sgan odam uchun bu mushkul savdo ekan. Farzandga mehribonlik boshqa, erkalash, taltaytish boshqa. Shu bois Asadbek bolalarini erkalatmasdi, deyilganda «u farzandlariga bemehr edi», deb tushunmaslik lozim. Alqissa, hozirgina oshxonaga kirib ketgan qizi unga salom berish bilangina kifoyalanar edi. Asadbek shunga ko‘nikkan bo‘lsa-da, hozir andak ajablandi. Qizining nomus o‘tida kuyib kul bo‘layotgani unga hozircha noma’lum. Buni keyinroq idrok eta boshlaydi. Yashin chaqib, chok-chokidan so‘kilib qolgan qora bulutlar orqasidan oy ko‘rinib, qorong‘ilik chekingani misol, oshxonadan xotini chiqdiyu ko‘ngli ravshan tortdi. Ko‘pchilik nazarida dahshatli odamxo‘r sifatida gavdalanuvchi Asadbek shu onda xotinini bag‘riga bosib yig‘lagisi keldi, desam, albatta ishonmaysiz. Lekin siz ishoning. Mol-dunyosi behisob, o‘l desa o‘ladigan odamlari bor bo‘lgan holda hasratini eshitadigan hamrozi yo‘q kishining holiga siz ham rahm qiling. Bu fojiani hatto g‘animlaringizga ham ravo ko‘rmang.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:05:14

   Yig‘lagisi kelgani bilan Asadbek yig‘lay olmasdi. Xotini unga dalda bergisi kelganda ham yupata olmasdi. Og‘ir bo‘lganda shu Manzuraga og‘ir. U ikki o‘t orasida. Bir tomondan qiziga achinsa, kuysa, boshqa tomondan erining g‘azabidan qo‘rqadi. «Jahl ustida bir nima qilib qo‘ymasalar edi», deb joni halakda. Hozir oshxona ostonasini hatlab chiqdi-yu, qo‘rquvdan pirpirayotgan ko‘zlarini eriga tikib, salom berdi. So‘ng:
— Yaxshi keldingizmi, adasi, — dedi. Bu gapini o‘zigina eshitdi. Qo‘rqibgina, astagina aytilgan so‘zlar havoga singib ketdi.
   Asadbek uyga qarab yurdi. Manzura unga ergashdi. Ichkari kira turib chaqqonlik bilan engashdi-da, eri betartib yechgan tuflini juftlab, bir chetga olib qo‘ydi. So‘ng ichkari kirib, Asadbek uzatgan paltoni olib, ilgakka ildi. Bu jarayon kunda takrorlanadi. Tashqaridan kuzatgan odam har kuni bir tomoshani aynan ko‘rganday bo‘laveradi.
   Asadbek ichkari kirib o‘zi xush ko‘ruvchi tebranadigan yumshoq o‘rindiqqa emas, deraza tomondagi bir qavat ko‘rpachaga o‘tirdi.
— Voy, to‘xtang, ko‘rpacha solay, — dedi xotini shoshilib.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:06:27

   Asadbek «kerak emas», degan ma’noda qo‘l ko‘tardi. Manzura bu ishorani ko‘rmaganday narigi uyga kirib ko‘rpacha ko‘tarib chiqdi.
— Birpasga turing, adasi.
Asadbek o‘rnidan jilmadi.
— O‘tir.
Manzura gilam ustiga o‘tirib, ko‘zini yerga tikdi.
Asadbek gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlandi.
— Tinchlikmi? — dedi u bir oz sukutdan so‘ng.
— Tinchlik, — dedi xotini siniq ovozda.
— Bir nima dedimi?
— Yo‘q hali.
— So‘ramadingmi?
Manzura eriga shoshilib qarab oldi-yu, boshini egdi.
— Qanday so‘rayman.
— Men so‘raymi bo‘lmasa!
— Voy, adasi...
— Ha, latta!
   Asadbek shunday deb to‘ng‘illadi-yu, baqirib yuborishdan o‘zini tiydi. «So‘raganining nima foydasi bor?» degan fikr uni jilovdan tutdi. Xo‘sh, so‘radi ham deylik, «zo‘rlashdi» degan javob oldi nima-yu «tegishmadi» deganda nima? Har ikki holda ham o‘g‘irlangan qiz odamlar uchun nomussiz bo‘lib qolaberadi-ku?..
— Endi nima qilmoqchisan?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:08:15

   Manzura endi nima qilishi mumkin? Uning yig‘lashdan, fig‘on chekishdan bo‘lak narsaga qudrati yetadimi? Asadbek buni yaxshi biladi. Shuning uchun savol berishga berib qo‘yib, javob kutmadi. Shuncha yil birga umr kechirib xotini bilan maslahatlashmagan odam shu nozik pallada fikrlasharmidi? Nima haqda so‘zlashishni bilmagani uchun ham shu so‘roq tilidan uchdi. U hozir yonida xotini bo‘lishini istardi. Manzura chiqib ketsa vujudi kimsasiz uydek huvillab qolishini his qilardi. Ammo xotini ro‘parasida o‘tirar ekan, xuddi urishib qolganday og‘ziga talqon solvolmaydiku. Xotinning kamgap, baodob bo‘lgani yaxshi-ya, ammo mana bunaqa paytda erni ezib tashlaydi-da... Manzura gapga chechanroq bo‘lganida Asadbekni g‘uborli o‘ramdan olib chiqarmidi...
   Tashqaridan erkak kishining ovozi kelib, Manzura chaqqon o‘rnidan turdi-da, deraza osha hovliga qaradi.
— Mutavallingiz, — dedi ajablanib.
— Chaqir, — dedi Asadbek.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:08:56

   Manzura tez-tez yurib chiqdi. Dam o‘tmay eshik og‘zida bo‘yni uzunligidan egilibroq yuruvchi, egniga urinibroq qolgan palto, boshiga yangi suvsar telpak kiygan mutavalli kirdi. Soqol-mo‘ylov ulashilganda kechroq qolgan, ammo yaratgan «shu ham erkak-ku», degan rahm bilan topib bergan besh-o‘nta tukni savlat qilib o‘stirib, jamiki tirik jonning ensasini qotirguvchi Karimullaga Asadbekning ham toqati yo‘q edi. Yetimxona boshqoni bo‘lib ishlab, o‘z ta’biri bilan aytganda, shaytonning bittagina gapiga kirdi-yu, olti yil umrini simto‘siqlar ortida o‘tkazib qaytdi. Yana firqaga tiklash masalasida ko‘p urindi. Firqa a’zoligiga qayta olganida turqi tarovati o‘zgacha bo‘lardi. Hatto o‘ziga ham yoqmaydigan, soqol-mo‘ylov degan nomga isnod keltiruvchi bu tuklar o‘stirilmasdi. Xitoyning ohori to‘kilmagan oq ko‘ylagini kiyib, Olmoniyaning no‘xot gulli qizil bo‘yinbog‘ini taqib, finlarning ko‘zni oluvchi kostyumini egniga ilib, gerdayib yurardi. Ayb o‘zida — rayqo‘mga uzatishi lozim edi. O‘zini xokisor ko‘rsatib bir yanglishdi. Rayqo‘mdagilar xokisorlarga rahm qilar deb o‘ylab edi. Rahmdillar rayqo‘mda emas, bu tomonda ekan. Baxtiga mahallada masjid qurilishi boshlandi. Avvaliga haybarakallachi bo‘lib yurdi. «Uni u yoqqa ol, buni bu yoqqa qo‘y», deb turish, choyni shopirib qaytarib o‘zidan ulug‘roq odamlarga ta’zim bilan uzatish hadisini olgan edi. Qurilishda har kuni o‘ralashib yuruvchi bitta bekorchi kerak ekan. Shundan foydalanib, poydevor bitmasidanoq o‘zini «mutavalli» deb e’lon qildi. Abdukarim degan ism, garchi mullalikka daxldor bo‘lmasa-da, Karimulla deb o‘zgartirildi. Bu «mulla» xotirasi zaifligi tufayli to‘rt oy badalida «Oyatal kursi»ni yod ololmay, ikkita kichik sura bilan tirikchilik qiladi. O‘shanda o‘stira boshlagan «soqol-mo‘ylab» imorat tomi yopilibdiki, hali bir enlikdan nariga o‘tgani yo‘q. Bu hol Kesakpolvon uchun bir ermak. Uni har ko‘rganida «Karimullaning soqoli ichkariga qarab o‘sadi», deb mazax qiladi. Asadbek mutavallining tezroq ketishini istaydi, Kesakpolvon esa uni masxaralab o‘tirishni yoqtiradi. Karimulla bu masxarani malol olsa-da, sirtiga chiqarmaydi. Kesakpolvonning gaplaridan miriqqanday xixilaydi. U Asadbekdan cho‘chiydi, kamgap, mulohazali Chuvrindidan esa qo‘rqadi. Shu holda a’yonlardan biri uni «o‘ziga yaqin olib» «hazil» qilar ekan, nimasi yomon?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:09:36

   Karimulla Asadbek yolg‘iz emasdir, degan xavotirda edi. Ichkariga kirgach, yayrab ketdi. Ildam yurib kelib Asadbek bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Asadbek o‘rnidan qo‘zg‘olmay, qo‘l uchini berdi.
— O‘rusning yangi yili muborak bo‘lg‘ay, — dedi Karimulla ishshayib.
Asadbek unga javob bermadi. «Xo‘sh, nimaga kelding?» degandek norozi qiyofada boqdi. Karimullaning maqsadi yangi yil bilan tabrik etish emas, balki ko‘ngil so‘rash, shu orqali o‘zining ham ruhan «aziyat chekayotganini» ma’lum qilib qo‘yish edi. Ammo Asadbekning qarashi uni shoshirib qo‘ydi. «Sizga qasd qilganlar past bo‘lsin, qizingizning baxti ochilib ketadi, inshoolloh», deb diliga tugib kelgan gaplarini ham unutdi.
— Bitta xonaga joy qilib namozni boshlab yubordik. Butun mahalla duoi joningizni qilib yotibdi. Suvoqchilar xonaqohdan chiqishdi.
   Xabar Asadbekni mutlaq qiziqtirmayotganini sezib Karimulla jimib qoldi. Shu gaplarning o‘zini aytib chiqib ketaverish mumkinmasdi. Shu uchun bir oz kalovlandi.
— Ayvonning... to‘siqlariga temir kerak ekan, borsak bermadi, zang‘ar. Limit-pimit deydimi-ey...
— Temir senga hozir kerakmi? — dedi Asadbek tutoqib.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:10:28

   Shu topda Asadbekning ko‘ngliga bunday gaplar sig‘masligiga, umuman, mayda-chuydalar bilan shug‘ullanish boshqa a’yonlarning ishi ekaniga Karimullaning kalta fahmi yetarmidi?
   Asadbek shart o‘rnidan turdi. Karimulla «tepib qoladi shekilli», deb qo‘rqib, o‘zini chetga oldi. Asadbek eshik yoniga ilingan, shapaloqdek keladigan xorij telefonini olib, chiroyli tugmachalarni bosib raqam terdi.
— Allo, kim bu? — degan erinchoq ayol ovozi keldi.
— To‘xtasin kerak, — dedi Asadbek jerkib.
— Uxlayaptilar.
— Uyg‘ot, g‘aflatni, Asadbek akam so‘rayaptilar, de.
— Voy, assalomu alaykum, hozir... Ana, turib kelyaptilar...
Yarim daqiqa o‘tmay xirildoq ovoz eshitildi:
— Assomaykum, Bek aka, tinchmisiz, omonmisiz, yangam...
Asadbek uning gapini shart bo‘ldi.
— Masjidga nima uchun temir bermading?
— Okaxon, limit...
— Ikki soatdan so‘ng temirlar masjidda bo‘lsin.
— Bek aka, ertaga ertalab...
— Ikki soatdan keyin masjidga chiqib ko‘raman.
— Axir bugun kranchi...
— O‘zing qo‘l bilan ortasan.
Asadbek gapni kalta qilib, telefonni joyiga ildi:
— Ikki soatdan keyin ustalaring joyida bo‘lsin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:12:23

   Karimulla bu gapni eshitib, boshiga g‘avg‘o orttirganini bildi. Kirganiga ming pushaymon yedi. Topshiriqdan qutulib qolish uchun bahona izladi.
— Ustalarning haqiga sal kamxarjroq bo‘lib qoluvdik. Chiqmaymiz, deb xafaroq bo‘lib ketishibdi, — dedi mijg‘ovlanib.
Asadbek mahallaga yordam bo‘lsin, deb pul berardi, biroq sarf-xarajatlarni tekshirtirib ko‘rmas edi. Bir hafta burun «mutavalli masjid haqini sichqondek kemirib yotibdi», degan gapni eshitib, «etimlarning haqidan qo‘rqmagan, masjid haqidan qo‘rqarmidi», deb g‘ijingan, lekin chora ko‘rishga shoshilmagan edi. Hozir shu gap yodiga tushdiyu yanada tutoqdi:
— Ustalarning haqiga sherik bo‘lmaganingda yetardi.
— Bek aka, unday demang-a, astag‘firulloh!
— He, seni xudojo‘y qilib tuqqanni...
Karimulla o‘zini oqlashga kirishishning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini anglab, boshini egganicha jim qotdi. Mo‘’minlikning shunisi yaxshi-da. G‘azabga mingan odam tutoqaveradi, so‘kaveradi, sen esa boshingni egib olib uning yetti pushtini ichingda o‘qiyverasan. «Onangni!» deydi u, «onangning onasini qo‘shib...» deysan sen. «Haromi!» deydi u, «o‘zing itdan tug‘ilgansan», deysan sen. Shu holda davom etaveradi. Senga yaxshi. Dilingdagini ovoz chiqarib aytding nimayu ichingda aytding nima? Farq shundaki, dildagi tilga uchsa joning ketishi mumkin, joningga rahm qilingan taqdirda abjag‘ing chiqadi. Tilni besuyak yaratgan Xudoga zorlanib bir-ikki oy, balki bir umr ko‘rpa-to‘shak qilib yotarsan. Karimulla tilini tish hatlashiga yo‘l qo‘ymadi. Asadbek so‘ka-so‘ka bir tarsaki tushirib qolganini aytmasak, suvdan quruq chiqdi hisob.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:13:00

   Asadbek tarsakidan so‘ng bu ko‘samulla chiqib ketar, deb o‘ylagan edi. Uning mutelik bilan qo‘l qovushtirib, bosh egib turganini ko‘rib:
— Yana nima darding bor? — dedi.
— Begim, bir qoshiq qonimdan keching, sizga noto‘g‘ri informatsiya berishibdi.
— Gapni cho‘zma. Menga qanaqa xabar yetkazishni bilishadi. Haj qilmoqchimishsan, bu ham yolg‘onmi?
— Rost, begim, rost. Men asli shu gapni aytay deb keluvdim. Oqsoqollar Asadbek aka ham borsinlar, deyishyapti. Billalashib borsam, biram yarashadi... Siz bilan borsak, ikki marta haj qilganday bo‘lamiz.
— Sen bilan yursam yarashadimi?
— Men bilan yurmasangiz ham... Asadbek hoji bo‘lib yurishingiz yarashadi.
— Pulni qaerdan olasan? Kambag‘al-faqir bo‘lsang?..
— Begim, qarindosh-urug‘ bor, hozir o‘n besh ming pulmi? Gunohlarni ko‘p qilardik, oxiratni o‘ylamasak...
— Oxiratni degin... O‘n besh mingni to‘lab u yoqdan mayda-chuyda olib kelsam, xarajatni qoplarmikin?

Qayd etilgan