Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370729 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 51 B


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:13:44

Asadbek bu savolni sinov uchun bergan edi. Buning fahmiga yetmagan Karimullaga jon kirdi.
— Chiqadi, begim, uncha-muncha qoladi ham.
— Xarajatdan tashqari yigirma ming qolarmikin?
Karimulla bu savolga o‘ylamay-netmay javob qaytardi:
— Yigirma ming chiqmas-ov, ammo o‘n mingcha qolar.
— Shunaqa degin, hisoblab qo‘yibsan-da, a?
— Endi, odamlar aytib yurishibdi-ku...
   Asadbek javonga yaqinlashib, eshigini ochdi. Karimulla taxlanib turgan pullarni ko‘rib, entikib ketdi. «Xarajatni ko‘taradi shekilli», deb quvondi.
— Qarindoshlaringni tinch qo‘y, — dedi Asadbek, pul sanay turib. — Mana senga o‘n ming, — u shunday deb beli bukilmagan pullarni Karimulla tomon tashladi. Karimullaning pulga uzatgan qo‘llari muallaq qolaverdi. — Sen harom qadamingni Makkaga bosma, Makkaga pokiza odamlar borishi kerak. Yo‘qol endi, ko‘zimga ko‘rinma.
   Karimulla pullarni apil-tapil yig‘ishtirib olib, qulluq qilganicha chiqib ketdi. Pullarni paltoning keng cho‘ntaklariga sola turib «yigirma ming desam bo‘larkan», deb o‘kindi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:14:19

   Asadbek joyiga borib o‘tirib, yostiqqa yonboshladi. Bir dam xayollarga bandi bo‘ldi. So‘ng ko‘ziga uyqu ilinib boshini yostiqqa qo‘ydi. Qancha uxlaganini bilmadi. Bir uyg‘onganida shom qorong‘isi cho‘kkan edi. Xotini kirib: «Ovqatga chiqasizmi yo shu yerga olib kiraymi?» deb so‘radi. Asadbek «chiqaman», dedi-yu, yana uyqu elitib o‘rnidan qo‘zg‘olmadi. Xuddi birov ikki yelkasidan bosib, miyasiga qo‘rg‘oshin quyayotganday ko‘zlarini ham ocholmay qoldi. Miya sergak, quloq atrofda tiq etgan tovushni ham eshitadi. Ko‘z esa g‘alati uyquda — bir jarga qulaydi, yuragi qinidan chiqquday bo‘ladi, bir bosinqiraydi, bir chala uyg‘onadi... Shu ahvolda tong ottirdi.
Nonushtadan keyin Jamshid keldi.
— Bek aka, hammasi pishdi. Uyiga oborib qo‘ydim,— dedi Jamshid.
— G‘alva ko‘tarmadimi?
— U-bu devdi, menam bir nima dedim.
— Bo‘pti, ko‘z-quloq bo‘lib turlaring. Uyga mayda-chuyda yubordingmi?
— Bo‘tqaning bolalari olib borishi kerak edi.
— O‘zing xabar ol.
— Bek aka, ko‘chada imom turibdi.
— Nima ishi bor ekan, yo tavba qilib kelibdimi?
— Bilmadim... eshitishimcha, «Volga»sini shumo qilib ketishibdi.
— Kim?
— Biznikilarmas.
— Topib, joyiga olib borib qo‘ylaring.
— Kirsinmi, yo javob berib yuboraymi?
— Kiraqolsin, balki boshqa gapi bordir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:14:48

   Qotmadan kelgan, ko‘zlari ma’noli boquvchi, o‘zi yosh, biroq qop-qora quyuq soqol-mo‘ylovi ulug‘roq ko‘rsatayotgan imom — Sobitxon qori nomi bilan shaharda e’tibor qozongan edi. U imomlik qiluvchi kichkina, eski masjidga ba’zan odam sig‘may ketardi. Qariyalar bu mulla yigitga ixlos qo‘yib, uni mahalla masjidi imomligiga chorlagan edilar. Rad javobi olishgach, Asadbekning a’yonlari oraga tushishdi. Sobitxon o‘jar edi. Oxir-oqibat Asadbekning o‘ziga ham yo‘q deyishdan qaytmadi. Asadbekka bu «olifta imomcha»ning dimog‘dorligi yoqmadi. Sobitxonning: «Harom pullarga qurilayotgan masjidda men namoz o‘qimayman», deyishi Asadbekni g‘azabga mindirsa-da, chora ko‘rishdan o‘zini tiydi. Xalq orasida o‘zi haqida bo‘lar-bo‘lmas mish-mishlar yurganda bu e’tiborli qorining boshidan birgina soch tolasi to‘kilsa malomatlarga qolishini bildi. To‘g‘ri fikrlagan ekan — imom mashinasini o‘g‘irlatib, undan gumon qilibdi. Bu gap allaqachon shaharga tarqalgandir...
   Sobitxon ostona hatlab kirib, qo‘lini qovushtirgan holda, qiroat bilan salom berdi. Asadbek beixtiyor ravishda o‘rnidan turib unga peshvoz chiqdi — qo‘shqo‘llab so‘rashib, qizil duxoba qoplangan divanga taklif etdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:15:35

— Keling, qori, qanday shamol uchirdi? — dedi Asadbek, fotiha o‘qilgach.
— Yaxshilik shamoli emas, — dedi Sobitxon unga tikilib.
— Hay, hay, qorijon, sovuq nafas qilmang.
— Sizni insofga chaqirish foydasiz ekanini bilsam-da...
— Qori, kelishib olaylik: siz meni insofga chaqirmang. Qanday yashashni o‘zimga qo‘yib bering. Men haqmanmi yo nohaqmanmi — qiyomatda ma’lum bo‘ladi. Siz menga qozi emassiz. Siz gapni chaynamay muddaoga ko‘chavering. Siz «Volga»ngizni o‘g‘irlatib, alam bilan kelgan odamsiz.
— Ha, taqsir, topib gapirdingiz. Ammo siz tomondan g‘irromlik bo‘ldi bu ish.
— Nima, g‘irromlik?! Qori, avvalgi safar masjidga sarflagan pullarimni harom devdingiz, endi g‘irromlik deysizmi? O‘ylab gapirasizmi gaplaringizni? Siz kimsiz o‘zi? To‘rttagina surani ko‘z yumib yodlab beruvchi qorivachchasiz, Xudo emassiz! Sizning kitoblaringizda tuhmatchini nima deyishadi? Tuhmatchining tilini kesish kerakmi?
— Astag‘firulloh! Tuhmat qilayotgan bo‘lsam kalomullo ursin!
— Kerak bo‘lsa uradi ham. O‘sha kuni indamagan edim. «Volga»ngiz borligini bilganimda «xo‘sh, mening pullarim harom ekan, siz «Volga»ni qaysi halol pulga oldingiz?» deb so‘rardim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:16:31

— Mening otam...
— Sizning otangiz Andijonda mashhur telpakfurush, bilaman. Telpakfurushlarning nayranglarini ham bilaman. Shuning uchun halollik haqida boshqalar gapirganda siz indamay yuravering. Xudoyiga borib, Qur’on o‘qib tugun uchiga necha pul tugilarkin, deb yuradigan mo‘ltoni odamsiz-u, yana menga g‘irromdan gapirasizmi?
— Tuhmat qilmang, men Allohning kalomini pulga sotadiganlardan emasman!
— Men bilmagan narsamni aytmayman. Jirillamang. Bu shahar bedarvozaligini bilmaysizmi? Shaharda mingta Asadbek bor. Siz bittasidan gumonsirabsiz. «Volga»ngizni topib berishadi. Men bunaqa mayda ishlar bilan shug‘ullanmayman.
   Asadbek Sobitxon bilan dastlab uchrashganida ancha baodob muomalada bo‘lgan edi. Hatto qori harom pullarni tilga olganida ham Asadbek tutoqmagandi. Uning hozirgi fe’li, qo‘rsligi Sobitxonni avvaliga ajablantirdi, so‘ng picha qo‘rquvga soldi. Agar odamlar orasida yurgan gap-so‘zlar rost bo‘lsa, kichkinagina masjidning imomi birdaniga yo‘qolib qolsa ham ajab emas-da. Hozir uning bu xonadonga kirganini kim ko‘rdi? Chiqdimi, chiqmadimi — kim surishtirib o‘tiribdi? Qori shularni o‘ylab seskandi. Ichida kalima qaytarib qo‘ydi.
    Xudo imomlar orasida insof va imon bobida basalomat bo‘lgan Sobitxonni o‘z panohiga olib, Asadbek qahrining to‘lib-toshishiga yo‘l qo‘ymadi. «Mayda ishlar bilan shug‘ullanmayman», deganidan so‘ng Asadbek jim qoldi. Sobitxon ortiqcha so‘zga hojat yo‘qligini anglab o‘rnidan turdi. Asadbek «bir piyola choy iching» ham demadi. Sobitxon uning qahrini qo‘zg‘otgan narsa nima ekanini fahmlamay, garang holda iziga qaytdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:17:22

VIII  b o b

1

   Prokuror mahkamasining tergovchisi Zohid Sharipov hali bunchalik xorlanmagan edi. Kechagina markazdan kelgan prokuror tergovchilarining qonunga mos bo‘lmagan ishlari haqida ko‘pirib gapirildi. Go‘yo shu bilan mahkamalar tozalandi. Pokiza odamlar to‘planganday bo‘ldi... Zohid shu harakatlarga ishonibdi. U prokuror yordamchisining qilig‘idan bir achchiqlansa, o‘zining go‘lligidan o‘n g‘azablandi. «Nima deyishmoqchi bo‘lishdi: sen pista po‘chog‘isan, istagan paytda supurib tashlaymiz, sen keraksiz bir qog‘ozsan — xohlasak, g‘ijimlab oyoq ostiga otamiz, deyishmoqchimi?»
   Zohid anchagacha o‘ziga kelolmay o‘tirdi. So‘ng shart o‘rnidan turib, prokuror yordamchisi xonasi tomon yurdi. U yordamchi bilan olishishni qasd qilgan edi. Ammo o‘ziga zeb berib kiyingan, qoshlari qalin, ko‘zlari kulib turuvchi prokuror yordamchisining muomalasi uni shashtidan qaytardi.
— E, keling, Zohidjon, yangi yillari qutlug‘ bo‘lsin. Oilangiz, ota-onangiz sog‘-salomatmilar? Baxtingizga ko‘p yillar yashashsin, to‘ylaringizga bosh bo‘lishsin. Sizni chaqiraman, deb turuvdim. Xizrni yo‘qlasam bo‘larkan. Xo‘-o‘sh... Sharif Namozovni qo‘yib yuborishga to‘g‘ri keldi. Aybi isbotlanmagan. Guvohlar gaplaridan tonishibdi. Unga qarshi ig‘vo qilingani shunday sezilib turibdi-ku, sizlar to‘ppa-to‘g‘ri qamoqqa tiqib qo‘ya qolibsizlar. Namozov anov-manov odam emas, katta olim ekan. Chet elliklarni hayron qoldirib turgan odamni qamoqqa tiqsak, xalqaro janjal chiqib ketishini ham unutmasligimiz kerak-da, azizim. Chet eldagi safsataboz dushmanlarimizni bilasiz-ku, «SSSRda inson huquqlari poymol etilmoqda!» deb g‘avg‘o ko‘tarishsa, boshimiz g‘alvadan chiqmay qoladi. Keling, biz shunaqa tashvishlardan chetroqda yuraylik. Siz yoshsiz, o‘sadigan yigitsiz, bamaslahat ishlayvering. Ig‘voning boshida vinzavod direktori Sulaymonov turgan ekan. Aybini bo‘yniga olib o‘zi keldi. Hazilining bunaqa jiddiy tus olishini o‘ylamabdi. Besh-o‘n oy o‘tirsa, ikkinchi hazillashmaydigan bo‘lib chiqadi.
— Sulaymonov ishini menga topshirsangiz...

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:17:47

   Zohid uning mahorat bilan to‘qiyotgan to‘riga bandi bo‘lib qolmay, chiqib ketish niyatida shu gapni aytdi. Hech narsadan tap tortmay ishni xamirdan qil sug‘urganday hal etayotgan prokuror yordamchisi Zohiddan shu iltimosni kutmaganida laqma odamga aylanmasmidi, bu dargohdan kavushi allaqachon to‘g‘rilanmasmidi? Dunyoning manaman degan olimlari bilan bahslashishga moslab yaratilgan bu fahm-farosat, bu aql shu arzimas masalani yechishda ojizlik qilsa-ya! Ha, Zohid ojiz edi. Uning ko‘zlari ochiq, ammo fikr ko‘zi bu o‘yinlar, oyoq ostiga tushayotgan to‘rlarni, eng muhimi— qarshisidagi odamning qalbini aniq ko‘rolmayotgan edi. Aql hammavaqt ham odamga sharaf keltiravermaydi, ba’zan mana shunday xor ham qilib qo‘yadi. Zohid o‘zining beadad xorlanayotganini hozir emas, keyinroq his etadi. Boshingizga tosh tegsa, bir oz og‘rib, so‘ng bosilganday tuyuladi, ammo oradan vaqt o‘tib shunday og‘riq qo‘zg‘oladi-ki, o‘zingizni qo‘ygani joy topa olmaysiz. Ruhiy qiynoq ham shunday. Bir necha soatdan so‘ng «men nima uchun unga shunday demadim!» deb o‘zingizni la’natlay boshlaysiz. Biroq vaqt o‘tdi — endi bu afsusdan nima naf?
   Zohid soddalik bilan Sulaymonov ishini so‘radi. Prokuror yordamchisi esa pinagini buzmay, o‘sha kulimsiragan yoqimtoy ko‘zlarini Zohiddan olmay javob berdi:
— Bu ishni Keldievga topshirdim. Taniysiz-a, ammamning buzog‘i. Shunaqa mayda-chuydani topshirmasam, jiddiy ishlarni eplay olmaydi. Sizni zo‘r ishlar kutib turibdi, azizim. O‘sadigan odam mayda-chuydaga aralashmasligi tuzuk. Sizdan umidim katta. Respublika prokuroriga ham aytdim. Umidli yoshlarni biz har qanaqasiga qo‘llaymiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:18:22

— Sharipovning ishi oddiy hazilga o‘xshamaydi. Hazil deb yurib uni o‘ldirib ketishlari mumkin.
Jiddiy ohangda aytilgan bu gapni u ermakday qabul qildi:
— Vohma qilmang-e, azizim. O‘ldirib ketadi, deb qamoqda ushlab turishimiz ham to‘g‘ri kelmaydi-da. Erkak odam lalaymay o‘zini himoya qilsin. Itday ichib, cho‘ntagiga birov nasha solib qo‘ysa ham bilmay yotaveradimi?
— Men vahima qilayotganim yo‘q. Undan pul talab qilishgan.
— Qim? Qachon?
— Kimligini bilolmay qoldim. Harholda qamoqxonada talab qilishgan bo‘lsa kerak.
Prokuror yordamchisi telefon tugmasini bosdi. Ko‘zlaridagi kulgi yo‘qolib, ko‘rinishi jiddiylashdi, hatto biroz asabiy tus oldi.
— Jonqoraev! Signallar tushyapti, qamoqxonada bevoshlik kuchayibdi. Tekshirib uch kundan keyin hisob berasan. Ha, Sharif Namozovdan kim pul so‘raganini ham aniqla. Onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatish kerak bunaqalarni, tushundingmi!
   Prokuror yordamchisi «ma’qulmi, ko‘ngling joyiga tushdimi», deganday Zohidga qaradi-da, o‘rnidan turdi.
— Hozir respublikaga chiqishim kerak. Siz bilan xotirjam bi-ir gaplashamiz. O‘zim chaqirtiraman.
U Zohidning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, g‘oyat ulug‘ bir mehr ko‘rgazib ostonagacha kuzatib qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:19:16

2

   Zohid xonasiga qaytdi. Usti choynak izlaridan dog‘ bo‘lib ketgan o‘sha stol, oshiq-moshig‘i arang ilinib turgan o‘sha bo‘m-bo‘sh kitob javoni... Zohid o‘rniga o‘tirib halqa dog‘lar sirini o‘rganmoqchi bo‘lganday stol ustiga tikilib qoldi. Bu dog‘lar nimalarga guvoh? Achchiq choy damlanib, shopirib-shopirib qaytarilib, xo‘rillatib ichilgan damlarda kimlarning taqdiri hal etilgan? Qanday xo‘rliklarning, qanday g‘irromliklarning guvohi bu dog‘lar?.. Zohid tikilib o‘tirgani bilan xayoliga bu gaplar kelmaydi. Uning xayoli Sharif Namozov va Qilich Sulaymonov bilan band. Namozovni qamash uchun ishlatilgan hiyla endi Zohidni aytarli ajablantirmay qo‘ygandi. Bu kalavaning uchini topganday bo‘lib edi. Sulaymonovning bosh egib kelishi... Hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. «Bu ishning boshida Asadbek turgan bo‘lsa, nima uchun Namozovni qamatdi? Balki burnini yerga bir ishqab qo‘ymoqchi bo‘lgandir? Buning boshqa osonroq, kamchiqimroq yo‘llari ham bor edi-ku? Sulaymonov nima uchun qamoqda o‘tirmoqchi? Uning gunohi nima?» Zohid ish battar chigallashganini his qildi. Namozov taqdirini Asadbek hal qilgan, vinzavodga osilma, deyishganda masalaning bunchalik mushkulligini kutmagan edi. Vinzavodni yaxshilab tekshirish jumboqni oydinlashtirib beradi, deb ishongandi. Sulaymonov o‘yindan chiqarilibdimi, demak, vinzavod qal’asiga uncha-buncha hujum pisand emas.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:19:48

    Zohid jildi jigarrang charmdan ishlangan papkasiga qarab qo‘ydi. Hafsala bilan ish boshlagan edi. To‘ldirilgan bir necha sahifa kechagina muhim ma’lumotlar darajasida qadrli edi. Hozir esa bu qog‘ozlar sariq chaqaga ham arzimaydi. «Nima, men ko‘chada sanqib yurgan laychamanmi, birov tepsa vangillab chetga qochaveradigan...» Shu fikr Zohidni sergak torttirdi. Nima, endi u «menga qachon, qanday ish berisharkin», deb pashsha qo‘rib o‘tirsinmi? Ish topshirilganda ham «buni mana bunday tarzda yakunlaysan», deb aniq ko‘rsatma berishmaydimi? U jonsiz qo‘g‘irchoq kabi qog‘ozlarni rasmiylashtirib qo‘ya qolmaydimi? Shunday qilsa — tez «o‘sadi»! Bo‘lmasa... Yerga kirib ketadimi? Balki...
    Odamlar falonchini osib ketishibdi, pistonchining uyini o‘g‘ri uribdi, degan vahimali mishmishlar chodiri ostida qo‘rqib yashayotgan bir damda shahar prokuraturasining bo‘m-bo‘sh kitob javoni, tepalari halqa-halqa dog‘li stol qo‘yilgan kichkina xonasida tergovchi ishsiz o‘tiribdi, deyilsa xo‘p qiziq tuyular. Jinoyatlar izidan yurgan Zohid bu yerga kelguncha ishsiz o‘tirishni tasavvur qila olmas edi. Qarang, shunday mahkamada ham bekor o‘tirish mumkin ekan.

Qayd etilgan