Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370738 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 51 B


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:20:28

    Bir soat ilgari xonaga beruxsat kirib kelgan tergovchi Namozov qo‘yib yuborilajagini aytganda, Zohid ajablangan edi. So‘ng bu holdan g‘ashi keldi. Keyin g‘azablandi. Xo‘rlanganini his etib ezildi. Mana endi, bekorchi degan yorliqni olib, bo‘g‘ilib o‘tiribdi. Go‘yo prokuror yordamchisi pinjida yuruvchi tergovchi kirib noxush xabarni aytmagan, balki bahaybat mingoyoqni olib kirib qo‘yib yuborgan. Bu ko‘rinmas mingoyoq Zohidni bo‘g‘zidan bo‘g‘ib ko‘rdi, yuragini g‘ijimlab ko‘rdi. Endi qulog‘idan o‘rmalab kirib miyasini zirillatyapti.
    «Nimadir qilishim kerak, — deb o‘yladi u, boshini changallab, — bu o‘tirishda yorilib ketaman!» U shunday deb o‘rnidan turib, eshikni ochdi. Qaerga borishini bilmay, gangigan holda ostonada picha turdi. So‘ng dahlizga chiqdi. Uchinchi qavatga ko‘tarilib, Keldiev o‘tiradigan xona eshigini taqillatdi. Ichkaridan javob bo‘lmadi. Zohid eshikni tortdi — berk. Prokuror yordamchisi «ammamning buzog‘i» deb atagan, boshini bir yonga qiyshaytirib yuradigan Keldiev eshikni ichkaridan berkitib olib, Sulaymonov ishiga oid hujjatlarni to‘ldirar edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:20:52

    Zohid ikkinchi qavatga tushdi-yu, xonasiga kirgisi kelmadi. Eshikni qulflab tashqariga chiqdi. Besh-o‘n kun yo‘q bo‘lib ketsa ham bekorchi tergovchi bilan birovning ishi bo‘lmasligini Zohid bilardi. Lekin besh-o‘n kun qaerga boradi. Yelkasidagi tashvish yuki bilan qaerga sig‘adi? Zohid shu masalada bir oz yanglishayotgan edi. Nazarida prokuror yordamchisi vaziyatni yumshatish uchun uni xoli qo‘yadiganday edi. Go‘yo prokuror yordamchisi qilgan ishidan uyalib, uni bezovta qilmaydiganday edi. Bir sodda qiz nikoh kuni onasidan kuyovning chap tomonida yotaymi yo o‘ng tomonidami, deb so‘raganda onasi qaysi tomonda yotishingning farqi yo‘q, baribir o‘sha ish bo‘ladi, degan ekan. Shunga o‘xshash Zohid kabi tuxumdan endi chiqqan tergovchi arazlaydimi, zarda qiladimi, baribir — prokuror o‘z bilganidan qolmaydi.
    Kechasi bir sidra quruq qor tashlab so‘ng tundlashib qolgan osmon Zohid ko‘chaga chiqishi bilan yana insofga keldi. Zohidning nazarida endi ko‘zni quvnatuvchi qor emas, osmonda hasrat elagi elanib, hasrat yog‘ilar edi. Tabiat odam ruhiga moslanadimi yo odamning ruhi tabiatga moslanib qoladimi — tushunmak qiyin. Harholda ko‘ngil xira tortgan mahalda chor atrof ham tundlashib qoladi.
    U ko‘chaga bemaqsad chiqqan edi. Erkni oyoqlariga berdi. Yuziga urilayotgan qor uchqunlaridan rohatlandi. «Kechgacha yog‘sa hammayoq oppoq bo‘ladi. Havoda g‘ubor qolmaydi. Qor yog‘dirish, tindirish, oftob chiqish — Xudoning irodasi bilanmi? Xudo qor yog‘dirgani kabi haqiqat, adolat yog‘dirsa-chi? Bir kungina yog‘dirsa edi. Qor erib tuproqqa singib ketishiga o‘xshab, haqiqat bilan adolat odamlarning yuragiga singib ketsa... Dunyo bir kundayoq boshqacha bo‘lib qolardi...» Zohid bobosining gaplarini esladi: «Olloh taborak va taolo insonlarni sinamoq uchun bu dunyoga yuborgan...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:21:39

    Sadaqayrag‘ochdek o‘sgan oq o‘rik ostidagi supaga ko‘rpacha to‘shab o‘tirishni xushlaydigan bobosi shu gaplarni ko‘p takrorlardi. Ko‘zoynakning singan bandlari o‘rniga ip tortib quloqqa ilib, muk tushib eski kitoblarni o‘qib o‘tiruvchi bobosi ko‘z oldiga keldi. Akasiga ergashib ko‘cha changitib yurib yo suv ichgani, yo qorni ochib bir tishlam non yegani kirib qolganda bobosi «Qani, do‘ngpeshonalar, o‘tiringlar-chi, eshitinglar-chi...» deb eski kitobdan hikoyatlar o‘qishni boshlardi. Ular esa bobosining o‘qishga berilganidan foydalanib lip etgancha qochib qolishardi. Zohid hozir bobosini qo‘msadi. Eski kitoblardan o‘qib berishini, nasihatlarini, dunyoning tuzilishi, insonlar xulqi haqidagi so‘zlarini eshitgisi keldi. Bobosining bu dunyodan rizqi uzilganda Zohid o‘n yoshda edi. Ko‘p gaplarni eshitardi, biroq mag‘zini chaqolmasdi. Ulg‘ayib, bu yorug‘ olamning qorong‘i ko‘chalariga bexos kirib qolib, nochor tentiragan choqlarida esida qolgan gaplarni fahmiga yetmoqqa harakat qilardi. Yillar o‘tgani sayin, dunyo tikonzorlarini yalangoyoq kezgani sayin bobosining o‘gitlariga muhtojligi orta bordi. Zohid kamgap otasiga dardini aytib dalda ololmasdi. Bu oilani tanimagan kishiga «shu indamas ketmonchi o‘sha mulla odamning o‘g‘li», desa ishonishi qiyin. Bobosi urib bo‘lsa ham ilmini o‘rgatmagan ekan-da, ketmoningni chopib yurovur, o‘g‘lim, ilm bilan qorin to‘ymaydi, degan ekan-da... Mana endi Zohidning akasi o‘lib ketdi, otasida na eskicha, na yangicha ilm bor. O‘ylab qarasa, qarindosh-urug‘lari orasida ham bobosi kabi odam yo‘q ekan. O‘tin yonib, kul qolibdi, deganlari shumi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:22:07

    Bobosini o‘ylab borayotgan Zohid savollariga javob topganday bo‘ldi: «Xudo yog‘dirgan haqiqat, adolat — bobomga o‘xshagan odamlar emasmidi ekan? Ular yer yuzidagi odamlar qalbiga yaxshilik urug‘i sepishlari lozimmi edi? Bobomga o‘xshaganlar kamayib ketyapti-ku! Endi nima bo‘ladi? Endi yuraklar faqatgina qon haydashga yaraydigan hissiz buyumga aylanadimi? Haqiqat va adolat tamom qovjirab, kuyib kul bo‘ladimi?!»
    Zohid badbin xulosaga yaqinlashgan edi. U dunyoda bitta yaxshi, bitta to‘g‘ri odam qolgunicha adolat va haqiqat yashashi mumkinligini hozirgi kayfiyatida idrok eta olmas edi. Yomonlar, munofiqlar nafasidan olov chiqib haqiqat va adolatni kuydiradi, ammo yaxshilarning yuragidan quvvat olguchi bu haqiqat, bu adolat yashayveradi. Bu — azaliy kurash! Yana necha asr davom etadi — yaratganga ma’lum. Bandasiga bir narsa ayon — azaliy kurashning intihosi — qiyomat!
Erkinlikka erishgan oyoqlar Zohidni avval anhor bo‘yiga, so‘ng suvoqlari ko‘cha boshlagan to‘rt qavatli uyga boshladi. Nurab qolgan tosh zinalarni bosib to‘rtinchi qavatga ko‘tarildi. Havorangga bo‘yalgan yog‘och eshikka qaysidir bola bo‘r bilan katta qilib «prof. Habib Sattorov» deb yozib qo‘yibdi. Shu yozuvni ko‘rib Zohid xayolini yig‘ishtirdi. «Nimaga keldim? Hasratimni to‘kish uchunmi? «Bu sohaga o‘tib ovora bo‘lma, sen izlagan haqiqat yo‘q u yerda. Bo‘lmagan, yo‘q va bo‘lmaydi ham», deb necha marta ta’kidlagan. Endi «Gapingiz to‘g‘ri ekan», deb kirib boramanmi?» Zohid bir oz harakatsiz turib, iziga qaytmoqchi bo‘ldi. Endi o‘girilib ketaman, deganida eshik ochilib yelkasiga jun ro‘mol tashlab olgan Habib Sattorov ko‘rindi. Zohidning burilib ketayotganini ko‘rib, ajablandi.
— Zohid? Ha, tinchlikmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:22:34

Zohid o‘girilib, xijolatdan gap topolmay qoldi.
— Uyda yo‘qdirsiz, deb o‘ylabman, — dedi.
— Qo‘ng‘iroq ishlamayaptimi? — professor shunday deb tugmani bosdi. Birinchi, ikkinchisida ovoz bo‘lmadi. Keyin qo‘ng‘iroq bulbulga o‘xshab sayrab berdi. Mana shu hol Zohidni xijolatdan qutqardi. — Bolalar tugmani o‘ynayverib ishdan chiqarishganga o‘xshaydi. Qani, kir. Kelayotganingni derazadan ko‘ruvdim. Kutdim, kutdim, daraging bo‘lmadi. Yaxshiyam eshikni ochib qaraganim.
    Zohidning ko‘ziga uy besaranjomroq ko‘rindi. O‘rtadagi stol ustida ko‘k plastmassa chelak turibdi. Deraza tomonda ikki tog‘ora... Habib Sattorov Zohidning ajablanganini ko‘rib kulimsiradi:
— Chakka o‘tib ketdi. Uchinchi qavatdagilarga jabr bo‘lmasin, deb shunaqa o‘tiribmiz. Kecha quvurlar yorilibdi, uy isimayapti. Bolalarni qaynonamnikiga qo‘yib keldim. O‘zim kechqurun Maskovga ketyapman. Vadim Petrovich ishga chaqirib, holi jonimga qo‘ymayapti.
— Rozi bo‘lyapsizmi?
— O‘zimni-ku borgim yo‘q. Akademiyaga saylovdan keyin Sohib Po‘latovich zada bo‘lib qoldi. Endi menga kun bermas. Birinchi qilgan yaxshiligi men olishim kerak bo‘lgan uyni Kravchukka berdiribdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:22:51

— Kim u Kravchuk?
— Kerakli, zarur mutaxassis! — Habib Sattorov shunday deb ko‘rsatkich barmog‘ini osmonga nuqib qo‘ydi. — Institutning santexnigi.
    Zohid Fanlar Akademiyasining muxbir a’zoligiga nomzodlar orasida Habib Sattorov bilan Sohib Po‘latovlar borligini eshitib «chakki bo‘libdi» deb qo‘ygan edi. Bunaqa saylovlarda olimning iqtidori emas, egallagan mansabiyu suyangan tog‘i muhimroq ekani unga ma’lum. Saylovdan Sattorov ham, Po‘latov ham o‘tolmadi. Po‘latov, shubhasiz, bu ko‘rgulikda Sattorovning aybi bor, degan xulosaga kelganu uni ikki xonali tor, sovuq, chakka o‘tuvchi uyda yashashga mahkum etgan.
— Hozir ketsam, bo‘lmas, — dedi Habib Sattorov, — saylovdan o‘tolmagani uchun arazlab jo‘navordi, deb g‘iybat qilishadi. Maskovga-ku ishga bormasman. Ammo Kembrijga borishim kerak. Bir yilga chaqirishyapti. Dilimga tugib yurgan rejalarim bor, o‘sha yerda bitirib kelaman.
— Po‘latov biladimi, buni?
— Eshitsa infarkt bo‘lishi turgan gap. Mana buni o‘qi, hali hech kim bilmaydi. — U kitob javonini ochib, tik taxlangan kitoblar ustidan katta konvert olib uzatdi. — Inglizchani bilarding, a?
— Sal-pal.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:23:14

Zohid hij o‘qidi:
— «Qadrli mister Sattorov! Sizni Kembrij dorilfununining faxriy professori bo‘lganingiz bilan muborakbod etamiz. Xohish-istagingiz va imkoningiz bo‘lsa, Angliyaga kelishingizni so‘raymiz. Sizni dorilfununimizda bir yil hamkorlik qilishga taklif etamiz. Taklifimizga ko‘nsangiz, kontraktni imzolab jo‘nating...» Zo‘r-ku?
— Sekinroq aytasanmi?
— Men sizga dalda berib, ko‘nglingizni ko‘tarmoqchi edim.
— Be... uyni aytyapsanmi? Yo akademiyanimi?
— Unisini ham, bunisini ham.
— Unisiga ham, bunisiga ham xursandman, ochig‘i. Akademiyada kimlar borligini bilasan-ku? Uyni Po‘latovich marhamati bilan olganimda baribir turishim qiyin edi. Uchala qizimni uzatvoraman. Er-xotinga shu uy ham bo‘laveradi, nima deysan? Xo‘-o‘sh, qani o‘tir-chi. Choy ichasanmi yo qahva qilib beraymi? Yo konyakdan, a, yangi yil bahonasida?
— Kembrijni yuvish kerak.
— Bu gaping ham to‘g‘ri.
Habib Sattorov ko‘ngil uchun taklif etgan edi. Zohidning gapidan so‘ng o‘ziga ham bir ho‘plam quydi. Zohid professorning kam ichishini bilardi, shuning uchun bundan ajablanmadi. Konyak o‘ziga xush yoqdi. Tomirlarida go‘yo to‘xtab qolgan qon yurishib ketganday bo‘ldi. Sattorov uning kayfiyatini sezib yana quydi. Zohid uchinchi safar o‘zi quyib ichgach, mezbon konyakni olib, oshxonaga qo‘yib chiqdi.
— Solmonov o‘n sakkizinchida himoya qilyapti. Dissertatsiyasini yaxshi baholashyapti. Sen ham borgin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:24:23

    Zohid «xo‘p» deganday bosh irg‘ab qo‘ydi. Solmonov uning kursdoshi edi. Kirish imtihonida yozma ishni «besh»ga topshirib, tarixdan «ikki» olib iziga qaytmoqchi bo‘lganida joniga shu Habib Sattorov ora kirgan. Karra jadvalni arang biladigan, nima uchun bu o‘qishga kirib qolganidan garangsib yurgan «tolibi ilm»lar orasida Zohid bilan shu Solmonov ajralib turardi. Zohid o‘qishni tashlamaganida, balki o‘n sakkizinchida Solmonov bilan birga yoqlarmidi... Zohid «professor shunga shama qilyapti», deb o‘yladi. Holbuki, Sattorovning fikricha, Zohid hozir doktorlik dissertatsiyasini yoqlashi lozim edi.
    Sattorov «konyakdan keyin yaxshi ketadi» deb qahva qaynatdi. U sobiq shogirdining avzoyiga qarab, ko‘ngli xira ekanini sezgani uchun «ishlar qalay?» deb so‘ramayotgan, bu esa Zohid uchun muddaoning o‘zi edi. So‘ralgan taqdirda ham, garchi ko‘ngil hasratlashishni istab turgan bo‘lsa-da, «yaxshi» deb gapni kalta qilgan bo‘lardi. Fikri-zikri ilm bilan band bo‘lgan odamga Asadbek degan zotning qo‘li nechog‘li uzunligini, yangilangan prokuraturada ham adolat yo‘qligini tushuntirish qiyin. Umuman, bu dunyo qing‘irliklarini ko‘raverib ko‘zlari pishgan odamga adolat yo‘qligini gapirish osmon yulduzga to‘la ekanini behuda isbotlashday gap emasmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:24:49

    Solmonov bekorga eslanmagan edi. Professor avval uning ishlarini sharhlab berdi. Zohid o‘zining tergovchi ekanini bir necha daqiqa unutdi. Qahva quyilgan piyolalar chetga surilib, stol ustida qog‘oz-qalam, top-toza qog‘oz yuzida esa formulalar tizimi paydo bo‘ldi. Tashqaridan qaragan kishi chakka o‘tib turgan bu sovuq xonada riyoziyot professori bilan prokuratura tergovchisi emas, ikki olim dunyo tashvishlaridan chekinib, ilm bag‘riga sho‘ng‘iyapti, deb o‘ylashi mumkin.
Dissertatsiya sharhi tugagach, Sattorov Zohidga savol nazari bilan tikildi.
— Kallang joyida, hali ham kech emas, qayt.
Zohid qog‘oz yuzidagi formulalarga qarab hazin jilmaydi.
— Bilasiz-ku, men kamikadzeman.
Zohid qisqa javobi bilan nishonga urdi. O‘qishdan ketaman, deb yurganida bu gapni Sattorov aytgan edi. Zohid «Kamikadze degan gurji kim ekan, nima uchun meni unga o‘xshatdi», deb hayron bo‘lib yurdi. Oxiri bir kuni «Kamikadze» degan odam kim edi?» deb so‘radi. Professor avvaliga miriqib kuldi. «Ha, qishloqi!» deb mazax qildi. So‘ng Kamikadze — gruzin emas, balki ikkinchi jahon urushidagi mutaassib yapon uchuvchilariga berilgan nom ekanini, bu uchuvchilar samolyotga bomba ortib, izga qaytishga yonilg‘i olmay, o‘limga tik borishganini tushuntirib bergandi. Zohid hozir o‘sha suhbatni eslatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:25:16

— Kamikadzelar bekorga o‘lib ketishdi. Yaponiya urushda yengildi. Sen ham mag‘lub sifatida o‘lib ketasan.
— Adolat uchun kimdir o‘lib turishi kerak-ku?
Professor panjasi bilan stolni bir-ikki urib qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi. Deraza oldiga borib ko‘chaga tikildi.
— Faqat... sen o‘lma. Ahmoq bo‘lsang ham shu dunyoda yashab yuraver. Bu dunyoda ahmoqlar ko‘p-ku, to‘g‘rimi? — U shunday deb orqasiga o‘girilib Zohidga tikildi. — Shularning orasida sen ham yursang nima qilibdi?.. Seni nimaga yaxshi ko‘raman, hayronman. Ilmni behurmat qilgan odamning basharasiga qaramasligim kerak. Lekin seni ko‘rgim keladi. Sen «Habib akam meni yaxshi ko‘rarkan», deb taltayma. Sendan nafratlanaman. Lekin... ko‘rgim keladi. Bir kunmas bir kun aqlingni topib olishingga ishonsam kerak. O‘zi sen tengilarning hammasi ahmoqqa o‘xshaydi. Nechanchi yilda tug‘ilgan eding?
— Oltmish bir edi shekilli? — Zohid shunday deb gapni hazilga burmoqchi, professorni sal shashtidan tushirmoqchi edi.
— Ha, to‘ppa-to‘g‘ri! Ukam ham oltmish birda tug‘ilgan. U ham qip-qizil ahmoq! Ilmni qo‘yib, she’r yozib yuribdi.
— Tarixchi ukangizmi?
— Mening bittagina ukam bor. Uning hozir qaerdaligini bilasanmi? Jinnixonada! Lekin jinnimas u, miyasi bus-butun. Dunyoning yaralish formulasini yaratibdilar akam. Qaragin-a, — professor stol yoniga qaytib, qog‘ozning bo‘sh yeriga yozdi:  (haqiqat)=xiyonat+riyo (hasad+ochko‘zlik) + shuhratparastlik = mansabparastlik — vijdon+imon+diyonat=O. Bunga nima deysan?

Qayd etilgan