Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370572 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 51 B


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:16:55

— Otishganida xoin sifatida o‘lib ketarding.
— Jon oshnam, meni qiynama. Hozir menga yordaming kerak.
— O‘z kuching bilan meni bu yerdan chiqarib ketganingda rahmat aytardim. Sen bir boshi buzuqning marhamati bilan menga ozodlik bermoqchi bo‘libsan. Miyang aynib qolibdi. Men hali senga dunyoning formulasini topdim, dedim. Bu sen o‘ylagandek jinnicha hazil emas. Chindan ham topganman. Eshit: haqiqat degan narsa bu no‘l! Dunyoni ko‘zga chiroyli ko‘rsatib beruvchi niqob, choyshab. O‘likning ustiga gulli choyshab yopib qo‘yganing bilan murda chiroyli bo‘lib qolmaydi-ku, to‘g‘rimi? Hayotda hech qanday o‘zgarish yo‘q. Faqat choyshabning nomi o‘zgarib turadi. Choyshabning hozirgi nomi nima, bilasanmi? Qayta qurish!
— Anvar, qo‘y, bu gapni keyin gaplashamiz.
— Yo‘q, eshit, mening nimadan jinni bo‘lganimni bilishing kerak. Demak, dunyoning formulasi: haqiqatni iks deb turaylik, — Anvar stol ustidagi qog‘ozni, chiroyli qalamni olib tez-tez yozdi-da, Elchinga uzatdi. — Mana, qara:
H(haqiqat)=xiyonat+riyo+(hasad+ochko‘zlik)+adovat+g‘iybat+nifoq+shuhratparastlik+mansabparastlik—vijdon+iymon+hayo=0

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:17:29

Elchin qog‘ozdagi satrlarga uzoq tikilib qoldi. So‘ng uni ikki buklab stol ustiga tashladi.
— O‘rislarda bir maqol bor: Amerikani ikkinchi marta kashf etmaydilar. Oddiy haqiqatni kimga isbot etmoqchisan? Dunyoda hamma narsa nisbiy. Men falonchiga nisbatan insofliman, sen esa menga nisbatan, yana bir odam senga nisbatan insofliroq. Har birimiz haqiqatni o‘zimizcha tushuna-      miz.
— Bizning nodonligimiz ham shu tushunchalardan suv ichib ko‘karadi.
— Bo‘pti, sen haqsan. Bahslashgan bilan qorin to‘ymaydi. Narsalaringni yig‘ishtir.
— Men... ketmayman. Menga shu yer yoqib qoldi.
— Jinnilik qilma.
— Yo‘q, shu imkoniyatdan foydalanmasam, chindan ham jinni bo‘laman.
— Bu ishga Asadbek aralashganini bilmasang indamay chiqarding. Men atay aytdim. Bilib qo‘yishing kerak buni... Seni bu yerga jo‘natgan odamga faqat Asadbek bas kela oladi, — Elchin shunday deb boshini egdi. Xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandek davom etdi: — Qaytgan kunimoq senikiga bordim. O‘larday sog‘inuvdim. So‘ng... aytadigan gaplarim ko‘p edi senga. Men endi pulga muhtoj bo‘lmayman. Bolaligimizda sen kuchli eding. Meni himoya qilarding. Hozir bu himoyaga muhtoj emasman. U tomonda orttirgan oshnalarim bor. Sen yonimda bo‘lsang bas. Nafasingni his qilib tursam bo‘lgani. Men adolatga sig‘inay desam, qayga boraman, haqiqatga sig‘inay desam, qayga boraman? Ezgulikka-chi? Bilib qo‘y, men uchun hammasi — sensan! Keyin, men seni bu holda tashlab qo‘ymayman. Men xunxo‘r odamman. Ha, Noilani men o‘ldirmaganman. Lekin u mening ablahligim tufayli halok bo‘ldi. Shuning uchun jazo olishim kerak edi. Bu — bir. Ikkinchidan, begunohligimni isbot qila olmas edim. Ular bunga yo‘l qo‘ymas edilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:18:19

    Bilaman, o‘lim jazosini o‘shalar bekor qilishgan. Menga yaxshi bir saboq berishmoqchi edi. Saboq oldim. Lekin ular mo‘ljallagan xulosaga kelmadim. Endi mening suratim odam. Aslida esa, men ilonman! Ularni bo‘g‘ib qiynayman, so‘ng qonini so‘raman. Men ularning ko‘zlarini o‘yaman, tillarini sug‘uraman, qo‘llarini sindiraman, quloqlariga qo‘rg‘oshin quyaman. Umrimning mazmuni ham, totadigan lazzatim ham shu! — Elchin xo‘rsinib, Anvarga qaradi. Uning ko‘zida yovuzlik o‘ti chaqnadi. Endi u yosh dillarni vayron qiluvchi «lirik xonanda»ga sira-sira o‘xshamas edi. Anvar uning so‘zlarini eshitib, ko‘zlariga tikildi-yu, bir so‘z aytmadi. Elchin undan javob kutmay gapini davom ettirdi:
— Sen menga keraksan. Rad etishga haqqing yo‘q. Bu dunyodagi umrim o‘lchovli, meni ranjitsang gunohga botasan, bilib qo‘y.
    Anvar javob qaytarmadi. Og‘ir kulfat toshi yelkasidan bosib turganday bukchayganicha o‘tiraverdi. U do‘stining maqsadini tushundi. Asadbek huzuriga bosh egib borishining ma’nosini ham angladi. Elchin jonini tikib, xavfli o‘yinga kirgan edi. U uch boshli ajdahoni yengish qasdida chiqqan ulovsiz, yarog‘siz pahlavon holida edi. Bir paytlar bu ajdaho ko‘ziga farishta bo‘lib ko‘ringan edi. Anvar «Adashyapsan!» deb uni yo‘ldan qaytarishga ko‘p urindi. Ammo harakati zoe ketdi. Endi-chi? Endi nima qilsin? Yana yo‘ldan qaytarishga urinsinmi? Ilgari Elchinning ko‘zlari ojiz edi. Endi ko‘ra-bila turib, o‘limga rozi bo‘lib ketyapti.
    Anvar bir qarorga kela olmay dog‘da edi. Shu bois boshini ko‘tarib o‘ychan ko‘zlarini do‘stiga qadadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:18:55

— Sening orqangda tog‘ bo‘lishi kerak. Men... afsus, tog‘ emasman. Bir toshchaman. Hayot meni ermak qilib o‘ynab, istagan paytda uloqtirib tashlashi mumkin. Menga ishonma.
— Yaxshi, buni keyin gaplashamiz. Bu yer masala so‘qishadigan joy emas. Tur, lash-lushlaringni yig‘ishtir.
Anvar hazin jilmaydi.
— Men ketmayman.
— Istasang, seni bu yerga jo‘nattirgan it emganlarning hammasini haydab kelib, qarshingda tiz cho‘ktiraman.
— Bundan nima foyda? Shu bilan insofga kelishadi, deb o‘ylaysanmi? O‘zingni ham, meni ham qiynama, og‘ayni.
Elchin tizzasiga urib, o‘rnidan turib ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:19:53

— Qaysarlik ham evi bilan-da... — u bir oz jim qoldi. So‘ng Anvarga yaqinlashib, uni yelkasidan tutdi.— Hech bo‘lmasa bir kunga chiqarsan. To‘yimga borarsan, kuyovjo‘ra bo‘larsan?
Bu gapdan keyin Anvarning ko‘zlariga insof nuri qaytib, yuziga qizillik yugurdi.
— Uylanyapsanmi? Qutlug‘ bo‘lsin. Shuni oldinroq aytmaysanmi? Xo‘p, bir kunga chiqaman. Kimga uylanyapsan, sir emasmi?
    Elchin yangilikni eshitib qochib ketmasin, degandek Anvarning yelkasini yanada mahkamroq ushladi:
— Asadbekning qizini olyapman, — dedi do‘stiga tikilib.
    Elchin «jodugar kampirga uylanyapman» deganida Anvar bunchalik hayratlanmas edi. Lekin Asadbekning qiziga uylanish!!! To‘g‘ri, Elchin xushsurat yigit, avvalgi shuhrati ham unchalik so‘nmagan. Eng lobar qiz ham unga jon-jon deb tegishi mumkin. Lekin Asadbekning qizi?.. Qiz xohlagan taqdirda ham, Asadbekning rozi bo‘lishi?.. Anvar uchun bu yechimi og‘ir jumboq edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:37:42

3


     Aslida esa bu jumboqning yechimi unchalik og‘ir emas. Yechimga Noila o‘ldirilgan tunda kirishilgan bo‘lsa-da, hal qiluvchi palla deb 1988 yil 31 dekabrni belgilash mumkin.
     Otasini olib ketishganidan beri, o‘ttiz birinchi dekabr, nasariy hisobidagi yangi yil kechasi Asadbek uchun motam tusini olgan edi. Ulg‘ayib, uylanib, bola-chaqali bo‘lganidan keyin ham, atrofida odamlar to‘planib, qudratli kuchga aylanganidan keyin ham yilning so‘nggi kunida yolg‘iz qolar edi. Bu kuni uni hech kim bezovta qilmasdi. Aniqroq aytsak, bu kuni unga birov yurak yutib betlay olmasdi. Bu kuni u eng muhim ishlarini ham chetga yig‘ishtirardi.
     Oldi peshayvon, ikki xonali o‘sha eski uyiga borib, chiroqlarni yoqmay, tanchaga cho‘g‘ tashlamay tong ottirardi. Yangi yil kechasi uning eng sara, eng sodiq to‘rt yigiti uchun ham harom edi. Ularning ikkisi ko‘chaning u boshida, ikkisi bu boshida sergak turardi. Shu tun qor tugul tosh yog‘sa ham, sovuq ming darajaga chiqib ketsa ham bu hol o‘zgarmas edi.
     

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:39:26

    ...Asad o‘sha kech otasining aytganini bajarmadi — qo‘shnisi Jalillarnikiga chiqmadi. Nazarida haligi odamlar hazillashganday, dam o‘tmay otasi qaytib keladiganday tuyuldi... Ana, ko‘cha eshik «g‘iyt» etib ochildi. Ana, dadasi haligi ikki kishi bilan birga kulib kirib keldi. «Qalaysan, toychoq! Mening o‘g‘lim azamat, hech narsadan qo‘rqmaydi, desam, bular ishonishmay, men bilan garov o‘ynashgan edi. Sinab ko‘rib yutqizishganini tan olishdi. Qoyilman senga, ularni boplading!» Shunday deb dadasi uni o‘pdi... Ko‘cha eshigiga ilhaq tikilib o‘tirganida ko‘ziga ko‘rindimi yo bir zumgina mudroq yenggan chog‘ida shirin tush ko‘rdimi — farqlay olmadi. Har holda dadasining qaytishiga qattiq ishondi. Tancha sovudi. Chiroqni yoqmadi. Qo‘rqmadi. Ishonch qo‘rquvdan ustun keldi. Nigohi qorong‘ilik bag‘rini titib, timirskilanib kezdi. Oy ko‘tarilgach, hovlini qoplagan qor oppoq oqarib atrofni yoritdi. Oy nuri singan ko‘zi o‘rniga qog‘oz qoplangan deraza orqali uyga ham kirdi.
    Ko‘cha eshik ertalabgacha qilt etmadi. Dadasining ketishi hazil emas, chinga aylanayotgan damda ko‘cha eshik ochildi. «Dadam!» U irg‘ib o‘rnidan turdi-yu, eshik og‘zida oshnasi Jalilni ko‘rib, o‘sha zahoti joyida qotdi. Jalil hovliga kirib, bir-ikki qadam bosgach, to‘xtab atrofga alangladi. Uning bunaqa odati yo‘q edi. To‘g‘ri uyga kirib kelaverardi. Hozir esa bir narsadan qo‘rqib to‘xtadi.
— Asad!
    Jalil hovliga kirishi bilan shunday deb baqirib qo‘yib, uyga qarab yurardi. Bu safar past ovozda, birovni cho‘chitib yuborishdan qo‘rqqanday asta chaqirdi. Javobni kutdi. So‘ng yana o‘sha ovozda «Asad», deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:44:20

    Asadbek o‘rtog‘ini ko‘rib yig‘lab yuboray dedi. Badanidan o‘tgan sovuqni ham endi sezdi. Qo‘rquv ham endi iskanjaga oldi.
    Jalil yana chaqirdi. Javob bo‘lmagach, iziga qaytmoq uchun o‘girildi. Shunda Asadbek jonholatda «Jalil!» deb baqirdi-da, hovliga otildi. Jalil ranglari oqargan, ko‘zlari kirtaygan, ko‘kargan lablari titrayotgan o‘rtog‘ini ko‘rib baqrayib qoldi. Keyin yugurib keldi-da, qo‘llarini ushladi.
— Sovqotdingmi? — dedi soddalik bilan.
    Asadbekning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqdi. Ho‘ngrab yubormaslik uchun pastki labini qattiq tishladi. O‘zidan kattaroq yoki zo‘rroq boladan kaltak yesa yoxud o‘yin chog‘i yiqilib u yer-bu yeri og‘risa yig‘lab yuborardi. Kuzda birdaniga o‘n yettita yong‘oqni yutqizganida ham alamidan yig‘lab yuboruvdi. Hozir o‘zini yig‘idan tutdi. Vujudida o‘zi ham anglamagan kuch uyg‘onib undagi yig‘ini bo‘g‘di. Hozir dadasini olib ketganlarini, yangi yil kechasi qorong‘i, sovuq uyda bir o‘zi o‘tirganini aytib yig‘lasa ham o‘rtog‘i ayblamasdi, kalaka ham qilmasdi. Bu holatni u keyin, ulg‘aygan chog‘larida ko‘p esladi. Yig‘ini bo‘g‘a olgan qanday kuch ekan, deb o‘yladi. Ammo o‘ylab o‘yiga yeta olmadi. Bu g‘oyib kuchi uni faqat yig‘idan to‘xtatmay, ojizligini ham yenggan, sirli qudrat ham bergan edi. O‘sha onda u mutelik kishanini o‘zi bilmagan holda parchalagan edi. Shu bilan birga inson bolasiga xos eng pokiza tuyg‘ularni quvgan ham edi. Qorong‘i kechada unga qo‘rquv yaqinlashmadi, lekin mitti yuragiga yovuzlik tuxum qo‘ydi. Yovuzlikning birinchi ovozini o‘rtog‘i Jalil eshitdi:
— Ularni o‘ldiraman!..

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:45:06

    Titroq, yig‘i aralash ovozda aytilgan bu so‘zni eshitib, Jalil qo‘rqib ketdi. Ko‘chada janjallashib qolishganida «qarab tur, o‘ldiraman seni» deb ko‘p marta aytishgan. O‘ldirish qanaqa bo‘lishini bilishmas, shu bois ham bu po‘pisadan cho‘chishmas edi. Ammo Asadbekning labidan uchgan hozirgi so‘zlar... Bular po‘pisa emas, amalga oshishi haq bo‘lgan hukm edi...
    O‘shandan beri yangi yilning birinchi kuni Jalil bu xonadonga kiradi. Asadbekning onasi vafot etgan yili o‘ttiz birinchi dekabr oqshomida chiqqan edi, «meni xoli qo‘y», deb iziga qaytardi.
1949 yilning 31 dekabri Asadbekka «hayot beshafqat, hayot naq urushning o‘zi, og‘zingni ochib lalayganing — o‘lganing», degan haqiqatni oydin qilib bergan edi. O‘sha kuni u urushga kirgan edi. Oradan yillar o‘tib, urushda mutlaq g‘olib bo‘ldim, degan to‘xtamga kelib edi. G‘alabasiga ishongan edi. Kutilmaganda mutlaq g‘olib emasligi ma’lum bo‘lib qoldi.
    Ikki kun burun qizi o‘qishga ketdi-yu, qaytmadi. Yigitlari shaharning titi-pitini chiqarib ham topisholmadi. Qiz o‘qishda bo‘lgan, tanaffusdan so‘ng esa darsga qaytmagan. Ota-onadan xafa bo‘lib yoki biron ko‘ngil qo‘ygan yigiti bilan qochdi, degan faraz Asadbek uchun behuda edi. Asadbek g‘animlari uchun toshbag‘ir, farzandlari uchun g‘oyat mehribon edi. Ammo mehrning chegarasini bilar, bolalarini erkalatmasdi. Shu bois qizning yengiltaklik bilan qadam bosishiga ishonmasdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:47:13

    G‘animlari bilan har kun, har soat olishuvchi, har daqiqa biror falokat ro‘y berishi mumkinligini hisobda tutib yashovchi odam noxush damlarda tez fikrlash, tez xulosa chiqarishga odatlanadi. Asadbek ham tezda bir to‘xtamga keldi: uning hokimligi tuzdan yasalgan qasr ekan. Yomg‘ir yoqqan mahali qasrning erib bitishini hisobda tutmagan ekan. Qizining o‘g‘irlanishi (aynan o‘g‘irlanganiga Asadbek shubha qilmaydi) ana shu yomg‘irdan nishon edi. Qizining o‘g‘irlanishi yana bir narsadan — shaharda yangi to‘da paydo bo‘lganidan ham darak edi. Asadbek faqat shahardagi emas, butun o‘lkadagi yirik to‘dalarni biladi. Barcha to‘daboshilar «Asadbek!» deganda uning hurmatini joyiga qo‘yishadi. Ayrimlar esa qo‘rquvdan zir titrashadi ham. Asadbekka qarshi biror ish qilish u yoqda tursin, sha’niga mos kelmaydigan xunukroq so‘z aytishdan ham cho‘chishadi. Ularga «xudo bor», desangiz, ishonishmas, lekin «devorning qulog‘i bor», desangiz, ishonishadi. Ularning nazarida daraxtlarning, hatto o‘t-o‘lanlarning ham qulog‘i bor. Tildan uchgan har bir nojo‘ya so‘z Asadbekka yetib borishini bilishadi. Ular Sadirqimorbozga o‘xshab o‘lim topishdan qo‘rqishadi...
    ...Sadirqimorboz vodiyda beli baquvvat yigitlardan edi. Bir kechada bir yarim million yutib olib, katta ziyofat berdi. Shunda manmanligi tutdimi yo ajal tilini qichitdimi: «Asadbeklaring menga qulluq qilib kelsin. Istasam, oldiga bir burda non qo‘yaman, istasam, suyak tashlayman», deb yubordi. Sadirqimorboz bu so‘zlarni kayfning kuchi bilan aytdi-yu, unutdi. Ikki kundan keyin ko‘chalarida asfalt bosadigan mashinalar, egniga pushti kamzul kiygan ishchilar paydo bo‘lishdi. O‘tgan hafta u ijroqo‘m rahbaridan biriga «bizning ko‘chaga ham son bitadimi yo yo‘qmi», degan edi. Ko‘chadagi harakatni ko‘rib, «bizning gapimiz ham yerda qolmaydigan bo‘libdi», deb g‘ururlanib qo‘ydi. Qo‘ni-qo‘shnilar «pulning kuchi shu-da, qimorboz bo‘lmaganida ko‘chamizga it ham, bit ham qaramas edi», deyishdi. Uzun ko‘cha ikki kunda asfaltlandi. O‘sha kundan e’tiboran qimorboz ham ko‘rinmay qoldi. Qimorboz «safar»ga ketsa, bir-ikki oysiz qaytmas edi. Buni qo‘ni-qo‘shnilar ham bilishardi. Lekin bu gal besh-olti kundan keyinroq «qimorboz hech yerda yo‘qmish», degan mishmishlar tarqab qoldi. O‘n kundan keyin esa Sadirqimorbozning uyi sotiladigan bo‘ldi. Uning xotini uyga xaridor chiqishini ham kutmay: «Sadir akamlar katta shahardan joy olibdilar», deb ko‘ch-ko‘ronini yuklab jo‘nab ketdi. Hamshiralikka o‘qib, turmushga chiqqunicha bir yilgina ishlagan ayolning katta shahardagi jinnixonaga boshliq bo‘lib qolganini eshitgan qo‘ni-qo‘shnilar hayratdan yoqa ushlashdi. Ayrimlar «pulning kuchi shu-da», deb qo‘yishdi. Shu ko‘chadan ko‘p qatnaydigan aravakashlar qimorbozning uyiga yaqinlashganda otlarining hurkishidan bir nimani sezishdi-yu, ammo «astag‘firulloh!» deb qo‘yishdan nariga o‘tishmadi. Hammaga ham jon shirin-da!

Qayd etilgan