Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370764 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 ... 51 B


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:41:00

2

   Davraboshi Elchindan bittagina qo‘shiq eshitish taklifi tushayotganini aytishi hamonoq qiyqiriq bo‘lib ketdi. Elchin qamalmasidan avval bu sharafga ko‘nikib qolgan edi. Shunday kezlarda u sahnaga yurib emas, go‘yo parqu bulutlar ustida suzib chiqar edi. Hozir o‘sha damlar qaytganday bo‘lib yuragi bir entikdi. Bosh chayqab «yo‘q», dedi. O‘rnidan turib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qildi. Davraboshi unga tor uzatgach, noiloj qolib qo‘liga oldi. Shunda ham o‘rtaga chiqmadi.
   Kimga to‘y, kimga aza, deydilar. Elchin zohiran kuyovlik shohsupasida xurram ko‘rinar, botinan esa, yuragi temir tirnoqlar hukmida edi. Yaxshilab qaragan kishi uning yuzlari kulgani bilan ko‘zlari g‘am pardasi ortida ma’yus tortganini payqay oladi. Yaxshiki, to‘yda odamlar sinchkov bo‘lishmaydi. Ko‘pchilik Elchinning «ashula aytmayman» deyishini shunchaki noz o‘rnida qabul qildi. Elchin hozir ular istagan qo‘shiqlarni aytolmasdi, ularni xursand qilolmasdi.
   Qo‘liga tor olgach, «nimani aytsam ekan» deganday o‘ylanib qoldi... Elektr organ cholg‘uchisi uning mushkulini oson qilish uchunmi bir vaqtlar mashhur bo‘lgan ashulasining kuyini chaldi...

Bugun qo‘shni chorboqqa
kelin tushdi, yor-yor...


Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:42:58

Elchin bu kuyni eshitmadi.
...Pullar sochilib yotgan to‘yxonaga... Noila kirib keldi. Oppoq uzun ko‘ylakda. Chap ko‘kragida pichoq, lekin qon yo‘q. Ma’yus kulimsirab turib:
— Ayting, Elchin aka, o‘sha ashulangizni sog‘indim... — dedi.
— Qo‘shiq faqat senga atalgan edi.
— Ayting, mayli, bular ham eshitishsin. Zora tosh yuraklari yumshasa...
To‘yxona birdan jimib qoldi.
   Qamoqxonadagi to‘lg‘oqli kechalarda tug‘ilgan, uzoq yillar yurak qafasidagi tutqinlikda potirlayotgan qo‘shiq ozodlikka chiqdi...

Xayr endi, qalbimda bir vido qoldi...
Xayr endi, sen ketding, begunoh ohu...
Bugun sen qaydasan,
Qaylarda qolding...
Bugun boshing uzra kimning panohi...


   Elchinning nazarida to‘yxona jim edi. Barcha uning yuragidan otilib chiqayotgan nidoni tinglardi. Aslida esa... dasturxonga boshlangan yalpi hujum susaymagan holda davom etardi.

Seni kech topgandim... erta yo‘qotdim...
Qarg‘agin, loyiqman sening qahringga...
Qarg‘agin... Qarg‘agin...


Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:45:17

Elchin o‘zga olamga ko‘chgan edi.
   To‘yxonada esa Asadbekning ichkari kirishiga tayyorgarlik boshlanayotgan edi.  Harholda kuyovi ashula aytyapti, pul qistirmasa bo‘lmas...
   Bo‘shagan likopchalarni yig‘ishtirib yurgan to‘rt ayol Jamshidning ishorasi bilan sochilib yotgan pullarni tezlik bilan terib olishdi. Ular ishlarini yakunlamay turib bir yigit qo‘lida dastalangan pul bilan paydo bo‘ldi-da, yuztaliklarni ikki qator qilib xuddi poyandozday tera boshladi.

Qarg‘agin, loyiqman sening qahringga...

Yuz so‘mlik puldan iborat poyandoz hosil bo‘lgach, bazmxonada Asadbek ko‘rindi.

O‘zgalar qalbida mehr uyg‘otdim...

   Asadbek pullarni bosmay, chetlab o‘tib, ashula aytayotgan kuyovi tomon yurdi. Yo‘l-yo‘lakay Jamshidni ko‘zi bilan izlab topib qovoq uyib qo‘ydi. Jamshid buni tushunib darrov xipchabellarga imo qildi. Ularga jon kirib, pullarni yig‘ishtirishga tushishdi. Asadbek kelin-kuyovga yaqinlashib cho‘ntagiga qo‘l soldi. Ko‘pchilik bir dasta pul sochilishini kutgan edi. Asadbek hech bir to‘yda, yoki yig‘inda pul sochmagan. Uning bu odatini bilgan yaqinlari «o‘zining to‘yida bu odatini buzarmikin» deb o‘ylashgandi. Ular kutgan ish bo‘lmadi. Asadbek ikkita yuztalik chiqarib uzatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:46:54

   Elchin boshqa olamda edi — egilmadi. Asadbek pul qistirolmadi. Unga Elchinning hozirgi holati begona edi. Shu sababli Elchinning egilmaganini mag‘rurlik belgisi sifatida qabul qilib g‘ijindi. U o‘zini mag‘lub his etdi. Ammo mag‘lubligini to‘yga yig‘ilganlar u yoqda tursin, yonidagi a’yonlariga ham sezdirishi mumkin emas edi. U darhol cho‘ntagiga qo‘l soldi-da, bir tutam yuztalik chiqarib, kuyovi ustidan sochdi. To‘yxonani qiyqiriq bosdi. Asadbek ikkinchi cho‘ntagidan pul chiqarib uni qizi ustidan sochdi. Avval Kesakpolvon, so‘ng Chuvrindi xo‘jayinlari ishini takrorlashdi. Asadbek kulimsiragan holda to‘yxonadan chiqdi.

...Qarg‘agin, loyiqman sening qahringga...

   Elchin ustidan pul yog‘ilardi...
Tuyg‘ulari esa toptalardi...
Uning ko‘zlaridan sizib chiqqan yoshni hech kim sezmasdi, hatto Anvar ham...

...O‘zgalar qalbida mehr uyg‘otdim...

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:49:46

3

   «Siz o‘shami?..»
   Zaynab bu lahzani qancha kutdi? Yettinchi sinfdaligida «O‘tgan kunlar»ni birinchi marta o‘qib chiqqan edi. Yettinchi sinfdaligida kitobdagi Zaynabni qarg‘ab, Kumushga o‘zicha motam tutdi. O‘ziga Zaynab deb ism qo‘ygani uchun ota-onasidan xafa bo‘ldi. Romanni ikkinchi yo uchinchi marta o‘qiyotganida onasiga yig‘ladi. «Otimni o‘zgartiraylik», deb yalindi. Manzura qizining bu qilig‘idan kuldi. Quchoqladi, boshini siladi, peshonasidan o‘pdi. «Aylanay qizim, bu yomon ism emas, kitobda yozaverishadi-da», dedi. Keyin qiziga qiziqib o‘zi ham kitobni o‘qib chiqdi. O‘zi ham yig‘ladi. «Oyijon, ismimni Kumush deb o‘zgartirmaysizlarmi, Kumushga o‘xshab o‘lib ketsam ham mayli edi...» Bu Zaynabning ko‘nglidan kechgan gap. Uni tilga chiqarib aytolmaydi, uyaladi. Chunki kitobdagi Kumushning Otabegi bor.... orada totli damlar bor. Zaynabning orzulari ortida hozircha yashirin bo‘lmish shundayin hislar borligini otasi bilib qolsa — sharmandalik emasmi?
   Uzoq vaqtgacha birov uni otini aytib chaqirsa xuddi «Kumushga zahar bergan sensan», deganday bo‘laverdi. Hatto bir kuni tushida Kumushni ko‘rdi. Kumush — kinodagidan ming chandon go‘zal, yuzlaridan nur taralayotgan bir juvon «nima uchun meni o‘ldirdingiz?» deb o‘pkaladi.
   O‘zining ismidan uyalish barobarinda u xayolan Otabegini izlardi. Sinfdagi bolalar orasida Otabek o‘rnini bosuvchi bolani topmadi. Tanaffus paytida xuddi qizlarday to‘planib olishib kiyim-kechaklar haqidagi gaplardan ortmovchi o‘g‘il bolalardan Otabek chiqishi mushkul edi. Uning nazarida arzirli bola maktabda yo‘q edi. Norasta qiz yuragini otasining ishonchli mahramlaridan biri bo‘lgan jingalaksoch yigit — Jamshid rom etsami?! Jamshid esa qizchaning ko‘nglidan nelar kechishini bilmay, hovlida ro‘para kelib qolganida «Ha, puchuq, o‘qishlar qalay endi?» deb qo‘yadi. Zaynab ba’zan shu so‘zlarni ham eshitishga mushtoq bo‘lib qoladi. «Otam meni unga berarmikinlar?» deb o‘ylaydi. Hatto «Nimaga meni olib qochib keta qolmaydi?» deb ham fikr qiladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:54:09

   Balog‘at yoshiga shu o‘ylar, orzular bilan kirib keldi. Ko‘nglidagi bolalikning o‘tkinchi hislari emas ekan. Yurakka urug‘ bo‘lib qadalgan o‘sha hislar endi unib chiqa boshladi, qizning yuragini, aqlu hushini Jamshid tamom bandi qildi. Yoshi o‘tayotgan bo‘lsa-da, uylanmay yurgan yigit nima uchundir bu xonadonda ajib bir gul unayotganini sezmas edi. Jamshid deyarli har kuni shu yerda bo‘lgani uchun ham uni o‘z singlisiday ko‘rardi, unga boshqacha ko‘z bilan qarashni o‘ylamasdi. Zaynab mana shundan to‘lg‘oqda edi.
U bekor qoldi degunicha Kumushbibi qismatini o‘qirdi. Kitobning ko‘p sahifalari yod bo‘lib ketgan edi.

«Bilurmikin, bilmasmikin, u zolim!
Kunlar, tunlar tortgan ohu zorimni!..»


   Kumushning to‘yida qizlar aytgan qo‘shiqdan shu baytni ko‘p takrorlardi. Jamshid ko‘rinmay qolsa «toblari qochdimi, meni o‘ylab xasta bo‘ldilarmi», degan xayolga borardi. Xayolni o‘zicha haqiqatga aylantiray deganida Jamshid ko‘rinib qolsa, uning sochlarini bittalab yulgisi kelardi. Kechalari bilan to‘lg‘onib «yaxshi ko‘rishimni o‘zim aytaman», deb qaror qilardi. Tong bo‘zarishi bilan uning bu dadilligi uyquga ketar edi. Jamshidning mashinasiga chiqqanida esa siri oshkor etilib sharmanda bo‘lganday yuzlari lovullab, tili kalimaga kelmay qotib qolardi. Zaynab faqatgina o‘z dunyosida yashardi. Bu dunyoga o‘zgalar kirishi mumkin bo‘lgan eshik esa taqa-taq berk edi. Bu eshikni, istasa, faqat Jamshid ocha olardi. Ammo unda bunday xohish uchquni sezilmadi. Zaynab noshukurlik qilmadi. «Uzoqdan bo‘lsa ham har kuni ko‘rib tursam bas», dedi. Nazarida Jamshid bo‘lmasa uning bu dunyoda yurishiga hojat ham qolmas edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:55:29

   Yigit kishi ham shunchalar beparvo bo‘larmi? Gullarning ochilishiga zor bulbullar qani? Gul ishqida yonib kuylovchi qumrilar qani? Qani Otabek? Zahar faqat Kumushbibi jonini sug‘urib olmay, Otabek yuragidagi muhabbatni ham o‘ldirdimi ekan? Shu bois bu yorug‘ dunyoda Otabeklar qolmadimi ekan?
   Jamshid Otabek kabi sevganida edi, Zaynabimiz Kumush kabi o‘lib ketishga ming marta rozi edi. Ha, Zaynabimiz ana shunday telba muhabbat cho‘risi edi. U Jamshidning yuragidan ayol zotiga nisbatan muhabbat quvib chiqarilganini, bu qalb faqat nafrat bilan tepayotganini bilmas edi. Chunki Jamshid ham o‘z dunyosida yashardi. Uning dunyosiga o‘zgalarning kiruvi mumkin bo‘lgan eshik ham taqa-taq berk edi. Bu eshikni Zaynab ham ocha olmas edi...
   Zaynab muhabbatning aldamchi bulutlari ustida suzib yurganida o‘zining bo‘lajak to‘yini xayol ko‘zi bilan ko‘rardi. Yo‘q, yo‘q, siz uni ersirab qolibdi, deb o‘ylamang. Asti bunday emas. To‘y deganda uning ko‘z oldiga to‘shak kelmaydi. To‘y deganda u... Otabeknigina ko‘rardi. Xotirasiga muhrlanib qolgan yozuvchi satrlari bilan ko‘rardi...
«...kuyov kelar edi: ikki tomonni sirib olgan xotin-qizlar o‘rtasidan Otabek kelar edi...»
Otabek — shubhasiz, jingalaksoch yigit.
«...uning ketidan Oftob oyimning egachisi isirig‘ tutatar edi...»
Demak, isirig‘ni xolasi tutatadi.
«...xotinlar qo‘llarida sham bilan bunga qarar va uzatib qolur edilar...»
Elektr chiroq o‘chib qolsa qanday yaxshi bo‘lar edi...
«Kuyov uyning yoniga yetdi. Uning yuzi uyatdan juda qizargan, qochgali joy topolmas edi. Shu kezda uyning eshigi ochildi-da, yanga tomonidan qarshilandi.
— Kiringiz, bek!»

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:57:35

   Yanga kim bo‘larkin? Kichik xolasi durust. Kattasi sal qo‘polroq, bema’ni gaplarni ham aytvoradi.
«...Otabekning yurak urishi ehtimol yangasiga ham eshitilar edi...»
Yangasiga eshitilmas balki, ammo u eshitadi. O‘z yuragining qafasdagi qushday potirlashiga hamohang bo‘ladi...
   «...Otabek uyga kirgandan keyin yangasi tashqari chiqib, eshikni o‘zi ko‘rarli qiya qilib yopdi...»
Kichik xolasi mo‘ralamaydi, gap poylamaydi. Unga aytib qo‘yadi: eshikni zich yopib ustlaridan qulflaydi...
   «...Uyning to‘rida yonini Otabekka berib, ro‘molining uchini tugibmi, yirtibmi Kumushbibi turadir va kim keldi, deb yoniga qaramaydir...»
   U ham shunday turadi. Darrov qaramaydi, sirini oshkor qila qolmaydi...
«...Ro‘mol tugish bilan mashg‘ul latif qo‘llarni chet qo‘l kelib siqdi.
— Jonim!»
   Bu onni, bu jon olg‘uchi birgina so‘zni u necha yil kutdi? Uning azoblariga necha tun guvoh bo‘ldi ekan? Tundan so‘rab ko‘rish kerak: muhabbat olovida qovjirayotgan undan boshqa yana bitta qiz bormikin dunyoda? Shunda ham...
«...Kumushbibi begona qo‘ldan seskandi va qo‘llarini qutqazmoqqa tirishib:
— Ushlamangiz! — dedi ham siquvchi qo‘ldan qutulish uchun orqaga tislandi...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:59:22

   ...Shunda ham Kumushbibi singari qo‘lini tortib oladi. Siltab emas, asta, noz bilan tortadi — uning xayoliga boshqa gap oralamasin, ko‘ngli ozor chekmasin. Shunda u...
«...Titragan va qovjiragan bir tovushda:
— Nega qochasiz?! Nega qaramaysiz?! — dedi Bek, Kumushbibi shu choqqacha qaramagan va qarashni ham tilamagan edi...»
...Shunda u ovozi titramasa ham aytadi bu gapni. Axir, nimadir deyishi kerak-ku?
«...Majburiyat ostida, yovqarash bilan sekingina dushmanga qaradi. Shu qarashda birmuncha vaqt qotib qoldi...»
Yo‘q, yovqarash qilmaydi, xumor ko‘zlari bilan qaraydi. Uyalibgina qaraydi. Bu qarashning muddati yashin umri misol qisqa bo‘ladi...
«...Shundan keyin bir necha qadam bosib Otabekning pinjiga yaqin keldi va esankiragan, hayajonlangan bir tovush bilan so‘radi:
— Siz o‘shami?...»
Nima uchun shunday deydi?
   Zaynabimizning xayolidagi to‘y shu yerga kelganda uzilar edi. Kuyovga shunday deyish uchun sabab axtarardi... Sababini beshafqat hayotning o‘zi topib berishini u qaydan bilsin? Xayolidagi to‘y sarob ekani, isiriq tutatilmasligi, shamlar yoqilmasligi, hatto... katta xolasi yanga bo‘lishi, chimildiqqa nomusli qiz emas, yukli juvon bo‘lib kirishini, Otabek — jingalaksochli yigit emasligini o‘shanda bilganida o‘zini yoqib yubora qolmasmidi? Xo‘sh, bilgach-chi? Uni nima ushlab qoldi? O‘g‘irlangan kuniyoq xayolidagi to‘y barham topganini anglagan edi-ku?.. Xayolidagi to‘y barham topgani to‘g‘ri, ammo Jamshidga bo‘lgan muhabbati so‘nmagan edi. Bu muhabbat so‘nishi uchun avval uning o‘zi o‘lishi kerak. Avval muhabbatni so‘ndirib, so‘ng o‘lish uning qo‘lidan kelmaydi. Zaynabdagi muhabbat alangasi zo‘rmi yo Elchindagi qasos o‘timi — o‘lmasak bunga ham ajrim toparmiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:00:31

   Hozir esa... Zaynab nomi chimildiq, aslida ovrupocha qilib yaxshilab yasatilgan yotoqda, to‘shakning bir chetida omonat o‘tiribdi. Katta xolasi «o‘zingga mahkam bo‘l», deb chiqib ketgan. Eshik qiya ochiq. Kumushbibining yangasiga o‘xshab mo‘ralash uchun atay ochib qo‘ymadi. Tasodifan shunday bo‘ldi shekilli.
   Zaynab kuyov bo‘lmishning bir vaqtlar mashhur qo‘shiqchi ekanini eshitganidan beri o‘ylab o‘yiga yetolmaydi: U Elchinning mashhurligiga guvoh emas. Elchin qamalganida u uchinchi sinfda o‘qir edi. Qamalganidan keyin Elchinning ashulalari radiodan ham berilmay qo‘ygan, shuhrati asta so‘ngan edi. Qolaversa, yangi avlodning o‘z ohangi, o‘z qo‘shiqchilari bor edi. Zaynab otasining maqsadini anglay olmadi. Chiroyga baho berilsa, Elchin Jamshidga nisbatan o‘ktamroq edi. Lekin qamalda bo‘lgan Zaynabning yuragi unga eshikni ochib bera olmas edi. Nikohlarini ro‘yxatdan o‘tkazmoqqa borganlarida unga bir necha marta o‘g‘rincha qaradi. Dugonalarining havasdan yonayotganlarini ham sezdi. Ammo... xotinini so‘yib tashlagan odamni kuyov qilish otasiga nima uchun zarur bo‘lib qoldi? Nima uchun onasi itoat bilan ko‘ndi?
   Yanga — katta xolasi chiqib ketganiga ham ancha bo‘ldi. Kuyov esa hayallayapti.
Kun bo‘yi qor yog‘ib, osmon hasratini to‘kib ado qilibdi — havo ochiq. To‘lin oy juvon holicha erga tegayotgan qizning ahvolini bir ko‘ray deb naq deraza tepasiga sullohlik bilan qo‘nib olgan. Hovlida harakat so‘nmagan — xotinlar hamon ivirsib yurishadi...
   Zaynab o‘rnidan turib deraza pardasini yopdi. Joyiga qaytib o‘tirdi. Zindonga tushib qolganday bo‘ldi. Go‘yo to‘rt devor, shift bir bo‘lib uning ustiga bosib kela boshladi. Nafasi qaytib o‘rnidan turdi-da, pardani salgina surdi. Oy nuri xonaga o‘g‘rincha kirib ojizgina yonib turgan tunchiroq nuri bilan qorishib ketdi.

Qayd etilgan