Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370761 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 51 B


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:01:39

   «Siz o‘shami?»
   Buning aytilishiga ozroq fursat bor.
   Zaynab yotoqxonada kuyovning hayallashidan hayron. Kuyovning esa bu yerga kirishga yuragi dov bermaydi. Uch kun avval kelinning seplari olib kelinganda Elchin qaysi xona yotoq bo‘lishini ko‘rsatgan edi. Arabistonda yasalgan hashamdor karavotlar Elchin aytgan xonaga qo‘yilib edi. Noila bilan totli tunlarni o‘tkazgan, oqibatda esa, Noilaning joni uzilgan xonada endi u boshqa juvon bilan birga bo‘lolmas edi. Restoranga jo‘nashayotganida ham xobgoh Elchin aytgan xonada edi. Qaytsa... Noilaning joni uzilgan xonaga ko‘chirilibdi.
— Hech zamonda dahliz ham ispalniy bo‘larkanmi, — dedi ammasi uning noroziligini pisand qilmay. Elchinning tuyg‘ulari amma uchun begona edi. Aytsa, «oradan necha yil o‘tdi. Erkak kishi sal o‘zini qo‘lga olishi kerak», deganga o‘xshash bir gap eshitardi.
   Xobgohdan bo‘lak barcha xonalar kelin tarafidan kelgan xotinlar bilan band. Hovlida o‘zining qarindoshlari izg‘ib yurishibdi. Elchin chekib olish bahonasida Anvar bilan darvozaxonada turibdi. Ammasi ikki marta kelib: «Hoy, kirmaysanmi?» deb ketdi. Elchinning gaplarida tayin yo‘q. Anvar buni sezyapti. O‘rtog‘ining kelin oldiga kirgisi yo‘qligini anglab turibdi. Sababini so‘ramaydi. «Noila esiga tushib ketdi shekilli?» deb taxmin qiladi. «Mayli, o‘zini bosib olsin», deb u ham sigaretga sigaret ulaydi... Ammo tonggacha shu holda turish mumkin emas...
— Sovqotdim, oshna, — dedi Anvar. — Endi kir, xotinlar gap qiladi.
Elchin mo‘min boladay xo‘p, deb uy tomon yurdi. Ostona — muqaddas chegara. Anvar chegarani bosib o‘tmadi, hovlida qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:02:51

   Eshik ochilib kuyov to‘ra — Otabek emas! — kirdilar. Kelin poshsha — Kumushbibi emas! — yonini eshik tomon berib — atayin emas! — o‘tiradilar. Kim keldi, deb yonga qaramaydilar. Eshik mahkam yopilib, kalit buraladi. Narigi xonadan joy olgan xotinlar, g‘aflatda qolishdi desak, yanglishmaymiz. Chunki qadimning rasm-rusimi yo‘q endi. Xotinlar nima uchun kuyovning uyiga kelib, nima uchun yotib qolishayotganini ham bilmaydilar. Hovlida gulxan yoqish yo‘q, kelin boshi uzra palak tortib yor-yor aytish yo‘q, isiriq tutatish yo‘q, tortishmachoq yo‘q, chimildiq yo‘q... Kelin-kuyov uy burchagiga tortilgan chimildiq ortida o‘tirib tong ottirmaydilar. Xotinlar chimildiqni asta surib mo‘ralamaydilar. Kampirlar qizlik olamlarini tashlab, juvonlik ochuniga kirish onlarini xotirlab, chollari bilan bo‘lgan keyingi hangomalarni so‘zlab kuyov bilan kelin ko‘nglini qitiqlamaydilar... Hammasi soddagina: eshik qulflanadi, xotinlar ming‘irlab-ming‘irlab uyquga ketadilar. Kelin o‘ziga pishiq bo‘lsa bo‘ldi, yo‘qsa urf bo‘yicha ertaga belgilangan voqea shu tundayoq amalga oshaveradi, yangalar dog‘da qolaveradilar...
   ...Latif qo‘llarini chet qo‘l kelib siqmadi. «Jonim!» degan so‘z uchmadi. U Kumush emas, Zaynab ekani uchun shunday bo‘lgandir? Balki u kitobda yozilganday shirin lahzaga arzimas?
   ...Elchin avvaliga to‘shak ustida Noilasini ko‘rdi. Ko‘zini chirt yumib oldi. Chuqur nafas olib tuyg‘ularini haydab chiqarmoqchi bo‘ldi. Bunga picha erishdi. Ko‘zini ochganda to‘shak ustida Noilasi yo‘q edi. To‘shak ustida omonat o‘tirgan Zaynab — Asadbekning (!) qizi unga qaramasdi. Elchin kelinlik libosida o‘tirgan Zaynabga majburiyat yuzasidan yaqinlashib, bilagiga qo‘l yubordi. Qattiq siqmadi, ohistagina ushladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:03:58

   Zaynab seskandi. Ammo qo‘llarini qutqazmoqqa tirishmadi. Uning bilagini ushlagan qo‘l begona emas, tanish edi. Zaynab yovqarash bilan, yalt etib dushmaniga qaradi, (ha, u yori emas, dushmani edi!) o‘rnidan turdi. Kumushbibi Otabek pinjiga yaqin kelgani kabi yaqinlashmadi. Esankiragan, hayajonlangan bir tovush bilan so‘radi:
— Siz... o‘shami?!
   Bu gap tilidan beixtiyor uchdi. Bu gap Kumushbibining hayajoni bilan uchmadi. Kumushbibi kutilmagan baxt qushi boshiga qo‘ngan saodatli qizning esankirashi bilan aytgan edi bu gapni, Zaynabimiz esa uzoq izlagan qonxo‘r dushmaniga tasodif bilan ro‘para kelib qolgan, baxti toptalgan juvonning ezgin ovozi bilan aytdi.
Savol javobsiz qoldi.
   Otabekning «Men o‘sha!» degan ko‘ngilni quvontiruvchi so‘zlari uchmadi. Zaynabimiz «Ko‘zlarimga ishonmayman», demadi. Ikki lab o‘z-o‘zidan bir-biriga qovushmadi... Kichkina nozik qo‘llar yelka ustiga, kuchli qo‘llar qo‘ltiq ostiga yopishmadilar. U kuyov bo‘lmishning yuziga uzoq tikilib turmadi... «Kutilmagan bir baxt!» demadi, kulib yubormadi. Bu kulish hovlilargacha eshitilmadi...
Kuyov bilan kelin bir-birlariga yaqinlashmagan holda o‘tirib, tong ottirdilar.
   Elchin, so‘fi azon aytmay turib, xobgohdan chiqdi. Kuyov chiqib ketishi bilan shoshilib kirgan yanga — Zaynabning katta xolasi jiyanining «o‘ziga mahkam bo‘lganini» ko‘rib, quvondi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:05:38

XV  b o b

1

   Vino zavodining boshqoni Sharif Namozov xunuk xabar bilan kirgan kotibaga norozi qiyofada boqdi. Birgina jilmayishi bilan jonini sug‘urib olishi mumkin bo‘lgan, ammo yangi boshqonning ko‘nglini ovlay olmasdan xunobi chiqib yurgan kotiba uning qovoq uyganini ko‘rib chimirildi.
— Kiraversinmi? — dedi nozli ohangda.
— Bir oz kutsin, — dedi Sharif, telefon go‘shagiga qo‘l uzatib. — Ministr bilan gaplashishim kerak.
   Kotiba noz bilan burilib chiqdi. Sharif go‘shakni joyiga ildi. «Prokuraturaning yana nima ishi bor ekan menda?» deb o‘yladi. Qornida birdan sanchiq turib, ko‘ngli aynidi. Cho‘ntagidan xapdori chiqarib, ilib qolgan choy bilan ichdi.
   Shu yoshgacha faqat ilm deb yashayotgan odam, go‘yo peshonasi devorga urilib ko‘zi ochilganday, hayotning ma’nosi o‘zgacha ekaniga imon keltira boshlagan edi. Baxtli bo‘lishimga baxtsizlik asqotadi, deganlaridek, Xudo bu bandasining yumuq ko‘zlarini ochmoq uchun atayin qamoq mojarosiga ro‘para qilganday edi. Qamoqdan-ku, bir necha kunda qutuldi. Bilagidagi igna izlari ham yo‘qolay dedi. Biroq giyohvandlikning to‘ridan qutulishi og‘ir kechdi. Xuddi achigan ovqat yeb qo‘yganday ko‘ngli aynib, qorin og‘rig‘i boshlansa, to‘lg‘oq tutgan xotin kabi tipirchilab qoladi. Shunaqa paytda ko‘ngil qamoqxonadagi yigitni qo‘msaydi. U ko‘ziga farishta bo‘lib ko‘rinadi. Kela qolsayu bilagini siqib turib tomiriga em ignasini sanchsa. Og‘riq to‘xtasa. Bulutlar ustida yonboshlab sayr qilganday orom olsa... O‘ttiz ming emas, o‘ttiz million so‘m beraman degan tilxatga ham imzo chekishga tayyor... Uyida dastlab shu dard xuruj qilganida o‘zi ham, xotini ham qo‘rqdi. Giyohvandlik to‘ridan chiqib ketish mumkinmi, degan muammo er-xotinni tashvishga soldi. Sharifni qamoqxonadan uyga olib kelgan jingalaksoch yigit xapdori tashlab ketmaganida ularning holiga maymunlar yig‘lashi mumkin edi. Xapdori em bo‘lib, dard asta chekina bordi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:07:13

   Boshqonlik kursisiga o‘tirgan kuni, yo‘qlanmagan mehmonday Asadbek kirib kelganida ham xapdorini yutib, dard bilan olishayotgan edi. Sharif Asadbekning dovrug‘ini eshitsa ham, o‘zini endi ko‘rayotgan edi.
   Asadbek ustol qirrasiga ko‘kragini tirab, tirishib o‘tirgan boshqonga qarab turdi. Dard picha chekinib, Sharif qaddini rostlagach, «Ha, nima bo‘ldi?» deb ham so‘ramadi.
— Yangi amallar qutlug‘ bo‘lsin, — dedi Sharifga qattiq tikilib.
Azobning asoratidan hali to‘la qutulmagan Sharif yuzini burishtirib, «Rahmat», dedi. U indamay kirib kelib, bezbetlarcha o‘tirib olgan bu odamni vazirlik vakili deb gumon qildi.
— Meni tanimaysizmi? — dedi Asadbek.
— Ko‘zimga issiqroq ko‘rinyapsiz?..
— Men, Asadbekman! Shunaqa odamni eshitganmisiz?
Behush odam yuziga muzdek suv sepilsa, ko‘zi moshdek ochilgani kabi Sharif ham o‘zi kutmagan holda, birdan sergak tortdi. «Shunaqa odamni eshitganmisiz?» Sharif Asadbekni badqovoq, to‘ng, yovuz bir maxluqni eslatuvchi odam qiyofasida tasavvur etardi. To‘g‘ri, qarashi o‘tkir ekan. Lekin bu qarashda ham, yuzlarida ham yovuzlik alomati sezilmaydi. Kiyimlar shohona emas, barmoqlarda tilla uzuk, og‘izda tilla tishlar yo‘q... Sharif Asadbekning qarashiga dosh berolmay o‘rnidan turib ketganini o‘zi ham sezmay qoldi. Ustolni aylanib o‘tib u bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Asadbek o‘tirgan o‘rnida jilmaydi. «Joyingizga o‘tiring», dedi. Sharif unga itoat etmay, ustol olib ro‘parasiga o‘tirib «buyursinlar, taqsirim», degan kabi mo‘mintoy ko‘rinish oldi. «Qilich bu olimchani qaysar, derdi, muloyimgina-ku?» deb o‘yladi Asadbek.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:17:00

— Ishga kirishib ketdingizmi? — dedi Asadbek, undan ko‘z uzmay.
— Sekin-sekin bo‘lyapti, — dedi Sharif. U hozir qaynotasi bilan birinchi marta uchrashib, xijolatda o‘tirgan kuyovbolaga o‘xshardi.
— Shu zavod dunyoga mashhur bo‘lishi mumkinmi?
— Ha... — dedi Sharif, — katta foyda berishi mumkin.
— Men dunyoga mashhur bo‘lishi mumkinmi, deb so‘rayapman. «Porto»mi, «Napoleon»mi, hech bo‘lmasa «Beliy aist» darajasiga chiqa oladimi?
— Nega chiqmasin? Biz «Porto»dan o‘tib ketishimiz aniq. Men yangicha bir jarayon asosida vino olishni taklif qiluvdim. Portugaliyaliklar qiziqib turishibdi. Bu jarayonni yanada murakkablashtirish imkoniyatim bor. Zavodda ishlayotgan odam soni uchdan ikkiga qisqaradi. Mahsulot hajmi uch baravar oshadi, sifati yetti-sakkiz marta yaxshilanadi.
— Biz zavodni sotib olamiz.
— Biz deganingiz kim?
— Biz — ikkalamiz. Ya’ni, sizu men.
— Hazillashmang, mening pulim yo‘q. Undan keyin bu davlatning zavodi.
— Davlat sotadi zavodni. O‘tirib qoladigan hamma zavodlarni bugun bo‘lmasa ertaga albatta sotadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:18:44

— Bu zavod... o‘tirib qolmagan. Katta foyda oladi.
— Hozirgi sharoitda milliarder zavod ham xarob bo‘lib ketishi mumkin.
— Yo‘q, bu mumkin emas.
— Mumkin.
— Bu mening qo‘limdan kelmaydi.
— Sizning qo‘lingizdan aralashmaslik kelar?
Sharif tushundi. Demak, Asadbekning rejasi ikki bosqichdan iborat: birinchisida boshqon chetda turadi. Undan ko‘ra chapdastroq odamlar zavodni cho‘ktirishadi. «Norentabel» degan ro‘yxatga kiritiladi. Ikkinchi bosqichda Sharif maydonga chiqadi. Yangi usuli bilan zavodni «ko‘taradi».
— Foydaning to‘rtdan biri sizniki, — Asadbek shunday deb o‘rnidan turib, qo‘l uzatdi. Sharif beixtiyor qo‘l berdi. Asadbek xayrlashish uchun qo‘l olishdimi yo shartni tasdiqlatdimi — Sharif anglay olmasdan qoldi.
   Oradan necha kun o‘tsa ham Asadbekning gaplarini o‘ylaydi. Mag‘zini chaqmoqchi bo‘ladi. Hozir zavod to‘rt million so‘m sof daromad oladi. To‘rtdan biri — demak, million! Yangi usulga o‘tilsa bu yana ko‘payadi. Xorijdan dollar ham oqib keladi. Nima, u millioner bo‘ladimi? Bunga bir ishonib — ko‘ngli yayrab ketadi. Bir ishonmay, ko‘ngliga g‘ulg‘ula oralaydi. Prokuraturadan Zohidning kelgani haqidagi xabar vujudida mudrayotgan o‘sha g‘ulg‘ulani uyg‘otdi. Garchi Zohid yomonlik qilmagan bo‘lsa-da, Sharifda unga nisbatan nafrat zohir edi. U, shubhasizki, Zohidning yuragida qanday dard borligini bilmasdi. Sharif uchun milisa ham, prokuror, tergovchi ham bir — surishtirib o‘tirmay qamaydigan odamlar. Sharif endi ish boshlagan damda, ro‘parasidagi qorong‘iliklar chekinib, uzoqdagi tilla cho‘qqilar ko‘rinib, o‘sha tomon talpinib yashayotgan paytda kasbi qamashu xo‘rlash bo‘lmish bu odamni ko‘rishni istamas edi. Ammo prokuraturadan kelgan odam uning istagi bilan hisoblashmaydi — shunisi chatoq.
   Sharif o‘zi bilan picha olishib o‘tirgach, kotibasini chaqirib, «kiraversin», dedi.
Ularning so‘nggi uchrashuvi qamoqxonada bo‘lgan edi. Unda Zohid o‘rnidan siljimaydigan taxta ustol ortida o‘tirardi. Sharif xonaga qo‘llarini orqasiga qilib, o‘limini bo‘yniga olgan odamday qaddini egib kirgan edi. Hozir esa... keng xonada, ustiga to‘rtta telefon qo‘yilgan katta ustol ortida Sharif o‘tiribdi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:20:54

   Eshikdan Zohid kirib keldi. Orqasida soqchi emas, kotiba ko‘rinib, Zohid ichkariga qadam qo‘yishi bilan eshikni yopib oldi. Zohidning qo‘llari orqasida emasdi. Qaddi ham egilmagan, yurishi dadil edi. U «kutib tursin», degan gapni eshitganidayoq boshqonning uchrashuvga hushi yo‘qligini sezgandi. Ichkari kirib, Sharifning qimirlamay o‘tirganini ko‘rgach, bir g‘ashlandi. Ammo odob yuzasidan salom berdi. Sharif bosh irg‘ab alik oldi. Qo‘li bilan ro‘parasidagi stulni ko‘rsatib, «o‘tiring», degan ishorani qildi. Uning dushmanni kutib olganday qarshilashi Zohid uchun kutilmagan hol edi.
— Eshitaman, — dedi Sharif, Zohidga qarashga botinmay. U tergovchini xushlamay qarshi olgani bilan sarosimadan hali qutulmagan edi. Shu sababli ham unga tik qaray olmadi.
Zohid esa unga tikilib turdi. «Men hali shunga achinuvdimmi? Shuning begunohligini isbotlamoqchi edimmi? Qamoqda chirib ketadigan to‘nka ekan-ku?» deb o‘yladi.
   Zohid Jalolshilimshiqning ishi bilan band bo‘lsa-da, Sharif Namozov taqdiri, vinzavod atrofidagi hangomalarni o‘rganishdan butunlay voz kechmagan edi. U hali Jalolshilimshiq Asadbekning yaqinlaridan biri bo‘lganini bilmaydi. Bilganda edi, «Asadbek lozim bo‘lgan mahalda sizni ham shu yigitday o‘ldirtirib yuboradi», deb aytarmidi... Zohidning bu dargohga kelishidan maqsadi dastlabki ish bo‘yicha haqiqat tagiga yetish. Nima uchundir «Sharif Namozov menga ko‘mak beradi», deb o‘ylabdi. Odamning bunchalik tez o‘zgarishi mumkinligini hisobga olmabdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:22:17

— Eshitaman, — dedi Sharif bu safar balandroq ovozda.
— Bir tabriklab qo‘yay deb kirdim. Shu ko‘chaga yo‘lim tushib qoluvdi.
— Rahmat.
— To‘yda ko‘rinmadingizmi?
— Qaysi to‘yda?
— Asadbek qizini uzatdi-ku, sizni aytmadimi?
— Safarda edim.
— Attang... Zo‘r to‘y sizga nasib etmabdi-da, a? Ishlar qiyin emasmi?
— Shuni so‘ragani keldingizmi, boshqa gapingiz yo‘qmi?
— Boshqa gapmi?.. Bor. Qilich Sulaymonov bilan oralaringizda nima gap o‘tgan edi?
— Hech qanaqa gap o‘tmagan.
— Unda nima uchun sizga tuhmat qildi. Ozmuncha pulga kuymadi, boyaqish. Sizning qamalishingiz unga nima uchun zarur bo‘lib qolgandi?
— Sulaymonovning ishini siz olib boryapsizmi?
Zohid savoldan kutilgan maqsadni angladi:
— Men Namozovning ishini olib boryapman, — dedi dona-dona qilib.
— Namozovning ishi yopilgan, — dedi Sharif to‘ng ohangda.
— Hozircha rasman shunday. Siz ko‘cha changitib yurgan kissavur bola emassiz. Olimsiz. Qonunni yaxshi bilasiz. Har qanday ish qayta qo‘zg‘otilishi mumkin, — dedi Zohid, har bir so‘zga alohida-alohida urg‘u berib.
— O‘sha qayta qo‘zg‘otilganda gaplashamiz.
— Yaxshi niyat, yarim mol, harholda gaplasharkanmiz-ku, — Zohid shunday deb o‘rnidan turdi. — Qamoqxonada siz menda boshqacha taassurot qoldirgan edingiz. Sizni olim odam, ilmdan boshqa narsani tan olmaydigan haqiqatparvar kishi, deb o‘ylagan ekanman. Bu dunyoda chin haqiqatparvar odam anqoning urug‘i ekan, shekilli?
— Haqiqatdan hamma gapirganida ham siz gapirmang endi! — dedi Sharif o‘rnidan turib. U Zohidni kuzatish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldimi yo jahli chiqib turib ketdimi, o‘zi ham bilmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 15:25:35

Burilib ketmoqchi bo‘lgan Zohid ajablanib, unga qaradi:
— Nimaga? Men haqiqatga mos kelmaydigan biron ish qildimmi yo so‘z aytdimmi?
— Begunoh odamni muttahamlarning ichiga tiqib qo‘yish — haqiqatmi?
— Afsuski, laqmalik uchun qamash mumkin emas. O‘shanda sizni laqmaligingiz uchun tiqib qo‘yish kerak edi. Molday ichib, bilakka qora doridan urdirib, uyda nima ahvol, bilmaysiz. Yaxshi hamki uyingizga qora dori tashlashibdi. Xotiningizni so‘yib, pichoq dastasini qo‘lingizga ushlatib qo‘yishsa nima qilardingiz?
Zohidning gapi Sharifni titratib yubordi.
— Gapirmang! — dedi u jonholatda.
— Shoshilmang, bu ham bo‘lib qolar... sizdaqa odamlarni yo‘q qilish cho‘t ekanmi? Faqat kasringiz boshqalarga uradi. — Zohid shunday deb eshik tomon yurdi.
— To‘xtang, siz nimaga shama qilyapsiz?
— Hech nimaga. O‘zimcha o‘ylayapman. Boshingizga baxt qushi qo‘ngan ekan, oyog‘idan mahkam ushlang. Jar tepasiga borib qolganingizda attang, demang. Siz o‘ynayotgan o‘yinning qonun-qoidalarini men bilmayman. Harholda bu ilm odami o‘ynaydigan o‘yin bo‘lmasa kerak.
Ilmdan chekingan ikki odam serhasham bir xonada xuddi daryoning ikki qirg‘og‘ida turganday gaplashishardi. Ajablanarlisi shundaki, ularning biri haqiqat istab ilmdan uzoqlashdi, ikkinchisi haqiqat yetkazgan jabrlardan bezib, ilmdan yuz o‘girdi. Qamoqxonadagi uchrashuvda ular ruhan bir-birlariga yaqin edilar. Endi ular orasida olov daryosi bor. Uni kechib o‘tish mumkinmi? Ular yana to‘qnashadilarmi — Xudo biladi.
   Zohid chiqib ketdi. Ilmoqli gaplari bilan Sharifning yuragini tirnab ketdi. Haqiqat deb jabr chekkanlari to‘g‘ri. Ammo bu jabrning rohati ham bor edi, tan olish kerak. Haqiqatdan chekinmagan odamning ruhi erkin bo‘ladi. Dard cheksa-da, tiz cho‘kmagani uchun ruhi yayraydi. Ana shu rohatdan o‘zi o‘z xohishi bilan voz kechdi. Ammo ruhi uning bu qarori bilan kelisha olmaydi. Zindonda azob chekayotgan bandi kabi nola qilaverdi. Hozir Zohid chiqib ketgach, bu nola yana boshlandi. Sharif o‘rniga o‘tirib, tirsaklarini stolga tirab, boshini changalladi.

Qayd etilgan