Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370772 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 ... 51 B


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:33:16

— Akaxon, to‘yning charchoqlari chiqay dedimi? Ammo olamjahon zo‘r to‘y qildingiz-da! Hormang, deb supraqoqdiga borishga vaqt bo‘lmadi. To‘yingizning ertasiga Farg‘onaga jo‘nab qoldim. Bugun qaytdimu okaxonni bir yo‘qlab qo‘yay, dedim.
— Tinchlikmi? — dedi Asadbek.
— G‘alvali ishlar bor. Ko‘rishganda aytaman.
— «Kamaz»ga ketganlardan darak bormi? Qo‘lidan ish keladigan bolalarmidi o‘zi?
— Bu yog‘iga xotirjam bo‘ling, okaxon. O‘nta «Kamaz» sizniki. Shu hafta ichi yetkazib kelishmasa, basharamga tuflang.
— Sizday ukaxonlarga ishonmasak, kimga ishonamiz, shunchaki so‘rab qo‘ydim-da.
— Ammo, to‘yingiz jannatning to‘yidek bo‘ldi-da! Biz ham shunday to‘ylarga yetaylik, deb niyat qildik. Endi kichkinagina bir maslahatli ish bor. Kuyovingizga bir xizmatcha chiqib turibdi. Bir qadrdonimiz to‘y...
— Hosilboy, jigarim, bunaqa gaplarni o‘ziga ayting... Men «amma-xolasi havodor», deb o‘tiradigan dasturxonchi emasman, shekilli?
— Uzr, okaxon, avval oldingizdan o‘tay devdimda...

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:33:42

Hosilboyvachcha uzr ayta-ayta xayrlashdi. Asadbek go‘shakni joyiga qo‘yib, so‘kindi. «Hayvon-e, — dedi u, — endi kalaka qilishni boshladimi? Nima demoqchi? Otarchiga qiz berib, uning gumashtasiga aylanding, demoqchimi?.. Maqsad nima? Elchinni to‘yga aytishmi? Undan mashhurroq otarchilar turganda-ya? Ha, tulki! Elchinni to‘yga olib borib, kalaka qiladi. «Ko‘rib qo‘ylaring, Asadbekning kuyovi kerak bo‘lsa oyog‘imni o‘padi», deydimi? Nima uchun qo‘ng‘iroq qildi o‘zi? Maqsad shuni so‘rashmidi yo holimdan xabar olmoqchimidi? Sharifga shuning odamlari telefon qilmaganmi? Bu g‘alva kimga kerak?»
   Asadbek shu to‘xtamga keldi. Katta urushlarning mayda qitmirliklardan boshlanishi unga ma’lum. Hosilboyvachchaning yagona hokim bo‘lishga tirishishi ham unga sir emas. U tulki urushni o‘zi boshlamaydi. Birinchi bo‘lib qo‘l ko‘tarishga Asadbekni majbur qiladi. «Qani, g‘imirlayver-chi...» Asadbek shunday deb g‘ijinib, o‘tirgan yerida Bo‘tqani chaqirdi.
— Jamshid shu yerdami, ayt, otarchini... Elchin akangni topib kelsin.
— Xo‘p bo‘ladi, Bek aka, okaxon kelgandilar, — Bo‘tqa shunday deb xushxabar yetkazganday jilmaydi.
— Qaysi «okaxon»?
— Jalil akamiz-da.
— O‘zimi?
— Ko‘chada ikkita chol turibdi, birga kelishdi.
— Qani, chaqir-chi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:35:52

   Jalil bir oz kutib qolganmi, tumtayganroq ko‘rinishda kirib keldi. Asadbek uni o‘rnidan turib qarshiladi.
— Kiravermay, o‘tirdingmi? — dedi Asadbek. — Bunaqa odating yo‘g‘idi-ku?
— Hurmating bor, oshnam. Biz bir bekorchi odam bo‘lsak, — u shunday deb qo‘ltig‘iga qistirib olgan eski gazitga o‘rog‘lik narsani uzatdi. — To‘yga kelolmadim. Yaxshi o‘tkazib oldingmi?
   Asadbek kulimsirab gazitni ocha boshladi. Jalil nima keltirganini u bilardi. Bilsa ham do‘stining ko‘ngli uchun ochishga majbur edi. Ochmasa Jalil bobillab berishi tayin. Eski gazitga eski kalish o‘ralgan edi. Bu o‘sha eski falsafa — sudrab yurgan chorig‘ingni unutma.
— To‘yga kelmaganingga gina qilib o‘tiruvdim, tinchlikmi o‘zi, nimaga kelmading?
— Sen meni to‘yga aytdingmi? — Jalil ovozini bir parda ko‘tardi.
— Birinchi bo‘lib senga xabar berdirganman.
— Katta bo‘lsang o‘zingga, bu birinchidan, boyvachcha bo‘lsang ham o‘zingga, bu ikkinchidan, xo‘pmi! Laychalaringni yuborib to‘yga ayttirdingmi? O‘zingning oyog‘ing yetmadimi?
— Endi oshna, to‘ychilik, shoshib qolarkansan.
— O‘zingga o‘xshagan boyvachchalarni aytishga shoshmagandirsan?
— Xo‘p, tavba qildim, men ahmoqman, — Asadbek ham ovozini ko‘tardi, — o‘zim bormabman. Oshna degan eshitsa kelaveradi. Og‘aynisining yonida dalda bo‘lib, qo‘l qovushtirib turadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:36:36

— Ha, bo‘pti, qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar, deb jirillayverma. Nimaga kelding, deb so‘ramaysan-mi?
— Bir g‘alvani boshlab kelgansan-da, ko‘chadagi chollar kim?
— Soli ota bilan Jo‘ra cho‘loq.
— Jo‘ra cho‘log‘ing kim?
— Yaqinda kelgan. Sobir qozoqning uyini sotib olgan. Tanimasang kerak uni.
— Nima ishlari bor ekan?
— Men aytaymi, o‘zlaridan eshitasanmi?
— Chaqir.
   Asadbek Jalilning izidan chiqib, oqsoqollarni videobarda kutib oldi-da, to‘rt kishiga mo‘ljallangan ustolga boshladi. Bo‘tqa buyruqni kutmayoq, dasturxon bezadi. Qariyalar yerto‘la ham shunaqa ajoyibxonaga aylantirilishi mumkin ekan, deb hayratlanib o‘tirishdi. Bir piyoladan choy ichilgach, Soli ota deganlari ohista so‘z boshladi:
— Endi o‘g‘lim, biz otang rahmatli bilan vaqtida oshnachilik qilganmiz. To‘g‘ri odam edi. Birovning ko‘nglini og‘ritmasdi.
— Joyi jannatda bo‘lsin, — deb gap qistirdi Jo‘ra cho‘loq deganlari. Soli ota «gap qo‘shmay turing», deganday unga qarab oldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:37:12

— Gap shuki, o‘g‘lim, sizdan ham rozimiz. Mahallaga xizmatlar qilib berdingiz. Xizmatlaringizni unutmaymiz. Ammo bir ishingizdan norozimiz, shuni aytgani keldik.
— Ko‘pchilik norozi, yaxshi ish qilmabsiz, — dedi Jo‘ra cho‘loq.
Asadbek ajablanib, Jalilga qaradi. U «hozir o‘zing eshitasan», deganday im qoqdi.
— O‘g‘lim, bilasiz, mahallamiz eski, to‘kilaman, deb turibdi. Bitta katalakdekkina uyda o‘nta oila. Bolalarimiz turmush qurib o‘z uylariga sig‘may ijaralarda o‘tirishibdi. Bu eskilar qachon buzilarkin, qachon bizga ham uy tegarkin, deb kutaverib sarg‘ayib ketdik.
— Bunaqada sil bo‘lib ketish hech gapmas, — dedi Jo‘ra cho‘loq. Soli ota unga yana bir marta norozi qiyofada qarab oldi.
   Asadbek bu tashrif tashabbusi Soli otadan emas, aynan shu cho‘loqdan chiqqanini anglab, g‘ijindi. Uzoqdan boshlangan gap mohiyatiga yetguncha toqat qildi.
— Gapning indallosi shuki, o‘g‘lim, bultur uylar buziladi, deb o‘lchab-netib ketishuvdi. Endi eshitsak, buzilmasmish. Uzunquloq gaplarga qaraganda sen to‘xtatgan emishsan.
— Menmi? — Asadbek ajablandi. — Kim aytdi?
— Shamol  bo‘lmasa,  daraxtning  uchi qimirlamay-di, — dedi Jo‘ra cho‘loq.
Asadbek unga qovoq uyub qaradi:
— O‘sha shamol qayoqdan keldi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:38:19

— Endi eshitdik-da, o‘g‘lim. «Ota-onam yashagan uyni buzdirmayman» deganmishsan. Bir jihatdan sen haqsan. Mening ham ko‘zim qiymaydi. Sakson yildan beri ko‘rganim shu mahalla. O‘ligim shu uyimdan chiqsa armonim yo‘q edi. Lekin ilojim qancha? Bolalarimga achinaman. Qo‘lim kaltalik qilib, tuzukroq uy-joy eplab berolmadim. Nochorman-da...
— Soli ota, siz shu gaplarga ishondingizmi? Hukumat buzaman desa, mendan so‘rab o‘tirarkanmi? Men hukumatga kimman? Hech kimman! Odamlar gapiraveradi-da.
— Odamlar ahmoq emas, bo‘lar-bo‘lmasga gapiraverishmaydi, — dedi Jo‘ra cho‘loq. — Sizning kimligingizni bilamiz. Qayoqqa qo‘l uzatsangiz yetadi.
— Shunaqami?! — Asadbek qo‘lidagi piyolani ustol ustiga taq etib qo‘ydi. Jo‘ra cho‘loqqa g‘azab bilan tikildi.
Jalil ham, Soli ota ham ish buzilganini fahmlashdi.
— Mayli, o‘g‘lim, xafa bo‘lma, odamlarning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi-da, — dedi Soli ota vaziyatni yumshatishga harakat qilib. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgan, suhbatni davom ettirishning hojati yo‘q edi.
   Asadbek bir ko‘ngli Bo‘tqani chaqirtirgisi, bu cho‘loqni ko‘chaga uloqtirgisi keldi. Yonida o‘tirgan Jalil «o‘zingni bos», degan ma’noda soniga turtib qo‘ymaganida balki shunday qilardi ham. Biroq, faqat jisman emas, aqlan ham oqsoq bo‘lganlar valdiraganida jim o‘tirolmas edi. Bunaqalarning «Bopladimmi!» deb chiqib ketishiga yo‘l qo‘ya olmas edi.
— Sen kimsan o‘zing? — dedi Asadbek, Soli otaning gapiga parvo qilmay. Uning dabdurustdan sansirashga o‘tishi Jo‘ra cho‘loqni andak dovdiratdi. U javobga og‘iz juftlamay turib, savol yana takrorlandi: — O‘zing kimsan, deyapman. Mahallaga bitta tosh qo‘yganmisan? Kecha kelib bugun hammayoqni sasitib yurgan senmisan, hali?! Soli ota, it yetaklab yurish odatingiz yo‘q edi-ku, qariganingizda sizga nima bo‘ldi? Bu agar mahallaga sig‘mayotgan bo‘lsa ketiga bir tepish kerak, chiqqan joyiga kirib ketsin.
   Jalil tizzasi bilan yana soniga turtdi.
— Bo‘ldi, qo‘y endi, — dedi.
— Sen jim o‘tir. Kimligimni bu bilmasa sen bilasan-ku? Shunaqa deyishsa, boshlab kelaverdingmi? Agar qo‘limdan kelsa... buzdirtirmayman mahallani! Hammayoq buzilib bo‘ldi. Bitta mahalla qolsin. Ammo mana buni, — Asadbek ko‘rsatkich barmog‘i bilan Jo‘ra cho‘loqni ko‘rsatdi, — yo‘qotinglar. Mahallaga begona aralashmasin.
— Siz...
Jo‘ra cho‘loqning gapi og‘zida qoldi. Soli ota duoga qo‘l ochdi.


Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:40:42

2

   Asadbek ig‘vo qilinganini, Qilich Sulaymonov qamoqda o‘tirganini aytganidan keyin ham Sharif tinchimadi. Esi og‘ib qolgan odamday xonasida u yoqdan-bu yoqqa borib kelaverdi. «Nimaga ig‘vo qilishadi, kim ig‘vo qiladi?» degan savol miyasiga o‘rnashib olib tinchini buzdi. Telefon qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermadi. Kotiba birinchi marta eshik ochib, ajablandi. Ikkinchisida «jinniroq odammi bu», deb cho‘chidi.
Sharif xonasiga sig‘madi. Paltosini kiyib uyiga ketdi. Qamoqdan qaytgan kunning ertasigayoq o‘zi uchun ham kutilmagan bir tarzda hovlisida qurilish boshlangan edi. Ikkita ag‘darma mashina pishiq g‘isht tashlab ketganida «sho‘pirlar adashdi-yov», deb o‘yladi. So‘ng to‘rt kishi g‘ishtni hovliga tashiy boshladi. So‘ng taxta keldi. Mardikorlar Sharifning savoliga faqat yelka qisishdi. «Bizga pul berib buyurishdi, biz ishlayapmiz», deyishdan nariga o‘tishmadi. Bu harakatlar Asadbekning himmati tufayli bo‘layotganini keyinroq bildi. Undan ko‘ra ko‘proq Nasiba xavotirga tushdi. Erining qamalishi, pul so‘rab yozilgan xat, so‘ng to‘satdan ozod bo‘lishi, keyin qurilish... vinzavodga boshqon bo‘lish... Har qanday ayolning esini o‘g‘irlashi turgan gap. Ayollarning sochi uzun, aqli kalta, deganlar ularning ko‘ngli sezgir bo‘lishini hisobga olmagan bo‘lsalar kerak. Xonadonlari boshi uzra yopirilib kelayotgan abri baloni erlardan avvalroq sezadilar. Sezadilar-u, uni qaytarishga ojizlik qiladilar. Nasiba erining yomon bir o‘yinga aralashib qolganini sezib turardi, ammo uni bu o‘yin girdobidan chiqarib olishga qurbi yetmasdi. Qurilishni qanday to‘xtatsin, qanday qilib vinzavod boshqonligidan bo‘shatsin? Shuncha yil kamtar hayot kechirib, birdaniga dabdaba boshlanishi mahalla nazaridan chetda qolarkanmi? «Bosib qo‘ygan pullari bor ekan, pismiqlar!» deyishadimi yo «vinzavodga xo‘jayin bo‘lib bosar-tusarini bilmay qoldi», deb gap tarqatishadimi? Nechta odam kerakli joylarga xat ham jo‘natgandir...
   Nasiba bexos kirib kelgan erini ko‘rib ajablandi. Oqargan yuziga qarab «toblari qochibdi», deb o‘yladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:41:16

— Ustalar qani? — dedi Sharif, xotinining salomiga alik olmay.
— Kelishmadi. Kecha «sovuqda g‘isht termaganimiz ma’qul», deyishuvdi.
— He, noshud! Shularni ham eplab ishga solmagin! Bunaqada yuz yilda ham bitmaydi uying.
— Voy, men ularga xo‘jayinmanmi?..
— Og‘zingni ochib o‘tiraver. Katalakday uyda katta bo‘lgansan. Senga odambashara uyning keragi yo‘q. O‘tiraver!
   Nasiba erining avzoyi buzilganini bilib, bitta gapdan qola qoldi. Er g‘azab otiga minib, qilich yalang‘ochlagan mahalda xotinga qiyin. Erga peshma-pesh gap topib berib tursa yo kaltak yeydi, yo uydan haydaladi. Bitta gapdan qolsa yana yomon — xotindan javob qaytmagach, erning g‘azab toshlari ichida qolib, qiynab yuboradi. «Nimaga tumtayib olding, gaplarim yoqmadimi?» deb boshqa tomonga hujumga o‘tadi.
   Hozir ham shunday bo‘ldi. Sharif bisotidagi baqiriqlarni ishlatib bo‘lgunicha Nasiba indamay turaverdi. Keyin uyga kirishdi. Sharifning nazarida uy isib, dimiqib ketgan ekan. Nasiba bu uchun ham gap eshitdi. Sharif tajribaxonasiga kirib bir piyola o‘tkir musallasdan ichgach, hovuri sal bosildi. «Nasibaga nima uchun baqirdim?» degan savol uni insof ko‘chasiga qaytardi.
Nasiba hozir turib ketadiganday divanda omonat o‘tirar edi. Sharif uning yonidan joy oldi.
— Bo‘ldimi? — dedi Nasiba, zardali ovoz bilan. — Nafsingiz orom oldimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:42:15

   Bir tomon o‘qlarini otib tamom qilgan, endi ikkinchi tomonning qarshi hujumga o‘tishi uchun sharoit yetilgan edi.
— Hm, gaplarim yoqmadimi? — dedi Sharif, chekinish niyati yo‘qligini ma’lum qilib.
— Yoqdi, moyday yoqdi. Nima bo‘ldi o‘zi?
— Hech nima. Ustalarga javob berib yuborganingni...
— Ustalarga men javob beribmanmi? Ustalar ishlasa ham baribir, alamingizni mendan olardingiz. Ayting, nima bo‘ldi?
   Endi chekinmasa bo‘lmaydi. Itning fe’li egasiga ma’lum, deganlariday, Nasiba erining odatini biladi. Qachonki, ishxonada yo ko‘chada noxushlikka duch kelsa, alamini uydan oladi, keyin hasratini to‘kadi.
— Meni ham odam qatoriga qo‘shishibdi, — Sharif hazil ohangida gapirmoqchi edi, uddalay olmadi. So‘zlari labidan titrabroq uchdi. — Bittasi telefon qilib, «Sulaymonov qamoqdan qochdi», deydi.
— Ado bo‘lsin, qochsa sizga nima?
Sharif «u seni o‘ldirmoqchi» degan gapni aytmadi. Aytsa, Nasiba vahimaga tushishi mumkin edi.
— Qochmagan ekan, ig‘vo qilishibdi.
— Voy, adasi, bu ishlar menga sirayam yoqmayapti. Qo‘ying hammasini, tinchgina o‘tiraylik.
Chekinish tadorigi aldamchi ekan. Musallasga aldangan g‘azab birdan bosh ko‘tardi. Xotinining dildan kuyinib aytgan gapi unga g‘arazday bo‘lib tuyuldi.
— Sen tinchgina o‘tir. Boshqalar mening boshim-  ga chiqib olib istagan noma’qulchiligini qilaversin, a?!

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:43:12

   Qarshi tomon javob bermay, yana ma’sumalik libosiga o‘randi. Sharif shart o‘rnidan turib tajribaxonasiga qarab yurdi. Nasiba chuqur uf tortib qo‘ydi. Sharif bir piyolaga qanoat qilmay, yana bittasini bo‘shatgach, xonasiga qaytdi.
— Men kimman, bilasanmi? — dedi xotini oldiga kelib. Nasiba «kimsiz?» deganday unga qaradi-yu, yana indamadi. Savolga Sharifning o‘zi javob berdi: — Men olimman! Meni chet el ham biladi!  Qaysi akademigingning orqasidan chet elliklar yuribdi. Bu akademiklaring, do‘kturlaring chet elga borib qolsa, ularga it qaramaydi. Chunki ularda ilm yo‘q. Menda ilm bor. Lekin suyanadigan tog‘im yo‘q! Endi tog‘ topildi. Odamlar nima desa deyaversin. Men faqat o‘sha toqqa suyanaman. Namozovning kimligini bilib qo‘yishsin. Men ham o‘sha yo‘limni to‘sgan akademiklaringga tupurib o‘taman. Endi tinch o‘tirish yo‘q, bilib qo‘y. Tinch yurib topganim qamoq bo‘ldimi? Qamoqda chirib ketishim kerakmidi?
   Shu payt qornida kuchli og‘riq qo‘zg‘alib, gapini davom ettirolmay qoldi. Bukchayib, o‘xchidi. Nasiba chaqqon turib, erini yelkalarini ushlab, divanga yotqizdi-da, xapdori berdi.
— Nasib, bu g‘alvalar o‘tkinchi. Biz ham odamlarga o‘xshab yashaylik-da.
Nasiba eriga qarab bosh chayqadi.
— Shu paytgacha odamga o‘xshab yashayatuvdik...

Qayd etilgan