Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370426 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 ... 51 B


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:44:04

3

   Jamshid bu xonadonga necha marta kelgan bo‘lsa, har safar eshik ochiq bo‘ladi. Shu sababli jing‘iroqni chalib o‘tirmay, to‘g‘ri hovliga kirib boraverardi. Bu gal ham shunday qildi. Hovlini bosib o‘tib, uyga yaqinlashdi-da, «Hofiz aka!» deb chaqirdi.
   Elchin uyida yo‘q edi. Videoda hindcha tamosha ko‘rib o‘tirgan Zaynab yuragi siqilib o‘rnidan turgan, bu onda deraza yonida edi. Tamoshada ikki oshiqning qovushganini ko‘rib, Jamshidni eslagan, uni ko‘rgisi kelgan edi. Yaratgan uning ohini eshitib, Jamshidni bu xonadonga keltirib qo‘ysami? Yana qo‘ng‘iroq jiringlamasdan darvozaning yonidagi eshik ochildi. U o‘z uyiga kirganday kirib keldi. Zaynabning yuragi esa potirlab, joni halqumiga kelib qoldi. Et bilan teri orasida mudrayotgan shayton uyg‘onib, juvonning badanini ajib bir haroratda isita ketdi.
Jamshid uyga yaqinlashib, to‘xtadi. Nimadir dedi. Zaynab eshitmadi. Jamshid ikkinchi marta «hofiz aka, ho‘, hofiz aka!» deganda uning ovozi arang qulog‘iga yetib keldi.
— Hozir, — dedi Zaynab, ammo o‘z ovozini o‘zi ham eshitmadi.
Jamshid uchinchi marta chaqirdi. Shunda Zaynab deraza yonidan qochib, eshik tomon yurdi.  Nazarida oyoqlari og‘ir, arang yurayotganday edi. Aslida esa eshikkacha uchib bordi. Eshikni ochdi-yu, ostonada to‘xtadi. Hovli tomon oyoq bosishga jur’ati yetmadi. Chunki bu mahalda hayo ham uyg‘onib, shayton bilan ixtilofni boshlagan, shayton berayotgan haroratni o‘chirmoqqa kirishgan edi. Yaxshiki Jamshid ham to‘xtab turardi. Agar u uy tomon qadam qo‘ysa, Zaynab eshikni ochiq qoldirgan holda chekinar, uning chekinishi barobarida shayton g‘oliblik mayini sipqora boshlar edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:45:24

— Xo‘jayin yo‘qmilar? — dedi Jamshid, dabdurustdan. U ko‘z oldida ulg‘ayib voyaga yetgan qizchaning juvonlik olamida bu qadar latofat kasb etishini kutmagan edimi, har holda ostonada pariruxsorni ko‘rib andak dovdiradi. Hol-ahvol so‘rashni unutdi. Juvonning chiroyi aqlini shoshirgan bo‘lsa-da, ko‘ngliga yomon fikr oralamadi.
— U kishi o‘rtoqlari bilan ketuvdilar, — dedi Zaynab.
— Bek akam so‘rayatuvdilar. Qayoqda bo‘lishlari mumkin? O‘rtoqlarini taniysanmi?
— Kuyovjo‘ra bo‘lgan yigit-chi? Anvarmidi otlari... Shu mahallada turishadi. Choyxonaning atrofida deganday bo‘luvdilar...
— Bo‘pti, o‘zim topaman. Kep qosa, adangni topsin. Ish zaril!
Jamshid shunday deb iziga qaytdi.
   Zaynab ko‘nglida kiring, choy iching, demoqchi bo‘ldi-yu, tiliga chiqmadi. Jamshid yana bir nafas tursa aytardi. Lekin u to‘pori juvondan lutf kutmadi. Ko‘cha eshigi yopilgach, Zaynabning xo‘rligi keldi. «Yigit degani ham shunchalik e’tiborsiz bo‘ladimi?..»
   U xonaga qaytib, yana deraza oldiga keldi. Yana ko‘cha eshigiga tikildi. Xayolan jingalaksochli yigitni chaqira boshladi. Xayolidagi yigit iziga qaytdi. Eshik ochildi. U jilmayib kirib keldi. Bu safar «Hofiz aka!» deb baqirmay, «Zaynabxon!» deb shivirlab keldi. Zinadan ko‘tarildi. Uyga kirdi. Deraza oldiga yaqinlashdi. Uning yaqinlashayotganini bilsa ham, Zaynab hech narsadan bexabarday hovliga tikilib turaverdi. U orqa tomondan keldi. Yelkalaridan quchoqladi. Zaynab entikdi. Uning iliq nafasi bo‘yniga urildi. Badanini lovullatib yubordi. Yelkadagi baquvvat qo‘llar boshqa vazifa bilan qo‘ltiq ostiga yuborildilar... Shunda u o‘girildi... ko‘zi yumuq holda bo‘lsa ham lablarini osonlik bilan topdi. Keyin u ko‘tarib oldi. Yotoq sari yurdi. Yumshoq to‘shak ularni bag‘riga oldi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:46:00

    Zaynab entikib, ko‘zlarini ochdi. Xayolidagi yigit uchib ketganday bo‘ldi. Hovli kimsasiz, ko‘cha eshik yopiq edi. Xonada esa suluvi atrofida aylanib-o‘rgilib eshilayotgan hind yigitning qo‘shig‘i hukmron. U deraza yonida turgan holda o‘girilib, televizorga tikildi. Shunaqa baxtiyor odamlar bormikin yo hamma menga o‘xshagan bedavomikin, deb o‘yladi.
   Bu xonadonda bir ayolni baxtiyor etish uchun hamma narsa muhayyo edi. Noshukurlik qilmasa ham bo‘ladi. Uy, yemoq-ichmoqdan zoriqadigan tomoni yo‘q. Eri birov ko‘rsa havas qilguli erkak. Lekin shirin orzular qanotida suzib ulg‘aygan qiz uchun shuning o‘zi yetarlimi? Xo‘sh, Jamshidga tekkanida baxtli bo‘larmidi, orzusiga yetarmidi?
   Nikohning ikkinchi tuni Zaynab Elchinning gaplarini eshita turib «Siz qotilsiz!» dedi. Zaynab bu bilan Noilaning o‘limini eslatmoqchi emasdi. Elchin uning shirin orzularini bo‘g‘ib o‘ldirgan edi. Bu qotillik uchun qamash ham, otib tashlash ham mumkin emas. Bunday jazosiz qotillar yer yuzini po‘panakdek bosib yotibdi. Elchin — Zaynabning nazarida shulardan biri.
   Nikohning ikkinchi tuni — kuyov-kelin uchun muqaddas bo‘lmish tunda, Elchin Noilaning o‘limidan so‘z ochib, xotiniga pichoq urmaganini aytdi. Zaynab bu gaplarga e’tibor bermadi. Chunki onasi to‘ydan oldin uni yupatish maqsadida «sen undan qo‘rqma, xotinini u o‘ldirmagan ekan, tuhmat bilan qamalgan ekan, dadang aytdilar», degan edi. Zaynab bu gap faqat ovutish uchun aytildimi yo chindan ham shundaymi, bilolmaydi. Elchinning o‘zini o‘zi oqlashi unga erish tuyuldi. Uning nazarida bu erkak past ketganday bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:49:36

— Mening nima aybim bor edi, meni nima uchun xo‘rladingiz? — dedi Zaynab, ezilib o‘tirgan eriga qarab.
— Sizning aybingiz yo‘q... Ammo Noilani adangiz o‘ldirtirgan. Nomus azobini totib ko‘rishi lozim edi.
— O‘ch oldingizmi?
— Ha, o‘ch oldim.
— Endi-chi?
— Nima endi?
— Ko‘nglingiz joyiga tushdimi?
   Elchin javob bermadi. Xotiniga ma’nodor qarab qo‘ydi. Uning ro‘parasida mo‘’mina Manzuraning qizi emas, qahrli Asadbekning qizi o‘tirardi. Zaynab odob jihatidan onasiga tortgan bo‘lsa-da, ba’zan yuragida g‘alayon uyg‘onib, otasiga o‘xshab qolardi. Hozir past ketib o‘tirgan eriga qarab, «Men ham sizdan o‘ch olsam-chi?» demoqchi bo‘ldi-yu, tilini tiydi. Ammo xayolida uyg‘ongan shu o‘y unga haqiqatday tuyula boshladi. Zaynab unga «Sizdan qasos olaman» demadi. Savoliga javob berilmagach, biroz sukut saqladi-da:
— Siz qotilsiz! — dedi qat’iy. Bu — qasos bahridan suv ichguchi hukm edi. Elchin buni anglamadi. Ro‘parasidagi go‘zal mavjudot qasos olishga haqli, o‘ch olmoqqa qurbi yetadi, degan tushunchadan u uzoq edi.
   Elchin «o‘zimning aybsizligimni bildirib qo‘yay, bu uyda siqilmasin, qo‘rqmasin, erkinroq yursin», deb yanglishgan edi. Noxush kayfiyatdagi ayol oldida yarim qarich bo‘lsa-da chekinish oqibati mag‘lubiyat jariga qulash ekaniga uning aqli yetmadi. U xushsurat bo‘lgani uchun rasidalik chegarasidan o‘tmayoq qizlarning xumor ko‘zlari ta’qibiga uchragan edi. Qo‘shiqlari bilan dovruq taratgach, jannatda parilar bilan yurgandek his qildi o‘zini. Ana shundanmi «ayol qalbini sehrlay oluvchi kuch bor menda», deb ishonardi. Asadbekning qizini ham sehrlab olajagiga amin edi. Ollohning har bir bandasi kabi Elchin ham mag‘rurlik va xudbinlikdan bebahra emasdi. Mag‘rurlik va xudbinlik baravar uyg‘onib, birlashsa uni mahv etardi, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirardi. Nikohning ikkinchi tuni shunday bo‘ldi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:50:01

   O‘shandan beri Zaynab bu xushsurat mashhur ashulachi bilan bir to‘shakda yotadi. O‘g‘irlanib, qorong‘i uyga qamalganida qo‘rquvni haydab chiqara olgan, nafasini qaytargan, badaniga iliq harorat bergan g‘alati his yo‘q. Elchinning erkalashlari, ehtiroslari unga ta’sir etmaydi. O‘zini xuddi ertaklardagi tosh malikaday sovuq his etadi.
   Kinodagi qizning qichqirig‘i Zaynabning xayollarini to‘zitdi. Beixtiyor o‘girilib, tamoshaga qaradi. Hozirgina jufti bilan yayrab ashula aytayotgan qiz, ko‘zlari kosasidan chiqquday ahvolda, dahshatga tushib o‘tiribdi. Ro‘parasida... ikki lunjini shishirib olgan ilon tebranyapti... «Hozir yigiti kelib tayoq bilan uradi», deb o‘yladi Zaynab. Chindan ham yigit keldi, ammo qo‘lida tayoq emas, miltiq bor edi. Bir o‘q bilan ilon jon berdi... ular yana qovushdilar...
   Zaynab xayolan o‘zini shu qiz o‘rnida, erini esa tebranayotgan ilon o‘rniga qo‘ydi. Bu ilonga kim bas kela oladi? Jamshidmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:50:47

4

— Hozir borolmayman, dedi. Oshnasi unga bir narsalarni o‘qib beryapti shekilli?
Jamshid shunday deb, aybdor bola singari boshini egdi. U xo‘jayin buyrug‘ini ado etolmadi. Otarchini topdi-yu, olib kelolmadi. To‘ydan oldin bo‘lganida qo‘l-oyog‘ini bog‘lasa-da, buyruqni bajarardi. Endi uning «kuyov» degan unvoni bor. Kuyovni payg‘ambarlar siylaganida Asadbekning yugurdagi siylamas ekanmi?..
   Asadbek jag‘iga musht yeb, gangiganday bo‘ldi. Nima bu — nozmi, to‘nkalikmi yo atayin g‘ashiga tegmoqchimi?..
— Oshnasi kim? — dedi Asadbek, gangiganini yashirishga urinib.
— Jinnixonada yotgan olim ekan.
— Qanaqa olim?
— Tarixchi ekan. O‘n yildan beri kichik ilmiy xodimlikdan bir enlik ham siljimabdi. Betgachoparroq ekan. Xo‘jayinini behurmat qilarkan.
— Xo‘jayinni behurmat qilsa... tuzuk-ku? Kim ekan xo‘jayini?
— Katta olimmish, Xolidiy degan. Jinnixonaga o‘shaning buyrug‘i bilan yotqizilgan ekan.
— Jinniligi rostmi?
— Soppa-sog‘ deyishdi-ku?
— Qani, opachang bilan ula-chi meni.
    Jamshid telefon go‘shagini ko‘tarib, raqamlarni chaqqonlik bilan terdi. Tabibboshi xonasida yo‘q ekan, uni topib kelgunlaricha picha fursat o‘tdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:52:04

— Xolidiy degan odam sizga buyruq beradigan bo‘lib qolibdimi? — dedi Asadbek tabibboshining salomiga alik olmay. — Kimning qudasi? Shundan qo‘rqdingmi? Biz-chi, biz go‘rda ekanmizmi? Kim u    yigit, Anvarmi, sog‘midi? Haddingizdan oshmang. Yana sog‘lar bormi? Xolidiy-polidiylarni-chi... — Asadbek gapni kalta qilib qo‘ya qoldi.
Asadbek telefon go‘shagini joyiga qo‘ymay, ushlaganicha o‘yga toldi. «Kuyovning do‘sti ish bermasmikin», deb savoliga javob izladi. So‘ng bir qarorga kelib, Jamshidga qaradi:
— Xolidiy tuzukroq olimmikin o‘zi?
— Bilmadim.
— Kim biladi? Deputatni top.
Jamshid o‘rnidan turgan edi Asadbek qaytarib, telefon go‘shagini unga uzatdi:
— Telefonda top. Hozir kerak.
Deputatni topish oson bo‘lmadi. Topilgach, Asadbek salom-aliksiz savolga tutdi:
— Xolidiyni taniysizmi, qanaqa olim u?
— Xolidiymi, — deputat piching qildi: — Olim ekanmi?
— Qanaqa olim deyapman?
— Olim emas u, lo‘ttiboz.
— Qanaqa ishlar qilgan?
— O‘zbekni bosmachiga chiqargan shu-da. Ishlarini yaxshi bilmayman. O‘tgan yili mukofot olgan bitta kitobini ko‘rganman. «Turkistonda buyuk O‘ktabr g‘alabasi», deganmidi... xullas, nomi shunga o‘xshash. Ikki bet o‘qib ko‘nglim aynib ketgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:53:13

— Shogirdlari kim? Dushmani kim?
— Dushmani men.
— Kitobini o‘qimay turib dushmanman, deysizmi?
— Uning kitobini o‘qish shartmas.
— Shogirdlari-chi?
— Institutning hammasi shogirdi.
— Institutda uni yomon ko‘radiganlar yo‘qmi?
— Kim biladi, balki bordir. Bo‘lsayam maydaroq odamlar orasidan chiqadi. Yiriklarini taniyman, unga paxta qo‘yib yuradi hammasi.
    Asadbek uchun boshqa gapning hojati yo‘q edi. Rahmat ham demay, go‘shakni joyiga qo‘ydi-da, bir qarorga kelib, o‘rnidan turdi.
    Jamshid «qayoqqa?» ham demay, unga ergashdi. Asadbekning xohishiga ko‘ra Anvarning uyiga qarab jo‘nashdi. Shom qorong‘isi cho‘ka boshlagan edi. Eski shaharning tor ko‘chalari eriyotgan qordan balchiq holiga kelganidan yurish qiyinlashgan edi. Jamshid mashinani avaylab haydab bir darvoza yonida to‘xtadi.
— Qara-chi, hali ham shu yerdamikin? — dedi Asadbek.
— Shu yerda bo‘lsa sudrab chiqaveraymi? — dedi Jamshid.
— Men senga «qarab ko‘r», dedim!
    Jamshid ortiqcha gap aytib yuborganidan izza chekib, mashinadan tez tushdi. Odati bo‘yicha qo‘ng‘iroq chalmay ochiq darvozadan ichkari kirdi-da, hayallamay tez qaytdi.
— Uyda o‘tirishibdi, Anvarning xotini oshxonada. Pastda onasining uyi bor. Boshqa hech kim yo‘q.
— Sen shu yerda o‘tir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:53:36

   Asadbek shunday deb mashinadan tushdi. U ham hovliga hech bir ogohlantirishsiz kirib bordi-da, chirog‘i yonib turgan uy tomon yurdi. Ichkari kirib, mehmonxona eshigini qiya ochdi. O‘rtadagi ustol ustiga dasturxon yozilmagan, kitob-qog‘ozlar betartib sochilib yotibdi. Ikki oshna ustol atrofida emas, pastda o‘tirishibdi. Elchin eshikka orqa qilib, chordana qurib olgan. Yuzini deraza tarafga qaratgan Anvar esa muk tushib bir narsalarni o‘qiyapti. Asadbek umri bino bo‘lib bitta kitobni o‘qib chiqmagan. Uni aslida kitobga rag‘bati yo‘q, «ishqi yo‘q eshshak, dardi yo‘q kesak», toifasidan desak, haqiqat yuziga oyoq bosgan bo‘lamiz. Asadbekning bolaligi o‘zingizga qisman bo‘lsa-da ma’lum. Yoshi ulg‘aygach, u yurgan ko‘chalarda kitob o‘qilmas edi. Shunday bo‘lsa-da,  Asadbek kitob o‘qiyotganlarni ko‘rsa havasi kelardi. Yuragida o‘qishga ishtiyoq uyg‘onardi. Shundanmi, qizining beto‘xtov mutolaasiga sira monelik qilmagan. Aksincha, uyni kitobga to‘ldirib tashlagan. Aniqrog‘i, bu ishni uncha-muncha o‘qib turguchi Chuvrindi amalga oshirgan.
   Asadbek gap poylash uchun emas, yigitlarning mutolaasini bir zumgina bo‘lsin, kuzatish uchun ostona hatlamadi.
Anvar kitobni qo‘yib, qog‘ozlarni titkiladi-da, bir varaqni olib Elchinga qaradi:
— Mana bu yerda yaxshi bir hikmat bor: «Xari Iso ba suyi Ka’ba ravad, boz oyad hamon xar boshad». Mazmunini tushunmadingmi? Isoning eshagi ming marta Ka’baga borgani bilan eshakligicha qolaveradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:54:30

Elchin kuldi.
— Zo‘r gap, lekin ashulaga tushmaydi. Ashula bo‘ladiganini top.
— Ashulaga mana bunisi bo‘lar, — Anvar boshqa qog‘oz olib o‘qidi:
Man mo‘yi xersho na az on mekunam siyoh,
To boz nav javon shavamu nav kunam gunoh.
Chun jomaho ba vaqti musibat siyox kunand,
Man mo‘y az musibati piriy kunam siyoh...
— Buning ma’nosi zo‘r, — Anvar qog‘ozdan bosh ko‘tarib, Elchinga qaradi. — Sochimni bo‘yab qoraytirishdan maqsad qaytadan yosharib gunoh qilish emas. Qora to‘n motam ramzi bo‘lgani singari, sochimni qoraytirishdan maqsad — o‘tib ketgan yoshligimga motam tutishdir... Ikki baytni aytib, keyin Zamonaliga o‘xshab, toringni qo‘ltiqlab olib, mazmunini tushuntirsang, odamlar qoyil qolaveradi.
— Bo‘pti, shu ruhimga mos tushar ekan. Konsertning nomini ham «Yoshlikka tutilgan motam» desam, a?
— Shunaqa desang konsertingga birov tushmaydi. Konsertga odam aql o‘rganaman, deb kelmaydi. Sen konsertingni Turdi Farog‘iyning g‘azali bilan ochgin, odamlarga hozir shunaqa gaplar ta’sir qiladi. Mana eshit:

Tor ko‘ngullik beklar, man-man demang,
              kenglik qiling,
To‘qson ikki bovli o‘zbek yurtidur,
             tenglik qiling...


Qayd etilgan