Asadbek ayvonda sharpa sezib, o‘girildi. Qo‘lida patnis ushlagan ayolni ko‘rib, yarim ochiq eshikni asta taqillatdi. Ikkala oshna eshik tomon baravar qarashdi-yu, kutilmagan tashrifdan ajablanib, bir zum harakatsiz qolishdi. Hayrat to‘rini birinchi bo‘lib Anvar uzib chiqdi. Chaqqon o‘rnidan turib, chaqirilmagan mehmonga peshvoz chiqib, salom berdi. Elchin ham o‘rnidan turib, qaynotasiga norozi qiyofada boqdi.
— O‘qishga berilib, chaqirganimni eshitmadinglar, — dedi Asadbek ostona hatlab, ichkari kirib. Ayvondan o‘tib, dahliz eshigini ochgan Xonzoda mehmonxonaga kirayotgan kishini ko‘rib, to‘xtadi.
Asadbek paltosini yechib, stul suyanchig‘iga tashlaguncha, Anvar stol ustini yig‘ishtirishga kirishdi. Bu orada Xonzoda ham kirib, dasturxon yozdi.
— Kelin, siz hech narsaga ovora bo‘lmang. Men hozir turaman, — dedi Asadbek.
— Har kuni kelib yuribsizmi, aka, — dedi Anvar, xotiniga yordamlasha turib.
Anvar Asadbekni bugun ikkinchi marta ko‘rishi. Dastlab to‘yida ko‘rgan, «odamlar aytganday dahshatli emasga o‘xshaydi-ku», deb ko‘nglidan o‘tkazgan edi. Bugun uning kirib kelishi uni biroz shoshirdi. Asadbek dasturxonga hech narsa qo‘ydirtirmadi.
— Hozir o‘qigan she’ringizni eshitdim. Kuchli yozilgan ekan. «Tenglik qiling, kenglik qiling», deb. Xuddi bizga atab yozibdi. Bir-birimizni bo‘riday g‘ajib yuribmiz-da hozir, — dedi Asadbek. Ochiq ko‘ngilda aytilgan bu gapni Elchin o‘zi tomon otilgan toshday bilib, g‘ijindi. Qaynotasining ro‘parasiga o‘tirib, xo‘mraydi.