Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370309 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 ... 51 B


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:00:58

— Anvar Sattorovich, tuzalib ketdingizmi? — dedi O‘lmas ham unga qo‘l uzatib.
— Kasal edimmi? — dedi Anvar unga qattiq tikilib. O‘lmas javobga so‘z topolmay, ustoziga qaradi.
— O‘lmasjonni tabrikladingizmi? — dedi Xolidiy yayrab jilmayib. — Hozir akademiya tasdig‘idan o‘tib kelyaptilar. Institutga direktor bo‘ldilar. Men o‘ttiz besh yil direktorlik qilibman. Yetar, a? Endi ishni siz — yoshlarga topshiramiz. Ilmiy kotiblikka men sizning nomzodingizni ko‘rsatgan edim. Yo‘qligingiz pand berdi.
— Kim saylandi?
— Naima Sultonovna.
— Eski hammom, eski tos.
— Tushunmadim? — dedi Xolidiy, yuzidagi soxta jilmayishni asragan tarzda.
— Siz o‘ttiz besh yil qanday ishlagan bo‘lsangiz bularingiz uch yuz ellik yil shunday ishlashadi.
— Yaxshi emas, mulla Anvarjon, bular tengdoshlaringiz. Endi zamon boshqa. Bir-biringizni avaylab ishlang. Mana, biz bir-birimizni ayamovdik, nima bo‘ldi? Meni yigirma besh yilga qamashdi. Stalin o‘lmaganda o‘tirardim. Baxtimga tezroq o‘ldi.
   «Birovning o‘limidan bular baxt topishadi, qiziq», deb o‘yladi Anvar.
Xolidiyga Xudo berdi. O‘zini maqtashga bahona topildi. Bunday paytda u majlisdami, dahlizdami, hojatxonadami, farqi yo‘q — gapiraveradi. Anvar jinnixonada derazadan tushgan nur bilan qilgan suhbatini eslab, shumligi tutdiyu uning so‘zini shart uzdi:
— Ustoz, — dedi muloyim ohangda. — Hamma onasining qornida to‘qqiz oy yotsa, siz yetti oydayoq tug‘ilib olgan ekansiz, shu to‘g‘rimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:01:46

   Ustoz-shogird bu gapdan ajablanib, bir-biriga qarab olishdi. «Bu hali yaxshi tuzalmabdi-da», deb o‘ylardi O‘lmas. «Bu bola qayoqdan biladi buni?» deb o‘yladi Xolidiy.
— Anvar Sattorovich, uyalish kerak, — dedi O‘lmas, tanbeh berib.
Xolidiy birovning himoyasiga muhtoj odam emas edi. Sochini barmoqlari bilan tarab qo‘yib, o‘tkir askiya eshitgan odamday miriqib kuldi-da, Anvarning yelkasiga shapatilab qo‘ydi:
— G‘ayrat zo‘r bo‘lgan-da, g‘ayrat! — dedi-da, O‘lmasni qo‘ltig‘idan olib, yo‘lida davom etdi.
Anvar orqasiga o‘girilib, ularning izidan bir zum qarab turgach, xonasi tomon yurdi.
— Nimagadir motam ruhini sezmayapman, qora bayroqlar osilmagan, — dedi joyiga o‘tirgach.
— Prezident o‘libdimi? — dedi ro‘parasidagi ayol.
— Undan ham battar, — dedi Anvar, «bular bilmaydimi?» degan ma’noda xonadagilarga bir-bir qarab. — Ustoz ketibdilar-ku?!
   Anvar uchun yangilik bo‘lgan bu xabar xonadagilarga ma’lum edi. Institutdagi o‘zgarish ularning o‘zaro muhokamalaridan ham o‘tgani uchun Anvarga javob berishmadi. Faqatgina eshik oldidagi ustolda o‘tiruvchi «eng kichkina ilmiy xodim» kulimsirab qo‘ydi. Anvar bu vazifada uzoq yillar ishlagani uchun o‘zini «eng ulug‘ kichik ilmiy xodim», Sobir ismli bu ushoqqina yigitni esa hazillashib «eng kichkina ilmiy xodim», der edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:02:19

— Ustoz biz bilan! — dedi Sobir, hazil ohangida.
— Ya’ni?
— Ya’nikim, ustoz shu bo‘limga mudir bo‘lib o‘tganlar.
— Hali ishlar ekanlarmi? Bosmachiga aylanmagan yana bitta-ikkita o‘zbek qolgan ekanmi?
— Ustozning konsepsiyalari boshqa hozir. Bosmachilar emas, milliy ozodlik harakati!
— Yo‘g‘-e?
— Gazit o‘qiysizmi o‘zi?
— Bolalar, — dedi Anvarning ro‘parasidagi xotin, — erkak odamga g‘iybat yarashmaydi.
— Sobirbey, eshitdingizmi? Gulnoraxon opamizning nasihatlariga quloq tutmasangiz menga o‘xshab eng ulug‘ kichik ilmiy xodim bo‘lib qolasiz. Men bunga chidolmayman. O‘zimni shu derazadan tashlayman. Eng ulug‘ kichik xodim bitta bo‘lishi kerak, bilib qo‘ying!
— Anvarjon, qo‘ying shunaqa gaplaringizni.
— Gulnora opa, yomon gap aytmayapman. Sizning gapingizni tasdiqlayapman. Sobirbey yosh, o‘rgatib turish kerak.

Dengiz ichra charx uruvchi girdobni
Qaydan bilsin qirg‘oqdagi maysalar...


Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:02:36

— Mening bitta qo‘shnim imom. O‘sha aytadiki, bu  dunyoda g‘iybat qilgan odamning tilini Xudo qiyomatda o‘n metr uzun qilib qo‘yarkan. Bu tilni odamlar bosib-yanchib yuraverar ekan. Shu qiyomat tezroq bo‘lsayu, shu tillarni bir ko‘rsam...
    Ro‘paradagi ayol shart turib chiqib ketdi. Anvar Xolidiyni so‘kadigan bo‘lsa, haqorat toshlarini shu ayol huzurida otardi. Xolidiyning shu xonadagi muxtor elchisi hisoblanmish Gulnoraxon bu toshlarni terib, yetmaganiga o‘zidan qo‘shib, ustoziga yetkazardi. Anvar bu ayoldan, shu xizmatlari uchun xafa emas, xursand bo‘lardi.
    Ayol chiqib ketgach, xona jimib qoldi. Sobir ham ustol ustidagi qog‘ozlariga muk tushdi. Anvar qo‘liga qalam olib bir varaq qog‘oz yuziga turli shakllar chiza boshladi. Shakllardan biri «G» harfiga o‘xshardi. «Gulnora» deb yozdi. Keyin birinchi harfni semizroq qilib bo‘yadi. So‘ng «G»ni yarim sahifani egallaydigan darajada katta qilib yozdi. «G»ning burchagiga kashaklovchi chiziq tortgan edi, harf dorga aylandi. Anvar unga bir zum tikilib turgach, harfdorning uchiga sirtmoq chizdi. Shu ishidan zavq olib o‘tirganida Xolidiy yo‘qlayotganini ma’lum qilishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:03:18

2

Xolidiy o‘zining qadrdon xonasida o‘tirgan edi. Yangi boshliq ko‘rinmasdi.
— Keling, mulla Anvarjon! — dedi Xolidiy, uni o‘rnidan turib qarshi olib, — hali yo‘l ustida tuzukroq gaplasha olmadik. Ahvollar durustmi endi. Dissertatsiyani yozib bo‘ldingizmi?
Anvar uning mug‘ambirlik bilan boqib turgan ko‘ziga qarab «Vo ajab, — deb o‘yladi, — men ilgari odam tanasiga maymun kallasi ulangan derdim. Maymunning kallasi tulkining tanasiga ulanganini o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Yo maymunning kallasi ichiga tulkining miyasi joylashtirilganmikin? Qani, buning navozishi nima bilan tugar ekan?»
— Dissertatsiya qanaqa ahvolda, deb so‘rayapman?
— Dissertatsiyami? — Anvar tushunmaganday yelka qisdi. — O‘sha-o‘sha reaktsion millatchilik isi ufurib yotibdi.
    Xolidiy bundan olti yil ilgari Anvarning tayyor dissertatsiyasini ana shu tavqi la’nat bilan yo‘qqa chiqargan edi. Anvar hozir shuni eslatdi. Lekin Xolidiy pichingni tushunmaganga oldi.
— Uni o‘zgartirganingiz yo‘qmi? — dedi mehribonlik bilan.
— Haqiqat o‘zgarib turadigan buqalamun emas.
— Ayni topib gapirdingiz, barakalla! Menga sizday cho‘rtkesar, bir so‘zli yigitlar yoqadi. Mana endi sizning zamoningiz keldi. Sizga havasmandman: haq gapni hech qo‘rqmay ayta olasiz. Bizning boshimizga tushgan savdolar itning boshiga tushsa, u ham infarkt bo‘lib o‘lib ketardi.
— Ha-a, «ustoz», siz itdan ham... baquvvatsiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:03:46

Bu gapni eshitib, Xolidiyning yuzi uchdi, ammo sir boy bermay qah-qah otib kuldi.
— Gapni ham eshvorasiz-da, mulla Anvarjon!
— Siz bo‘limimizga mudir bo‘libsizmi?
— Ha, birga ishlaymiz. Men bu amal g‘alvalaridan qutuldim. Bir yilda o‘n ikkita komissiya bosibdi-ya! Endi ilm bilan chuqurroq shug‘ullanish imkoni tug‘ildi.
— Bosmachilarni nima qilamiz?
— Qaysi bosmachilarni?
— Siz menga ikki masalada yo‘l bermagan edingiz, esingizdan chiqdimi? Birinchisi — inqilobdan oldingi qo‘zg‘olonlarni «mustamlaka Turkistonning partizanlari» deyishimga qarshi bo‘ldingiz.  Ikkinchisi — o‘n yettinchi yildan boshlangan bosmachilik harakati emas, balki o‘n to‘qqizinchi asrning so‘nggi choragida boshlangan milliy ozodlik harakatining cho‘qqisi deganimda, kimlar kelib meni so‘roqqa tutganini bilarsiz?
— Zamona shunaqa edi.
— Zamon o‘zgardimi?
— O‘zgardi.
— Shunga qarab siz ham o‘zgardingizmi?
— Mulla Anvarjon, zamon har qanday odamni o‘zgartiradi. Hatto sizni ham.
— Men siz aytgan «har qanday» toifaga kirmayman. Meni o‘zgartirish uchun boshimdan tovonimgacha tikkasiga arralab tushish kerak. Shunda ham jonim  chiqadi-yu, ruhim esa o‘zgarishsiz qolaveradi.
    Xolidiyning yuzidagi jilmayish yo‘qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:04:27

— Katta ketmang, uka. Siz sig‘inib yurgan ustozlaringiz ham yerto‘lada bir qiynoqdan o‘tgach, qo‘llari qaltirab, hamma qog‘ozlarga imzo chekib berishgan.
— Siz hammi?
— Siz ig‘voning inini kavlayapsiz. Men haqiqat deb yigirma besh yilga qamalganman.
— Sizga og‘ir botadigan gap aytgan bo‘lsam, uzr. Gunohimni yuvish uchun bir hikoya aytib beraman. Juda  qiziq, eshitmasangiz armonda qolarsiz. O‘zi hayotda yuz bergan voqea ekan, ammo men uni ertak tarzida so‘zlayman. Shunday qilib, bo‘ri bakovul, tulki yasavul, chumchuq chaqimchi bo‘lmagan zamonda bir baxtiyor yosh olim yashagan ekan. U avval ustozlarining, so‘ng tengdoshlarining oyog‘i ostiga choh qazibdi. Shahanshoh uning beminnat xizmatlarini qadrlab turibdi. Yosh olim ilmga emas, shunday munofiqlikka iqtidorli ekan. Go‘dakligida iblis undagi inson yuragini yulib tashlab, o‘z qalbining bir parchasini qo‘ygan ekan-da. Yosh olim ko‘pning ichida dadil turib, «Shahanshoh hayvon!» der ekan. Suhbatdoshi «shunaqamikin, a?» desa bas, borib «Falonchi sizni vahshiy hayvon dedi», derkan. Qarabsizki, o‘sha suhbatdosh zindonga qanday tushib qolganiga hayron. Bora-bora sotadigan odami qolmagach, o‘z boshi uzra qora bulutlar aylanayotganini sezibdi. Shahanshoh «o‘z yaqinlariga xoinlik qilgan odam menga sadoqatda bo‘larmidi?» debdi. Shoh bir qarorga kelguncha yosh olim eng so‘nggi laqma do‘stini avrabdi. Yaxshilab kiyintirish bahonasida Shahanshohning tikuvchisinikiga boshlab boribdi. Undan avval shohning shopirini qo‘lga olibdi. Shohning moshinasida tikuvxonaga savlat to‘kib boribdi. «Men malikaning ukasiman», deb o‘zini tanishtiribdi. Xullas, ikki kun deganda ular ustlariga shohona liboslarni ilishibdi. Tikuvchi esa Malikadan rahmat eshitish maqsadida telefon qilib, «ukangizga libos yarashibdimi?» debdi-yu, sir oshkor etilib, yosh olim qamalibdi. Qamoqda ham iqtidori ish berib, ig‘vogarligini davom ettiraveribdi. Bir yil deganda Shahanshoh o‘libdi-yu, yosh olim ham siyosiy mahbuslar qatorida ozodlikka chiqibdi. U ham tuhmat jabrini tortganlar safidan o‘rin olibdi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:05:15

    Xolidiy qoshlarini chimirgan holda Anvarning «ertagini» bo‘lmay eshitdi. Anvar «ustoz»  baqirib berar, hech bo‘lmasa rangi o‘zgarar, deb o‘ylagan edi. Gapini tugatib, Xolidiyga qaradi-yu, hayron qoldi: «Ruhlar menga yolg‘on gapni aytgan edimi?»
— Xo‘sh, ertak tugadimi? — dedi Xolidiy. — Qissadan hissa bo‘lishi kerak?
«Chindan ham qissadan hissa bo‘lishi kerak, — deb o‘yladi Anvar. — Nima, o‘sha yosh olim siz edingiz, deymi? Yana tilimdan ilinaymi? Aytsam-chi, nimadan qo‘rqaman? Tuhmat, desa, sud arxivini ko‘tarish mumkin-ku? Adashgan bo‘lsam-chi? Avval sud arxivini o‘rganishim kerak edi».
— Qissadan hissa shuki, gapingiz to‘g‘ri, «ustoz». Zamon hammani o‘z yo‘rig‘iga solgan. Lekin... nima uchundir hech kim gunohi uchun tavba qilmayapti. Hali ham unvonlariga mast bo‘lib yurishibdi.
— Unvon, mulla Anvarjon, odamga mehnati uchun beriladi.
— Bu unvon odamlarni chalg‘itsa-chi, jamiyatga foydasiz bo‘lsa-chi?
— Bu endi bahsli masalalar. Bu masalani vaqt hal qiladi.
— Vaqtga aytamiz, ostonada kutib tura turadi.
— Mulla Anvarjon, bu gaplarni qo‘ying. Men sizni dissertatsiya masalasida chaqirtirdim. Ertaga menga olib kelib bering. Himoyani tezlatamiz.
— Dissertatsiya yo‘q, «ustoz».
— Nega yo‘q! Yoqib yubordingizmi?
— Yoqib jinni bo‘libmanmi, — dedi Anvar kulib, — uni chet elga sotib yuborganman, allaqachon.
— Nima? Chet elga? Kimga?
— Turkiyaga, do‘kto‘r Nuriyga bultur berib yuborganman. Bir nusxasini o‘n kun oldin akam Angliyaga olib ketdilar. Dissertatsiyani yo Istambul yo Oksford dorilfununida yoqlasam kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:06:06

    Xolidiy Anvarning ko‘zidan bir ma’no uqmoqchi bo‘lib, qattiq tikildi. Anvar o‘yinni oxirigacha muvaffaqiyatli yetkazmoq uchun xuddi rost gapirayotganday qilt etmasdan o‘tiraverdi. Xolidiy do‘kto‘r Nuriyni soxta sovetshunos, vatan xoini deb yozaverib iyig‘ini chiqarib yuborgan edi. Anvar xorij olimini eslatib, nishonni aniq mo‘ljalga olgandi.
— Bemaslahat shunaqa ishlar qilib yuribsizmi, hali? — dedi Xolidiy. Uning ilgarigi quvnoqligi, so‘ng jiddiyligi, keskinligi ham qolmagan edi. Uning mashqi pasayib, Inglistonda do‘kto‘rlik dissertatsiyasini yoqlab kelgan olim qarshisida mulzam bo‘lib o‘tirgan odam holiga tushgan edi.
— Nima qilishim kerak edi? — dedi Anvar g‘olib odam tovushi bilan, — hech kimga keragi yo‘q, deb sotvoribman-da.

Birgina men qayrag‘och
Etagida benurman!
Kun nuridan mahrumman,
Na g‘ulomman, na hurman!...


— Yoshlik qilibsiz. Hali pushaymon yemasangiz edi...

— Fazilatim, kam ila ko‘stim
Sizga ayon, olmoq kerak tan...
O‘zim mergan bo‘lmagach, do‘stim,
Kimlarningdir otgan o‘qiman.
..

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:06:47

    Har nechuk Xolidiy temirdan emas, barcha bandalar kabi «loydan yasalgan» ekan. Ko‘kragida uyg‘ongan g‘azab ummoni to‘lqinlarining mavjini vujudi sig‘dirolmay portladi.
— Yo‘qol! — dedi tishlarini g‘ijirlatib. Tishlar g‘azab vulqonini to‘sib qolmoq qasdida g‘ijirlar edi. Boya dahlizda «etti oylik bo‘lib tug‘ilmaganmisiz?» degan savoldan so‘ng kuch to‘play boshlagan vulqon qudrati tishlardan qudratliroq edi. U o‘rnidan shart turib baqirdi: — Yo‘qol, gazzanda! Men seni odam deb  jinnixonadan chiqarib oldimmi hali!
    Anvar masrur edi. U o‘rnidan yengil turdi. Go‘yo uni uzoq yillar ezib kelgan g‘am xarsanglari Xolidiyning baqirig‘idan so‘ng yelkasidan ag‘darilganday bo‘ldi. U otgan o‘q bexato tegdi. G‘animi yarador holda oyoqlari ostida tipirchilardi. Endi yurakka nayza sanchishi kerak. Bu nayzani keyingi so‘zlari bilan Xolidiyning o‘zi uning qo‘liga tutqazdi.
— Siz sal yanglishdingiz, «ustoz». Siz menga otalik qilib, davolansin, deb jinnixonaga yuborgan edingiz. Meni u yerdan Asadbek chiqarib oldi, — dedi jilmayib. U oq-qorani ajratib olgan olim emas, o‘rtog‘iga maqtanayotgan bolakay kabi jilmaydi.
— Kim deding?
— Asadbek! — Anvar bu ismni faxr bilan tilga oldi-da, chiqib ketdi.
«Bu bolaning mafiyaga nima aloqasi bor ekan?» deb o‘ylab qoldi Xolidiy.

Qayd etilgan