Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370637 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 ... 51 B


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:08:05

XVIII b o b

1

    Bir gala farrosh lo‘li xotinlarga yakka o‘zi bas kelib, ularning nozik nuqtalaridan ushlab — mag‘lub etib, idoradan chiqarib yuborgan boshliq esingizdadir? Xuddi o‘sha boshliq Zohidga telefon qildi. Zohid xizmatga barvaqt kelgan edi. Telefonning  jiringlashini dahlizda eshitib, eshigini shoshib ochdi-yu, tez-tez yurib borib go‘shakni ko‘tardi.
— O‘rinbosarimni chaqirtirdim,  kecha oqshomda keldilar, — dedi boshliq, salomlashgach. Zohid uning ovozida qandaydir horg‘inlik sezdi. «Kechasi bilan uxlamay meni qidirganmi, nima balo?» deb o‘yladi.
— Dam olishning ham beliga tepibsiz-da, — dedi Zohid, yasama lutf bilan. Lutf yasama bo‘lsa-da, boshliqning vatanparvarlik tuyg‘ularini jo‘shtirib yubordi:
— Ishlaridan ishkal chiqib turganda dam olishga balo bormi? Men, ko‘nglim sezgan ekan, boshidayoq «uzoqqa ketmang», devdim. Bu qari byurokratlarga qayta qurishning mohiyatini tushuntirib bo‘lmayapti.
— O‘rinbosaringiz bilan qachon ko‘rishishim mumkin?
— Hozir desangiz, hozir yetib boradilar.
Boshliqning jonkuyarligi sababi Zohidga ayon edi. Bunaqa zotlar ishni qayta qurishga emas, zamonga moslashtirishga usta bo‘lishadi. Idoraning har qadamiga qayta qurish afzalliklari haqida shiorlar osib tashlashadi. Agar uylarida, aniqrog‘i, yotoqlarida, yanada aniqroq aytilsa — to‘shaklari ustida «Xotin — qayta qurish avangardi!» degan shiorga ko‘z tushsa, sira ajablanmaslik kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:08:45

    Zohidga ayon bo‘lgan sabab shuki, idoradagi  moliyaviy nayranglarning bir uchi qonun himoyachilariga endi ma’lum. Jalol Komilov nomiga yozilgan maoshu mukofotlar hisoblansa, falon so‘m bo‘ladi. Uning hammasini, shubhasiz, o‘rinbosar yemaydi. Aksincha, eng kam ulush unga tegadi. Boshliq o‘rinbosaridan ko‘proq oladi, ammo u ham o‘z navbatida yuqoriga uzatadi. Nyuton boshiga olma tushganida Yerning tortish qonunini ixtiro etgan ekan. Kimyodagi zanjir reaktsiyasini topgan olim rahbariyatning pora taqsimlash usuli va  san’atidan ilhom olgan bo‘lsa ne ajab?
    Boshliqning shu «zanjir reaktsiya» avjiga chiqmay turib, birinchi halqadayoq ishni bir yoqlik qilish maqsadida ekanini eng landavur tergovchi ham tushunadi. Xudoga shukrki, Zohid undaylardan emas.
    O‘rinbosar chindan ham tezgina yetib keldi. Yaratilganda Xudoda haqqini qoldirmagan, deb shu bandaga aytilsa kerak. Xudo bo‘ydan urganida u eniga qo‘shtirib olgan, «falon yoshida boshidan sochi to‘kilib kal bo‘ladi», deb yozug‘ bitilganida boshdan to‘kiluvchi sochni ko‘kragiga, jag‘iga ko‘chirgan — ko‘krakdagi jun ko‘pligi va uzunligidan ko‘ylak yoqasidan chiqib, ko‘rgan odamning g‘ashini keltirardi. Kunda ikki marta qirtishlamasa bo‘lmaydigan soqol esa, yonoqlarining naq cho‘qqisiga qadar bostirib borgan. Yana bir harakat qilsa, soqol deganlari kipriklaru qoshlarga qo‘shilib ketishi hech gapmas. O‘rinbosarga salobat baxsh etib turgan ko‘zoynak gardishining pastki qismi aynan soqolning o‘sha chegarasiga qadaladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:09:26

    O‘rinbosarning Yaratgandan undirgan eng ulug‘ ne’mati — ko‘zlari. Bunaqa muloyim boquvchi, uzun kipriklar bilan himoyalangan ko‘z qizlarda ham kam uchraydi. O‘rinbosar Zohidning xonasiga kirdiyu darsga  kech qolgan boladay boshini egib, yer ostidan qarab qo‘ydi. Asta so‘z boshlasa, ko‘zlari shunchalar muloyim boqardiki, odam o‘ldirib kelgan taqdirda ham hibsga olish haqidagi qarorga imzo chekishga qo‘l bormasdi. U gavdasiga monand semizgina jigarrang sumka ko‘tarib olgan edi. O‘rinbosar Zohidning ro‘parasiga o‘tirib, sumkani tizzasiga qo‘ydi-da, «qamaysizmi yo rahm qilasizmi?» deganday mo‘ltillab qaradi.
— Boshlig‘ingiz aytgandirlar, a? — dedi Zohid.
— Aytdilar, yaxshi ish bo‘lmabdi. Ammo biz bu  pullarni o‘zimiz yeb yuborganimiz yo‘q. Birovning haqidan qo‘rqamiz. O‘zingiz bilasiz, shahar katta, keldi-ketdi ko‘p. Mehmon-izmon kutishning o‘zi bo‘lmaydi. Oldin hukumat uncha-buncha pul ajratardi. Endi u ham  yo‘q. O‘nta mehmonni kutasan, deyishadi, tamom. Yeb-ichib ketsa ham mayli. Maskov tomondan kelganlar sovg‘a-salomga o‘rganib qolishgan.
    «Boshliq ikkovi chindan ham uxlamaganga o‘xshashadi, — deb o‘yladi Zohid, uning gaplarini eshitib. — O‘rinbosar balogardonlikni bo‘yniga olgan. Uydagi topgan-tutganlari tunda yashirilib, uy bir g‘arib holga keltirilgan. Balki «qamab qo‘yishadi», deb xotin, bola-chaqalari bilan xayrlashib ham kelgandir. Boshliq hozir xonasida qilt etmay o‘tiribdi. Kotibasiga «men yo‘qman», deb tayinlagan. O‘rinbosari hibsga olinganini eshitishi bilan idorada majlis to‘plab, qayta qurish dushmanlari fosh etilgani, ularga qarshi ayovsiz kurash olib borish lozimligi masalasini kun tartibiga qo‘yadi...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:10:28

    Zohid tinmay gapirayotgan o‘rinbosarga qarab turib telefon go‘shagini ko‘tardi-da, boshqarmaga qo‘ng‘iroq qildi.
— Da, alo, eshitaman, — degan ovozni eshitib, o‘rinbosarga qaradi. O‘rinbosar telefon raqamlari terilayotgandayoq jim bo‘lib, bir oz ajablanish, bir oz xavotir bilan unga tikilib o‘tirgan edi. Zohid boshliqning ismini tilga olgach, o‘rinbosarning butun vujudi quloqqa aylandi.
— Qudrat akam yo‘g‘iydilar, sekaga ketuvdilar. Kim so‘ravotdilar? Kelsalar nima deb qo‘yiy? — dedi kotiba.
— Men prokuraturadanman. Sharipovman, — dedi  Zohid sovuq ohangda.
— Voy, to‘xtang-chi, hali ketmaganga o‘xshaydilar...— Kotiba sukut saqladi. — Ana, qaytib kevottila.
— Eshitaman, o‘rtoq Sharipov. Ko‘nglim sezgandek izimga qaytuvdim, tinchlikmi?
— Ha, tinchlik, o‘rinbosaringiz yetib keldilar. Xavotir olmang, demoqchi edim, — Zohid gapni kalta qilib, go‘shakni joyiga qo‘ydi.
    O‘rinbosar uzilgan gapini davom ettirmadi. Biroz o‘yladi. Zohidning bu kichik «o‘yini» samara bergan, tunda o‘ylab-pishitilgan reja darz ketgan edi. Uzun kipriklar himoyasidagi ko‘z iltijoli boqdi:
— Pullarni boshliqqa berardik, o‘zlari sarflar edilar...
— Pullar masalasida boshqa o‘rtoq shug‘ullanadi. Siz menga bir gapni ayting: Jalol Komilovni oxirgi marta qachon ko‘rgansiz?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:11:13

— Jalol Komilov o‘ldirilganda men yo‘q edim.
— Buni bilamiz. Oxirgi marta qachon ko‘rgansiz?
— Yangi yildan keyin. Uchastkovoyga spravka berishi kerak ekan.
— Kayfiyati qanaqa edi, ust-boshi qanaqa edi?
— Kayfiyati... yaxshi. Sal kayfi bor edi. Ustida oq po‘stin. Telpagi ham toza teridan.
— Nimada keldi?
— Taksi haydayotgan ekan. Meni bir joyga olib borib qo‘ydi... pulini berdim.
— Taksichilik qilayotgan bo‘lsa, nima uchun sizdan spravka so‘radi?
— Taksi birovniki bo‘lsa kerak?!
— Birovning taksisini bemalol minib yurish mumkin, deb o‘ylaysizmi?
O‘rinbosar «kim biladi?» deganday yelka qisdi.
— Nima haqda gaplashdinglar?
— U yoqdan, bu yoqdan...
— Aniqrog‘i?
— Sibirdan kelgan ekan.
— Sibirga nima uchun boribdi?
— Uch-to‘rt yil ishlabdi. Menam sizga o‘xshab so‘rovdim, «komsomol yo‘llanmasi bilan borib keldim», dedi. BAMga borgandir, deb o‘ylabman.
— Sizda «ishlaydi», degan ro‘yxatda turardi. Uning asosiy ishi nima edi? Chayqovchimidi, o‘g‘rimidi?
— Unisini bilmayman.
— Uncha-buncha uzatib turarmidi?
— Yo‘q, bunaqasi bo‘lmagan.
— Uni siz ishga olganmisiz?
— Ha.
— Kim tavsiya etgan?
— Xo‘jayin-da, mana arizada qo‘llari bor, — u shunday deb sumkani ochmoqchi bo‘ldi.
— Kerakmas, ko‘rganman, — dedi Zohid uni to‘xtatib. — U xo‘jayiningiz olamdan o‘tib ketgan. Arizaga u kishi imzo chekib, siz buyruq bergansiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:11:54

— Tartib shunaqa-da.
— Komilov qaerda yashagan?
— Bilmayman.
    Shu yerga kelganda o‘rinbosar ko‘zini olib qochdi. Zohidga shuning o‘zi kifoya qildi, ko‘z ochirmay savol o‘qlariga tutish lozimligini angladi:
— Komilov sizni taksida qaerga olib borib qo‘ydi?
— Esimda yo‘q.
— Eslang.
— Omborxonaga edi, shekilli.
— Aniqmi?
— Ha, aniq.
— Omborxona qaerda?
— Qo‘yliqda.
— Atayin sizni olib bordimi yo o‘sha yoqda ishi bor ekanmi?
— Bilmadim, olib bordi, pulini berdim.
— Omborxonadan chiqquningizcha kutib turdimi?
— Yo‘q.
— Nima uchun xizmat mashinangizda bormadingiz?
— Mashina buzuq edi.
— Siz idoradagi g‘irromliklar uchun javobgarlikka tortilasiz, buni bilasiz. Lekin uning yoniga yolg‘on  guvohlik berish qo‘shilsa, nima bo‘lishini bilmaysiz. Siz balki qotil emasdirsiz, lekin qotilni yashirishga urinayotganingiz aniq.
— «Balki qotil emasdirsiz», deganingiz nimasi? Nima uchun men qotilni yashirishga urinarkanman?! — Boshqa erkak bo‘lganida bu gaplarni po‘pisa ohangida aytardi. O‘rinbosar esa qo‘y ko‘zlarini qo‘riqlab turgan uzun kipriklarini pirillatib, titroq ovozdan aytdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:12:15

— Qotil topilmaguniga qadar marhumni tanigan, bilgan odamning har biridan gumon qilamiz.
— Oldin «sizdan gumonimiz yo‘q», dedingiz-ku?
— Ha, shunday dedim, — Zohid «bu balo-ku», deb qo‘ydi o‘zicha. — Kelganingizda shu fikrda edim. Gapni chalg‘itishingiz bilan gumonsiray boshladim. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda siz o‘sha kun Komilovning uyiga borgansiz.
— Kim aytdi?
— O‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odamlar. Yuzlashtiraymi?
O‘rinbosar boshini egdi.
— Yo‘q, — dedi sekin, mag‘lub odam ovozida. — Kerakmas. Sibirdan ul-bul olib kelgan ekan. Keyin... «Oltin halqa» deganidan bor-ku, shundan bir qultumdan...
— Sovg‘a ham qildimi?
— Pulini berdim, sovg‘amas.
— Nimalar sotib oldingiz? — Zohid uning mushkulini oson etish uchun «sotib oldingiz» degan so‘zlarga atayin urg‘u berdi.
— O‘zimga telpak oldim. Uch yuz beruvdim, yuzini qaytarib berdi. Sizdan foyda olmayman, dedi. Qizlarimga atab ham ul-bul...
— Sizdan nimani iltimos qildi?
— Hech narsani.
— Yashirmang.
— Uy to‘g‘irlab bering, dedi. «Sargardonlik tugadi, uch xonali uy to‘g‘irlab bersangiz, bola-chaqa qilib o‘tiraman», dedi.
— Siz uyni qanday to‘g‘irlab bermoqchi edingiz?
— Men xat qilib bersam bas, qolganiga o‘zining ishonchli odamlari bor ekan.
— Kim?
— Bilmayman.
— Hosilboyvachchami, Markanyanmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:13:02

    O‘rinbosar bir cho‘chib tushdi-yu, boshini egdi. Odam emas, toshbaqa bo‘lib yaralganida hozir boshini kosasi ichiga olib, ochidan o‘lib ketsa ham, chiqmay yotaverardi.
— Bilmayman, bunaqa odamlarni tanimayman.
— Asadbek deganini-chi, eshitmaganmisiz?
O‘rinbosar tashvishlanib, tezgina qarab oldi.
— Tanimayman.
— Komilovning uyi qaerda?
— Sebzorda.
— Aniqrog‘i?
— Nechanchi uyligini bilmayman.
    Zohid telefon go‘shagini ko‘tarib, shahar jinoyat qidiruv bo‘limida Komilovning ishi bilan shug‘ullanayotgan inspektor Maqsud Solievga qo‘ng‘iroq  qildi-da, Sebzorga yetib kelishini, depara bo‘limidan Tolipovni ham chaqirishini so‘radi.
    Mayor Solievni bu ish bilan shug‘ullanuvchi guruhga Zohidning talabi bilan qo‘shishgan edi. O‘ttiz yildan beri shu sohada ishlayotgan mayorni Zohid dorilfununda o‘qib yurganidan beri biladi. Talabalik yillarida amaliyot bo‘yicha yo‘llanma bilan kelib, shu  mayor bilan ishlagan edi. Dastlab «nima uchun mayor, nima uchun oddiy inspektor», deb ajablandi. Keyin uning fe’lini o‘rganib, yaxshi ko‘rib qoldi. Xo‘jayinlarning otgan o‘qi bo‘lmay, kimlargadir emas, faqat haqiqatga xizmat qilishni burchi deb bilgan bu odamga Zohid ixlos qo‘ygan edi. Zohidga Namozov ishi topshirilganda mayor safarda edi. Shilimshiq ishi boshlanganida Zohidning baxtiga u safardan qaytdi-yu, darrov qidiruv guruhiga qo‘shildi.
— Qani, turing, Komilovning uyiga boramiz, — dedi Zohid.
O‘rinbosar mutelik bilan o‘rnidan turdi. Uning xotirasi yaxshimi yo bir necha marta keganmidi, harxolda Komilovning uyini hech bir adashmay topib bordi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:13:43

2

    Shilimshiq uch xonali uyning bir xonasini ijaraga olgan ekan. Yoshi ellikdan oshgan, ammo keksalik hukmiga hali-beri bo‘ysunmaydigan ko‘hlikkina ayol ularni oshkora noxushlik bilan qarshi oldi. Shilimshiqning xonasida bitta yig‘ma karavot, oyog‘i liqillab turgan eski ustol, ikkita ustulgina bor edi. Ustullarning biri kiyim ilgich vazifasini o‘tardi. Kiyimlar ustma-ust betartib ravishda tashlab qo‘yilgan. Ustol ustida qotgan non bo‘laklari, shishasi jimjimador «Oltin halqa» deb atalgan aroq, yuvuqsiz to‘rtta piyola, jo‘mragi chegalangan choynak turardi.
— Siz kelganingizda uy qanday ahvolda edi? — deb so‘radi Zohid O‘rinbosardan.
— Xuddi shunaqa. Olib kelgan narsalarini sotib, mebel olmoqchi ekan.
— Narsalarni qaerda saqlarkan?
— Chamadonidan olib berdi. — O‘rinbosar shunday deb yig‘ma karavot ostidagi jomadonni imlab ko‘rsatdi.
    Soliev bilan Tolipov ikki qo‘shni guvohligida tintuv boshlashdi. Zohid esa uy bekasi bilan gaplashish uchun narigi xonaga chiqdi. Beka gapini Jalol Komilovni yaxshi bilmasligini ma’lum qilishdan boshladi. Zohid bundan «Meni so‘roq qilib ovora bo‘lmang», degan ma’noni uqdi. Shu sababli tergovni an’anaviy tarzda ikir-chikirdan emas, ayol kutmagan holda boshladi:
— Komilov uyingiz kirib kelganida qo‘lida nechta chamadon bor edi?
— Esimda turibdimi? — dedi ayol, to‘g‘ri javobdan bo‘yin tovlab.
— Eslashga harakat qiling. Oradan bir yil o‘tmadi-ku?
— Esim o‘zi sal shunaqaroq, — dedi beka, piching bilan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:14:32

    Zohid «hozir sayrab yuborganingni o‘zing ham bilmay qolasan», deganday mug‘ambirona kulimsirab qo‘ydi-da, yon cho‘ntagidan rasm chiqarib unga uzatdi. Beka rasmdagi dahshatli manzarani ko‘riboq seskanib tushdi. «Vot ujas!» deb ko‘zlarini chirt yumdi. Xuddi kalima qaytarganday bir nima deb pichirladi. Zohid undan ko‘z uzmay tikilib turaverdi. Ko‘kraklari orasidagi ariqcha ko‘rinib turgan, xudosi pardoz-andoz bo‘lgan bu ayolning kalima keltirishi mumkinligiga Zohid ishonmasdi. Shu sababli uning nima deb pichirlaganini bilishga qiziqdi.
— Gapingizga tushunmay qoldim, qaytaring.
— Odamlar vahshiy bo‘lib ketishgan, — dedi ayol ko‘zini ochib.
— Kim qilgan bo‘lishi mumkin?
Ko‘zlaridan kiborlik pardasi ko‘tarilgan beka Zohidga qovoq uyib qaradi:
— Nima, meni qotillarga sherik, deb o‘ylayapsizmi?
— Kasbimiz shunaqa. Haqiqat ochilmaguncha hammadan gumonsiraymiz.
— Unda meni olib borib qamang, oting! — ayol zarda bilan o‘rnidan turdi.
— O‘zingizni bosing, joyingizga o‘tiring. Savollarimga javob bering, — Zohid keskin-keskin gapirib, ayolning zardasi sariq chaqa ekanini ma’lum qilib qo‘ydi. — Qo‘lida nechta chamadon bor edi, esladingizmi?

Qayd etilgan