Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370653 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 ... 51 B


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:15:06

— Bitta... yana bitta to‘r xalta bor edi.
— Kiyimlari qanaqa edi?
— Ag‘darma po‘stin, boshida telpak.
— Oyog‘ida-chi?
— Kalta qo‘njli etik.
— Sovuq joydan kelibdimi?
— Ha, Novosibirskda ikki yil yashabdi.
— Nima uchun?
— Akademiyada ishlabdi. Dissertatsiya yozibdi.
— Ilmiy ishi nima haqda ekan, aytmadimi?
— Men so‘ramadim. Ilmga toqatim yo‘q.
— Uyga tanishlari kelib turarmidi?
— Bir-ikkitasi kelgan.
— Erkakmi, ayolmi?
— Hm... Erkak bo‘lganidan keyin xotin boshlab keladi-da. Buning nimasi yomon?
Zohid o‘rnidan turib dahlizga chiqdi-da, qo‘shnilar bilan o‘tirgan O‘rinbosarni imlab chaqirdi.
— Uyga kelganingizda bu ayol bormidi?
— Ha.
— Siz uni taniysizmi?
— Yo‘q... Ochig‘i... Jalol meni uyga qo‘yib, o‘zi bir yoqqa ketdi. Sanginaxon bilan biroz chaqchaqlashib o‘tirdik.
— Qani, yuring. — Zohid uni beka o‘tirgan uyga boshladi. — Mana bu kishiga qarang, kelganmilar?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:15:36

Ayol O‘rinbosarga bepisand qarab oldi:
— Esimda yo‘q.
— Ertagacha eslab, soat o‘nda prokuraturaga borasiz, — Zohid shunday deb ko‘krak cho‘ntagidan chaqiruv qog‘ozi olib, yozdi-da, bekaga uzatdi.
— Men o‘nda borolmayman, — dedi ayol, — ishdan ruxsat berishmaydi.
— Beshik to‘yiga deb so‘rasangiz balki ruxsat berishmas. Lekin chaqiruv qog‘ozini ko‘rsatsangiz ijozat tegadi. Gaplaringizga qaraganda qonunni yaxshi biladiganga o‘xshaysiz. O‘zingizni go‘llikka solmang. Sizga esa, — Zohid O‘rinbosarga yuzlandi, — hozircha ruxsat. Kerak bo‘lganingizda o‘zimiz chaqiramiz. Shahardan chiqmay, uzoqqa ketmay turing.
— Shunaqa paytda qayoqqa ham ketardim. Qo‘limdan kelgan xizmatni ayamayman, — O‘rinbosar shunday deb xayrlashib, chiqdi.
    Shilimshiqning xonasida tintuv tugab, ekspert piyoladagi barmoq izlarini olayotgan, suratchi fotoapparatini g‘ilofiga joylayotgan, Hamdam esa kiyim-kechaklar ro‘yxatini yozib o‘tirgan edi. Maqsud Soliev esa deraza rahiga suyanib, o‘yga botgan holda turardi. Zohid ish oxiriga yetishini kutib o‘tirdi. Guvohlar ro‘yxatga imzo chekishgach, mayor Soliev ularni qo‘shni xonada yana ozgina kutib turishlarini iltimos qildi.
— Bor bisoti shu ekanmi? — dedi Zohid, ular chiqib ketishgach.
— Ha. Boylik talashganga o‘xshamaydi, — dedi Hamdam.
— Xonima nima deydi? — deb so‘radi mayor.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:15:56

Zohid suhbat bayonini ma’lum qilib, O‘rinbosarning ma’lumotini ham qo‘shib qo‘ydi.
— Shilimshiq Sibirdan quruq kelmagan, bu aniq. Begona ayolning uyiga ham qo‘nmaydi. Hamdam, sen bugun uy bekasining kim ekanligini aniqlab qo‘y, — dedi Soliev, — Shilimshiq bir joyga chiqib kelgan bo‘lsa, demak, mollari boshqa yerdaligi aniq. Qaerda, nimasi bor uning? O‘smirligida qamalganidan beri sip-silliq yurishida bir gap bordir. Qotilini topganimiz bilan  ish bitmas, daraxt ildizi chuqurroqdir. Ildizni kavlashga daraxt egalari, bog‘bonlari yo‘l qo‘yisharmikin? Axir bu anov-manov daraxt emas. Bog‘bonlarni boqib turadigan, soyasidan bahramand etadigan daraxt-a! — Soliev shunday deb Zohidga qaradi. Lekin undan javob kutmay, ustol ustidagi jomadonga yaqinlashdi. Xuddi og‘irligini chamalaganday ko‘tarib ko‘rdi. — Hamdam, guvohlarni chaqir. Chamadonning bahridan o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Guvohlar kirgach, cho‘ntagidan bukma pichoq chiqarib, Hamdamga uzatdi. Hamdam xuddi usta bichiqchiday ildam harakat qilib, jomadon astarini yirtdi. Harakatlari zoe ketib, jomadondan arzirli hech nima chiqmadi. Shundan so‘ng guvohlarga ruxsat berildi.
— Men hozir sen bilan birga boraman, — dedi Soliev Zohidga. — Shilimshiqdan qolgan narsalarni o‘zim bir ko‘ray.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:17:59

3

    Mayor Soliev Shilimshiqdan qolgan bisotlarga avval tikilib turdi. So‘ng ko‘zoynagini taqdi-da, qo‘liga tilla zanjirli medalonni oldi.
— «Lyubimoy Lene ot Pavla»... Bu qaerda ekan?
— Bo‘ynida. Barmog‘ida anavi tilla uzuk. Cho‘ntagida pul. Hech narsasiga tegishmagan, — dedi Zohid.
— Lenasi kim bo‘ldi?
— So‘rov tarqatganman. Javobi balki Sibir tomonlardan kelar.
— Boshqacha javob bo‘lishi mumkin emasmi? Sen bu odam Lena deganni o‘ldirib, zanjirini tortib olgan deb o‘ylayapsanmi? Uni arzon-garovga sotib olgan  bo‘lsa-chi? Balki izni yashirish, bizni chalg‘itish uchun qotillar bo‘yniga ilib ketishgandir?
— Ikkinchi gumoningizga o‘rin yo‘q. Ekspertiza zanjir bo‘ynida, uzuk barmog‘ida uzoq vaqt turganini tasdiqladi. Birinchi gumoningiz ham haqiqatdan uzoqroq. Agar Komilov to‘dalarga aloqador odam bo‘lsa, bunaqa arzon-garov narsa sotib olib bo‘yniga osib yurmas.
Soliev Zohidga qarab, kulimsirab qo‘ydi. Yigitning fikridagi mantiq unga ma’qul keldi. Shilimshiqning cho‘ntagidan puldan tashqari har xil qog‘oz parchalari chiqqan edi. Cho‘ntakda yurib bir oz uringan, ammo teshilmagan tramvay pattalari Solievning diqqatini tortdi.
— Komilov tramvayda yurgan ekanmi? — dedi u, pattadan bittasini olib, sinchiklab qarab. — Tagida mashina bo‘lsa...
— Mashina o‘limidan o‘n kun oldin o‘g‘irlangan.
— Yoki olgan, — deb izoh berdi Soliev.
— Olganligi haqiqatga yaqin, lekin isbotlanmagan haqiqat. Pattani esa do‘konlarda qaytim o‘rniga ham berishadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:19:08

— Agar bu to‘daga aloqador shaxs bo‘lsa, qaytimga patta olmaydi, bu bir. Bular tiyinlarning farqiga borishmaydi. Tramvayda yurmaydi, bu ikki. Tramvayga chiqib qolguday bo‘lsa ham haqini to‘lamaydi, bu uch.
— Nimaga to‘lamaydi?
— Sababi oddiy. Ba’zan yodlaridan ko‘tariladi. Chunki patta to‘lash odat tusiga kirmagan. Ba’zan to‘lagilari kelmaydi. Puldor odam minglab so‘mlarni behuda sovurishi mumkin. Lekin tiyin ishlatishda xasisligi tutadi. Xo‘sh, bu odamga tramvay pattasi nima uchun kerak?
    Zohid buni o‘ylab ko‘rmagan edi. Tilla buyum, pul turgan paytda arzimagan tiyinlarni tashkil etuvchi tramvay pattasi haqida bosh qotirish lozimligi xayoliga kelmabdi. Hozir ko‘pni ko‘rgan mayor bunga e’tibor bergach, o‘ylab qoldi.
— Agar u Sibir tomonlarga gastrolga borgan bo‘lsa, quruq qaytmagan. Qolaversa, gastrolga bir o‘zi  borganmi? Balki sheriklaridan biron narsani yashirib, nomardlik qilgani uchun jazosini olgandir? Buyumlarini qaerga yashirgan? Eng qulay joy temir yo‘l bekati yoki aeroportdagi yukxona emasmi? Pattadagi raqamlar yukxona tilsimi emasmikin?
    Zohid pattani qo‘liga olib, Solievga ajablanib qaradi.
— Qanaqasiga?
— Aytaylik — 391829. «3» yoki «39» yukxona belgisi, «1829» esa tilsim raqami.   Yukxonalarni taftish qilish kerak. Taftish uchun shahar prokurorining ruxsatini ol. Bu tilsim ko‘p narsaning sirini ochadi. Men ungacha mashinani bir ko‘ray.
    Yongan mashinadan nima qolardi? Qorayib yotgan moshinasifat tunuka ichi Solievga qadar ham titib chiqilgan edi. Shunga qaramay mayorga atalgan narsa ham bor ekan. Chaqaloqning kaftiday keladigan uchburchak tunukacha olovda qog‘ozday bujmayib qolgan edi. Soliev uni avaylab olib, ro‘molchasiga o‘radi.


Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:21:49

4

Taksoparkning boshqoni chiqib ketgach, Asadbek Kesakpolvonga qaradi:
— Ishni xom qilgan ekansan, — dedi u, norozi ohangda. — Mashina o‘g‘irlangani haqida xabar berib qo‘yish kerak edi.
— Murdani ham yoqib yuborish kerak edi, — dedi Chuvrindi, Asadbekning gapini ma’qullab. — Barmoq iziga qarab, kimligini aniqlashgan. Endi kavlashtirib yotishibdi.
— Vahima qilavurma. Bir joyni tatalab teshib chiqishi uchun temirdan tirnoq kerak, — dedi Kesakpolvon, peshonasini tirishtirib. U Asadbekning tanqidini og‘ir olmasdi, ammo gapga Chuvrindi aralashsa, ensasi qotardi, kamchiligini bo‘yniga olishni sira istamasdi.
— Hozir temir tirnoqlar paydo bo‘lgan, — dedi Asadbek.
— Temir tirnoqlarning ham oshqozoni, jig‘ildoni bordir? — dedi Kesakpolvon, bo‘sh kelmay. — Shilimshiqni oldirib kel, deding, bir kunda oyog‘ini yerga tekkizmay oldirib keldim. Hofizga ro‘para qil, deding ro‘para qildim. Uni biz o‘ldirganimiz yo‘q. Kavlashsa ham bizga ro‘para bo‘lishmaydi.
— Yo‘lni biz tomonga burib yuboradigan ishlar ham bo‘lgan, — dedi Chuvrindi. — Haydar aka bir-ikki ishni bemaslahat qilganlar. Bugun yigitlarim muhim  gap topib kelishdi. — Chuvrindi shunday deb sukut saqladi. «Aytaveraymi?» deganday Kesakpolvonga qaradi. Kesakpolvon o‘rnidan bir qo‘zg‘olib oldi.
— Gapni chaynamay, aytavermaysanmi? — dedi jerkib.
— Shilimshiq hali ham obodonlashtirish idorasida ro‘yxatda turgan ekan. U yerdagi haromilarga maoshi kerak bo‘lgan-da. Tergovchi o‘sha yergacha kavlab borgan. Shilimshiq Tojimullaev bilan uchrashgan ekan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:23:20

— Kim u? — deb so‘radi Asadbek.
— Tojimullaev o‘sha idora boshlig‘ining muovini. Xullas, u tergovchini Sanginanikiga boshlab borgan.
Asadbek Kesakpolvonga o‘qrayib qaradi.
— O‘shanikida turganmidi Shilimshiq? Sen menga boshqa gap aytgan eding-ku?
— Men aytgan joy ishonsizroq chiqdi. Sangina puxta juvon.
— U-ku puxta, ammo sen lattasan. Boshing bilan o‘ylaysanmi yo boshqa yog‘ing bilanmi?
— Sen qaering bilan o‘ylasang, men ham o‘sha yerim bilan o‘ylayman. Ishning sassig‘i chiqqanda men aybdor bo‘lib qoldimmi? Shilimshiqni hofizga ro‘para qilganingda to‘y haqida gap yo‘q edi. Sen mardlik qilmoqchi eding. O‘zing ham kalta o‘ylagansan. Men o‘g‘ridan chiqqan odamman. Ishim yo chikka bo‘ladi, yo pukka.
Asadbek o‘rtog‘iga baqirib xato qilganini fahmlab, uni tizzasiga shapatiladi.
— Jirillama. Men ham qimorbozdan chiqqan omi odamman. U o‘yinlarda bugun oshiq olchi turmasa, ertaga turadi. Endigi o‘yinlarda oshiq olchi turmagan kun o‘ldim, deyaverasan. Endi xato qilishga haqqimiz yo‘q. Men Shilimshiqni jazolashim zarur edi. Agar u jazosini olmasa, boshqa bir yigit uning izidan borar edi. Tartib bo‘lmasa, birov bizni bir tiyinga ham olmay qo‘yadi. «Mardlik» degan olifta gaplaringni qo‘y. Kim men chizgan chiziqdan chiqsa, Shilimshiqning orqasidan jo‘naydi. Ikkoving ham  yigitlaringga aytib qo‘ylaring. Mendan keyin sen, sendan keyin Mahmudning aytgani qonun bo‘ladi. «Kim ko‘proq aybli?» deb axlat titishingga yo‘l qo‘ymayman. Bu hukmni men chiqarganman! Mahmud, endi nima qilmoqchisan?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:23:55

— Hali bir to‘xtamga kelganim yo‘q. Tergovchi yaxshi  hid oladigan iskovichga o‘xshaydi. Uning yoniga mayor  Soliev qo‘shilgan.
— Soliev? Kattalarning sho‘rini quritgan mayormi? Ishdan ketuvdi-ku? — dedi Asadbek.
Mayor Soliev ikki yil burun bir qotillik izidan borib, yuqori amallarni egallab turgan odamlarning erka farzandlarini fosh qilgan edi. Bu ishni xaspo‘shlashga intilish yaxshi natija bermadi. Adolat qaror topganday tuyuldi, ammo Soliev iste’foga chiqishga majbur bo‘lgandi. Hozir Asadbek shuni nazarda tutib  so‘radi.
— Yangi yildan ishga qaytarishgan. Bir yarim yillik maoshini to‘lashgan, — dedi Chuvrindi.
— Haydar, eshitdingmi? Temir tirnoq o‘sha bo‘ladi. Unda oshqozon ham, jig‘ildon ham yo‘q.
— Unda bu dunyoda yashamasa ham bo‘larkan.
— Qani, tegib ko‘r-chi, ularga! — dedi Asadbek ovozini balandlatib. — Ishni osonroq yo‘l bilan yopish kerak.
— Bir-ikkita kavkazlik topmasa bo‘lmaydi, — dedi Chuvrindi.
Asadbek uning maqsadini tushunib, Kesakpolvonga savol nazari bilan qaradi.
— Haydar?
— Haydarsiz ishlaring bitmaydimi?
— Lattachaynarlik qilma.
— Ikkitasi bor.
— Mahmudga ber ularni. Mahmud, kallangni ishlatib, yo‘li bilan tergovchilarga ro‘para qil, xitlanishmasin. Haydar, ularning sharti qanaqa bo‘ladi?
— Qoradori-da.
— Qaerda bo‘lsa ham yetkazib beramiz. Sen Sanginani ko‘zdan yo‘qot.
— Uvol bo‘lmaydimi?
— O‘ldir deganim yo‘q, ko‘zdan yo‘qot dedim. Tergovchining akasini o‘ldirgan bolani topib uyiga tashlalaring. Sal eti o‘lib tursin.
— Qaysi birini tashlaylik?
— Nechta o‘zi?
— Uch-to‘rtta bo‘lib o‘ldirishgan. Lekin o‘sha paytda bittasi qamalgan. Bittasi keyinroq do‘konda qo‘lga  tushgan. Qolgan ikkitasining aybi kamroq deyishdi.
— O‘sha asosiy ikkitasini toplaring.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:25:54

XIX  b o b

1

 — Vatani yo‘qning imoni yo‘qtur... — Ismoilbey shunday deb boshini egdi, sukutga cho‘mdi. Eti ustixoniga yopishib, uzun burni yanada beo‘xshovlik kasb etgan, ko‘zlari kirtayib qolgan qariya bu sukut chodiriga  o‘ralib, nimalarni o‘yladi ekan? Bu gapdan yuragi  hapriqqan Zelixon-chi? U nima uchun jim? U nimalarni o‘ylayapti. Ismoilbeyning choy quyib o‘tirgan o‘g‘li Ahadbey-chi?
    Ahadbey Zelixonning tengquri. Taqdirning zolimligi bo‘lmasa biri tog‘lar bag‘rida, biri dengiz sohilida tug‘ilib o‘sib, shu yerda uchrasharmidi? Ular qishloqqa oldinma-keyin ko‘chib kelishdi. Ismoilbey  urushdan qaytgach, temiryo‘lga ishga kirib, oilasini shu yerga ko‘chirib keldi. Zelixonning otasi esa urushdan qaytmadi, u yetim holicha qishloqda rizqini terib yuraverdi.
    Dunyodan rizqi uzilay deb turgan qariya, yarim asrdan ko‘proq umr ko‘rib, hali o‘z Vataniga ega bo‘lmagan bu ikki bebaxt bandaning aytaman desa hasrati kammi, eslayman, desa xotiralari yo‘qmi?
    To‘rt yil badalida nemis Ismoilbeyning jonini olaman, deb necha yuz ming o‘q uzdi ekan. Lekin yaratgan uni bu o‘lim dovulidan omon saqlab qoldi. Rizq bilan  umrni mo‘l bergan ekan. Ammo buning evaziga Vatandan judo qilibdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:33:42

   Ismoilbey boshini egib, sukutga berilgan chog‘larida ko‘pincha Ollohga munojot etadi: «Urushda jonimni omon saqla, deb yolvordim, o‘zingga shukr, saqlading. Bir kungina bo‘lsa ham qishlog‘imda, oilam bag‘rida yashay, dengizning mavjlarini ko‘ray, dedim. Qishlog‘imga qaytarding, shukr. Ammo bir kungina sig‘dirding. Dengiz mavjlariga to‘ydirmading. Gunohim ko‘p bo‘lsa, vatangado qilsang ming roziman. Ammo Ona xalqimni vatangado qilganingga aqlim lol. Nahot barchamiz baravar gunohkor bo‘lsak...» Shu gaplar xayoliga keladi-yu, Xudoga ta’na qilgani uchun darrov tavba  ham etadi.
   Umri poyoniga yetgani sayin xotira dengizi ham sayozlashib, mavjlari sustlashib borar edi. Ba’zan tushida, ba’zan esa xayol bulutlariga bandi bo‘lib o‘tirgan chog‘ida dengiz sohilida, qirg‘oqdagi mayda toshlarni ohista silayotgan ojiz to‘lqinlarni bezovta qilib yugurayotgan ishtonchan bola ko‘z oldiga keladi. Hayotni faqat shodlikdan iborat, deb o‘ylovchi bola qiyqirib, quvnab yuguradi. Sachragan suv tomchilari quyosh nurida zumrad misol bir tovlanish beradi-yu, yana o‘z o‘rniga qaytadi. Bolaning quvnashidan dengiz ham mast, quyosh ham yayrab nur sochadi. So‘ng... dengizning ufqqa tutash yerini yondirib quyosh botadi. So‘ng oy ko‘tarilib, bu yong‘indan azob chekkan dengiz yuzini silab ovutadi. Oy nuri dengiz uzra uzun poyandoz  soladi. Shu poyandoz ustida yurib ketging keladi... Bu bola — Ismoilbey. Sohil bo‘ylab chopayotgan bu bola unga urushdan hamroh bo‘ldi. Urushdan qishlog‘iga qaytgach, uni yana ko‘rdi. Bu safar uxlamasdan, hatto mudramasdan, ko‘zini yummasdan turib ko‘rdi.

Qayd etilgan