Agar ko‘kragida qasos o‘ti bo‘lmaganida bu ruhiy azoblar uni ezib tashlardi. Vujudi uch-to‘rt kun mobaynida janggohga aylandi. Bir tomondan xotira izidan ergashuvchi ruhiy kechinmalar uni ezishga chog‘lanadi, ikkinchi tomondan esa qasos o‘ti alanga olib bu kechinmalarni quvishga harakat qiladi. Alqissa, qasos o‘ti g‘olib chiqib, u qaddini rostlashga muvaffaq bo‘ldi.
Qasos olishning turlari ko‘p. Qamoqdan chiqqan kuniyoq «yaxshi odam»larning birini yoki bir qanchasini so‘yib tashlashi yoki uylariga o‘t qo‘yishi mumkin edi. Lekin bu oson yo‘l Elchinga ma’qul tushmadi. U nihoyatda uzun, nihoyatda xatarli yo‘lni tanladi. Elchin «yaxshi odamlar» to‘dasiga kirishi shart edi. Shu niyatda qamoqdan chiqqan kuniyoq ularning oyoqlariga bosh ursa olam guliston bo‘lardi. Lekin u bunday ham qilmadi. Yanada boshqa yo‘l tutdi. Xatar ko‘chasining eshigini ochib birinchi qadamini qo‘ydi. Endi «yaxshi odamlar»ning o‘zi chorlaydi. Elchin bu chorlov ikki-uch kun orasida bo‘lar deb o‘ylagan edi. Biroq, yangi yil kirishiga yarim soat qolganida Asadbekdan elchi kelishi uning uchun kutilmagan hol bo‘ldi.
Jingalak sochli yigit — Jamshid gapdan ko‘ra ishni ma’qul ko‘radigan yigit edi. U bilan o‘n kun turib, birga yurib to‘rttagina gap so‘rasangiz, hushiga kelsa ikkitasiga javob qaytarar, xohlamasa shu ikkita gap ham yo‘q edi. Indamas bu yigitni kuzata turib, yorilib ketmayotganiga ajablanasiz. Buning yoshidagi yigitlar o‘ynab-kuladilar, askiya qiladilar. Jamshidning kulganini ko‘rganman degan odam dunyoda yo‘qdir-ov. Lekin uning jilmayganini ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lgan baxtiyorlar bor. Bunga ishoning. Kamgaplik hech zamonda, hech yerda fojia sanalmagan, balki fazilat hisoblangan. Shunday ekan, siz ham asardagi yangi tanishingiz Jamshidning kamgapligini asosiy fazilat deb bilavering. Bir voqea sabab bo‘lib mehr, lutf, hayo kabi tushunchalarning yaqiniga ham yo‘lamay qo‘ygan bu yigitdan o‘zga fazilat qidirib ovora bo‘lmaylik. Ha, darvoqe, sadoqatni unutibmiz. U Asadbekka sadoqatli edi. U o‘sha voqeadan keyin kuchli, shafqatsiz odamlarni yaxshi ko‘rib qolgan. Asadbek uning nazarida eng kuchli odam. Garchi undagi sadoqat bizning nazarimizda yaxshilikka emas, zulmga xizmat qilsa-da, o‘ziga xos fazilat deb qabul qilishimiz mumkin