Elchin to‘yxonada o‘zining kalaka qilinayotganidan bir ezilsa, ikki to‘da orasida qo‘g‘irchoq bo‘layotganini anglab, ming ezildi. «Bunga avvalroq aqlim yetishi kerak edi», deb o‘zini o‘zi ayblashdan o‘zga chora topmadi. U davraga ikkinchi marta chiqqach, atayin mungli ashulani ayta boshladi. Shirakayf yigitlar kelib, «sho‘xrog‘idan bo‘lsin», deb qulog‘iga shivirlab ketishsa ham parvo qilmadi. To‘yda yayrab, o‘ynayman, deb kelgan qizlar, yigitlar betoqat bo‘lishdi. Hosilboyvachchaning davrasidagilar ham u tomonga bir-ikki qarab qo‘yishdi. Hozirgina qiziyotgan to‘y soviy boshladi. To‘y to‘yga emas, ma’ruzachining gaplari yoqmay g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir boshlangan majlisga o‘xshab ketdi. Hosilboyvachcha o‘rnidan turib, Elchin tomon bir qadam qo‘ygach, to‘xtadi. Elchin uning to‘xtab qolishi sababini ro‘parasida Jamshid paydo bo‘lgach, angladi. Jamshid ashuladan mast bo‘lgan odamday jilmayib qo‘ydi-da, cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib Elchinning ustidan sochdi. Jamshiddan so‘ng yana ikki notanish yigit sochdi. Ana shunda Hosilboyvachcha cho‘ntagiga qo‘l tiqib o‘rnidan turdi. Ana shunda Elchin ashulani nihoyasiga yetkazmay uzdi-da, joyiga qaytdi.
Uni to‘y oxirigacha davraga chorlamadilar. U esa o‘zini erkin tutgan bo‘lib, yeb-ichib o‘tiraverdi. Sheriklarining savol nazarlariga «xotirjam bo‘linglar», degan ma’noda im qoqib qo‘yaverdi.
To‘y tugab, kelin-kuyov kuzatilgach, Hosilboyvachcha Elchin o‘tirgan ustolga yaqinlashdi.
— Qalay, hofiz, urintirib qo‘ymadikmi? — dedi u, Elchinning yelkasiga qo‘l tashlab.
— Maza qildik, aka, — dedi Elchin uning ko‘ziga tik qarab.
— Akaxonni xursand qildingiz, rahmat, — u shunday deb cho‘ntagidan ikki taxlam yuz so‘mlik chiqarib, ustol ustiga tashladi. — Yetadimi?
Elchin zaharli jilmayish bilan pullarga qaradi. Bir taxlamni olib, yonida o‘tirgan doirachiga uzatdi-da, «O‘zing bo‘lib ber», dedi. So‘ng ikkinchi taxlamni Hosilboyvachchaga uzatdi:
— Akaxon, men xolis xizmatga kelganman.
Hosilboyvachcha qoshlarini bir chimirdi-yu, ammo sir boy bermadi. So‘ng pulni olib raqqosa oldiga tashladi.
— O‘yiningga besh ketdim.
U shunday deb burilib, iziga qaytdi.