Sarosimasi bosilmagan Boshliqqa bu iltimos ulug‘ bir lutf bo‘lib tuyulib, xona eshigini ochib, biroz ta’zim qilgan holda «marhamat», dedi. Zohid, eshik ohistagina yopilgach, telefon go‘shagini ko‘tardi. Avval ekspertiza xizmatini chaqirdi. Keyin Hamdam Tolipovni topdi-da, aeroportga borib, Tojimullaevning qay tomonga uchganini aniqlashni topshirdi. O‘rinbosarning xonasiga qaytganida Soliev farroshni hamon savolga tutardi:
— Tojimullaev qanaqa mashinada keldi, ko‘rmadingizmi?
— Vrode taksida keldi, — farrosh shunday deb, «adashmadimmi?» deganday boshlig‘iga qarab qo‘ydi.
— Xizmat mashinasini qisqartirganmiz. Taksida kelgan bo‘lishi mumkin, — dedi boshliq, aniqlik kiritib.
Soliev kampirni boshqa savolga tutmadi. Unga ijozat ham bermadi. Ekspertlar yetib kelishgach, kampir bilan boshliqning guvohligida temir javon ochildi. Ustolning tortmalari tintib ko‘rildi. Biron-bir ashyoviy dalil topilmagach, Tojimullaevning uyiga yo‘l olishdi. Dang‘illama qilib solingan imorat ichi qashshoq ko‘rinishda edi. Parket pollardagi, devorlardagi izlarga qarab, uzoq vaqt gilam to‘shalgan, osilgan ekanini payqash qiyin emasdi. Devorni enlab turgan xorij javonining tokchalari ham g‘aribgina ko‘rinishda. Garchi chang-chung artilgan bo‘lsa-da, bu tokchalarda nimalar turganini aniqlash ekspert uchun cho‘t emasdi. Solievni hozir bu narsalar qiziqtirmas edi. Shu sababli ularni ishga solmadi. Tojimullaevning xotini avvaliga o‘zini go‘llikka soldi. «Qaydam, bilmayman, qayoqqa ketayotganlarini menga aytmadilar», dedi. Zohid Tojimullaev xavfli o‘yinga aralashib qolganini, hayoti xavf ostida ekanini aytgach, yig‘lamsirab turib:
— Buxorodalar, — dedi. — Bugun telefon qildilar. Xavotir olma, dedilar.
— Qaerda turishlari ma’lummi?
— Ha, xolavachchalarinikida.
— Manzilini ayting.