3
Zohid Sharipov shom qorong‘isida uyiga qaytdi. To‘qqiz qavatli beton uyning ikkinchi yo‘lagi og‘zida xotinini ko‘rib, ajablandi.
— Fotima? Nima qilib turibsan?
— Voy, qayoqlarda yurasiz-a, — Fotima shunday deb erini quchoqladi-da, yig‘lab yubordi. U qalt-qalt titrardi. Zohidning yuragi g‘ashlanib, uning yelkasidan mahkam ushladi:
— Nima bo‘ldi? Abduvohid qani?
— Vohidjon qo‘shnilarnikida, sizni kutaverib sovqotib ketdik.
— Nima bo‘ldi?
— Uyga kelsak... dahlizda ikkita kishi yotibdi. Yuragim chiqib ketdi.
Xotinining «ikkita kishi yotibdi», deyishi Zohidga daf’atan mayorning «indinga ikkita kavkazlikning o‘ligini topishimiz mumkin» degan gapini yodiga soldi.
— Qanaqa kishi? — dedi u shoshilib, — kavkazliklarmi?
— Qayoqdan bilay, qo‘l-oyoqlari bog‘lab tashlangan, basharasiga qarabmanmi, yuragim yorilib, qochib chiqqanimni bilaman.
Zohid xotinini chetga surib yubormoqchi edi, Fotima uni mahkam ushladi:
— Yo‘q, kirmaysiz, qo‘rqaman, — dedi yig‘idan to‘xtamay.
Zohid unga «ko‘chada diydirab turaveramizmi?» deganday qaradi-da, yo‘lka sari qadam qo‘ydi. Xotini uni orqaga tortdi.
— Sen Abduvohidning oldiga kir. Men telefon qilaman. — Zohid shunday deb birinchi qavatdagi qo‘shnisinikiga kirdi. Mayor Soliev hali uyiga ketmagan ekan. Zohidning gapini eshitib, qisqagina buyruq berdi:
— Ichkari kirma. Ikkita odam — o‘sha kavkazliklar bo‘lishi mumkin.
Soliev it yetaklagan milisa yigit, suratchi, ekspertlarni boshlab kelgunicha oradan yarim soat vaqt o‘tdi. Bu vaqt ichida Zohid xayolan turli-tuman boshi berk ko‘chalarga kirib chiqdi. «Agar ular Komilovni o‘ldirgan kavkazliklar bo‘lsa, menikiga nima uchun tashlashadi. Ularni o‘ldirib tashlashganmi yo tirikmi?»