Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370448 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 43 44 45 46 47 48 49 50 51 B


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:26:25

    Davradagilar Elchinning tashrifidan astoydil quvondilar. Mehmonni xijolatga qo‘yishi mumkin bo‘lgan gaplardan gapirmadilar, xotiralarni tilga olmadilar. Elchin bilgan odamlarni bir-bir eslab, so‘rab-surishtirdi. Davradagilar dam hazil bilan, dam afsus bilan javob qaytardilar. Osh suzilishidan oldin Elchin:
— Farg‘ona tinchmi, o‘zi? — deb so‘radi.
— Tinch bo‘lmay qayoqqa borardi. Qizil poshshomizni Maskovga deputat qilib saylab qo‘yganmiz. Do‘ppini boshga chambarak qilib yuribmiz, qizil poshsho davrida Farg‘onamiz bi-ir gullaydigan bo‘lib turibdi.
— Tolibjon erta-saharda birinchi ovoz bergan, — dedi davradagilardan biri. — Nima bo‘lsa Tolibjon javobgar.
    Askiyaga suyagi yo‘q yigitlar Tolibjonni bir-bir «olishgach», Elchin yana boshlab qo‘ygan gapiga qaytdi.
— Turklar tinchmi?
Kutilmagan bu savoldan hamma bir-biriga qarab oldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:27:11

— Turklarga nima bo‘libdi, — dedi Tolibjon ajablanib. — Bir gap bormi?
— Har xil mishmishlarni eshityapmiz.
— Bu mishmishlar yetib kelmadi bizga. Bir gap bor bo‘lsa eshitardim. Qo‘shnim turk. Kunda bo‘lmasa ham kun ora bir kosa ovqatni biz ularga ilinamiz, ertasiga ular bizga ilinishadi. Shavkat tog‘a deganimiz meni «o‘g‘lim-o‘g‘lim», deb boshiga ko‘targuday qiladi. Bugun ertamatan chiqib ikkita qo‘yimning junini olib berdilar, deng. Agar ularga tegishli noxushroq gaplar bo‘lsa, men eshitardim. Shavkat tog‘a hamma dardlarini menga aytadilar.
Elchin oraga noo‘rinroq savol tashlaganini fahmlab, gapni teatrga burib yubordi.
— Bugun Vodilda kontsertimiz bor, aka, oshdan keyin jo‘naymiz. Biz bilan borib ikkitagina ashula qilib bersangiz, jannatni hadya etganday bo‘lardingiz-da...
    Elchin bu taklifga ko‘ndi. Uni tamoshaning ikkinchi bo‘limida chiqaradigan bo‘lishdi. Tamoshaga to‘planganlar Elchinning kelganini eshitgan, dam-badam «Elchin chiqsin!» deb hayqiriqlar eshitilib qolar, bu xitoblar unga dovruqli kunlarini esiga solib, yuragini hapriqtirar edi. Elchin torni sozlab turganida Tolibjon bashang kiyingan bir yigitni boshlab keldi. Elchin uning ko‘zlarida tashvish uchquni ko‘rdi.
— Ha, Tolibjon, bahay? — dedi hazil ohangida. Tolibjon javob berolmay, ko‘zlarini olib qochdi. Uning o‘rniga yigit javob qaytardi:
— Men obkomdanman, mafkura bo‘limidan, — u shunday deb yon cho‘ntagidan qizil guvohnoma chiqardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:28:47

— Qo‘yavering, ishondim, — dedi Elchin, guvohnomaga qaramay.
— Siz bugun sahnaga chiqa olmaysiz.
— Nimaga endi?
— Kontsert — mafkuraviy tadbir. Repertuarini obkom tasdiqlagan. Siz nima aytasiz, biz bilmaymiz. Madaniyat ministrligidan ruxsatingiz bo‘lishi shart.
— Jon aka, bu kishini biz taklif qilganmiz. O‘zlaricha kelganlari yo‘q, — dedi Tolibjon bo‘g‘ilib. Elchin bu masalada ancha gap-so‘z bo‘lganini anglab, jilmaydi:
— Tolibjon, akangizni qiynamang.
— Ha, ana, tushunar ekansiz-ku! Men bularga tushuntiraman, deb jigarim qon bo‘lib ketdi. O‘tgan hafta Dadaxon deganlari kelib «qo‘zg‘aling», degan ashula aytibdi. Partbiletimni qo‘yishga sal qoldi.
— Tashvishlanmang. Aytmasam aytmabman-da. Sibirning sovug‘ida tomoqni oldirib qo‘yganman. Ilgarigi ovoz yo‘q. Qamalganimni eshitgansiz, a? — dedi Elchin, obkom vakiliga sinovchan tikilib.
— Ha... yo‘q... shunaqamidi? — dedi yigit. Keyin Tolibjonga o‘girildi. — Men joyimda bo‘laman.
U nari ketishi bilan Tolibjon bo‘ralab so‘kdi.
— Kimdir chaqibdi. Darrov yetib kelibdi-ya! O‘zini go‘llikka solishini qarang... Bilmasmish... Aka, uzr, endi...
    Elchin bag‘rida g‘azab o‘ti alanga olayotganini yashirib, hazin jilmaydi-da, uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:29:28

— Uning joyi qaerda ekan?
— Birinchi qatorda. Qoqqan qoziqdek o‘tiradi.
— Siz xijolat chekmang, Tolibjon. Agar xo‘p desangiz, bir ish qilamiz. Bu nusxa kontsertda chiqmasin, dedi-a? Men tanaffusda ikkita ashula aytib beraman. Siz tanaffus e’lon qiling-u, darrov pardani yopmang. Chiqqanimdan keyin yopasiz. Xiralik qilsa, men bilmadim, deb turavering.
Tolibjon picha o‘ylangach, tavakkal, deganday qo‘l siltadi.
— «Paxta raqsi»dan so‘ng tayyor turing.
    Tanaffus e’lon qilinib, besh-o‘n odam o‘rnidan qo‘zg‘olishga ulgurmay, sahnaga Elchin chiqib keldi. Uni taniganlar birdaniga qiyqirib, hushtak chalib yuborishdi. Shu zahoti shoshqich ravishda parda yopilib, Elchin sahna chekkasida tamoshabinlar bilan yuzma-yuz qoldi. O‘rinlaridan turganlar «tanaffus e’lon qilinishi hazil ekan-da», degan xayolda qayta o‘tirdilar. Birinchi qatordagi obkom vakili esa shart turib, sahna ortiga olib boruvchi zina tomon yurdi.
Muxlislar hayajoni tingach, Elchin yengil ta’zim qilib, so‘z boshladi:
— Meni unutmaganingiz uchun qulluq, azizlarim. Urushdan oldin Yusufjon qiziqqa «siz ramkadan chiqib ketyapsiz», deb tanbeh berishgan ekan. Shundan so‘ng usta keyingi tomosha paytida bo‘yinlariga bir rasmning ramkasini solib chiqibdilar. «Menga shunday deyishgan edi, endi ramkadan chiqmay gapiraman», debdilar. — O‘tirganlar kulib, qarsak chalishgach, Elchin o‘zini yengil sezdi. — Men bu tomoshaga mehmonman. Shu sababli tanaffus paytida ramkadan chiqmay ikkitagina ashula qilib beraman. Bu ashulalar Vatandan uzoqda, ozodlikni qo‘msab yurgan paytlarda tug‘ilgan. Men haqimda siz turli gap-so‘z eshitgansiz. Gapning to‘g‘risi shuki, gunohim uchun jazolashgan. Haqli jazoni o‘tab, huzuringizga qaytdim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:30:31

    Elchin torning sozini bir tekshirib olgach, titroq ohang yangradi. Yakka torda, g‘ijjaksiz, doirasiz qo‘shiq aytish rasmdan chiqqani uchun avvaliga muxlislar bir garangsib olishdi. Elektrga ulangan Ovrupo cholg‘u asboblarining shovqiniga ko‘nika boshlagan quloqlarga torning ingrashi g‘alati tuyuldi. So‘ng... Elchinning bo‘g‘iq, dardli ovozi taraldi...

O‘ksir ko‘ngil qushi —
Tushdi qafasga.
Sira yetolmaydir
Erkin nafasga
Qaro kunlar tushdi mening boshimga.
..

    To‘planganlar qo‘shiqni nafas yutib tinglashayotganda birdan mikrofon uzib qo‘yildi. Elchin buning sababini darhol angladi-da, ovozini biroz ko‘tarib, qo‘shiqni davom ettiraverdi. Orqaroqdagi muxlislarga ovoz yetib bormay betoqat bo‘lib hushtak chala boshlashdi. Elchin «tinchlaning», deganday qo‘l ko‘tardi-da, pastga tushdi. U keng davra o‘rtasida turganday ashulasini davom ettirdi.

Ey! Sen meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi!
Ey! Ustimda bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan.
Ey! Bo‘ynimga kishan solib, halokatga sudragan,
Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmagil, bas endi!


Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:31:33

Qo‘shiq shu yerga kelganida sahnaga bir yigit chiqib mikrofonga yaqinlashdi-da:
— Elchin aka, bu yoqqa chiqing, chiroqni uladik, — dedi uzrli ohangda.
Elchin torni chalishni to‘xtatmay, sahnaga qaytdi.

Kishanlaring zang bosgandir, sergak bo‘lkim, uzilur,
Tomirida qo‘zg‘alishning vahshiy qoni gupirdi.
Eski fikr, an’analar endi butkul uzildi.
Yo bitarman, yoki sening saltanating buzilur!

    Elchinni avval bilganlar ham, bilmaganlar ham qo‘shiqlarni hayrat bilan tinglar edilar. Ilgari yor vaslini kuylashdan boshqasini bilmagan bu xushovoz hofiz ularga butunlay o‘zga ko‘rinishda ko‘rinmoqda edi. Bir juft qo‘shiq ikki-uch juft bo‘ldi hamki, muxlislar uni qo‘yib yuborishmadi. Qo‘shiqdan qo‘shiqqa o‘tgani sayin Elchinning o‘ziga nisbatan ishonchi orta bordi. Hosilboyvachcha xorlaganidan beri ko‘ngli cho‘kib yurgan edi. Bu izdihomda onadan qayta tug‘ilganday bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:32:21

XXIV  b o b

1

    Sharif Namozov shahar markazidagi uch qavatli qadimgi bino yerto‘lasida shunday saroy joylashganini yetti uxlab tushida ko‘rmagan edi. «Asadbek idorasida kutib o‘tiribdi», degan xabar kelganida idora deganning shunday hashamdor bo‘lishini o‘ylamagandi. Shu paytgacha bunaqa odamlar pinhona ish yuritishadi, degan fikrda edi. Shunday saroymonand joyda o‘tirishibdimi, demak, o‘zlariga ishonishadi. Davlat ham ayshingni suraver, deb ularga qo‘yib beribdimi, demak, hazillashib bo‘lmaydi.
Kesakpolvon Sharif Namozovni qanday kutib olish xususida Bo‘tqaga aniq ko‘rsatma bergan edi. Bo‘tqa xo‘jayinning topshirig‘ini a’lo darajada o‘rinlatdi: Namozov ostonada ko‘rinishi bilan peshvoz chiqib, salom berdi:
— Bek akam hozir bo‘shab qoladilar, okaxon, ungacha bir piyola choyimiz bor.
Sharif Namozov Bo‘tqaning izidan yurib, shinam bir xonaga kirdi. Mehmon o‘rnashib o‘tirib olgach, kaftdek qutichani qo‘liga olib, televizor tomon to‘g‘rilab tugmachani bosgan edi, ekran yorishdi.
— Siz bahuzur o‘tira turing, — dedi Bo‘tqa unga iltifot ko‘rsatib.
    Televizorda xorijning tamoshasi ko‘rsatilayotgan edi. Namozov shunday behayo tamoshalar mavjudligini eshitgandi-yu, ammo ko‘rishga ishtiyoqi ham, vaqti ham yo‘q edi. Hozir qaramay desa ham, ko‘zi tamoshaga tortib ketaverdi. Shu zaylda xonaga do‘ndiq bir qiz kirib kelganini sezmay qoldi. Kalta ko‘ylakli do‘ndiq qo‘lidagi patnisni kursiga qo‘yib, nozli jilmayib qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:32:54

— Qahva olib keldim, — dedi-da televizorga qarab oldi. So‘ng devon yonboshidagi kursida turgan shishani olib ikkita billur qadahga konyak quyib birini Sharifga uzatdi-da, o‘zi ikkinchisini olib, pastga gilam ustiga o‘tirdi.
— Oling, — dedi ishva bilan.
    Sharif tush ko‘ryaptimi yo kino tamosha qilyaptimi, bilmay garang bo‘ldi. Uning gangib qolganini sezgan do‘ndiq tirsagini tizzasiga qo‘yib yana nozlandi. Sharifning ko‘zi yarim ochiq ko‘krakning ariqchasiga tushib, yuragi entikib ketdi. Konyakni ichib yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Do‘ndiq qadahni bir xo‘plab, kursi ustiga qo‘ydi-da, Sharifning tizzasini quchoqladi. Sharifning ehtirosi jilovini uzib, qo‘llari o‘ziga bo‘ysinmay qoldi. Bu dunyoda shunday maishat borligiga endi ishona boshlaganida eshik ochilib, Bo‘tqa kirib keldi. Sharif uni ko‘rib cho‘chib tushdi. Bo‘tqa esa hech nima ko‘rmaganday, xotirjam ohangda:
— Bek akam kutyaptilar, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:34:19

2

    Kesakpolvon Sharif Namozovning shu yerda ekani, Bo‘tqaga topshirgan vazifasi haqida gapirgach, Asadbek uni jerkib berdi:
— Bu qilig‘ingni boshqa yerda qilmaysanmi?
— Kimligimizni bilib qo‘ysin. Hayot qanaqaligini bi-ir ko‘rsin. «Haqiqat, haqiqat!» deb nima ko‘ribdi. Ana endi bugundan boshlab bor haqiqatga tupuradi. O‘zimizning odamga aylanadi. Haqiqat deganning yarmiga amal berib, «Volga»ga o‘tqazib qo‘y, yarmining qo‘yniga bittadan jononni solib qo‘ysang, kimligini bilasan. Bugun uni maishatga olib qolaman.
— Haddingdan oshma. Chaqir uni, — dedi Asadbek.
    Sharif bu xonaga yuragi dukuri bosilmagan holda kirib keldi. Asadbek o‘rnidan turmay, o‘tirgan yerida unga qo‘l uzatdi. Asadbekning qarashi jiddiy, Kesakpolvon esa ayyorona jilmayib boqib turardi. Chuvrindi unga e’tibor bermay, qandaydir qog‘ozlardagi yozuvlarni diqqat bilan o‘qirdi.
— Ishlar qalay, o‘rtoq direktor? — dedi Asadbek, kinoya bilan. — Planlar oshig‘i bilan ado etilyaptimi?
— Ha, bajarmasak bo‘ladimi?
— Bu akangiz aytmaganmidi? — Asadbek shunday deb Kesakpolvonga qaradi.
— Aytgandilar.
— Xo‘sh? Nima uchun planni bajaraman, deb zo‘r beryapsiz?
— Yuqoridagilar qo‘yishmayapti.
— Siz uchun yuqori biz bo‘lamiz. Biz aytdikmi, tamom! Bajarishga majbursiz. Sizga kim buyruq berdi, ministrmi?
— Yo‘q, Farhodov degani...

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:35:24

Asadbek Kesakpolvonga qaradi:
— Haydar, bilarmiding?
— Yo‘q, hozir...— Kesakpolvon shunday deb telefon go‘shagini oldi-da, kerakli raqamini terdi.
— Farhodovmi? Ha, men, Haydar akangman. Namozoving nima deyapti? Planni bajarasan, deb sen zo‘rlaganmishsan-ku? Majlisda aytdingmi? Unga tegishli emasmi? Shuni sekin o‘ziga aytib qo‘ysang o‘lasanmi, he so‘tak. Ha, aytish kerak, qozoqning to‘qqiz pulidek tushuntirib, beliga tugib ham qo‘yish kerak. Duoyi salomni oldingmi, endi o‘chir ovozingni...
Kesakpolvon go‘shakni joyiga qo‘yib, Sharifga qaradi:
— Eshitdingizmi? Direktor degan bunaqa lalaymaydi.
— Bu oy yetmishdan oshmasin, — dedi Asadbek. — Keyingi oylarda ishchilar maosh olmaydi. Kerakli odamlarga pul-mul berib turing. Boshqalar bo‘shab ketaversin.
— Buning iloji yo‘q, bankda zavodning puli ko‘p.
— Ko‘p bo‘lsa ham maosh yo‘q, — dedi Kesakpolvon tahdid ohangida. — Lalaymang, dedim-ku?
— Portugaliyadan javob yo‘qmi hali ham? — dedi Asadbek, birinchi masala hal, degan ohangda.
— Jimjit bo‘lib ketishdi.
— Borib kelish kerak. Ularga yoqmasa boshqalar bilan gaplashamiz.
— Borish uchun ular chaqirishlari kerak. Dollar kerak.
Bu gapdan so‘ng Chuvrindi qog‘ozdan bosh ko‘tardi:
— Bu yog‘ini bizga qo‘yib bering.

Qayd etilgan